18.04.2024 | 16:44
363
BIZNI QIYNAYOTGAN SAVOLLAR

Keyingi yillarda voyaga yetmaganlar, xususan, maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oshib borayotgani tashvishli hol. Muammoning ildizini topish va uning oldini olish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda? Bu savolga javob izlashdan oldin bolalar o‘rtasida qaysi jinoyat turlari ortib borayotganiga doir ma’lumotlarni o‘rganish maqsadga muvofiqdir. O‘tgan 2023-yil davomida respublika bo‘yicha maktab o‘quvchilari tomonidan 1502 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu 2022-yildagiga nisbatan 288 ta ko‘p. Bu o‘rinda biz jinoyatga qo‘l urgan o‘quvchilar soni emas, aynan jinoyat turi haqida to‘xtalmoqchimiz. Ayrim jinoyatlar bir guruh bolalar tomonidan sodir etilgani nazarda tutilsa, qonunbuzarlar soni ancha ko‘pchilikni tashkil qilgani ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, 2023-yilda salkam uch ming (bundan o‘n yil oldin, ya’ni 2014-yilda 918 nafar) o‘smir qonunni buzgan. Demak, bitta jinoyatga taxminan ikki nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Xullas, ahvol biz o‘ylagandan ko‘ra jiddiyroq. Afsuski, voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘zgalarga og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati 160 taga oshgan. Bu nimani anglatadi? Bolalarning shunchaki do‘pposlashishi yoki urush-janjali oqibatida 324 ta (2022-yilda 164 ta bo‘lgan) shu turdagi jinoyat sodir etilmasa kerak. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir-ikkita maktab o‘quvchisining yonida pichoq olib yurgani haqida o‘qigandim. Xo‘sh, jinoyat qilgan o‘quvchilarning qanchasi jangarilik va zo‘ravonlik targ‘ib etilgan filmlar ta’sirida shunday ahvolga tushdi ekan? Albatta, ularning aksariyati maktabda emas, undan tashqarida, asosan bo‘sh vaqtida, nosog‘lom muhitda huquqbuzarlik ko‘chasiga kirgan. Tahlillarga ko‘ra, jami jinoyatlarning qariyb uchdan biri kechki soat 17 dan keyin sodir etilgan. O‘tgan asrning 80-yillarida ilk bor videofilmlar tarqalganda qo‘l janggi to‘garaklari ham ommalashgan edi. O‘shanda o‘g‘il bolalar orasidan ko‘plab zo‘ravonlar yetishib chiqqanini eslash kifoya. Bugunga kelib, o‘sha paytda yashirincha tomosha qilinadigan videofilmlar holva bo‘lib qoldi. Hozir istagan o‘quvchi o‘zining telefonida xorijda ishlab chiqarilgan va axborot xuruji tarzida zo‘ravonlig-u va behayolikni targ‘ib etayotgan filmlarni ko‘rishi mumkin. O‘tgan yili o‘quvchilar orasida 45 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgan. 2022-yilda 7 ta shunday jinoyatga qo‘l urilganini nazarda tutsak, demak, bir yilning ichida ushbu jinoyat turi 38 taga ko‘paygan, ya’ni 6-7 barobar oshgan. Tasavvur qilish qiyin: hech qachon bunchalik keskin oshish qayd etilmagan bo‘lsa kerak. Internetdagi behayo filmlar endilikda kichik-kichik lavhalar tarzida ishlab chiqilib, dunyoga tarqatilyapti. Kim, qaysi tashkilot buning oldini olishi mumkin? Xorazmda sodir bo‘lgan voqealarni eslab o‘tirmaymiz. Hali mustaqil hayot ostonasidan hatlamagan, oq-qoraning farqiga yetmagan qizlarda nima gunoh? Bu borada qanday amaliy choralar ko‘rildi? Yana tahlillarga o‘tamiz. O‘quvchilar orasida giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar 15 taga oshgan, ya’ni 10 tadan 25 taga ko‘paygan. Ertaga o‘sha 25 nafar o‘smir o‘z yoniga yana 25 nafar tengdoshini tortmasligiga kim kafolat beradi? Bayramlarda barchamizni bezovta qiladigan oddiygina “paqildoqlar” chegaralarimizdan qanday olib o‘tilayotganini bilmaydigan posbonlarimizning maktab o‘quvchilari orasida tarqalib borayotgan giyohvandlikning yo‘lini to‘sishga qurbi yetadimi? Hozir bunday moddalarning turi yanada ko‘payib boryapti. Bu o‘quvchilarning qanchasi yoshi kattalarning jinoiy guruhlariga adashib kirib qolgan? Ancha qimmat narxda pullanadigan og‘uni oddiy maktab o‘quvchisi qayerdan topishi mumkin? Deylik, giyohvandlikka aloqador jinoyatlar fosh etilganda o‘quvchilarni shu yo‘lga boshlagan katta yoshdagilar jazosini oldimi? Ular kimlar?Shuningdek, o‘g‘rilik 36 taga, bezorilik 35 taga ko‘paygan. Achinarlisi, maktab o‘quvchilari tomonidan 6 ta holatda qotillikka qo‘l urilgan. Albatta, bunday afsuslanarli hollar maktabda, mahallada muhokama qilingan, qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan. Ammo avvalroq zarur chora-tadbir ko‘rilganida ularning oldi olingan bo‘lardi. Ayb kimda? O‘quvchilardami, ularning ota-onalaridami? Maktabdami? Muhitdami? Menimcha, barchasida! Ammo ularning qaysi biri bilan qanday tarbiyaviy ishlar olib borishni kim biladi? Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan ish bitmaydi. Endi ayrim savollarga javob izlaymiz. Birinchidan, hozir o‘quvchilarga huquqiy ta’lim berish qay ahvolda? Darslik kitoblar ta’minoti, o‘qituvchilarning sifat tarkibi, malaka oshirish ko‘rsatkichlari talabga javob beradimi? Qonunni buzsa javobgarlikka tortilishi haqida o‘quvchi qay darajada xabardor? Huquqiy ta’limga qo‘shimcha ravishda boshqa qanday tadbirlar o‘tkaziladi, degan savolga ham tayinli javob topish mushkul. “Siz qonunni bilasizmi?” singari tanlovlarda o‘quvchilarni qamrab olish darajasi ham ko‘ngildagidek emas. Ikkinchidan, voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha ilmiy-pedagogik asoslangan ilg‘or ish tajribalariga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Yaqinda yangilik tarzida ko‘tarilgan “Oila, mahalla, maktab hamkorligi” konsepsiyasi aslida o‘tgan asrning 80-90 yillarida ishlab chiqilgan va uzoq yillar amalda qo‘llanilgan yo‘riqnoma bo‘lib, bugungi davr nuqtai nazaridan qayta ishlab chiqilishi lozim. Uchinchidan, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan sport-sog‘lomlashtirish, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, ya’ni “Barkamol avlod” maktablari faoliyatini davr talabiga moslashtirish talab etiladi. Xo‘sh, ularda o‘quvchilar qamrovi necha foiz? Umuman, maktabdagi fan to‘garaklari, sport seksiyalari ham amalda ishlashi kerak. To‘liq ikki navbatda ishlaydigan maktablarda to‘garak o‘tish uchun imkoniyat bormi? Bir narsa deyish qiyin. Bu borada keyingi yillarda moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan musiqa va san’at maktablarigina samarali faoliyat ko‘rsatmoqda, deyish mumkin. Bugun mutaxassislar maktab o‘quvchilarining tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi turli axborot xurujlari, kattalar orasidagi jinoyatga moyil guruhlar, oilalar, nosog‘lom muhit singari ijtimoiy havflardan o‘quvchilarni saqlashning yangi, samarali usullari ustida jiddiy bosh qotirishi lozim. Yuqorida aytilgani singari ayrim jinoyat turlarining keskin ortib ketishining tub ildizlari qayerda? Buni Ichki ishlar vazirligi yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi biron ilmiy-tadqiqot muassasasi chuqur tahlil qilib bera oladimi? Aslida shunday tashkilot bormi? Ya’ni masalaga chuqur ilmiy-pedagogik yondashuv kerakmi?.. Biz mana shunday og‘riqli savollarga javob topmasak, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishga, umuman, bu muammoni bartaraf etishga erishuvimiz qiyin kechadi.
Humoyun AKBAROV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 29-mart 14-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



