Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.10.2025 | 09:37

img746

O‘ZBEK TILI O‘ZBEKONA TAFAKKUR TILI BO‘LSIN

Bu olamda har bir xalqning mavjudligi va ma’naviy qiyofasi uning milliy tilida namoyon bo‘ladi. Shu bois, milliy til – ota-ona va Vatandek tabarruk tushunchalar sirasiga kiradi. Madaniyatli xalqlar o‘z tillari yer yuzining barcha qit’alarida keng tarqalishi, shu tilda boshqalarning so‘zlashi bilan faxrlanadilar. Har bir millat tilining asrlardan asrlarga o‘tishi va insonlararo muloqot maqomini saqlab qolishi uchun o‘sha til sohiblarining mehr-muhabbati, diqqat-e’tibori, fahm-farosati hamda o‘sha tilda yozilgan jahonshumul ilmiy-adabiy manbalar vosita bo‘ladi.

Har qanday milliy til inson ruhiyati bilan uzviy bog‘liq. Insonning nutq tahlili natijasida uning “men”ini anglab, qanday shaxs ekanini bilib olish qiyin emas. Til vositasida odamlar nafaqat muloqot qiladi, balki bir-birining tabiati, turmush tutumi va ijtimoiy mavqeyiga ham baho beradi. Shu bois, ko‘pgina filologik ta’lim markazlarida psixolingvistika, sotsiolingvistika, kulturalingvistika, psixobiografiya kabi sohalar boshqa fanlar bilan uyg‘un o‘rgatiladi.

Abdurauf Fitrat o‘zbek tilini dunyodagi “eng boy, eng baxtsiz”  deb sifatlaganiga salkam bir asr bo‘ldi. Darhaqiqat, o‘zbek tili XX asrning bir necha o‘n yillari davomida ham shu “eng baxtsizlik” tamg‘asidan qutula bilmadi. Faqatgina davlat tili maqomi berilgach va Istiqlol yillarida o‘zbek tili o‘mganini, mavqeyini baland ko‘tardi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi oddiy hodisa emas. Men Mustaqillik arafasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidek muazzam tarixiy voqeani tabiatda yuz beradigan bir hodisaga o‘xshataman.

Ma’lumki, bahor kelishidan avval qaldirg‘ochlar – bahor darakchilari paydo bo‘ladi. Istiqlol arafasida milliy tilning rasmiy hujjatlarda yuksak bir maqomga ko‘tarilgani yurtning ozod bahoridan, mustaqilligidan darak bergan shunday bir bebaho mujda edi, degim keladi.

O‘tgan yillar mobaynida o‘zbek adabiy tili va uning qo‘llanishi mamlakat bo‘ylab keng quloch yoydi. Ishdagi hujjatlar, ma’muriy, rasmiy, idoraviy ish qog‘ozlarining davlat tilida taqdim etilishi, shunga oid mezonlarning ishlab chiqilgani va boshqa omillar tilimizni ilm-fan tiliga yaqinlashtirdi.

Bugun dunyo olmon yoki yaponlarga havas qiladi. Ularning ilm-fandagi yutuqlarini olqishlaydi. Buning bosh omili bevosita tafakkurga, tafakkur esa milliy tilga borib bog‘lanadi. Bu taraqqiyotning sabablari milliy tafakkurga taalluqli ekanini olimlar allaqachon isbotlashdi ham. Demak, o‘zbek tili bugun o‘zbekona tafakkur tili bo‘lishi lozim.

Tilga e’tiborli inson shu elning dard-u g‘amiga, kelajagiga, ma’naviyatiga befarq bo‘la olmaydi. Aslida, ziyoli inson o‘zining yozma va og‘zaki nutqi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Yozma nutq husnixatning o‘zigina emas. Yozma nutqning asosiy belgilaridan biri – savodxonlik tushunchasi orfografiya qoidalariga rioya qilgan holda, har bir so‘zni to‘g‘ri yozishdan tortib, zarur so‘zni tanlash, gapni tilning barcha qoidalariga asosan tuzish, nutqni yozilayotgan matn tabiatiga moslash kabi juda ko‘p masalalarni qamrab oladi. Bisotida barchaga tushunarli so‘zlar turgani holda, boshqalarga qiyinchilik tug‘diradigan so‘zlarni noo‘rin qo‘llash oqibatida g‘alizlik yuzaga keladi. Natijada o‘quvchi yozilgan matnni tushunishga qiynaladi.

Fikr ifodasida mantiq ham muhim. Albatta, har kim ham gapirish huquqiga ega, biroq unda ma’no, fikr, mazmun bo‘lmasa, bunday nutqqa “vaysamoq” fe’li mos tushadi. Sog‘-salomat bo‘lish faqat tana sifati emas, u ma’naviyat, ma’rifat va mandaniyatga ham, ayni damda, nutqqa ham taalluqlidir. Bu sohalarga maraz yuqsa, uni sog‘aytirish qiyin. O‘zbekona badiiy tafakkurning cho‘qqisi sanalmish hazrat Alisher Navoiy aytadiki:

“Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz. Kimning miyasida illat bo‘lsa, so‘zida mantiq bo‘lmaydi. Miyasi sog‘lom bo‘lsa, gap-so‘zi yoqimli va xatosiz bo‘ladi. So‘zida parishonlik – o‘zida pushaymonlik”.

Buyuk sarkardalar qilich bilan zabt eta olmagan o‘lkalarni notiqlar ta’sirli nutqlari bilan zabt etgani haqida tarixda misollar bisyor. Ko‘plab mashhur notiqlar insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlagani, odamlar ularga ergashib, jamiyat hayotida bunyodkorlik ruhi ustuvor bo‘lgani ham tarixiy haqiqat. Aslida, bunday nodir qobiliyat – ishonch bilan so‘zlab, odamlarning qalbidan joy olish va ularga ilhom baxsh etish hammaga nasib etavermaydi.

Hozirgi kunda turli xorij tillari bo‘yicha yuksak bilim va malakaga ega yoshlar soni ortib bormoqda. Dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish, qaysi bir mamlakatda tijorat bilan mashg‘ul bo‘lish, sayr-u sayohat qilish – bularning barchasini ma’qullagan holda, bir gap aytmoqni istayman. Xorij tillarini ona tilidek biladigan yoshlar dunyoga o‘z millatining shon-shuhrati va muazzam tarixini, allomalari merosini, go‘zal xulq-odobini targ‘ib-tashviq qilmog‘i lozim.

Xorij tillarini yaxshi o‘rgangan odamda o‘z ona tilining ifoda imkoniyatlari, lug‘at boyligi, balog‘at va fasohati kabi bir qancha qirralarini o‘zga til bilan solishtirish imkoni paydo bo‘ladi. Masalan, bir qiyos. O‘zbek tilidagi “to‘y” so‘zi ko‘pma’noli. Ham ot, ham fe’l turkumi tarkibida keladi. O‘zbek to‘ylari izohi uchun katta bir risola yozish mumkin.

Olmon tilida “to‘y” “hohsayt” so‘zi bilan beriladi. Bu yaxlit so‘z emas. Ikkita so‘zdan qo‘shib yasalgan, tarjimasi “yuksak vaqt” degan ma’noni anglatadi. Olmon tilida bizdagi kabi ko‘pma’noli va mukammal “to‘y” yo‘q.

Qadim turkiy so‘zlarni tiriltirish, ayrim shevalardagi so‘zlarning lug‘at kitoblaridagi huquqlarini tiklash, ajnabiy so‘zlar uchun moslarini topish, yasash kabi muhim ilmiy-amaliy izlanishlar bugun nihoyatda dolzarb masala. Yaqinda bir shevada qo‘ziqorinning “ko‘malak” (“ko‘milgan narsa” ma’nosida), yosh bolalar yurishiga mo‘ljallab yasalgan moslamaning “adoqarava” (oyoq aravacha) ekanini bilib quvondim. Hayratlandim.

O‘zimcha ba’zan “uchak (uyning tepasi, ustki uchli qismi), “otoqi” (hashar-ko‘makda loy otadigan kishi), “borlama qilish” (“yo‘qlama qilish” birikmasining muqobili), “birlama” (g‘o‘zani yagona qilish), “chakar” (quduqdan suv tortib oladigan chelak-moslama), “qalqi” (qarmoqning suv yuzasidagi popugi, bu yengil buyum suvda qalqib turgani uchun ham “qalqi” deb ataladi), “kuchala tosh” (batareya), “qo‘nimdor” (propiska) singari o‘nlab so‘zlar bugungi o‘zbek adabiy tilida faol qo‘llanishi mumkin bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yuraman.

Bizda xalq og‘zaki ijodi namunalari yuz jildda nashr bo‘lmoqda. Bunday boylik dunyoning qaysi millatida bor? Bugun o‘zbek tili dunyoning ko‘pgina mashhur universitetlarida o‘rganilayotgani naqadar quvonchli. Bu tilning badiiy ifoda imkoniyatlarini Alisher Navoiy o‘z she’riy devonlari, “Xamsa”si bilan isbotlab qo‘ygan. Biz buni anglashimiz shart.

O‘zbek tiliga davlat miqyosida yuksak e’tibor berilayotgan bir pallada uning muammolari shu holicha qolishi mumkin emas. Ma’lumki, o‘quv muassasalarida ona tilimiz o‘qitiladi. Bu o‘qitish jarayoni oliy o‘quv yurtlarining nofilologik ta’lim yo‘nalishlarida ham davom etishi zarur. Chunki har bir mutaxassis o‘z sohasining haqiqiy bilimdoni bo‘lishi bilan birga, o‘z ona tilida fikrini aniq bayon eta olishi shart.

Olmon adibi Herman Hesse: “O‘z tilini yaxshi bilmaydigan, sevib-ardoqlamaydigan, uni himoya qilmaydigan xalqning shoiriman deb ko‘krak kerishdan or qiladi kishi”, degan ekan. Tilga doir bu muhim fikrni nafaqat ijod ahliga, balki har bir fuqaroga nisbat berish o‘rinli bo‘ladi.

Bahodir NURMUHAMMAD

“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605