10.10.2025 | 12:01
978
QODIRIYGA TAHSIN AYTISHGA BURCHLIMIZ
Adabiy tilning shakllanishi, baland maqomi, sheva xazinasidagi so‘zlarni iste’molga olib kirish va esdan chiqqan tub so‘zlarni qayta qo‘llashda ijod ahlining badiiy tafakkuri benazir vosita bo‘ladi. Xalq ichidan olingan jonli so‘zlar ularning ijod xumdonida toblanib sayqal topadi va til boyligiga aylanadi. Albatta, o‘zbek tilining tarixi uzoq. Ammo zamonaviy o‘zbek adabiy tilining shakllanishida jadid adiblari, shuningdek, XX asrning 20-yillarida faoliyat ko‘rsatgan turli matbuot nashrlari va ma’rifiy tashkilotlar aynan milliy til istiqboli bilan bog‘liq vazifalarni ham zimmasiga olgan edi, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Bu davrda chop qilingan gazeta va jurnallarning har biri o‘zicha tajribaviy yo‘sinda “adabiy til”ni qo‘llagani ma’lum. Masalan, Ziyo Said jadidlar matbuoti tarixini yozar ekan, ularning tili va uslubiga e’tibor beradi hamda “o‘rta shevada”, “tili o‘zbekcha deyilgan bo‘lsa ham, arabcha, forsiya ko‘p bo‘lishi ustiga, o‘sha usulda jumlalar tuzilar edi”, “jurnalning sarfiy-nahviy xatolari ham yo‘q emas edi” kabi mulohazalarini bildirib, ayrim nashrlarning “tilidan o‘rnaklar” keltiradi. Jadid adabiyotining munaqqidi Vadud Mahmud esa Cho‘lpon badiiy asarlari “tilining tasviri sof”ligiga, Fitratning “o‘ziga maxsus tili” bo‘lib, “o‘zbekchani ikkinchi qatla tirgiz”ganiga urg‘u beradi.
Fitrat bosh bo‘lgan “Chig‘atoy gurungi” jamiyati a’zolari adabiy til ustida jiddiy qayg‘urib, o‘z qarashlari, taklif va topildiqlarini “Tong” jurnalida yoritib boradi. Laziz Azizzoda xotirasiga ko‘ra, “Gurungning haftalik yig‘ilishida har bir a’zoga eski chig‘atoy-o‘zbek so‘zlarini topib kelish yuklanar va buning uchun keksalar, kampirlar, ko‘proq qishloq aholisi bilan suhbatlashish tavsiya qilinar edi”.
Jamiyat a’zolari tomonidan o‘sha davrda o‘zbek adabiy tiliga kiritilgan “boshqarma”, “bildirish”, “atama” kabi so‘zlar hozir ham keng ishlatiladi. O‘zbek adabiy tilining taqdiriga befarq bo‘lmagan, asarlari tilini so‘zlashuv tiliga yaqinlashtira olgan atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriy ham o‘sha “gurung”ga a’zo edi.
Adib “Inqilob” jurnalida bosilgan “O‘tkan kunlar” romanida yangidan shakllanib kelayotgan adabiy til bilan birga, mumtoz o‘zbek nasrining ifoda usullarini ham qo‘llaydi va bu uyg‘unlik roman tiliga go‘zallik bag‘ishlaydi. Zero, yangicha til quruq va sun’iylashib qolishi mumkin bo‘lganidek, butunlay mumtoz nasr tilidan foydalanish ham, ehtimol, o‘quvchilar uchun og‘irlik qilar edi.
Abdulla Qodiriyning boshlab yozgan asarlari tili bilan “O‘tkan kunlar” romani qiyoslanganda, romanda tabiiylik, samimiylik, xalq jonli tiliga yaqinlik aniq seziladi. Oybek adibning nasrdagi ilk tajribasi bo‘lgan “Juvonboz”ning tilini “duoyi salom” tili, jonsiz, bo‘yoqsiz, “quruq”, deb tanqid qiladi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmaydi. Adib “Uloqda” hikoyasini e’lon qiladi va u “tirik, obrazli bir til” bilan yozilgan edi. Abdulla Qodiriy asardan asarga badiiy tasvir, uslub va poetik nutq jihatidan ham yuksalib boradi.
Oybek Abdulla Qodiriy romanlari tili masalasiga to‘xtalar ekan: “O‘tkan kunlar” romanida yozuvchi til ustida katta mahorat ko‘rsatadi. Romanning tili haqiqatan boy, bo‘yoqli, sodda, ifoda kuchi zo‘r, massaga anglashilarli bir tildir. O‘zbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli shubhasiz katta”; “O‘tkan kunlar” yangi o‘zbek adabiy tilining taraqqiyotida katta rol o‘ynaydi”, deya yuksak e’tirof etadi.
Romanni o‘z vaqtida keskin tanqid qilgan Sotti Husayn ham yozuvchining “o‘zbek adabiy tilining takomilida katta xizmati bor”ligini ta’kidlaydi:
“A.Qodiriy “O‘tkan kunlar” ro‘manini asosan hozirg‘i adabiy til bilan yozg‘an. Adabiy tilimizning yaxshi ishlanmaganidan xalq orasida iste’moldag‘i so‘zlarni diqqat bilan terib, o‘z o‘rnida ishlatmishdir.
Til ustida maxtarliq, taqdir etarlik ish ko‘rsatkan”. Tanqidchi romanning jozibali tasviriy epizodlariga diqqat qaratib, muallif xalq jonli tili va og‘zaki ijod namunalaridan o‘rinli foydalanganiga urg‘u beradi.
Oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, bugun ham Abdulla Qodiriyning o‘zbek adabiy tili taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos xizmatlarini chin yurakdan e’tirof etish va adibning mahoratiga tahsin aytishga burchlimiz. Qodiriy ikki asr va ikki turli tuzum chegarasida yashadi. Shu bois, uning asarlari tilida mumtoz nasr bilan yangi o‘zbek adabiy tilining uyg‘unligi aniq kuzatiladi. Eng muhimi, bu poetik til Abdulla Qodiriy asarlariga, xususan, moziydan so‘z ochgan romanlari mohiyatiga juda mos keladi.
Abdulla Qodiriy asarlari uning benazir poetik tafakkuridan darak beradi. Badiiy tafakkur esa nutq hodisasi bilan bog‘liq, albatta. Har bir millat adibi o‘z milliy tilida fikr yuritadi, shu milliy tilning lug‘at boyligiga tayanadi. E’tibor berilsa, Abdulla Qodiriy o‘zining ayrim qahramonlari, deylik, “Mehrobdan chayon”dagi Xudoyorxon obraziga ham aynan tilga e’tibor masalasida milliy tuyg‘ularni singdiradi: “Xudoyor muhr bosish asnosi yozilg‘an yorlig‘ va nomalarni o‘qutib eshitar, munshilarning eshitilmagan arab va fors so‘zlari orqaliq to‘qug‘an yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaring‘ arapqa tekkanma?” deb mirzo, muftilarni koyir edi. Ammo Anvarning yozg‘an har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va “shu bala barilaring‘dan ham o‘qug‘anraq chiqar!” deb, boshqa mirzolarning yuragiga o‘t yoqar edi”.
Xudoyorxonning “turkiy jumlalar”ga alohida qaragani, Anvarning inshosini maqtagani – muhim gap.
Yana bir zarur gap shuki, adib ayni epizoddagi Xudoyorxon nutqiga xuddi tilshunos kabi shunday izoh yozadi: “Xudoyor qipchoqlar ichida o‘skani uchun tili o‘zbekchadir. Enalaring so‘zidagi “ng” harfini “ng‘” ravishida qalin so‘zlaydir. Bu kungi farg‘ona o‘zbeklarida ham (ayniqsa qishloqilarda) yumshoq “ng” o‘rnida qalin “ng‘” ishlatish ko‘b eshitiladir. Hozirgi isloh qiling‘an harfimizda bu qalin “ng”ning maxsus shakli yo‘qdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham, biroq o‘qug‘anda har kim buni o‘z maxrajidan chiqarolmas, yanglish o‘qur. Bu qalin “ng” o‘zbekcha bir necha so‘zdagina ishlatilmay ko‘b (ellilab) so‘zda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, to‘ng‘uz, shang‘i, to‘ng‘illamoq, to‘ng‘, to‘ng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar… Eski “ning” “ng” ravishida isloh qilingan. Bu yo‘g‘on “ng‘” ham “g‘” harfining ustiga uch nuqta qo‘yulib yozilsamikin…”
Va yana bir eslatma: buyuk adibimiz “alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir”, deya qayd etgan bu tovushning maxrajiga mos belgi – imlosi hali shu kunga dovur o‘nglangan emas.
Abdulla Qodiriy o‘z qahramonlarini tasvirlashda esda qolarli so‘z va birikmalardan foydalanadi. Masalan, Otabek va Kumush, Anvar va Ra’no tasvirlarida so‘zlarni marjondek ipga tizadi. Ayni paytda, adibning “nafrati”ga duchor bo‘lgan Abdurahmon domla yoki Jannat opa qiyofalari ham o‘quvchining esida qoladi: “Ul (Jannat nazarda tutiladi – B.K.) yerdan bichib olg‘andek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o‘ziga tomon kelguchi bu dahshatlik xotinni umrida birinchi martaba ko‘rar edi. “Nima qilib yuribti bu och arvoh!” deb o‘yladi. Xotin o‘n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo‘rqarliq bir kulgi tusi berdi. Dimog‘i bilan “qix” etib qo‘ydi…”
Asarda bu obrazning qiyofasi “pak-pakana, tep-tekis, chup-chuqur, sap-sariq” kabi ma’nosi orttirilgan sifatlar, shuningdek, “q” tovushi qatnashgan qator so‘zlar bilan tasvirlanar ekan, ustiga-ustak, o‘sha birgina “Dimog‘i bilan “qix” etib” qo‘yishidan ham xotinning ichki vahshoniyati va niyati buzuqligi anglashiladi.
“Mehrobdan chayon” romanidagi Solih maxdum tabiatining o‘ziga xosligi bayonida u birov bilan so‘zlashganda, “ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab o‘ng ko‘zini biroz qisib” qarashi va o‘z nutqida “habba” deb qo‘yishi ham o‘quvchilarga ma’lum, albatta. “Domlaning bu “habba”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar. Har holda “habba – habali” yoki “ha, barakalla” bo‘lsa kerak. Chunki ul bir narsadan xursand va rozi bo‘lg‘anda aksar “habba” deb yuboradir”. Har qachon ham shu bitta “habba” so‘zi esga olinar ekan, o‘quvchining ko‘z o‘ngida beixtiyor Solih maxdum paydo bo‘ladi. Badiiy ijodda topilgan va o‘rnida ishlatilgan bitta noyob so‘zning quvvati ham yozuvchi iste’dodidan darak beradi.
Qodiriy asarlaridagi hayotiylik muallifning mahorati bilan bir qatorda, uning har bir asar ustida jiddiy izlanishi va faqat san’atkorga xos nazariga ham bog‘liq. Adib yozadi: “Materialni o‘rganish mahalida eng mayda narsalarga (detallarga) ham ahamiyat beraman. Masalan, men haligi o‘rganmoqchi bo‘lgan yerda qancha daraxt borligi, ularning qanchasi eski va qanchasi yangiligi, men borgan mahalda o‘sha daraxtlarda qanday qushlar qaysi holda qo‘nib turganligi va shunga o‘xshash juda mayda narsalargacha. Birinchi qaraganda, u mayda narsalar hech ahamiyatga molik bo‘lmaydigandek ko‘rinsa ham, keyinroq foydasi tegib qolishi juda mumkin”. O‘z ko‘zi bilan ko‘rgan manzaralar tasvirning ishonchli chiqishida yozuvchiga yordam beradi.
“O‘tkan kunlar”ni yozishdan avval adib voqealar kechadigan joylarni ko‘radi, turli ko‘chalardan yuradi, qabristonda tunaydi, xon o‘rdalarini sinchiklab o‘rganadi. Masalan, Qo‘qon o‘rdasining qopisi haqida shunday yozadi: “Ayniqsa, darbozaning ikki biqinidag‘i “o‘girmagul” tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza ravoqidag‘i ganchdan qabartirilib yasalg‘an bo‘rtma naqshlar, gullar hali o‘zlarining nafosatlarini unchalik yo‘qotmag‘an edilar”.
Juda nafis so‘zlar bilan berilgan bunday badiiy tasvirlar yozuvchining sinchkov nazariga – qalb ko‘ziga oid, albatta. Aniq tasavvur qilingan manzaralar tiniq tasvirlanadi, o‘z o‘rniga tushgan so‘z yolqini tafakkur puchmoqlarini yoritadi.
Ba’zan Abdulla Qodiriy o‘z asarlarida mumtoz nasrga xos saj san’atidan ham foydalanadi. Deylik, o‘rdalik bir samovarchi devonani so‘zlatib: “…choyxonada sakkiz yigit, o‘rtasida bitta chigit; kakir-kukir etar chilim, katta-kichik unga yelim! Bu na balo, bu na qazo?..” desa, boshqa bir o‘rinda – “Salomnoma”da boylarga qarata: “Maskov borib kelibon, minglab foyda qilibon, haftada gap yeyibon, tomga karnay qo‘yibon; xalq qayg‘usin yemayin, maktab ochay demayin; ellik-oltmish qo‘y bergan, sakkiz kunlab to‘y bergan Turkiston savdogarlariga salo-o-om!..” deb yozadi. Bunda savdogarlar xarakteri o‘zaro zidlashib yig‘ilgan so‘zlar vositasida ochiladi.
Xalq maqollari har qanday millat adabiy tilining fasohat va balog‘atini ko‘rsatadi. O‘rnida qo‘llansa, badiiy asar mazmun-mohiyatiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Bunday hol Abdulla Qodiriy asarlari tilida ko‘p kuzatiladi. Xususan, “Yaxshi niyat – yorti mol”, “Dardi yo‘q – kessak, ishqi yo‘q – eshshak”, “Osilsang ham baland dorg‘a osil”, “Sut bilan kirgan – jon bilan chiqar”, “Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r”, “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtasa qo‘ymas”, “Qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar” kabi maqol va iboralar bu asarlarga zeb beradi. Adib ayrim aytimlarni sarlavhaga ham olib chiqadi.
Abdulla Qodiriy fikr ifodasining qisqa va aniqligi, kam so‘z bilan ko‘p ma’no berish yo‘sinini qadrlab, yozishda ortiqcha so‘z va jumlalarni qisqartirishdan saboq beradi; yozganini odamning yolg‘iz o‘zi tushunib, boshqaning anglay olmasligi unga aslo ma’qul kelmaydi. Shu bois: “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak, yozg‘uvchining o‘zigina tushunib boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozg‘uvchiliq, aytmakchi bo‘lg‘an fikrni hammaga barobar onglata bilishda, orag‘a onglashilmovchiliq solmasliqdadir”, deb ta’kidlaydi. Ijod ahlining o‘z ona tili va qo‘shni millatlar tilini bilishi xususida: “Yozuvchi o‘z xalqining tilini, folklorini kamol o‘rganishi shart va bir necha tillarni, ayniqsa, yaqin qo‘shni tillarni bilishi fazilat. Shundagina tili boyiydi, asari jonlanadi”, deb yozadi.
Abdulla Qodiriyning bebaho merosi o‘zbek adabiy tili tarixida alohida bosqich sifatida qaralishga haqlidir. Chunki adib qo‘llagan so‘zlari, xalq ichidan tanlab, topib olgan ta’birlari, xalqona badiiy tasvir vositalari – bularning bari hozirga qadar milliy tilning ifoda imkoniyatlarini ko‘rsatib keladi. Ayni paytda, adib o‘zining nuktadon olimlarga xos qimmatli adabiy-nazariy qarashlari bilan ham adabiy tilimiz taraqqiyotiga unutilmas hissa qo‘shgani alohida e’tirofga munosibdir.
Bahodir KARIM
“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
99
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



