Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.10.2025 | 15:53

img1025

XUFIYONA QOTILLIK QISSASI

“Ehtiyot bo‘lib yut bol tutganda ham, boldan ham goh chiqar shisha sinig‘i”, deb yozgandi shoirlardan biri. Munojot shunga ham rozi bo‘lardi, faqat bolasi omon qolsa bas edi. Ammo nafsiga qul kimsalarning jinoyati, oilada tibbiy madaniyatning yetarli emasligi, shifokorlarning befarqligi oqibatida norasta go‘dak hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

* * *

Munojot – bog‘chada tarbiyachi, Otabek – “ISUZU”da chet hududlarga yuk tashiydi. Bir ketgancha to‘rt-besh kunlab safarda bo‘ladi. Ularning kenja farzandi O‘lmasbek nihoyatda erkatoy. Bola o‘zi shunaqa ayyor bo‘ladi: ko‘proq e’tibor berilganini sezdimi, atrofdagilarning yelkasiga emas, boshiga chiqaman deydi.

Bu safar ham shunday bo‘ldi – xarxasha qilib muzday sharbat ichdi-yu, tuni bilan isitmalab chiqdi. Aksiga olib dadasi safarda. Onasi avvaliga na’matak damlab ichirdi, yotar oldidan ko‘krak, kuraklariga yog‘ surtdi, maymunjonli choy qilib berdi… Yo‘q, battar bo‘lsa bo‘ldiki, beri bo‘lmadi: burun bitishi, quruq yo‘tal boshlandi. Munojot bolani avvaliga qishloq vrachlik punktiga olib chiqib, shifokor yozib bergan dorilarni ichira boshladi. Asosiy dori kunda uch mahal ikki qoshiqchadan ichiladigan sirop ekan. Lekin ahvol o‘nglanish o‘rniga og‘irlashib bordi – O‘lmasbekning ishtahasi yo‘qolib, uchinchi kunga o‘tib peshob chiqarmay qo‘ydi, isitmalab, badanida qizg‘imtir toshmalar bodrab chiqdi.

Endi tuman tibbiyot bo‘limiga olib bormasa bo‘lmaydigan. Bu yerda ham ijobiy o‘zgarish sezilmadi. Qaytanga, bolaning qo‘l-oyog‘i tortishib, mushtdek g‘ujanak bo‘lib qoldi, og‘zi bir tomonga qiyshayib ketdi… Qaysi shifokorga ko‘rsatsa, hammasi o‘zicha tashxis qo‘yadi, birining gapi biriga to‘g‘ri kelmaydi. Yana deng, hamkasbining xulosasini nazar-pisand qilmay, o‘zinikini ma’qullab turaveradi. Eng ayanchlisi, biror mutaxassis tashxisdan oldin ko‘rilishi kerak bo‘lgan qon va boshqa tahlillar natijasi, UZI, EKG varaqalarini tayinli ochib ham ko‘rmadi. Shu orada laboratoriyadagi hamshiralardan biri xususiy klinikaga olib borishni maslahat berib qoldi.

Viloyat markaziga shoshilinch yetkazilgan bemorni qabul qilgan klinika barcha analizlarni qaytadan oldi. Ular davlat tibbiyot muassasalari xulosasini axborot uchun ham qabul qilmadi. Yangi apparatlarda aniq-tiniq javob chiqar ekan-da. Hartugul tashxis aniqlandi: bolaga ichirilgan sirop nojo‘ya ta’sir qilib, ikkala buyrakni ishdan chiqargan. Chora – shoshilinch dializ. Biroq… Kechagina chopqillab yurgan bolakay bugun jonlantirish bo‘limida yotar, tanasi shishib ketgan, zahar qonga tarqab ulgurgandi…

Ota-onaning iztirobini so‘z bilan ifodalab bo‘larmikan…

* * *

…Fotiha kuni el og‘zida qo‘shni qishloqda ham shunga o‘xshash holatlar sodir bo‘lgani haqida xavotirli gaplar oralab qoldi. Bir necha kundan keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi yuzlab bolalarning qalbaki dorilardan zaharlanishi yuzasidan bayonot berdi: “Ushbu preparatlar partiyasida etilenglikol mavjud bo‘lib, tibbiy qoidalarda belgilangan me’yordan 300 baravar yuqori bo‘lgan. Ushbu modda bemorda jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, hushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi”.

Favqulodda holat e’lon qilinib, bog‘cha va maktablarda beriladigan mavsumiy dorilar bir muddat to‘xtatildi. Ishonchsiz va xavfli sanalgan dorilar ro‘yxati tuzilib, sotish qat’iy taqiqlandi. Hududlarda farmasevtik firmalar va dorixonalar faoliyati nazoratga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati va huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, surishtiruv-qidiruv jarayoni boshlandi. Bora-bora jinoiy guruh faoliyati o‘rgimchak to‘ridek butun hududni qamrab olgani ayon bo‘ldi.

* * *

Shoyusup tinchgina dorixonada ishlab yurgandi, nima jin urib, onlayn qimorga mukkasidan ketdi. Oqibat, 130 million so‘mga tushib o‘tiribdi. Umrida ko‘rmagan summani o‘ylasa, yuragi orqaga tortib ketardi. Qizig‘ida kredit ustiga kredit, qarz ustiga qarz olaverdi… Tanishlarni birma-bir xayoldan o‘tkazib ko‘rsa, qarz olmagan faqat kursdoshi Baxtiyor qolibdi. Toshkentda xususiy klinika ochgan, qator-qator dorixonalari bor, qisqasi, yangi boylardan bo‘lgan eski qadrdoni Shoyusupning yuziga eshik yopmadi. Unga hamkorlik taklif qildi, ham qarzdan qutuladi, ham o‘zini tiklab oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Baxtiyor hamtovoqlari bilan Toshkent viloyatidagi bir xonadonda dori ishlab chiqaradigan yashirin sex qurgan. Zarur uskuna va qoliplar aylanma yo‘llar bilan Xitoydan keltirilgan, kerakli xomashyo ham asosan “xilvat yo‘lak” orqali kirib kelar, ba’zi narsalar internet orqali buyurtma qilinar, bo‘sh qutilar, etiketka, yo‘riqnoma singari mayda-chuyda buyumlarni esa sexda o‘zlari tayyorlar ekan. Preparatlarni originalidan farqlash qiyin.

– Biznesda eng qiyini nima bilasanmi? – o‘smoqchiladi Baxtiyor. – Bozor topish! Faoliyatimiz yildan yilga kengayib boryapti, birin-ketin viloyatlarda hamkorlar topilyapti. Bizning dorilarni sotgan dorixona sotuvchilari va rahbarlarini mukofotlaymiz, qolaversa, ularni bemorlarga tavsiya qilgan va ko‘proq sotilishiga hissa qo‘shgan shifokorlar o‘z ulushini ortig‘i bilan oladi. Sening vazifang o‘z hududingda mijozlar topish, ular bilan kelishish. Bor-yo‘g‘i shu.

Shoyusup uyga qaytgandanoq ishga sho‘ng‘idi. Viloyatdagi barcha dorixonalarga bosh suqib chiqdi. Jamiki kasalxonalarga kirib, navbatchi vrachlardan tortib emlov hamshiralargacha “ko‘ngil so‘radi”. Yil o‘tmay, qarzlaridan qutulib, binoyiday yashay boshladi.

Shunday kunlarning birida sheriklari birdan g‘oyib bo‘lib qoldi. Na yuk keladi, na qo‘ng‘iroqqa javob bo‘ladi. Televizorda, ijtimoiy tarmoqlarda bitta gap: bolalar qalbaki doridan zaharlanib o‘lmoqda.

Shoyusup sheriklari bilan sexni saranjomlashga ulgurmasdan Davlat xavfsizlik xodimlari qo‘liga kishan urdi…

Xabarlardan namunalar

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida noqonuniy dori vositalarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyati to‘xtatildi. Yashirin sexda 49 turdagi jami 594 ming donadan ortiq dori vositalari, 168 kg xomashyo, etiketka, yo‘riqnomalar, bo‘sh qutilar, kapsulalar, shuningdek, 50 dona jihoz, jumladan, stanok va qoliplar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi”.

* * *

“Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Ushbu sex ko‘zdan kechirilganda 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin B6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi”.

* * *

“Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashirin sexda qalbaki dori vositalarini ishlab chiqargan shaxslar qo‘lga olindi. Ulardan umumiy qiymati qariyb 1,9 milliard so‘m bo‘lgan dori va qadoqlar musodara qilindi”.

* * *

Shundan keyin Otabek yolg‘iz o‘g‘li qalbaki doridan zaharlanib vafot etganini tushunib yetdi. O‘zi bir ahvol-u, hammadanam ayoliga og‘ir bo‘ldi. Bechora “Bolamga o‘z qo‘llarim bilan og‘u ichirdim”, deb ancha vaqtgacha telbalanib yurdi. Hayot davom etar ekan, qizlariga ovunib ancha o‘ziga keldi. Oradan vaqt o‘tib, yangi mehmon kutilayotganini bilgan oilaning firoq otashi pasayganday bo‘ldi… Ammo hali ungacha bir necha yillik yo‘l bor.

Jabr ko‘rgan oilalar, yuzlab ota-onalar qatori Otabek ham sudda qatnashdi. Unga so‘z berilar ekan, qarshi tomonning advokati ma’naviy zarar undirib berilishi to‘g‘risidagi bandlar bilan tanishtirmoqchi bo‘lganida chidab turolmadi, nafrati qo‘zib ketdi:

– Men bu yerga pul undirish uchun kelmadim! Bular bolamni o‘ldirdi. Agar o‘g‘lim qaytib kelganida edi, o‘zim bularning boshidan tillo sochardim. Harom pullari o‘zlariga buyursin! Bular begunoh bolalarning qotili! Nimaligini ko‘ra-bila turib, zahri qotil tayyorlab odamlarga pullash… Bo‘ri to‘dasi ham ojiz qo‘zichoqqa rahm qiladi, degan gap bor. Farzand dog‘ida kuygan ota-onalarning jarohatiga malham topiladimi? Endi qanchadan qancha oilalar bir umr shu og‘riq bilan yashashga mahkum. Bu iztirobning o‘lchovi qanday? Bu yog‘i qanchadan tushadi endi?! Mening yagona tilagim – odil hukm!

Zal suv quygandek jim-jit, hammaning uni o‘chgan, ora-sira ayollarning piq-piq yig‘isi sukunatni buzadi.

Jinoyatning darajasi og‘irligi, jabrlanuvchilar sonining ortib borayotgani sababli so‘nggi hukm keyingi majlisda o‘qiladigan bo‘ldi…

Jamoliddin BADALOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img105

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img616

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img612