15.10.2025 | 15:34
762
ATOQLI NAVOIYSHUNOS
Sharq xalqlari madaniyati va adabiy merosining bilimdoni Yevgeniy Eduardovich Bertels (1890–1957) navoiyshunoslik taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shgan yirik tadqiqotchilardan biridir. Olimning Ikkinchi Jahon urushi yillari bir muddat Toshkent shahrida istiqomat qilishi uning ilmiy faoliyatida nihoyatda samarali iz qoldirdi. U respublikamizning boy qo‘lyozma fondlari bilan yaqindan tanishdi, ulardan unumli foydalandi, oliy o‘quv yurti talabalariga ma’ruzalar o‘qidi, matbuotda maqolalari bilan muntazam qatnashib turdi. Olimning uch yirik monografiyasi – “Navoiy” (1948), “Aleksandr haqida roman va uning Sharqdagi asosiy versiyalari” (1948), “Jomiy” (1949) tadqiqotlari qo‘lyozma fondlarimizdan unumli foydalangan holda dunyo yuzini ko‘rdi. Uning ilmiy rahbarligi ostida Gʻulom Karimov, Akram Ibrohimov, Solih Qosimov va boshqalar dissertatsiya himoya qildilar.
Bertels yurtimizda bo‘lgan chog‘lari o‘zbek adabiyoti tarixining bilimdonlari bilan yaqindan tanishdi, ular bilan ilmiy-adabiy suhbatlar qurdi, fikr-mulohaza almashdi. Olim “Navoiy” monografiyasining muqaddimasida Oybek, G‘afur G‘ulom, Hodi Zarif kabi zukko insonlar bilan shoir ijodi yuzasidan hamsuhbat bo‘lib, muloqot qilmaganida, Alisher Navoiy ijodining ko‘pgina tomonlari o‘zi uchun qorong‘i qolishini aytadi va minnatdorlik bildiradi.
Olimning buyuk mutafakkir Alisher Navoiy adabiy merosiga oid dastlabki “Navoiy va Attor” (1928) maqolasi Sharq adabiyoti durdonalariga yondashuvning klassik namunasi bo‘lib, bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Sharqshunos har ikki doston – “Lison ut-tayr” va “Mantiq ut-tayr”ni sinchiklab, bobma-bob muqoyasa qilib, garchi Alisher Navoiy adabiy an’ana doirasida ish ko‘rgan bo‘lsa ham, original asar yaratganini misollar bilan isbotlab ko‘rsatadi. Doston tarkibidan o‘rin olgan hikoyatlarni qiyosiy chog‘ishtirib, ularning aksariyati Navoiyning uzoq yillik kuzatishlari mahsuli ekani va nisbatan real hayot voqealariga yaqinligini hamda ayni jihatlari bilan salafi Fariduddin Attor (1145–1221) hikoyatlaridan farqlanishini alohida ta’kidlaydi. Bugina emas, asar g‘oyaviy konsepsiyasi Attor dostonidan butunlay o‘zgachaligini Bertels zukko adabiyotshunos sifatida nozik ilg‘agan, shuningdek, shoirning tasavvufga munosabatini ham aniq ko‘rsata olgan.
Bertelsning “Alisher Navoiy “Xamsa”sining qadimiy qo‘lyozmasi haqida” nomli maqolasi vafotidan sal oldin (1957) yozilgan hamda “Tanlangan asarlar”ining “Navoiy va Jomiy” jildidan o‘rin olgan. Unda olim shoir ijodi bilan qay tarzda tanishgani, “Xamsa”ning noyob nusxasi Samarqand shahridan topilishi bilan aloqador jihatlarga batafsil to‘xtaladi.
Uning fikricha, bu noyob qo‘lyozma Navoiy nazorati ostida, ya’ni shoir kotib Abdujamilga aytib turgan paytda ko‘chirilgan. Biroq bu mo‘tabar manba asosida “Xamsa” dostonlarining ilmiy-tanqidiy matnini tuzgan Porso Shamsiyev bu fikrga qo‘shilmaydi: “Y.E.Bertelsning mazkur qo‘lyozmaning yuqori sifatlari haqidagi fikriga qo‘shilgan holda, biz uning avtor aytib turganda ko‘chirilgan, degan fikriga qo‘shila olmaymiz. Bu qo‘lyozmadagi har bir dostonning kolofonlarini solishtirish ham olimning ushbu fikrini tasdiqlay olmaydi. Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror”ning tugatilgan yilini aniq (888-1483-yil) ko‘rsatadi, dostonning kolofonida esa uning ko‘chirilgani 889-yil rabbial-oxir, ya’ni 1484-yilning apreli deb yozilgan. Bundan ko‘rinadiki, dostonning yaratilishi bilan uning Abdujamil tomonidan ko‘chirilgan vaqti ayrimdir”.
Biz ham muhtaram ustozning fikriga qo‘shilamiz. Bertelsning o‘zbek kitobxonlari “yengillashtirilgan” “Xamsa”ni o‘qimoqdalar, degan fikri ham o‘tgan asrning 50-yillariga oid bo‘lib, bugun biz dostonlarning ilmiy-tanqidiy matni hamda ular asosidagi asarning to‘liq nashriga egamiz.
Maqolada e’tiborimizni tortgan yana bir nuqta: o‘sha alg‘ov-dalg‘ov davrda qo‘lyozma manbalar xorijga sotilgan ekan. Qiziq, nima uchun xalqning bebaho merosi bo‘lgan kitoblar sotilgan, bu haqda biror-bir davlat idorasida ma’lumotlar saqlanganmi? Agar saqlangan bo‘lsa, qaysi noyob manbalar qaysi xorijiy davlatlarga sotilgan va ularning ro‘yxati mavjudmi? O‘ylashimizcha, bu kabi savollarga aniq javoblar berilishi lozim.
Bertels tadqiqotlari yurtimizda hamisha navoiyshunoslarning diqqat markazida, e’tiboridadir. Mustaqillik davrida olimning bir qator tadqiqotlari o‘zbek tiliga o‘girildi. Jumladan, tilshunos Ibodulla Mirzayev tomonidan “Navoiy”, “Jomiy” monografiyalari hamda boshqa risolalari o‘zbek tiliga tarjima va nashr qilindi.
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi xodimlari ham navoiyshunos olim merosiga muntazam murojaat qiladi. Dastlab O.Jo‘raboyev tomonidan “Noma’lum ijodkorning chig‘atoycha tarje’bandi” maqolasi tarjima qilinib chop etilgan bo‘lsa, keyingi yillarda “Alisher Navoiy dunyoqarashiga doir” maqolasi kamina tarjimasida nashr yuzini ko‘rdi. Bundan tashqari, adabiyotshunos SH.Nazarova taniqli turkiyshunos akademik A.N.Samoylovichning o‘tgan asrning 20-yillari o‘zbek tilida chop bo‘lgan “Navoiy to‘g‘risida Ovropa olimlari” maqolasini arab yozuvidan tabdil qildi.
Quyida havola etilayotgan maqola ham yuqoridagi ishlar sirasidan bo‘lib, Bertels kabi olimlarning merosiga teran nazar tashlash va ularni falsafiy idrok etish orqali ilmiy akademizmdan saboq berib, filologik tadqiqotning o‘ziga xos madaniyati sari yetaklaydi.
Abdurasul ESHONBOBOYEV,
O‘zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi bosh xazinaboni

Yevgeniy BERTELS
“XAMSA”NING QADIMIY QO‘LYOZMASI HAQIDA
O‘tgan asrning 20-yillari Eronda XIII asrda yashab ijod etgan buyuk shoir Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoni nashr etildi. Doston G‘arb sharqshunoslik ilmiga ancha avval ma’lum bo‘lib, 1857-yili mashhur fransuz sharqshunosi Garsen de Tassi Parijda chop ettirgan va oradan olti yil o‘tib fransuzcha tarjimasini amalga oshirgan edi. Birinchi Eron nashri dostonning fransuz olimi tomonidan tayyorlangan nashrida yo‘l qo‘yilgan bir qator lingvistik va falsafiy noqisliklarni, tushunmovchiliklarni bartaraf etdi. Tabiiyki, bu yangi nashr meni va men bilan Ittifoq Fanlar akademiyasi Osiyo muzeyida birga ishlaydigan hamkasblarimni qiziqtirib qo‘ydi. Dostonni o‘qir ekanmiz, beixtiyor uning xayoloti bizni har tomondan chulg‘ab oldi.
Bu vaqt orasida Osiyo muzeyi qo‘lyozmalarini ilmiy tavsif etish chog‘ida qo‘limga eski o‘zbek tilida bitilgan yangi bir manba kelib tushdi. Bugungidek yodimda, bu kitob katta hajmda, muqovasi qalin qora charmdan, xati unchalik chiroyli bo‘lmasa ham, aniq-ravon yozilgan edi. Mazkur manbada men hayotimda birinchi marta Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni bilan tanishdim. Asarning kirish qismlarida (aslida asarning xotimasida – tarj.) ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri bolalik chog‘lari Attor dostonini ehtiros bilan o‘qib, yodlab olganini maroq bilan hikoya qiladi.
Sharqshunoslar tomonidan ushbu doston bo‘yicha yozilgan tadqiqotlar bilan tanishib bildimki, yevropalik olimlar fikricha, Navoiy Attor dostonini o‘z ona tili – eski o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Tabiiyki, meni XV asr she’riy tarjimaning texnik jihatlari qiziqtirib qoldi va men har ikki asarni sinchiklab, bobma-bob muqoyasa qildim.
Bu paytda (1927) hijriy yil hisobi bo‘yicha Navoiyning 500 yillik to‘yini nishonlash haqida qaror qabul qilindi. Akademik V.V.Bartold bu sanaga atab ilmiy to‘plam nashr etishni rejalashtirgan edi va u odatdagidek muzeyga keladigan kunlarining birida menga murojaat qilib: “Siz, menimcha, Navoiyning asari bilan shug‘ullangan edingiz. Bizning to‘plamga bir maqola tayyorlab berolmaysizmi”, deb qoldi. Buning natijasida “Navoiy va Attor” maqolam yozildi hamda “Mir Alisher” to‘plamida (1928) nashr qilindi.
Navoiy asarini qancha ko‘p o‘qiganim sari, u shuncha ko‘p asir qilar, ohanrabodek o‘ziga tortar, mayin, iliq turkona yumori va insoniyligi bilan meni maftun etardi. Ko‘rinib turibdiki, Navoiyni tarjimon deyish, asarni o‘qimay, faqat yolg‘iz sarlavhalarga qarab xulosa chiqarishdir. Men o‘z oldimga bunday yondashuvning g‘ayriilmiy ekanini isbotlashni maqsad qilib qo‘ydim va, menimcha, “Navoiy va Attor” nomli maqolamda buni uddaladim. Qizig‘i shundaki, Attor ijodiga bo‘lgan qiziqishim oxir-oqibat Navoiy “Xamsa”sining qadimiy qo‘lyozmasini halokatdan saqlab qolishimga sabab bo‘ldi.
Navoiy ijodi bo‘yicha tadqiqotim O‘zbekiston ilmiy doiralarining e’tiborini tortdi va meni O‘zbekistonning o‘sha paytdagi poytaxti Samarqand shahriga, ilmiy tadqiqot institutiga ma’ruza o‘qish uchun taklif qilishdi. Ma’ruzalar kursini may-iyul oylari oralig‘ida o‘qidim, Leningradga qaytish arafasida esa respublikaning Maorif tashkiloti (Narkompros) bir ish yuzasidan chaqirib qoldi.
Ma’lum bo‘lishicha, davlat savdo tashkiloti (Gostorg) respublika qishloqlari bo‘ylab qadimiy qo‘lyozmalar, hunarmandchilik ashyolarni aholidan sotib olar, qo‘lyozmalarni esa xorijga sotish mo‘ljallangan ekan. Buning uchun esa Maorif tashkilotining tegishli ruxsatnomasi kerak, biroq tashkilot xodimlari orasida qadimiy qo‘lyozmalarni yaxshi biladigan kishi yo‘qligi sabab mendan iltimos qilishgan.
Tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgach, Maorif tashkilotining omborlari joylashgan eski g‘isht zavodiga qarab yo‘l oldim. Xuddi hozirgidek yodimda, yozning issiq kunlari, zavodga boradigan yo‘l yangi va eski shaharni bog‘lovchi ko‘cha bo‘ylab o‘tadi. Men eski tut daraxtlari ekilgan ariq yoqalab yurdim. Tut obdon pishib yetilgan, uning oppoq, biroz jigarrang bo‘la boshlagan shirin mevalari shlyapamga do‘ldek yog‘iladi.
Darvoza oldida uzoq davom etgan rasmiy gap-so‘zlardan so‘ng meni kitoblar va har xil eski-tuskilar bilan to‘la, shifti past katta xonaga olib kirdilar. Kitoblarni qalin changdan tozalab, titkilashga tushdim. Qo‘lyozmalar orasida unchalik ahamiyatga ega bo‘lmagan kitoblar: madrasa darsliklari, sifatsiz miniatyuralar bilan bezatilgan diniy mavzudagi qo‘lyozmalar ko‘p edi. Lekin mana mening qo‘limda qalin, muqovasi biroz uringan kitob. Ochib ko‘raman, maxsus jilo berilgan, ammo qorayib ketgan qog‘oz, XV asrning unchalik chiroyli bo‘lmagan, biroq aniq, shoshibroq bitilgan qo‘lyozmasi: Navoiyning mashhur besh dostoni jamlangan manba. Bu asarning keyingi davrlarda ko‘chirilgan nusxalarini bozorga chiqarish ehtimol mumkindir, ammo bunaqasini, hech qachon!
Qo‘lyozmalarni sinchiklab saralab, sotishga mo‘ljallanganlari orasidan ayrimlarini ajratib oldim. Men ajratib olgan yigirmaga yaqin qo‘lyozma kitoblar ilmiy-tadqiqot instituti ma’muriyati tomonidan kirim qilib olindi, keyinchalik institut tugatilgach, Toshkentdagi davlat xalq kutubxonasi tasarrufiga o‘tdi (hozir esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida №5018-raqam ostida saqlanadi).
Ikkinchi Jahon urushi yillari men Toshkentdagi Tarix, til va adabiyot institutida ishladim. Ishimizning asosiy qismi Navoiyning 500 yillik to‘yini nishonlashga (bu safar milodiy yil hisobi bilan – 1441-1941) qaratilgan bo‘lib, bu ishlar tor doiradagi kichik bir guruhning ishlari bilan cheklanmay, balki butunittifoq ko‘lamidagi, tom ma’noda xalq bayramiga hozirlik edi.
Men yana o‘zim saqlab qolgan qo‘lyozma bilan to‘qnashdim. Endi uni shoshilmay, batafsil va chuqur o‘rganish uchun barcha imkoniyat bor edi. Bu yerda mutaxassislarni hayajonga solgan bir holat yuzaga chiqib qoldi. Ma’lumki, Navoiyning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” 889/1483-yili yozilgan. Biroq mazkur asar Abdujamil degan kotib tomonidan 889-yili rabbil ul-oxir oyida, ya’ni 1484-yilning aprel-may oylarida ko‘chirib tugallangan. O‘ylashimcha, bu sana ishtiboh uyg‘otadi, chunki bir necha ming baytdan iborat katta bir doston shoir tomonidan yozib bo‘lingach, uch-to‘rt oy o‘tmay ko‘chirilgan. Lekin qo‘lyozmaning matni, shubhasiz, yaxshi edi.
Yosh olimlardan G‘ulom Karimov to‘yga tayyorgarlik arafasida mening maslahatim bilan “Layli va Majnun” dostonining tanqidiy matnini ayni qo‘lyozmadan keng foydalangan holda tuzdi. Ish jarayonida uning o‘ziga xos jihatlari aniqlandi: qo‘lyozma mutlaqo xatosiz bo‘lmay, unda har bir manbaga xos noqisliklar mavjud, ko‘chirgan kotib, tabiiyki, ayrim xatolarga ham yo‘l qo‘ygan, biroq bular asliyatni ko‘chirayotgan paytda sodir bo‘lgan imlo xatolari bo‘lmay, u yoki bu so‘zni noto‘g‘ri eshitish oqibatida ro‘y bergan. Bundan esa tabiiy ravishda quyidagicha xulosaga kelish mumkin: Abdujamil diktovka asosida ko‘chirgan. Siyohi hali qurimagan asarni kim unga aytib turgan (diktovka) bo‘lishi mumkin? Faqatgina muallifning o‘zi va shunday qilib, bu nodir qo‘lyozma avtograf: uning matni muallif qalami ostidan chiqqan matnning aynan o‘zini beradi.
Navoiy bu vaqtda avvalgiga o‘xshab yuqori davlat lavozimlarida ishlamagan, biroq mashhur va badavlat kishi sifatida o‘ziga tegishli mol-mulkni boshqargan, keladigan daromadni esa jamiyat rivojiga sarflagan. Ko‘rinib turibdiki, muallifning ko‘p ming baytli asarni soatlab o‘tirib chiroyli husnixat bilan ko‘chirish uchun fursati bo‘lmagan va og‘zaki aytib turishni maqbul bilgan. Shunga binoan, qo‘lyozmaning xat yo‘rig‘i: bu yuksak saviyadagi XV asr Hirot xattotlik san’ati namunasi emas, bu dastxat chiroyli yoza oladigan, lekin shoshib, har bir harfni aniq ifodalay olmagan kishining xatidir.
Shuni alohida qayd etish joizki, ushbu qo‘lyozma topilguniga qadar O‘zbekistonda amalga oshirilgan “Xamsa” dostonlarining nashri asr boshlarida mashhur kotib Shohmurod tomonidan litografiya uchun tayyorlagan matnga asoslanar edi. Bizning qo‘lyozma bilan Shohmurod matnini solishtirish shuni ko‘rsatdiki, Shohmurod kotib faqat asarni ko‘chirib qo‘ya qolgan emas, balki muayyan tahrir ishlarini ham amalga oshirgan. U o‘z davri kitobxonlari uchun Navoiyning obrazli, metaforalarga boy tili bir qadar og‘irlik qilishi, shoir matnini anglash uchun mumtoz poetikadan xabardorlik zarurligini tushungan holda asarni biroz “yengillashtirgan”, tushunilishi murakkab bo‘lgan arabcha iboralarni, ba’zan esa butun boshli baytlarni qisqartirgan.
Bugun esa bizning qo‘lyozma asosida “Xamsa”ning sahih matnini butun boyligi va chiroyi bilan tiklash mumkin. Ushbu nodir manbaning fan uchun saqlanib qolishida voqea-hodisalarning sodir bo‘lish jarayonidagi ajib bir hikmatni ko‘raman. Ochig‘ini aytganda, bu men uchun shunchaki bir tasodifiy hol bo‘lmay, taqdir go‘yoki ulug‘ shoir ijodining gultoji bo‘lmish mazkur yaratiq birinchi navbatda avlodlari, to‘g‘rirog‘i, avlodlarining merosxo‘rlari qo‘lida qolishi uchun oldindan tadorik ko‘rgandek tuyuladi.
Afsuski, qo‘limizda noyob nusxa bo‘lishiga qaramay, hamon o‘zbek kitobxonlari “yengillashtirilgan” “Xamsa”ni o‘qimoqdalar, asliyatga asoslangan birorta nashr hozircha yo‘q. Umid qilamizki, yaqin vaqt ichida bu kamchiliklar bartaraf qilinadi va Navoiy muhiblari asarning shoir hayotlik davrida ko‘chirilgan matnini o‘qiydilar.
Abdurasul ESHONBOBOYEV tarjimasi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



