Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.10.2025 | 12:44

img1135

MEN VATANDA EMASMAN, VATAN MENING ICHIMDA

Temur XO‘JA,
taniqli olim, shoir

Go‘daklik davrimni eslay olmayman. Ammo ba’zi esdaliklarim bor, ularni ham opamdan, onamdan eshitganman. Ota-onam opamdan avval ham ikki farzand ko‘rgan. Ammo sargardon hayot, kasallik tufayli bolalar go‘dak yoshlarida vafot etgan ekan. To‘rt yoshimda Pokistonga ko‘chib borganmiz. Besh qavatli katta bir uyda turardik. Otam kunduzi ishda bo‘lardi, uyda onam O‘zoy-Halima opam bilan meni o‘stirgan.

Onamdan turli ertak va dostonlar, topishmoqlar tinglardim, 7–8 yoshlarimda ham oyoqlari ustida alla aytib uxlatar edi. 6-7 yoshlardan keyingi xotiralarimda otam bor. Otam Usmon Xo‘ja ko‘p she’rni yoddan bilar, Navoiy, Bobur, Cho‘lpon, qozoq shoiri Mag‘jondan ham o‘qib berar edi. To‘qqiz yoshimda yana Turkiyaga ko‘chib kelganmiz. Maktab yillarimda o‘zbek zamonaviy adabiyoti, Cho‘lpon, Fitrat singari adiblar haqida otam va Afg‘onistondan kelgan tog‘am menga aytib berar edi. Xullas, adabiyotga ilk havasim shundan boshlangan. 1958–1959-yillarda Turkiyada Hazrati Alining hikoyalari yozilgan suratli kitoblar juda mashhur edi. Menga ko‘p she’rlar yodlatishgani uchun juda kichikligimdan she’r yoza boshlaganman. To‘rtinchi sinfimda Hazrati Alining qahramonliklari haqida hikoya yozganman.

Otam haqida eslasam, u kishi hech narsadan xafa bo‘lmasdi. Albatta, hayotimizda qiyinchiliklar, og‘ir kunlar ham bo‘ldi. Ammo u kishini biror marta g‘amgin holda ko‘rmaganman, aksincha, yuzida tabassum bo‘lar edi. Onam teskarisi, ozgina muammo chiqsa xafa bo‘lib o‘tirardi. Otam bo‘lsa, qandaydir fors shoirining she’ridan: “E, ko‘p g‘am yema, yeganingdan ham kam yema”, degan ma’nodagi baytini aytib tasalli berar edi. Hamon men ham qachon xafa bo‘lsam, otamning o‘sha she’rini aytib o‘zimni ovutaman.

Otam menga hech qachon qattiq gapirmagan. Xato qilsam, halimlik bilan tushuntirar edi. Onamga ham ovozini balandlatib gapirganini ko‘rmaganman. Lekin otam meni ko‘pincha do‘stlarining yig‘inlariga olib borar edi. Ba’zan qandaydir masalalarda juda qattiq tortishganlariga guvoh bo‘lganman. Demak, u suhbatlar yo milliy, yo Vatan mavzularida bo‘lgan.  

Otam ukasi Atoulla Xo‘jayev, amakisi Fayzulla Xo‘jayev, ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida ko‘p gapirar edi. Oralarida uch yosh farq bo‘lsa ham, Behbudiyni o‘zining ustozi deb bilardi. Koshki, bolaligimda hozirgi aqlim bo‘lsaydi, otamdan ko‘p ma’lumotlarni so‘rab olgan bo‘lardim. Afsuski, bolaligimda otamning Buxoro davlatining hukumat rahbari, moliya vaziri bo‘lganini, Dushanbe voqealarini bilmaganman. Otam to‘qson yoshida men yigirmaga kirganman. U kishi namozxon, ammo mutaassib mullalarning din bahonasida ilm-fan ravnaqi, yevropacha ta’lim taraqqiyotiga qarshi o‘rta asrcha talablarini rad etuvchi ochiq fikrli odam edi.

Onam bolaligimda: “Biz “oltin beshik” sulolasidanmiz, men ham Afg‘onistonda Pag‘monda oltin beshikda katta bo‘lganman”, derdilar. Menga esa onamning malikaligi ertakdek tuyulardi. Keyin bilsam, bu gapida jon bor ekan. Otam ba’zan: “Qara, o‘g‘lim turk qizlari juda go‘zal, ammo sen albatta turkistonlik bir qizga uylan, boisi, turkistonlik bo‘lgan onaning farzandlarida Turkistonga vatan muhabbati bo‘ladi”, deb maslahat berardi.

Qarangki, yigirma to‘rt yoshimda Amerikada asli toshkentlik o‘zbek qizi bilan tanishib, oila qurdim. Balki, bu ham otamning ta’siridir. Otam vafotidan ozgina avval yoniga chaqirib: “O‘g‘lim, sezyapman, Turkiston albatta mustaqil bo‘ladi. Men uni ko‘rmayman, sen albatta ko‘rasan. Vatanga borasan, seni quchoq ochib qarshi oladilar”, degan edi.

* * *

Men litseyda o‘qib yurganimda yo fan, yo adabiyotni tanlashim kerak edi. Men adabiyotni tanladim. Bir sinfdoshim bilan litseyimizda shu vaqtgacha bo‘lmagan devoriy gazeta chiqardik. Devorga ilingan bir betlik katta harflar bilan yozilgan gazetamizni barcha o‘quvchilar qiziqib o‘qir edi. Yetti oydan so‘ng bir do‘stimizning she’ri sabab yopilgandi. O‘sha yillarda she’r va hikoyalarim bolalarning gazeta va jurnallarida bosilardi. Shuning uchun Istanbul universitetining turkologiya yo‘nalishiga o‘qishga topshirdim.

Aslida, o‘zbekning yaxshi shoiri yoki zo‘r yozuvchisi bo‘lmoqchi edim. Ammo, til tanqisligi bois murodimga yetolmadim. Universitetda mumtoz ko‘kturk adabiyoti, usmonli, chig‘atoy adabiyoti, shundan so‘ng zamonaviy turk adabiyoti o‘tilardi. U vaqtlar Turkiyada zamonaviy o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon adabiyoti haqida ma’lumotlar yo‘q darajada edi. Faqatgina ozarbayjon shoiri Shahriyorning “Haydar bobo” she’ri o‘tilardi. Men litsey davrimdayoq do‘stlarimizdan “Sharq yulduzi” jurnali, ba’zi she’riy va badiiy kitoblarni olib, kirill alifbosini ham o‘rgangan edim.

Uchinchi bosqichda o‘qiyotganimda, 1968-yil iyulda otam vafot etdi. Oradan uch oy o‘tib, sentyabrda otam nomiga Amerikadan professor Eduard Olvorddan xat keldi. Unda turk tilida “Buxoroda millatlar masalasi”, “Behbudiy nega Qarshiga borgan?” kabi oltita savol yo‘llangan edi. Tabiiy, bu savollarga menda to‘liq javob yo‘q edi. Otamning vafot etganini aytib, ba’zi savollariga bilganimcha javob yozdim. Shundan so‘ng professor Eduard Olvord bilan do‘st bo‘lib ketdik. U menga o‘zining sovet tarixiga oid kitoblari va maqolalarini yubordi. 1968-yilda yozilgan bir maqolasida Rauf Parfining “Tush” she’rini tahlil etib, Markaziy Osiyo adabiyotiga lirikaning qaytishi, deb baho bergandi. Men 1990-yil Toshkentga kelganimda, bu inglizcha maqolani Rauf Parfiga bergan edim.

Eduard Olvord taklifi bilan 1972-yil 4-yanvarda Amerikaga magistraturaga o‘qishga yo‘l oldim. 5-yanvar kuni xonasida iliq qarshi olib, ikki oydan so‘ng aprel oyida Kolumbiya universitetida ilmiy konferensiya bo‘ladi, dedi. Menga “Buxoro Respublikasida milliy masala” mavzusida maqola tayyorlab qatnashishni topshirdi. Bu menga nisbatan ulkan ishonch edi. Uning yoniga tez-tez borib, har gal uning maslahati bilan maqolamni to‘g‘rilab turdim. Konferensiya men uchun ilk akademik chiqish edi.

1973-yili konferensiya to‘plami chiqqach, sovetlar mamlakatidagi ilmiy nashrlarda olimlar tomonidan ko‘plab raddiyalar yozildi. Mening maqolamga Marat Nurmuhammedov tomonidan raddiya yozilgandi. Shundan so‘ng “1960–1970-yillarda qozoq she’riyatida qozoq milliy ong sezimining o‘rni” mavzusida magistrlik ishi yozdim. Ustozim Olvord doktorlik tadqiqotim uchun Stalin vafotidan so‘ng, 1950–1980-yillarda o‘zbek va qozoq roman, qissa va hikoyalarida sovet odami obrazi kommunistcha tayanch g‘oyalari asosida berilyaptimi yoki o‘zlarining milliy tafakkurlari asosida yaratilmoqdami, degan savol qo‘ydi. Men 400 dan ortiq o‘zbek va qozoq romanlarini o‘rganib chiqib, ularda aynan milliy ong sezimi ta’sirining yuqori ekanligini aniqladim.

Albatta, Turkiyada bu asarlarni topishning imkoni yo‘q edi. Kolumbiya universiteti kutubxonasining ikki qavati sovet nashrlariga bag‘ishlangandi. Unda barcha kitoblar, hatto eng chekka hududlarda bosiladigan kunlik gazetalargacha olinardi. Tadqiqot uchun barcha materiallarni jamlab, dissertatsiyani yozishga kirishgan vaqtimda, “Ozodlik” radiosidan xat keldi. Aslida, ungacha ham Olvordning tavsiyasi bilan har oyda to‘rtta maqola yozib turardim.

1977-yili Germaniyaga borib, “Ozodlik” radiosi o‘zbek bo‘limida rasman ish boshladim. Afsuski, meni chaqirgan Vali Zunnun yetib borganimda vafot etgan ekan. 1984-yilgacha Husayn Ikrom, Ziyovuddin Boboqurbon, Chig‘atoy Ko‘char kabilar bilan ishladik. 1984-yildan Turkiyaning Marmara universitetida dotsent unvonida dars berdim. 1988-yilda yana Germaniyaga kelib, “Ozodlik” radiosiga ishga qaytdim. Bu gal radioning tadqiqot bo‘limida ham ishladim, bu tadqiqotlar dunyodagi barcha universitetlar kutubxonalariga yuborilar edi. Bir maqolamda 1952–1984-yillardagi sovet respublikalari KGB boshliqlarini o‘rganib, Ukraina, Armaniston, Gurjistonda hamisha o‘z millatlaridan, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda esa biror marta mahalliy millatlardan rahbar tayinlanmaganini aniqladim. Xullas, Turkiyada turkologiyadan ilm olgan bo‘lsam, Amerikada siyosat bilimlarini o‘rgandim.

* * *

Sovet davlatida qayta qurish siyosati ortidan 1990-yil oktyabrda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Odil Yoqubovning taklifi bilan birinchi marotaba Toshkentga keldim. Katta majlisda hind elchisi, afg‘on elchisi, Erkin Vohidov, Pirimqul Qodirov kabi ko‘plab yozuvchi va shoirlar qatnashdi. Menga so‘z berishganida, “Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda”, deb gapimni boshladim. Hamma qarsaklar bilan qarshi oldi.

Angladimki, ishtirokchilar uchun allaqachon Vatan SSSR emas, O‘zbekiston edi. Shundan ilhomlanib: “Bugun Vatan tom ma’noda mustaqil emas. Ammo yaqin orada har jihatdan mustaqil bo‘ladi”, dedim, yana qarsak. Ziyolilar orasidagi yorqin istiqlol orzusi va ishonchni ko‘rmaganimda, balki men bu so‘zlarni aytolmas edim. So‘ng bizni Andijonga, Boburning ilk haykali ochilish marosimiga olib bordilar. Men istiqlolning ramzi sifatida Boburning oyoqlarini o‘pdim. Undan Samarqand va Buxoroga bordim. Buxoroda Fayzulla Xo‘jayevning uyini qandaydir idoradan olib, endi ta’mir ishlarini boshlashgan edi.

Toshkentga borganimda, yana bir katta majlis bo‘ldi. Menga ko‘p savollar berishdi. Bir kishi: “Siz amakingiz Fayzulla Xo‘janing uyini ko‘ribsiz, otangizning ham uyiga bordingizmi?” deb so‘radi. Men: “Otamning uyi borligini bilmayman”, dedim. Keyinchalik bilsam, u savolni amakim Atoulla Xo‘jayevning o‘g‘li, tarixchi professor Sulaymon Inoyatov bergan ekan… Afsuski, ushbu safarimdan so‘ng ko‘p yil Vatanga kela olmadim. 2011-yilda Amerikaning Michigan universitetida ishlab yurgan kezlarim O‘zbekistondagi norasmiy uyushmalarga oid bir tadbir tufayli kelgandim. Uchrashgan tashkilotlarimizning aksari soxta va faoliyati ham kulgili edi.

2018-yili Vatanga uchinchi bor kelganimda, otamning uyini ko‘rdim. Bu gal O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar bor edi. Hech bir qiyinchiliksiz qayta-qayta kelib, qardoshlarim bilan uchrashdim. Jadid harakatini ilmiy o‘rganishda ham katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Birin-ketin jadid taraqqiyparvarlari ilmiy-adabiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan yirik xalqaro konferensiyalar tashkil etildi.

Albatta, otamning orzusi ushalayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U aytganidek, Vatan meni quchoq ochib qarshi oldi. Nafaqat qarindoshlarim, shogirdlarim, do‘stlarim, xalqimiz ham. O‘zbekistondagina emas, balki, otamning Mustafo Cho‘qay bilan do‘stligi bois, Qozog‘istonda ham meni issiq qarshi oladilar. Qirg‘izistonda ikki marta bo‘ldim. Juda ham go‘zal. Men otam tufayli qadr topdim.

Mana, yosh avlod ulg‘ayib kelyapti. Vatan taraqqiyoti yo‘lida jiddiy qarorlar olinmoqda. Jamiyat sovet tuzumi asoratlaridan qutulib, haqiqiy mustaqillik va taraqqiyot sari ulkan qadamlar otayotganiga ishonaman. Mana, Jadidlar merosi davlat muzeyining ochilishi haqidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning oliy qarori… Bu ishlarning hammasi Vatanning porloq kelajagi haqida yanada ulkan orzularga yo‘l ochmoqda. Albatta, bu muzey ochilsa, jadidshunoslik jabhasida ulkan tadqiqotlar uchun tayanch markazi ham bo‘ladi.

Bugun Yangi O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi o‘rni ham juda muhim. Ishonamanki, yaqin orada turkiy davlatlar birlashib, ulkan bir madaniy makon, barqaror iqtisodiy qudrat hosil etadi.

* * *

Mening kindik qonim Turkiyada to‘kilgan. Uning sanoqsiz yutuqlarida asli buxorolik otam Usmon Xo‘ja, uning safdoshlari, Germaniyada tahsil olib qaytgan professor Ahmadjon O‘qoy, Sayidali Anqara, Afzal Vansurel kabi ko‘plab o‘zbek aslli zotlarning, kaminaning, shogirdlarimning ham xizmati borligidan iftixor qilaman.

Jadidlar o‘z davrida taqdim etgan g‘oyalar mukammal bir dasturilamaldir. Ular nima qildi? Har bir inson o‘z so‘zini ochiq aytishi va xalq dardini tinglash uchun erkin matbuot yaratdi. O‘tgan asrdagi “Tarjimon”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Buxoroyi Sharif”, “Turon”, “Oyina” kabi milliy matbuotimiz durdonalari erkin minbar sifatida tariximizdan zalvorli o‘rin oldi.

Ular jamiyatning rivoji, zamonaviy ta’lim, ilm-fan ravnaqi yo‘lida sanoqsiz maktablar ochib, yangi usuldagi darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratdilar. Zamonaviy parlamentar boshqaruv va demokratik saylovlar asosida Turkiston Muxtoriyati, Musavvat Ozarbayjon Jumhuriyati, Alash o‘rda, Muvaqqat Boshqird, Qrim davlatlarini tashkil etdilar. Jamiyatni g‘oyaviy, mafkuraviy jihatdan mustahkamlab, millatni turli bid’at va xurofotlardan xoli taraqqiyot yo‘liga safarbar etishga tirishdilar. Qolaversa, Buxoro va Xorazm Xalq Sho‘ro Jumhuriyatlari ham dastlabki yillarida jadidlar davlatlari edi. Ular tez vaqtda kerakli yetuk kadrlar yetishtirish maqsadida xalq orasidan eng iqtidorli farzandlarni tanlab xorijga talabalar yo‘lladi.

Shubhasiz, huquq va qonun hukmron, inson hur, matbuot erkin bo‘lgan, ilm-fan rivoj topgan mamlakatlar yuksak taraqqiyotga muyassar bo‘ladilar. Bu – aynan taraqqiyot yo‘li, bu – jadidlar yo‘lidir.

Bahrom IRZAYEV yozib oldi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604