Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.11.2025 | 10:27

img1283

JIDDIY KULGI

Taniqli so‘z ustasi, “Shuhrat” medali sohibi Avaz OXUN bilan suhbat

Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA

– Avaz aka, Sizni sahnaga taklif qilishganda “so‘z ustasi” deb alohida e’tirof etishadi. Buning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Shu bois, gapni kulgi san’atida, umuman, bugungi o‘zbek san’atida davlat tiliga bo‘lgan munosabatdan boshlasak.
– Rahmat. Jiddiy nashrlarning savollari ham zalvorli bo‘ladi.
Tilga hurmat bilan yondashish haqida gap ketganda, bir voqea yodimga tushadi. 20 yilcha bo‘ldi bunga. “O‘zbekiston” telekanalining “Assalom, O‘zbekiston!” ko‘rsatuvi uchun yangi latifalarimni yozib olishdi. Ammo efirga uzatilmadi. Bir kuni televideniyega borib, ko‘rsatuv bosh muharriri oldiga kirdim. Ziyoli ijodkor muddaomni eshitib: “Latifalaringiz zo‘r! Faqat “man” deb gapiribsiz. Endi “men” deb boshqatdan aytib berasiz, efirga ketadi”, dedi. Qarang, bittagina harf. Lekin shunga ham e’tibor berilgan, sof adabiy tildagi chiqishlar talab qilingan. Bu menga katta saboq bo‘lgan.
So‘z ustasi degan sifatga e’tibor berdingiz. Mirzo Bedildan bir bayt xayolimdan o‘tdi: “Poydevorni qiyshiq qo‘yarkan me’mor, Yulduzga yetsa ham qiyshiqdir devor”. Nafaqat, birinchi g‘isht, balki bitta g‘isht o‘rniga tushmasa ham bino yaroqsiz holga keladi. Xuddi shunday, so‘z bilan ishlaydiganlar ham har bir so‘z, har bir tovushga e’tiborli bo‘lishi kerak.
“Jadid” gazetasining yoz oyidagi sonlaridan birida yozuvchi Nazar Eshonqul yaxshi gap aytgandi: “Unutmaslik kerakki, televideniye – adabiy til maktabi. Bu yerda so‘z, talaffuz, ifoda tarzi qat’iy qoidalarga asoslangan bo‘lishi shart. Boshlovchi shevaxon bo‘lsa, yosh avlod uni shunday qabul qiladi”. Bugun nima bo‘lyapti? Telekanallarimizda boshlovchi ham, suhbatdosh ham xohlagan shevada gapiryapti, xohlagan ajnabiy so‘zni qo‘llayapti. Qo‘yib bersa, “ko‘cha tili” iboralarini ham beti qizarmay ishlatyapti. Bu yog‘i endi “tabibimning o‘zi ham bemor” qabilida.
Nega shunday bo‘lyapti? Chunki telejurnalistlar, artistlar, qiziqchilar badiiy adabiyotdan, she’riyatdan uzoqlashib ketyapti. So‘z boyligini she’r o‘qish hamda yodlashdan ko‘ra tez va oson oshiradigan vosita bormi? Chiroyli gap bor: “Biz yashab turgan olam ichida yana bir olam bor, bu she’riyat olamidir”. She’riyatga sevgim shunchalikki, oila davrasida bahri baytlar o‘tkazamiz. Turmush o‘rtog‘im, farzandlarimga Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va ularning shogirdlaridan she’rlar o‘qib beraman. Yoddan soatlab she’r aytishim mumkin. Maqtanish emas, buyam ijodiy mehnatning bir qismi. Satrlar ichida shunaqa hazil, istehzo, qochirim, kinoyalar chiqib qoladiki, yetti uxlab tushga kirmagan topilmalar bo‘ladi.
– Konsertlaringizda ham zamonaviy estrada namunalaridagi matn sayozligini kulgi ostiga olgan edingiz…
– Ba’zida “Qaysi qo‘shiqchini yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘rashadi. Qo‘shiqchini emas, qo‘shiqni yaxshi ko‘raman. Qo‘shiqning mag‘zi esa – so‘z. So‘zni qadrlamagan, she’rning farqiga bormaydiganlar aytgan qo‘shiqni eshitmayman. Balki shuning uchun ham hozirgi ko‘p qo‘shiqlar tez esdan chiqib ketayotgandir. Axir, so‘zini eslab qolmasangiz, nimasini xirgoyi qilasiz? Bugun yosh uka-singillarimizda ma’noli she’rni kuyga solib ommalashish qiyin, degan tushuncha bor. Bu – xato! Uzoqqa bormaylik, Oxunjon Madaliyev, Muhriddin Xoliqov, Yulduz Usmonova, Sevara Nazarxon kabi yulduzlarimiz professional shoirlarning she’rlarini kuylab nom qozongan-ku. Hanuz eshityapmiz, bundan keyin ham eshitishadi.
– Suhbatni Sizga bevosita bog‘liq mavzuda davom ettirsak. Tilimiz boyligini o‘zida aks ettirgan va san’atkordan katta so‘z zaxirasini talab qiladigan san’atlardan biri – askiya. Hozirgi kunda askiya san’ati nima uchun yo‘qolib ketyapti?
– Bu eng og‘riqli nuqtamiz. Hatto, o‘zbek san’ati tor qoliplarga solingan davrlarda ham Yusufjon qiziq, Oxunjon qiziq, Mirshoid Miroqilov, Muhiddin Darveshov kabi san’atkorlar askiya san’atini saqlab qolgan, rivojlantirgan. Bugun endi Abdulla aka, Hotam akalardan keyin bir zakiy, so‘zga mohir askiyachini ko‘rmayapman. Borlari ham o‘z ustida ishlamayapti. Nimaga? Chunki tomoshabin masxara kulgiga o‘rganib bo‘ldi. Unda mantiq bo‘lsa, qani. “Prikol” deb qo‘yishadi. Bu kimningdir shaxsiyatiga tegish, kamsitish, beldan pastni mo‘ljalga olishdan boshqa narsa emas.
Eng katta fojia esa haqiqiy satira yo‘qolib ketyapti. Yoshlardan tuzilgan ayrim guruhlar, jamoalar Internetda tarqalgan bachkana qiliq yo biron muammoni tagiga yetmay sahnaga olib chiqyapti. Sharmanda bo‘lgan odamni qayta eslatib, shuni qiziqchilik, deb o‘ylaydi. Bir konsertga tushdim. Qotib kulyapti yonimdagilar. Men esa nima uchun kulish kerakligini tushunolmadim. “Nimaga kulyapsan, odamlar nimaga kulyapti?” desam, “Instagramda chiqqan-ku, mana bu”, deydi.
Har narsada me’yor borligini unutmaylik. Ustoz san’atkor Hojiboy Tojiboyevning chiqishlarini ko‘ring, o‘z davrining eng o‘tkir muammolari haqida gapirgan, har bir gapining yuki bo‘lgan. Lekin hech kimni yerga urmagan. Jiddiy narsa haqida gapirib ham odamlarni kuldirgan. Shu orqali jamiyatdagi dardlarga davo izlagan. Buni mahorat deydilar.
– Siz ham ustozlaringizdan qolishmaysiz, Sizni ko‘rgan yurtdoshlarimiz yuzida tabassum paydo bo‘ladi. Ba’zan odamlar qiziqchi ham oddiy inson, uning ham o‘z hayoti, tashvishlari, ichki dunyosi borligini unutib qo‘yadi. Har doim va har joyda “Yangisidan bormi?” deb so‘rashadi. Shunday holatlarda qanday yo‘l tutasiz?
– Qo‘shiqchilar bitta qo‘shig‘ini o‘n yil ham aytib yuraveradi. Shoirlar ham shunday: muxlislar sevgan she’rini qayta-qayta o‘qiyveradi. Teatr aktyorlari bir rolni yillab ijro qilishi mumkin. Lekin qiziqchi bir latifani ikki marta aytsa, ta’siri yo‘qoladi. Shuning uchun qiziqchi doimiy izlanish va mehnatda bo‘lishi kerak. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan paytda konsertga yetib bormay davralarda aytgan hangomalar tarqalib ketadi. Keyin o‘sha bilan to‘rt mingdan oshiq odamni kuldirib ko‘ring-chi!
Endi, odamlar orasida yursangiz, har xil vaziyatga duch kelasiz. Masalan, shifoxonaga borasiz yo yaqinlaringizni olib borasiz. Boshda ming o‘y-xayol, yuzingiz tund, ko‘zingiz o‘ychan bo‘ladi. Shu holatdayam sizdan tabassum kutadi odamlar. “Nimaga xo‘mrayib yuribsiz?” dedi bir kuni bir ayol. “Shifoxonada tirjayib yursam qanday bo‘ladi?” dedim men ham imkon qadar muloyimlik bilan. “Sizning xo‘mrayib yurishingizni qabul qila olmaymiz. Kulib yurishingizga o‘rganib qolganmiz”, deydi bo‘sh kelmay. Mayli, hammamiz kulib yuraylik, deb ketdim. Odam degani hamishabahor guli emas-ku!
– O‘zingizga chetdan qaraganda, aql odamimisiz yo ko‘ngil kishisi? San’atdan tashqarida qanday insonman deb o‘ylasiz?
– Sahnada vazifamni bajarib bo‘lgandan keyin san’atkorning kiyimini yechib, oddiy odam kiyimini kiyaman. Bizga shunaqa o‘rgatishgan: “Sen ilgichdan kostyumni olib kiysang, artistga aylanasan. Chiqdingmi, buni ilib qo‘ygin-da, bu yerda yana oddiy inson bo‘lib yashagin. Hayotda artistlik ketmaydi”.
Aqlmi, ko‘ngilmi, desangiz, aqlga ko‘proq tayanaman. Ko‘ngilga ham quloq solaman, lekin nazorat doim aql jilovida bo‘ladi. Soham shuni taqozo etadi. Axir, so‘z haqidagi maqollarning asosiy qismida aqlga bo‘ysunish targ‘ib etilgan-ku. Umuman, aqlga, ilmga, ma’rifatga asoslanmagan hayotning ham, ijodning ham tagi puch.
– Ma’rifat haqida so‘z borganda, jadid bobolarimizni eslamaslik mumkin emas. Jadidlar, ularning faoliyati bilan qanchalik tanishsiz? San’atkorga nima beradi jadidlar merosi?
– Nafaqat, ilm-fan, milliy san’at haqida gapirganda ham jadidlarni eslamaslik gunoh. Ular o‘zbek milliy teatriga asos soldi, “Mushtum” jurnalini chiqardi. O‘tkir qalami bilan hajviyalar, feletonlar, komediyalar, satira va yumorga yo‘g‘rilgan asarlar yaratdi. Kelgusi so‘z ustalari, qiziqchilar uchun katta maktab qoldirib ketdi. Hamma gap shundaki, biz bu tajribalardan foydalana olyapmizmi, yo‘qmi? “Xalqlar do‘stligi” saroyida konsert berish yoki instagramda yuz minglab obunachi yig‘ish bilan hech kim qiziqchi bo‘lib qolmaydi. Hatto, odamlar gapingizga, qilig‘ingizga kulsa ham, so‘z ustasiga aylanib qolmaysiz. Odamlar ahmoqlarning ishiga ham kuladi, to‘tining talaffuziga ham kuladi. Kuldirish bilan kuldirishning farqi bor.
Bu narsalar bevosita dramaturgiyaga borib taqaladi. Vayn degani yangilik emas, o‘zimizning televizion miniatyuralar teatrining yangi chopon kiygan shakli. Faqat miniatyuralarda dramaturg, rejissyor va aktyor hamjihatlikda ishlagan. Hozir esa maqsad bitta: piar, ommalashish, mashhur bo‘lish…
– Dramaturgiya deganda, faqat teatr ko‘z oldimizga keladi. Demak, boshqa san’at turlari uchun ham muhim ekan-da?
– Dramaturgiya va rejissura teatrga ham, kinoga ham, videoklipga ham, bayram tadbiriga ham, konsertga ham kerak. Bu professionallikka olib chiqadi ijodkorni yoki jamoani. Ba’zi qo‘shiqlarning klipini ko‘rsangiz, so‘zi g‘aribroq bo‘lsa ham ta’sirlanasiz. Ba’zi kinolarning ma’nosi chuqur bo‘lsa ham, mazmun yetarlicha ochib berilmagani uchun qaytib ko‘rmaysiz. Mana shu yerda farq bilinadi.
Chexov nima deydi, yaxshi yozilgan asar ijrochiga ham muhtoj emas, deydi. Uni o‘qib ham zavqlanasiz. Retro kinolarimizni nima uchun yuz qayta bo‘lsa ham ko‘raveramiz? Dramaturgiyasi bor-da.
Bugun xususiy telekanallarda berilayotgan telenovellalar, seriallarga ko‘zim tushib qolsa, buni qaysi nodon vaqt ketkazib yozar ekan, deb qolaman. Yaqinda aktyor ukalarimdan so‘rasam, “Hech kim yozmaydi. Trenddagi mavzuni olib, xomaki syujet ishlanadi, diologlar suratga olish jarayonida aytib turiladi”, deb javob berdi. Aktyorlar ham suflyorning og‘zidan chiqqan so‘zni, shevami u, jargonmi u, qaramay qaytaradi. Hayotda ko‘rgan narsangizni boricha sahnaga olib chiqolmaysiz, uni badiiylashtirish kerak. Unga badiiy tasvir, badiiy bo‘yoq berish kerak.
Hammasining zamirida dramaturgiyamizning kambag‘alligi, dramaturglar yetishmasligi yotibdi. Biz aholi orasidagi kambag‘allikni tan oldik, endi adabiyot va san’at sohasidagi kambag‘allikni, faqat moddiy emas, ma’naviy yetishmovchiliklarni ham tan olaylik.
Nima uchun dramaturg yo‘q? Nima uchun yaxshi asar yo‘q? Chunki ijodkorlarning o‘zida ham kitobxonlik darajasi tushib ketgan. Mana, suhbatimiz avvalidagi gapga qaytdik.
– Ko‘pincha “tomoshabin talab qilyapti”, “xalq shuni istayapti” deyiladi…
– San’atkor tomoshabinning orqasidan ergashishi kerak emas. Aksincha, tomoshabin haqiqiy san’atning ortidan ergashishi kerak. Bu – qoida! Xalq xohlayotgani yo‘q, biz xalqqa shunaqa narsalar beryapmiz.
Masalan, siz hozir suv berdingiz, agar choy bersangiz ham ichardim. Chunki chanqaganman. Shunga o‘xshagan gap. O‘zining saviyasizligi, dangasaligini oqlash uchun tomoshabinni ayblashadi. Lekin ijtimoiy tarmoqlarni, tok-shoularni kuzatsangiz, odamlar dod deyapti mantiqsiz kontentlardan. Ular tomoshabin emasmi? Tomoshabin: “Mana shu narsani qilib bering”, deb buyurtma berayotgani yo‘q-ku.
Endi nima qilish kerak? Ma’lum auditoriya bachkanalikka o‘rganib qoldi. Ularning hammasini qayta tarbiyalab bo‘lmaydi. Miyasidan ham chiqarib tashlay olmaysiz keraksiz gaplarni. Chingiz Aytmatov aytganidek, “Oshqozon miyadan ko‘ra aqlli. Chunki oshqozon qayt qila oladi. Miya esa har qanday axlatni yutadi”.
Achinarlisi, auditoriyada o‘sha vaynerlar, shoumenlar, jamoalarga fanatlik paydo bo‘ldi. Demak, ularni taqiqlash, mahsulotini yo‘qotish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Yaxshisi, ularga xatolarini tushuntirib, birgalikda bosqichma-bosqich saviyani ko‘tarish kerak.
Yugurib ketayotgan yilqi uyurini qaytarish uchun qanday usul qo‘llanadi, bilasizmi? Agar uyur boshidagi ot birdan orqaga qaytsa, ortdan kelayotganlari tepkilab, yanchib ketadi. Shuning uchun, eng uchqur ayg‘ir katta doira yasab uyurni burib oladi. Shu usul xavfsiz va foydali. Biz ham shunday qilishimiz kerak. Milliy kontent, bolalar kontenti degan masalalar bejiz ko‘tarilmadi. Bu masala kulgi san’atiga ham daxldor.
Bir hikmat bor: qanday kulganing tarbiyangni, nimaga kulganing saviyangni ko‘rsatib beradi. Tilagim shuki, tomoshabin orasida tarbiyali va saviyali qatlamning safi kengayib boraversin.
– Ochig‘i, hazillar ichida yurgan odamning jiddiy mulohazalari biroz shoshirib qo‘ydi. Samimiy suhbat uchun minnatdormiz.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605