07.11.2025 | 10:21
1505
“QARZ UZILAR…” DEMANG!
Shahlo AHROROVA Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi

Qadimdan bugungacha to‘y qilishdan asosiy maqsad – ikki yoshning oila qurganini el-yurtga ma’lum qilishdir. Qolgan gaplar har bir xalqning o‘ziga xos urf-odatlari bilan bog‘liq. Ammo hozirgi vaqtda “ommaviy madaniyat” ta’sirida urf va isrof aralashib ketgani achinarli.
Biz negadir rivojlangan davlatlar va jamiyatlarning ilm-fan yutuqlaridan emas, ularning o‘zigagina xos bo‘lgan madaniyatidan o‘rnak olamiz. To‘ylar ham bundan mustasno emas. Kelin-kuyovlarimizga yevropacha libos kiydirdik. Keyin saf bo‘lib vals tushish, dugonalarga gul uloqtirish, mashinalar kortejini karvonday cho‘zish kabi qiliqlarga berildik. Bu orada odamlarning havoyi havaslaridan – havodan pul ishlab olishni o‘ylagan uddaburonlar har xil odatlarni to‘ylarga olib kirib, ularni tashkil etish bahonasida “xususiy biznes”ini yo‘lga qo‘ydi. Qaysidir odat yoshlarga singmasa, darrov ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli reklama qilib, miyasiga singdirdik. Xuddi ularsiz odam baxtsiz bo‘lib qoladiganday tasavvur uyg‘otdik. Qarabsizki, millionlab pul hech qachon hech kimga foyda bermaydigan ishlarga sovurilib turibdi. Xolbuki, hozircha hech kim pulni ko‘chadan supurib olayotganini ko‘rganimiz yo‘q…
“Qarz uzilar, xotin yonga qolar”, “Shavla ketsa ketsin…” degan maqollarni o‘zlaricha yo‘yib, ota-onasining o‘n yillab yiqqan-tergani yetmaganday, kredit olib to‘y qilganlarning hayotidagi keyingi tomoshalar – fojialarni ko‘rib, bu zamonga Shekspir ham kerak emas, deb o‘ylab qolaman.
Yangi oila – yangi ro‘zg‘or degani. Uning o‘ziga yarasha xarajatlari bo‘ladi. Shu paytda kuyovto‘raning topgani qaysi biriga yetadi? Oila qo‘lida qolgan mablag‘ga qanoat qiladimi? Odamlarning maqtoviga qorin to‘yadimi?
Bu g‘avg‘olar jadid bobolarimizni ham qiynagan. Xususan, Abdulla Qodiriyning 1915-yilda “Sadoyi Turkiston” gazetasida e’lon qilingan to‘y haqidagi she’rida shunday misralar bor:
Besh kun to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y…
O‘tsa to‘y birla yoz-u qishimiz,
Aylagay bizni yerg‘a yakson to‘y.
Shu nashrning 1915-yil 2-aprel sonidagi maqolada qo‘qonlik ziyoli savdo ahllaridan ikki nafari – Hoji Mahmudxon va Mulla Yusufjon attor birgalikda 5-6 nafar odamni chaqirib, farzandlariga sunnat to‘yi qilganlari bayon etiladi. Agar attorlik savdoning eng serdaromad turlaridan ekanini hisobga olsak, ularning tutumi pulni aql bilan topganidan darak bermoqda.
Har bir millat o‘z kelajagi uchun o‘zi qayg‘urishi lozim. Shu bois, har bir inson, har bir oila va umumjamiyat birlashib, maqsadni yuksak olmasak, asosiy mablag‘imizni ilmga sarflamasak, globallashuv davrida tobora tezlashib borayotgan fan-texnika taraqqiyoti poygasida ortda qolib ketamiz. Agar insonning o‘zi yashashdan maqsadini aniqlashtirib olmasa, ilmning ortidan yurmasa va o‘z manfaatlarini jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlashtira olmasa, rivojlanish mashaqqat bilan kechadi.
To‘y bilan bog‘liq azaliy muammolarga yechim topish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi o‘z vaqtida qilingan xayrli tashabbus bo‘ldi. Ushbu loyiha jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish va milliy qadriyatlarimizga asoslangan me’yoriy hayot tarzini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, ilmiy tahlillar, ijtimoiy so‘rovnomalar natijalariga asoslangan. Belgilab olingan dolzarb 90 kunlikda yurtimiz bo‘ylab tizimli yondashuv asosida targ‘ibot tadbirlari olib boriladi.
Ko‘pchilik “eldan qolmay” deb ham o‘zini isrofga urayotgan bir paytda jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishda bu kabi tashabbuslar har jihatdan zarur.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-oktyabrdagi 44-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



