10.11.2025 | 10:11
441
BEVAQT-U BENAF tadbirbozliklar qachon barham topadi?
Ro‘zimboy HASAN

Yaqinda bir tanishim kuyunib aytib qoldi: “O‘g‘lim poytaxtdagi universitetlardan biriga davlat granti asosida o‘qishga kirgandi. Birinchi kurs bitiruv imtihonlarining barchasini “5” bahoga topshiribdi, ammo uni “yarim kontrakt” deganga o‘tkazishibdi. Dekaniga telefon qilib sababini so‘rasam: “O‘g‘lingiz barcha fanlardan “a’lo”ga o‘qiydi, ammo jamoat ishlarida faol emas, tadbirlarda kam qatnashadi. Shuning uchun “yarim kontrakt”ga o‘tkazdik. Ayting, tadbirlarda faol qatnashsin!” dedi”.
Qiziq, oliygohlar talabalarga mutaxassisligi bo‘yicha saboq beradimi yoki ularni tadbirbozlikka o‘rgatadimi? Bechora talaba yil bo‘yi dars yuklamalarini o‘qigan, o‘zlashtirgan, zarur adabiyotlarni o‘rganish uchun kutubxonalarga qatnagan va barcha imtihonlardan “a’lo” baho olgan. Davlat granti o‘rnini saqlab qolish, oilasiga og‘irligi tushmasligi uchun jonini jabborga bergan. Bu yoqda esa… dars saboqlarini qoldirib (kutubxona qayda ekanini ham bilmay), kunda-kunora bo‘lib turadigan tadbirlarga yasan-tusan qilgancha qatnaydigan boshqa talaba “faolligi uchun” kontraktdan davlat grantiga o‘tkazilgan.
…Yaqinda davlat idoralaridan birida tadbirda qatnashdik. Soat 11 da boshlangan tadbir bir yarim soatda yakunlandi va mehmonlarni bir piyola choyga taklif qilishdi. Dasturxonga fotiha o‘qilishi arafasida boshliq qo‘l ostidagi mas’ullarga e’lon qildi: “Soat 15 da vazirlikdan kelgan mas’ulning bir soatlik tadbiri bor. Soat 17 da “zo‘m” yig‘ilishi boshlanadi. Hamma qatnashishi majburiy!”
Yo‘l-yo‘lakay tizimning bir tuman bo‘limi boshlig‘i bilan suhbatlashib ketdik. U afsuslandi: “Ertalab ishxonaga kirib, zo‘rg‘a beshta hujjatni o‘qib, imzolab, ijrosiga mas’ullarni tayinlab, yig‘ilishga chopdim. Endi yana ikkita tadbir bilan kunimiz o‘tadi. U yoqda qancha odam kutib o‘tiribdi”.
…Yaqinda yoz chillasida suv nasosi buzilib, ekinlar qovjirab qolgani sababli, qishlog‘imizdagi fermerni izladim. Qo‘l telefoni o‘chirilgan. O‘g‘li bilan bog‘landim. U ham otasi qayerda ekanini bilmaydi. Kechqurun fermer qo‘ng‘iroq qildi. Hali gapimni boshlamasimdan, o‘z dardini to‘kib-soldi: “Hozir majlisdan keldim. Bu yoqda g‘o‘za orasiga ishlov berayotgan traktor buzilibdi. Men majlisdaman, ehtiyot qismni kim topib keladi? Bir kunni yo‘qotdik. Yig‘ilishda bir olim “G‘o‘za parvarishida muhim davr” mavzusida uch soat ma’ruza o‘qidi”…
Katta o‘g‘lim tuman soliq idorasida ishlardi. Bir kuni tungi soat ikkilarda ham ishdan qaytmadi. Qo‘l telefoni o‘chiq. Tashvishlanib boshliqlaridan biriga telefon qilsam, “O‘g‘lingiz viloyatga majlisga ketgan”, dedi. “Tungi soat ikkida qanaqa majlis?” deb hayron qolganimga izoh berdi: “Ularning bo‘limiga soat 24.00 ga majlisga aytishgandi. Hali soat 3.00 da yana bir yig‘ilish bor, unga hozir xodimlarni yubordim”.
Dunyoning rivojlangan davlatlaridan kirib kelgan “besh daqiqalik” atalmish majlislar ba’zi korxona-tashkilotlarda tushga qadar cho‘zilganiga guvoh bo‘lamiz. Axborot texnologiyalari taraqqiy topishi ortidan xodimlarga kunlik topshiriq va ko‘rsatmalar berish tartibi G‘arbda elektron ko‘rinishga o‘tdi. Ish kuni boshlanishi arafasida har bir xodim telefoniga bugun bajariladigan ishlar rejasi tashlab qo‘yiladi. Bizda esa…
Deyarli barcha tashkilotlarda rasman shtatda belgilanmagan bo‘lsa-da, amalda “tadbir tashkilotchisi” maqomidagi xodim bo‘ladi. U yillik, oylik va hatto kunlik tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va tashkillashtirishga bosh bo‘ladi. Bu tadbirlarning zamonaviy atamalari g‘oyat ko‘p: seminar, trening, brifing, davra suhbati, avlodlar uchrashuvi, sanalarni nishonlash va boshqalar.
Tadbir deganlarini oliymaqom o‘tkazish uchun tinglovchi, ishtirokchi, mehmonlar va boshqa toifadagi qatnashuvchilar kerak. Katta-yu kichik zallarni to‘ldirish (axir, bu haqda tepaga hisobot berish, televizorda namoyish qilish kerak) uchun mavzuga va sohaga mutlaqo aloqasi yo‘q odamlarni, ko‘pincha talabalar va hatto maktab o‘quvchilarini ixtiyoriy-majburiy olib kelish tajribasi benuqson ishlaydi. Talaba-yu o‘quvchi dars saboqlarini qoldiradi, yarim kun hayhotdek zalda uyqusirab o‘tiradi… bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Muhimi, “tadbir ko‘tarinki ruhda, tinglovchilar faolligida o‘tgani” haqida axborot berish kerak.
O‘sha “tadbir tashkilotchisi” maqomidagi xodimning faolligi ijtimoiy tarmoqlarda ochgan sahifalariga qanchalik ko‘p ma’lumot, xabar, suratlar qo‘ygani bilan baholanadi. Ularni nazorat qiladigan mas’ullar ikki-uch kunda xabarlar yangilanmasa, “Nega ishlamayapsan?” deb dag‘dag‘a qiladi. Go‘yo xodimning ishi – tashkilot va jamiyatga foydasi faqat tadbir o‘tkazishdan iboratdek.
To‘g‘ri, kunning dolzarb mavzusida tashkil qilinadigan tadbirlar bor. Prezidentimiz tomonidan olg‘a surilgan tashabbus va loyihalarni kechiktirmasdan ijroga qaratish, mas’ullarni tayinlash, kunlik yoki haftalik ishlarni tahlil qilish, paydo bo‘lgan kamchilik yoki muammolarga vaqtida yechim topishni nazarda tutgan majlis – ish ustidagi tezkor tanishuv-targ‘ibot tadbirlarini qo‘llash kerak.
Bugun tezkor dunyo islohotlarni har daqiqada jadallashtirishni talab qilmoqda. Yoki chetdan taklif qilinayotgan investorlar nafaqat har sent puli, balki ketgan qimmatli vaqtini ham e’tiborga oladi. “Falon inshootni falon bayramga ishga tushiramiz”, degan shiorni bayroq qilib, paysallash zamonlari tarixda qolib ketgan.
Alohida e’tirof etish kerak, Davlatimiz rahbari amaliyotda bo‘lgan turli tongotar majlislarga chek qo‘ydi. Yodimizda, kech kuz – paxta yig‘im-terimi vaqtida hokimliklarda kunora majlis bo‘lardi. Unda paxta rejasini bajarmagan, kechiktirayotgan fermer sabab, barcha tizim xodimlari va ilg‘or, allaqachon rejani uddalagan fermerlar ham chaqirilib, har biri alohida muhokama qilinardi. Shunday yig‘ilishlardan biri tungi soat 2 da tugadi va hokim: “Paxta rejasini bajarmagan fermerlar ertalab soat 6.00 da shu yerda bo‘lsin!” degan topshiriqni berdi. Yaqinroqda yashaydigan fermerlar uylariga qaytishdi, uzoqdan kelganlari mashina ichida biroz uxlab, yana majlisga kirishdi. Tasavvur qilyapsizmi, mantiqsizlik qay darajaga chiqqanini?
Biz bu o‘rinda keraksiz tadbirlar “bolalab” ketgani haqida gapiryapmiz. Masalan, milliy hunarmandlikka bag‘ishlangan tadbirga barcha tumanlardan bir-ikki hunarmandga tayyorlagan mahsulotlarini olib kelish majburiy belgilanadi. Hunarmand barcha ishini yig‘ishtirib, mashina yollab o‘z mahsulotlarini tadbir oldidan tashkil qilinadigan ko‘rgazmaga olib boradi. Tadbir ishtirokchilari yarim soatcha ko‘rgazmani ko‘zdan kechirgach, anjumanning nazariy qismi boshlanadi. Hunarmandlar esa mahsulotlarini yig‘ishtirib, mashinaga ortib, o‘z ishxonasiga qaytish tashvishida qoladi. Kimdir yuz chaqirim yo‘l bosib kelgan – yarim soatlik ko‘rgazma deb kunning yarmi, hatto ko‘prog‘ini yo‘qotdi. U shu muddatda yana qancha mahsulot ishlab chiqarishi mumkin edi-ku!
Yoki bug‘doy, chigit ekish, ularning parvarishiga bag‘ishlangan seminarlarni olaylik. Vohaning har bir tumanida tuproq tarkibi, suv yo‘llari tizimi turlicha. Asriy qumliklarga yondosh hududlarda sho‘ri yuvilgan maydonlar boshqa hududlardan o‘n besh kun oldin ekishga tayyor bo‘ladi. Hosili ham oldinroq pishib yetiladi. Har bir fermer o‘zi dehqonchilik qilayotgan yer maydonidagi tuproqning tarkibi, sho‘rlanish darajasi, ekish va ishlov berish, sug‘orish muddatlarini yaxshi biladi – ko‘p yillar bu borada yaxshigina tajriba to‘plagan. Ammo tamomila boshqa hududda o‘tkaziladigan seminarda nutq irod qiladigan mutaxassislar va olimlarning ma’ruzalarini soatlab eshitib o‘tiradi. Yana poytaxtdagi qaysidir kabinetda o‘tirib hisobot tayyorlaydigan mutaxassislarning qay bir ilmiy kitoblardan ko‘chirib olgan tavsiya-yu yo‘riqnomalarini tinglashga, ulardan ko‘chirmalar olishga majburligini ayting!
Sog‘liqni saqlash mavzusidagi tadbirlarga zalni to‘ldirib o‘quvchi yoki talabalarni olib borishni tushunish mumkindir. Negaki, sog‘liq barcha uchun muhim. Ammo faqat soha xodimlariga asqotadigan, tor doirada tushuniladigan, masalan, chorva mollarida mavsumiy kasalliklar mavzusida tashkillashtirilgan tadbirlarga talaba-yu o‘quvchilarni jalb qilish kimga kerak?
…Qishlog‘imizda ertalab ro‘y bergan oilaviy mojaroni hal qilishga mahalla raisini chaqirishga to‘g‘ri keldi. Rais tumanda yig‘ilishda ekani, falon soatlardan so‘ng borishi mumkinligini aytdi. Rais kelguncha kun peshindan og‘di. Bu vaqtda er-xotin o‘rtasidagi mojaro avjga chiqib, qudalar allaqachon yuz ko‘rmas holatga borishgan, kelinning ko‘chini mashinaga yuklashayotgandi. Qudalarni yarashtirish uchun rais bir soatlar ter to‘kdi. Ketayotib: “Kerak-kerakmas majlis-u tadbirlarga chaqiraveradilar. Yana “mahallada osoyishtalik bo‘lsin!” deb buyruq berishlarini ayting!” deb o‘kindi.
Prezidentimiz yaqinda mahalla tizimi islohotlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Mahalla “yettiligi”ning yarim kuni turli majlislarda o‘tmoqda!” deb mas’ullarga qattiq tanbeh bergani bejiz emas.
Bu borada ham jadid bobolarimizdan ibrat olsak arziydi. Ular o‘zlari o‘rtaga tashlagan ilm-ma’rifat sohasini isloh qilish g‘oyasi targ‘ibotini amaliy ish bilan ko‘rsatib bergan, katta-yu kichik yig‘inlarda soatlab ma’ruza o‘qimagan. Shu bois, jadidlar chop qilgan vaqtli nashrlarda ham: “Falon ishimiz targ‘iboti uchun joylarda faloncha tadbir o‘tkazildi” qabilidagi xabarlarga ko‘zimiz tushmaydi.
…Yosh ayol og‘ir darddan o‘tib qoldi. Janoza vaqtini belgilash, mahallaga jarchi yuborishdan oldin imom bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Imom viloyatdagi bir tadbirga ketayotgani, peshinda qaytishini, janoza vaqtini shunga qarab belgilashimizni taklif qildi. Musibat tushgan xonadon yaqinlari – ayollarning bu muddatda yig‘layverib ko‘zlarida yosh qolmadi, marhumaning singlisi qon bosimi ko‘tarilib, ikki marta “Tez yordam” chaqirishimizga to‘g‘ri keldi…
«Jadid» gazetasining 2025-yil 7-noyabrdagi 44-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136



