Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.11.2025 | 09:49

img1103

BO‘RONDAN KUCHLI

Rustambek SHAMSUTDINOV

Ahli donishlardan biri aytadi: “Hayot kemasi mehnat langariga suyanmasa, shamollar-u dovullarga dosh berolmaydi”. Bugungi sahifamizda hayot kemasi dovul-u bo‘ronlarga yo‘liqqan yirik shaxsiyat – oddiy ishchilikdan tortib huquq-tartibot tizimlarida rahbarlik darajasigacha yo‘lni bosib o‘tgan Bo‘taboy Dadaboyev haqida hikoya qilamiz.

Bo‘taboy Dadaboyev 1887-yili Namangan viloyatining Chust shahrida ishchi oilasida dunyoga keldi. Bolalik yillari (agar buni bolalik atab bo‘lsa) og‘ir mehnat, ehtiyojlar, oila kam-ko‘stini butlash bilan andarmon o‘tdi. Dastlab diniy, so‘ng rus-tuzem maktabida xat-savod chiqarayotgan bolakay otadan erta yetim qoldi. Oilaning to‘ng‘ichi edi. Ro‘zg‘orning bor yuki o‘n uch yoshli bolakay jussasiga tushdi. Bola bo‘lib hali o‘yin­ga, o‘qishga to‘yib ulgurmagan Bo‘taboy chaqmoq “yilt” etib chaqarlik oniy lahzada ulg‘aydi-qoldi, ukalariga ota o‘rnida bo‘ldi. Oilada undan tashqari yana uch farzand, onasi hamda ko‘zi ojiz buvisi bor edi.
Bo‘taboy shu tariqa mehnatga kirdi. Turgan gapki, bu yoshda o‘spiringa kimsa ish tutqazib qo‘ymasdi. Faqat yugur-yugurlarda qo‘l-oyoq bo‘lishi mumkin edi, xolos. Oldiniga Niyozxo‘ja ismli paxta komissioneri xonadonida xizmatkorlik qildi, keyin teri va paxta tozalash korxonalarida ishchi, so‘ngra Namangandagi taniqli savdogar Alperov magazinida qorovul bo‘lib ishladi. Keyinroq ish izlab Toshkentga keldi va shahar tibbiy ambulatoriyasida qorovul hamda xat tashuvchi bo‘ldi. Har oy maoshidan 15 so‘mni Chustga – oilasiga yuborib turardi.
Qismat qahramonimiz boshiga tag‘in og‘ir sinov yo‘lladi. Bo‘taboy onasidan ham ajrab qoldi. O‘sha chog‘da feldsher oilasida yashab, ruscha savod chiqarishga endi-endi ko‘nikib borayotgan yigit ota uyga qaytishga majbur bo‘ldi. Chustda uni ko‘zi ojiz buvisi va ukalari ilhaq kutardi.
Qahramonimiz Toshkentdan qay­tar­kan, Chustda tayinli ish topolmaydi. 1908-yili Chodakda bo‘lis boshqaruvchisining devon­xonasida xizmat qila boshlaydi. Bu davrda bo‘lis idoralari mahalliy boshqaruvning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, ularda tartib, buyruq va itoat birinchi o‘rinda turardi. Bo‘taboy bunday muhitga na ko‘nib, na ko‘nikib ketdi. Shunga qaramay, ikki yilcha ishladi hamki, bu davr mobaynida chor ma’murlari uni uch marotaba jazolab ulgurdi. Jazo sabablari uyezd boshlig‘i topshiriqlarini to‘liq bajarmagani, ayrim hollarda rahbarlar oldida o‘zini ular kutgandek tutmagani, bo‘yinsunmagani uchun oldiniga 5 so‘m jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. Yana bir safar yetti kun, so‘ng ikki hafta qamoq jazosini o‘taydi va oxiri ishdan bo‘shatiladi.
Aslida, bu holat-manzara Bo‘ta­boy Dadaboyev tabiatida qaror topgan qat’iyat, jur’atni ham yaqqol ochib beradi. U tepadan tushgan har ko‘rsatma, topshiriqni ko‘r-ko‘rona bajarib ketadiganlar xilidan emasdi. Hayotning o‘nqir-cho‘nqirini erta tanigan bu yigit “har gapga bosh egib” ketmasligi tabiiy edi. Bu xulq yo g‘ayrat o‘sha paytda tobora kuchayib borayotgan jadidlik harakati namoyandalari qarashlariga-da mohiyatan uyg‘un, hamohang edi.
Toshkentdagi xizmat yillarida ruscha savodi ochilgan, keyin Chodakda bo‘lis devonxonasida ish yuritib, rasmiy yozishma va jamoat ishlari bilan shug‘ullangan Bo‘taboy Chust shahar xo‘jalik boshqarmasida ish boshlaydi. U yerda uni mahalliy masalalarni yoritish, aholining murojaatlari va shahar boshqaruvi faoliyatiga oid ma’lumotlarni to‘plashga jalb qilishadi. Shu tariqa u matbuotga xos vazifalarga kirishib, amalda jurnalistlik faoliyatini boshlaydi. 1914-yil yanvaridan Fevral inqilobi­gacha Bo‘taboy Chust shahar xo‘jalik boshqarmasida jurnalist, so‘ngra daha pristavi B.Yaxin tomonidan dastlab Marg‘ilonga daha pristavi qilib o‘tkaziladi, keyinroq uning tavsiyasi bilan Skobelev shahri pristavi qoshidagi xatlar bo‘limida ishlaydi.
1916-yili Farg‘onada yuz bergan qo‘zg‘olon kunlarida Bo‘ta­boy yana bir sinovga duch keladi. Rasmiy xizmat payti­da viloyat amaldorlaridan biri o‘tib ketayotganida ta’zim qilma­gani ortidan tanbeh eshitadi. Qahramonimiz tanbehga keskin javob qaytaradi. Bu harakat ortidan “qahramonlik” izlamoq­chi emasmiz. Ammo bor gap ham shu: Bo‘taboy Dadaboyev o‘zini kamsitishlariga aslo yo‘l qo‘ymagan. Ma’mur tanbeh ber­ganda bosh egib turmagani va keskin javob qaytarishi esa unga nisbatan tergov ishlari yurib ketishiga olib keladi.
O‘sha yil kuzagida Bo‘taboy Dadaboyev bilan yana bir qiziq holat sodir bo‘ladi. Farg‘onadagi “Военное собрание” binosida spektaklga kirmoqchi bo‘lganida, unga “sartligi uchun” patta sotish­maydi. Bu holat o‘sha davrda mahalliy aholining huquq va sha’ni qay darajada e’tiborsiz ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Bo‘ta­boy Dadaboyev e’tiroz bildir­gani ortidan “noqonuniy harakat” aybi bilan hibsga olinadi. Ko‘rib turganingizdek, oddiy tadbirga kirishni talab qilishning o‘zi ham jinoyat sifatida baholangan. Fevral inqilobi tufayligina u qamoq jazosidan qutulib qoladi.
Fevral inqilobidan keyin u pristavlik huzuridagi jurnalistlik faoliyatini to‘xtatadi. Marg‘ilonda musulmon ishchilari va hunar­mandlari kengashini tashkil etish hamda “Himmat” iste’molchilar jamiyatini tuzish ishlarida faol qatnashadi. Jamiyatning nazorat komissiyasi a’zosi qilib saylanadi. Bir fursat militsiya sohasida xizmat qiladi.
Hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar Bo‘taboyning savodli, serg‘ayrat, tashkilotchi yigit ekanini ko‘rib, undan foydalanishga qaror qiladi. U dastlab 1917-yilning kuzida Farg‘ona viloyati Yer ishlari qo‘mitasiga a’zo, keyin uning boshlig‘i qilib saylanadi. Ammo bolsheviklar Turkistonning milliy respublika sifatida ravnaq topishidan manfaatdor emas ediki, o‘lka parchalanib, kichik respublika va muxtoriyatlarga bo‘lib yuboriladi. “Suvning qayoqqa oqayotgani”ni sezgan millatparvar ziyolilar bolsheviklar hukmronlik qilsa, Vatan va millat ozod bo‘la olmasligini payqaydi. Shu sababli, turli tashkilotlar tuzib, Turkistonni sovet davlati changalidan ajratib olishga urinadi.
Ana shunday tashkilotlardan biri “Ittihod va taraqqiy” edi. Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, bu tashkilotga Turor Risqulov, Munavvar qori Abdurashidxonov, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Nizomid­din Xo‘jayev, Yusuf Aliyev, Ali Rasulov kabi insonlar rahbar­lik qilishgan. Unga O‘zbekiston KP(b) Markaziy Komiteti kotibi Akmal Ikromov, Xalq Komissarlari Kengashi Raisi Fayzulla Xo‘jayev, Yer va suv ishlari xalq komissari Rustam ­Islomov va boshqa yirik rahbarlar xayrixohlik ko‘rsatishgan. Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti raisi Inomjon Xidiraliyev mazkur tashkilotga Bo‘taboy Dadaboyevni ham jalb etgan.
Tashkilotning bosh maqsadi Turkiston hududida yagona milliy davlatni barpo etish edi. Bo‘taboy Dadaboyevga oid tergov materiallarida uning bu borada “bosmachilik harakati”ni har qanday yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlashga, hatto ularga qurol-yarog‘ yetkazib berishga uringan”i qayd etiladi.
1918-yilda Skobelev soveti depu­­tatligiga bo‘lib o‘tgan saylov­larda ko‘pchilik qatori Dadaboyev ham deputatlikka saylanadi. Deputatlarning birinchi yig‘ilishida Ijroiya qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari qilib tayinlanadi. Bu lavozimda 1919-yil fevraligacha ishlaydi. Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyat soveti deputatlarining xabar­­nomasi bo‘lgan “Axbor” nomli musulmonlar gazetasiga muharrir­lik qiladi.
…1921-yilning boshida uning tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati­ning markazi qilib Skobelev shahri o‘rniga Qo‘qon shahri belgilanadi. U markazning Qo‘­qonga ko‘chirilishi bilan bog‘liq ishlarga bosh bo‘ladi. Keyin, Farg‘ona viloyat revolyut­sion komitetining topshirig‘iga ko‘ra, Namanganga uyezd-shahar revolyut­sion komitetining raisi vazifa­siga xizmatga jo‘natiladi. Bu yerda Ijroiya komitet, oziq-ovqat kengashi, bahorgi ekin ekishga tayyorgarlik ko‘rish, soliq­larni yig‘ish kampaniyalarining raislari vazifalarida ham ishlaydi. 1922-yilning bahoridan boshlab Farg‘ona viloyat revolyutsion komi­teti raisligiga tayinlanadi. O‘sha paytlari Sovet hukumat organlarida rus tilini biladigan xodimlar nihoyatda kam bo‘lgani bois, har bir odam zimmasiga ko‘plab vazifalar yuklanar edi. Shu sababli, Bo‘taboy Dadaboyev bir qator qo‘shimcha lavozimlarda ishlaydi.
Tergov hujjatlarida keltirilishicha, Bo‘taboy Dadaboyev navbatdagi yillarda Tojikistonda xizmat faoliyatini davom ettirib, u yerdagi “Ittihodi Sharq” tashkiloti bilan aloqada bo‘lgan. Tashkilot a’zo­lari orasida Tojikiston SSR MIQ sobiq rahbari Nusratullo Maxsum, Tojikiston Xalq Komissarlari Kenga­­­shi sobiq raisi Abdurahim Hojiboyev, ijtimoiy ta’minot xalq komissari Muhitdinov, Tojikis­tonning Moskvadagi muxtor vakili Abdujabborov va boshqalar bo‘lgan.
Bo‘taboy Dadaboyev Turkiston Respublikasi Yustitsiya xalq komissarligi lavozimida ishlagan o‘ninchi rahbar hisoblanadi. U o‘z tarjimayi holida shunday yozadi: “1923-yil 14-aprelda Turkiston Respublikasining Yustitsiya xalq komissari va may oyidan boshlab Respublika Bosh prokurori vazifa­larini bajarishga kirishdim. O‘sha paytda bu ikki lavozimni bir kishi boshqarar edi. Mazkur sohaga 1924-yil 8-yanvarga qadar rahbarlik qildim. Shuningdek, 1923-yil avgust-sentyabr oylarida Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajardim. 1922–1924-yillarda Mar­kaziy Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi bo‘ldim. 1924-yil fevraldan Respublika yer ishlari bo‘yicha xalq komissari birinchi o‘rinbosari va ushbu komissariat qoshi­dagi qishloq xo‘jaligi boshqarmasi rahbari sifatida faoliyat yuritdim. 1924-yil oxiridan e’tiboran Tojikis­ton Respublikasini tashkil etish va u yerda rahbarlik tizimini shakllantirish ishlarida ishtirok etdim”.
Bo‘taboy Dadaboyev Yustitsiya va prokuratura tizimiga rahbarlik qilgan sakkiz oy davomida qator tashkiliy ishlarga qo‘l urdi. Xususan, 1923-yil 13–18-sentyabr kunlari Turkiston Respublikasi prokura­tura xodimlarining birinchi qurultoyi o‘tkazildi. Bu yig‘ilishda Dadaboyev kadrlar yetishmasligi, mavjud xodim­larning kasbiy malakasi past­ligi, prokuratura faoliyatiga ijro organlarining asossiz aralashuvi va joylarda tizim yetarli darajada ishlamayotgani haqida tanqidiy fikrlar bildirgan.
1924–1934-yillarda u Tojikiston ASSRda xizmat qilib, Tashkiliy byuro raisi, “Qo‘shchi” uyushmasi raisi, Markaziy Ijroiya Qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Bu davrda Abdurahim Hojiboyev bilan hamkorlik qilgan va Markazning tojik xalqi manfaatlariga zid siyosatiga qarshi chiqqan. 1931-yilda paxta yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Farg‘ona vodiysidan ko‘plab aholi Tojikistonga ko‘chiri­lar ekan, bundan norozilik kuchayib, ko‘pchilik qamoqqa olinadi. Shu jarayonda Dadaboyev vazifasidan ozod etilib, 1932–1934-yillarda Toshkentda Tojikistonning doimiy vakili bo‘lib ishlaydi. O‘sha yillarda “qurilishlar mahalliy xalq manfaatlariga mos bo‘lishi kerak”, degan talabi uchun partiya safidan chiqariladi.
1935-yilda u Fayzulla Xo‘jayev­dan yordam so‘raydi va uning ko‘magi bilan Turkmanis­tonga ishga yuboriladi. 1935–1937- yillarda Turkmaniston SSR Yer ishlari xalq komissarligida mas’ul lavozimlarda ishlaydi. 1937-yilning 31-avgustida u Ashxobod shahrida qo‘lga olingan. O‘n besh kun davomida “qiynoq ustalari” uning irodasini sindirish uchun turli azoblarga giriftor qilgan.
1937-yil 5-sentyabrda O‘zbekis­ton SSR ICHK Xalq komissari Nikolay Zagvozdin qarori bilan Dadaboyev “savdogarning o‘g‘li”, “jadidlarning aksilinqilobiy “Ittihod va taraqqiy”, “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi” sifatida ayblanib, hibsga olinadi. Uning Toshkentdagi uyida tintuv o‘tkazilib, shaxsiy hujjatlari, ordenlari, xavfsizlik qog‘oz­lari va 500 dan ortiq kitobi musodara qilinadi.
1938-yil 4–16-oktyabr kunlari Moskvadan Toshkentga SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi a’zolari kelib, sayyor sessiya o‘tkazadi. Bu jarayonga tayyorgarlik sifatida 1938-yil 22-mart sanasi qo‘yil­gan maxsus ro‘yxat tuzilgan bo‘lib, unda O‘zbekistondan otuvga mahkum etilishi rejalashtiril­gan 155 kishi (birinchi toifa) va yana 10 kishi (ikkinchi toifa) nomi ko‘rsatilgan. Hujjatga Stalin, Molotov, Kaganovich, Voroshi­lov, Jdanov imzo chekkan. Hozir­da mazkur ro‘yxat Rossiya Federatsiyasi Prezidenti arxivida saqlanadigan shunga o‘xshash 383 ta ro‘yxatdan biri. Unda ismi-familiyalargina yozilgan va ro‘yxatdagi 30-raqamda Bo‘taboy Dadaboyev ham qayd etilgan.
Qatag‘on tegirmonining ish­lash usulidan, sovet “gesta­pochi”­larining qamoqxona eshi­­­gi­dan kirgizib olgach, mah­bus­­­larga qilgan yovuzligi va shafqatsizligidan boxabar tarix­chi­lar 1937-1938-yillarga oid soxta so‘roq va iqrornomalar qan­day qiynoqlar evaziga qo‘lga kiritil­ganini yaxshi biladi. Zero, jazo tashkilotlari o‘z maqsadlariga erishish, vahshiyliklarini yashirish, qabih ishlarini niqoblash maqsa­dida o‘zlari to‘qib chiqargan uydirma, iqrornomalarga soatlab oyog‘i­dan osib kaltaklangan, uxlama­gan, chalajon va qariyb behush mahbuslarga imzo chekti­rish “san’at”ini puxta egallabgina qolmay, ularni safdoshlari-yu avlod­lari oldida ham badnom etish “yo‘l”larini yaxshi bilganlar.
Shunday sharoitda Bo‘taboy Dadaboyev ham “aybini tan olgan”. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasi 1938-yil ­5-oktyabr­dagi yig‘ilishida Bo‘taboy Dada­boyevni otuvga hukm qiladi, hukm o‘sha kuniyoq ijro etiladi.
Vatani, xalqining hur va ozod kunlarga erishishini orzu qilib, bu yo‘lda mardona kurashganlarga ko‘mak bergan, ularni qo‘llab-quvvatlagan chustlik arbob, jadid­lik harakatining peshqadam kurashchilaridan biri Bo‘taboy Dadaboyev kabi ma’rifatparvarlar taqdiri hali ochilmagan qo‘riq. Ularning bizga beradigan saboqlari bisyor…

«Jadid» gazetasining 2025-yil 14-noyabrdagi 46-soni


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599