Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.05.2024 | 11:04

img501

ADABIYOT OTAMDAN KUCHLI

Otamni taniysiz. Bir paytlar “O‘lka rivoji” (nom ijtimoiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirildi) partiyasida targ‘ibotchi bo‘lib dong taratganidan mahalla-ko‘yda Farhod firqa nomi bilan ardoqlanib kelinadi. Ko‘p yillik tajriba tufayli otamiz oilamizni ham firqa yacheykasiga aylantirib, partokratlarga xos byurokratik intizom o‘rnatganki, u kishining aytgani aytgan, degani degan. Har qanday oilaviy mashvaratni navbatdan tashqari sessiyaga aylantirib, kun tartibini o‘zi belgilab, o‘zi qaror chiqaradi, tamom. Bajarmay ko‘r-chi! Bugun ham ana shunday oshig‘ich majlis chaqirilib, o‘n chog‘li vakillar jamuljam bo‘ldik. Otam to‘rda yastanib, grafindan sakkiz qirrali stakanga suv quyarkan, baroq qoshlari ostidan sinchiklab kvorum borligiga ishonch hosil qilgach, kun tartibini e’lon qildi:

 – Tak, bugungi muhokamaga qo‘­yiladigan mavzu bitta: nevaramiz Shukrullojonning fotiha to‘yi munosabati bilan quda tomonga taqdim qilinadigan sovg‘a-salom, xalq tilida aytganda, sarpo-suruq masalasidir. Kimda qanaqa taklif bor? Qarshilar, betaraflar? – Otamiz hali o‘z og‘zidagi gapini tugatmasdan hukm chiqarib qo‘yaqoldi, – xo‘p, demak bir ovozdan qabul qilindi. Endi muhokamaga qo‘yilgan masala yuzasidan asosiy ma’ruzachi – yetakchi maslahatchimiz, hammamiz uchun hurmatli Oyposhsha Berdiyevaga (ism-shariflar etika nuqtayi nazaridan o‘zgartirildi). Ta’kidlab aytamizki, sizga reglament bo‘yicha uch daqiqa vaqt ajratilgan. Lekin hurmatingiz bor, yana uchta uch minut qo‘shib beramiz.

Onamiz salobat bilan to‘rga o‘tib, majlis ahliga (kelinlar bundan mustasno) viqor bilan qosh qoqib minnatdorlik bildirdi. Onamizni yaxshi taniysiz. U kishi o‘tgan asrning 90-yillari miyonasigacha o‘rta maktabda til va adabiyotdan dars berib, keyin bozorlar ma’naviy madadga muhtojligini sezgach, Otchoparda til, hasip-xonim savdosini yo‘lga qo‘yganlar. Tilli-jag‘li emasmilar, yemakning ta’rifini shundoq boplaganlarki, Hasipxonim degan nomlari shu sharaf bilan bog‘liq. Notiqning protokolda ko‘zda tutilgan rasmiy ma’ruzalarini to‘liq keltirib, shundog‘am vaqti ziq o‘quvchilarning qimmatli umrini o‘g‘irlamoqchimas­man. Qisqasi, fotiha dasturxoni tarkibiga kiruvchi o‘n ikki sandiqning peshkashi bul turur: dastlabki olti sandiq nomiga til kelishmaydigan kiyim-kechak, latta-putta, atir-upa, zebi-ziynat, texnik anjomlar va hokazo bilan to‘kis ekan. Qolgan beshi yegulik, ichkilik, meva-cheva, chaq-chuq, qand-qurs deganday (papayya, ajdarho, mangostan, Zimbabve it­uzumi, Gvineya-Bisau xushbo‘y sarimsog‘i, Tanzaniya maymunjoni shinnisi kabilarni, o‘lay agar, tushimda ham ko‘rmagandim) nozli ne’matlar bilan to‘ldirildi. Onamizning ma’ruzalari yakunida muddao o‘n ikkinchi sandiqni qanday to‘ldi­rib, bo‘lajak qudalarni hang-mang etish-u, obro‘ olish ekanligi ma’lum bo‘ldi. So‘z erkinligi yaxshi narsa-da! Endigina oilamizning faol a’zolari og‘iz juftlagan joyida otamiz xontaxtaga yengil shapatilab, so‘zni o‘ziga o‘zi berib qo‘yaqoldi:

– Avvalo, barchangiz majlisimizda ongli ra­vishda qatnashib, o‘z nuqtai nazaringiz borligi­ni ifoda etmoqchi bo‘lganingiz o‘ta quvonarli hol. Haqiqat bahslarda tug‘iladi. Shu o‘rinda menda bir taklif bor. Hammamizga ma’lumki, ke­yingi yillarda kitobxonlikka e’tibor haddan ziyod kuchayib bormoqda. Shuni inobatga olib, so‘nggi sandiqqa noyob kitoblar joylab, ma’rifatparvar xonadon sifatida qudalarga taqdim etsak, ayni muddao bo‘lardi deb hisoblayman (davomli gulduros qarsaklar yang­radi). Zero, “O‘lka rivoji” firqasida mardonavor javlon urgan paytlarimizda buyuk safdoshimiz, hamma davr va xalqlarning otashin adibi Valijon Soqiy (taxallus, daf’i balo tarzida o‘zgartirildi) aytardiki: “Kitob o‘qimagan insonning daladagi ho‘kizdan zig‘ircha farqi yo‘qdur”. Demak, ovozga qo‘yaman. Qarshilar, betaraflar? Yo‘q. Rahmat. Endi, Sarvaraxon qizim, chopqillab chiqib, ikkinchi qavatdagi kitoblarni yig‘ib tushing. Iloji boricha taxi buzilmagan, yangiroq bo‘lsin.

Qizimiz Sarvaraxon dik etib turdi-yu: “Dodajonim, mavjud kitob­larning biror nafari varaqlanmagan, ohori to‘kilmagan, yili eski bo‘lsayam, vidi yangi”, deb izohladi va eshikka yo‘naldi. Otamiz vaqtning qadrini yaxshi biladigan odam emasmi, kitob keltirilguncha to‘y tado­rigi mavzusini cho‘qilab turdi. Akamizni yaxshi bilasiz, o‘sha surunkali DAN xodimi, mayor, haydovchilar orasida Temir olatayoq nomi bilan otning qashqasidek tanilgan kishi. Otamiz ko‘rsatkich barmog‘i bilan akamiz­ni turg‘izib, tergovga oldi: “Qani, ichki ishlar mayxo‘ri, ashulachi masalasi nima bo‘ldi? Sodir bolamni ayt­dingmi?” Birdan onamiz bu gapdan olovlanib, to‘lg‘anib ketdilar: “Bo, ordona! Shu otarchiga buncha bino qo‘ygansiz, tovba? Yaltoqlanib otalab, pulingizni shilsa, laqqa tushib siz ham bolamlaganingiz bolamlagan. Buyam davring keldi, surib qol deb, sizniyam denka testga topshirvormasin!” Otamiz buyog‘ini avval o‘ylamagan shekilli, “yo‘g‘-e, unchalikka bormas” dedi-yu, qaytib badiiy qism haqida og‘iz ochmadi. Keltirilgan kitob dastasi tepasidagi birinchi kitob­ni olib, muqovasini silarkan, chehrasi yorishib xitob qildi: “Mana bu boshqa gap. G‘afur G‘ulom: “Sen yetim emassan”. Onamiz yana keskin gap qo‘shdilar:

– Bo‘l-may-di! Umuman, bo‘lmaydi. Anavi qudalikka nomzodning to‘ng‘ich o‘g‘li alimentshik ekan. Birinchi ro‘zg‘oridan oltita bolasi onasiga qo‘shilib qaynog‘alikka nomzodni orqasidan galalashib quvib yurarmish. Aniq tegib ketadi!

Otamiz bo‘shashibroq kitobni teskari qo‘ydilar. Qo‘lga ilashgan keyingi asar “Bahor qaytmaydi” bo‘ldi. Padarimiz to‘lqinlanib: “O‘tkir okamgila bu romanni yorib qo‘yganlar. Videofilmini ko‘rganman. Alimardon To‘rayev! Lutfulla Sa’dullayev!” deb xitob qildilar. Shu joyga kelganda rafiqamiz bir o‘rnidan turdi-yu, botinolmay jo­yiga qayta cho‘kdi. Onamiz qoshlarini sakratib, dardingni aytib qol ishorasini berganlaridan so‘ng:

– Uzr-ku, haligi, anaqa… Kelinlikka nomzodimizning opachasi bir tillapurush bilan qozoq­qa qochib ketgan, deyishdi. Oti ham anaqa… Bahoroy ekan. “Bahor qaytmaydi”, desa g‘alati chiqmiydimi?

Otamiz peshonasini uqalab, u kitobni ham teskari taxladi.

– Xo‘p, mayli. Mana, Dostoyevs­kiy! “Jino­yat va jazo”. Rasmlariyam tiniq ekan. O‘ziyam sandiqning yarmini egallaydi.

Shunda mayor akamiz sakrab o‘rnidan turdi. Qizishib, qo‘lini siltab, “ashyoviy dalil” keltirgan bo‘ldi:

– O‘rtoqlar, davlatni ishi o‘yin­choqmi sizlarga? Buyoqda kelinlikka nomzodning o‘rtancha pochchasi Shayxalida uyushgan jinoyatchilar qatorida o‘tiribdi. Bu kitob ochiqdan-ochiq sha’ma bo‘lib qoladi-yu!

– Mana bunisi-chi? Buyam o‘zimizni G‘apir akaniki ekan. “Mening o‘g‘rigina bolam”…

– O‘sha ariston ukaxonimiz aynan gruppavoy o‘g‘rilik uchun kesilib ketgan. O‘z qulog‘im bilan ishonchli manbalardan eshitdim. 

Otamizning hafsalasi qaytib, eshitilar-eshi­tilmas: “Har banda o‘z qulog‘i bilan eshitadi-da”, deb qo‘ydi. Erkin Vohidovning “Istanbul fojiasi” kitobi ham Turkiyada yashayotgan qudag‘aylarning taqdiri bilan uyqashligi sabab chetga surildi. Onamiz kitob dastasiga bo‘yin cho‘zib, bo‘g‘inlab o‘qidilar: “Qo-ra-ko‘z Maj-nun”. Sa-id Ah-mad”. Shu topgacha tumtaygancha miq etmay o‘tirgan kuyovlikka nomzod Shukrullotoyning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.    

– I-ya, buvijonginam, sovchilikka borganda kelinlikka nomzodning ko‘zigayam bir qarab qo‘ymagan ekansiz-da! Ko‘zlari poyma-poy-ku! Bu bilan kuyovto‘raning ko‘zlari qana­qa-yu, kelinposhshaniki anaqaroq degan gap chiqib qomiydimi?

Otamiz ko‘pni ko‘rgan arbob sifatida grafinga stakanni to‘qishtirib, majlis ahlini tinch­lantirarkan, yumshoqroq ohangga o‘tdi: “Mana… Bolalar uchun ham kitob bor ekan. Bu beozor mavzuda e’tiroz chiqmasa kerak? Xo‘p, “Laylak keldi, yoz bo‘ldi”…

Shunda kuyovto‘ra chayon chaqqanday irg‘ib o‘rnidan turdi-yu, bir narsalar deb g‘udranib, xonadan o‘qday otilib chiqib ketdi.

– Nima bo‘ldi, – deb so‘radi yoqa tutamlab onamiz.

Qizimizning aytishicha, uchrashuvga she­rik bo‘lib chiqqanda ko‘rganmish, kelinlikka nomzodning bo‘yi kuyovlikka nomzoddan ikki qarichcha uzunroq emish. Hatto ins­tagramdagi do‘stlari ham “Layli, laylak” deb masxara qi­li­sharkan. O‘sha kuni ham kuyov novcharoq ko‘rinay deb oyoq uchida, kelin mutanosib bo‘lish uchun bukilibroq suratga tushishgan ekan.

– Xo‘p, – dedi otamiz. – Manavi mumtoz adabiyot namunasi ekan. Menimcha, shu bexitroq. Naqshiyam Abulqosim madrasasini eslat­yapti. “Habib-us siyar”…

Birdan peshonasi tirishib, kitobni chetga surarkan, norozi g‘ud­ranib, xulosa yasadi: “Bo‘lmaydi, qudalikka nomzodning ismi Habibjonmidi? Keyin o‘tgan juma urologiya markazida ko‘rganday bo‘luvdim. Ta-ak, bunisi… “Farhod va Shirin” ekan”. Onamiz dadamizga yalt etib yuzlandi:

– Adasi, sizni otingizga quda xolaning ismi oshiq-moshiq bo‘p qol­yapti-yu. Qarigan chog‘ingizda elga kulgi bo‘lib yurmang tag‘in.

Taxlamning oxiridagi asar “Ot kishnagan oqshom” bo‘lib chiqdi. Mayor akamiz kamarini to‘g‘rilab, otamizning yoniga shaxdam qadamlar bilan chiqib, tantanavor e’lon qildi:

– O‘rtoq oilamiz a’zolari! Mana shu kitob ham mash’um bir jinoyatga ishora qilyapti. Yigirma yil burun ko‘cha mafiyasi quturgan payti qudalikka nomzod amakivachchalar Bo‘stonliq tarafdan bir uyur ot o‘g‘irlab, rosa surdi-surdi bo‘lgan ekan. Hurmatli padarimizga ming rahmat, agar kitob taqdim etish g‘oyasi olg‘a surilmaganda biz guvoh bo‘lgan kirdikorlar fosh bo‘lmas edi. Men issig‘ida etagimizni yopib, ko‘zda tutilgan to‘y marosimini bekor qilishga ovoz berishingizni so‘rayman.

Rad qilib bo‘lmas dalillar oldida ojiz qolgan otamiz o‘z ra’yiga ilk bor qarshi chiqib, (kelinlikka nomzodni u kishi tanlab, himoyasida qat’iy oyoq tirab turib olganidan xabaringiz bor) birinchi bo‘lib behol qo‘l ko‘tarishga maj­bur bo‘ldilar. Bir ovozdan to‘y buzildi.

Aziz o‘quvchi, shu tariqa adabiyot ota­miz­dan kuchli keldi. Muqarrar ko‘ngilsizlikdan oilamizni asrab qoldi. Sizga ham turli janrdagi turfa kitoblarni ko‘proq o‘qishni tavsiya qilamiz.

Domla TUROB

Husan Sodiqov chizgan rasm.

 “Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599