28.11.2025 | 10:20
586
ATOMDAN KUCHLI…
O‘zFA Yadro fizikasi instituti direktori, akademik Ilhom SODIQOV bilan suhbat
Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA

– Domla, kelgusi yil yadro fizikasi tarixi boshlanganiga 130 yil, institut tashkil etilganiga esa 70 yil to‘ladi. Ammo hamon “yadro”, “atom” so‘zlarini harbiy qurol turi sifatida bilib, hadiksiraydigan odamlar yo‘q emas. Suhbatni murakkab fan sohasi bilan shug‘ullanuvchi ushbu dargoh faoliyati bilan tanishishdan boshlasak.
– “Atom bombasi”, “yadro urushi” atamalari dunyo aholisini seskantirishi bor gap. Ammo ilm-fan olamida narsalar o‘z mohiyatini o‘zgartiradi, aniqrog‘i, asl mohiyatiga ko‘ra baholanadi. Yadro fizikasidan ajal quroli yasashda ham, hayotni saqlab qoluvchi dorilar yaratishda ham foydalansa bo‘ladi. Ilm ezgu maqsadga yo‘naltirilsa, insoniyat farovonligiga xizmat qiladi, odamzod manfaatlari uchun ixtiro va kashfiyot qilgan olimlar ham munosib rag‘batlantiriladi. 1954-yili Obninsk shahrida dunyoda birinchi atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi atom energiyasidan nafaqat urush, balki tinchlik maqsadlarida foydalanish mumkinligini ko‘rsatuvchi ilk qadam bo‘ldi. Shu yillarda yadro fizikasi yo‘nalishida bir qator ilmiy institutlar tashkil qilina boshladi. 1956-yil mart oyida Dubna shahrida Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti, sentyabr oyida esa Toshkentda bizning Yadro fizikasi institutimiz tashkil etilgan. Igor Kurchatov, Anatoliy Aleksandrov, Yuliy Xariton, Ubay Arifov va Sodiq Azimov kabi taniqli olimlar institutning asoschilari edi.
Markaziy Osiyoda eng yirik ilmiy markazlardan biri hisoblangan institut maydoni 314 gektar bo‘lib, tarkibida oltita noyob yadro-fizikaviy qurilma, 14 ta eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular yordamida yadro fizikasi yo‘nalishi bo‘yicha zarur bo‘lgan jamiki tadqiqotlarni kompleks ravishda olib borish mumkin. Shuning uchun ham boshqa institutlar, hatto, boshqa davlatlardan ko‘p mutaxassislar shu yerda tajriba o‘tkazishga harakat qilyapti.
Eng zarur qurilmalar, barcha yadroviy zarralar manbalari va yangi avlod texnikalarining bir joyda jamlangani ularda juda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu ilmiy hamkorlikning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib kelyapti.
Institutimizda yadro fizikasi, qattiq jismlar fizikasi va materialshunoslik, radiokimyo va yadro analitikasi, yadro energetikasi, ilmiy asbobsozlik yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borilyapti.
Institut ishlanmalari Respublikamiz va undan tashqarida ham keng amaliyotga tatbiq etilmoqda. Neft-kimyo va tog‘-kon sanoatlari uchun texnologik nazorat qurilmalari yetkazib berilmoqda hamda sanoat chiqindilaridan oltin va kumush qoldiqlarini ajratib olish imkonini beruvchi amaliy ishlar olib borilmoqda. NKMK, OKMK O‘zQQCHM asosiy ishlab chiqarishlariga qo‘shimcha ravishda o‘ta toza skandiy, reniy, tellur palladiy va boshqa metallarni ajratib olish texnologiyalari ishlab chiqildi.
Institutda radioaktiv manbalar holati nazorati, attestatsiyasi va xizmat qilish vaqtini uzaytirish bo‘yicha tizim, shuningdek, butun Respublika hududidan radioaktiv chiqindilarni yig‘ib olish va ko‘mish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Radioaktiv va yadro materiallarning noqonuniy aylanishi oldini olish maqsadida, ularning oz miqdorini ham aniqlash imkonini beruvchi tizim yaratildi. Institut maxsus xizmatlar uchun kontrabanda materiallari ekspertizasini qilib beradi. Institut o‘zining analitik xizmati bilan atrof-muhitni himoya qilishda faol ishtirok etib kelyapti. Suv va havoni tozalashning effektiv tizimlarini yaratganmiz.
Tibbiyot sohasida import o‘rnini bosuvchi radiodiagnostik va radioterapevtik mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, radiatsiyaviy va kimyoviy sterializatsiya uslublari yaratildi, turli kasalliklarda mikroelementlar rolini aniqlovchi analitik uslublar yaratildi. Bu sohada muassasamiz azaldan nafaqat Markaziy Osiyo yoki MDH hududida, balki dunyoda ham yetakchilardan biri hisoblangan. Boisi, bizda radiokimyo maktabi juda yaxshi rivojlangan. Bugun ushbu maktabni yanada kuchaytirish ustida ishlar olib borilyapti. Tadqiqotlar natijalari, ya’ni biz ishlab chiqarayotgan radiofarmatsevtik mahsulotlar butun dunyoga tanilgan. Institutimiz nomini radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish sohasidagi dunyoning eng yaxshi o‘nta tashkiloti ro‘yxatidan topishingiz mumkin.
– Keling, radiokimyo mavzusini davom ettirgan holda, uning tibbiyotdagi roli haqida gaplashsak. Xususan, saraton kasalligini davolash bo‘yicha qanday izlanishlar olib borilyapti?
– Radiokimyo deganda radioaktiv moddalar kimyosini tushunamiz. Shu radioaktiv moddalar bilan ishlab, shulardan turli mahsulotlarni ishlab chiqarish institutimizda juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda 15 ta radioizotop asosida 60 ga yaqin radiofarmatsevtik dori vositalari ishlab chiqarilyapti. Bular asosan institutda ishlab chiqilgan texnologiyalar asosida tayyorlanmoqda. Bu dorilar turli kasalliklarni, ayniqsa, ko‘proq onkologik kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. Bu yerda, demak, institutda biz ham tashxis uchun, ham terapiya, ya’ni davolash uchun qo‘llaniladigan shu dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz.
– Bu ishlar shubhasiz, bemorlar ko‘ngliga umid beradi. Ishlab chiqarishdan keyingi jarayon: tarqatish, yetkazish, qabul qilish va samara berish jarayoni ham kuzatib boriladimi? Xalqaro maydonda talab qanday?
– Shu mavzuda sira unuta olmaydigan bir voqea bo‘lgan hayotimda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil may oyida Onkologiya markaziga tashrif buyurib, tibbiyot xodimlari bilan muloqot qildi. Menga ham so‘z berildi. Davlatimiz rahbari 2018-yilda institutimizga tashrif buyurib, yangi loyihalar bilan tanishgan, o‘quv binolari va laboratoriyalarni jahon standartlari asosida qurish, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash zarurligini ta’kidlagandi. Topshiriqlar ijrosi va yangiliklar haqida ma’lumot berdim. Xususan, radiofarmatsevtik dori vositalarini ishlab chiqarish davom etayotgani va ularning 95-97 foizi eksport bo‘layotganini aytdim. Shavkat Miromonovich mas’ullarga qarab: “Bu eksportni nima qilamiz hozir? Buyog‘iga birinchi o‘rinda xalqimizga yetkazib beringlar. Kerak bo‘lsa, eksportdan keladigan pulni o‘zimiz beramiz”, dedilar. Shunda O‘zbekistonda bu dori vositalaridan foydalanish uchun kerak bo‘ladigan asbob-uskunalar, laboratoriyalar yetishmovchiligi borligi, kadrlar taqchilligi ma’lum qilindi. Davlat rahbari bu bo‘yicha maxsus topshiriqlar berdi va bugun siz buning natijalarini ko‘rib turibsiz.
Bugun klinikalarga yetkazib berayotgan dorilarimiz miqdori besh barobarga oshdi. Chunki foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Zarur asbob-uskunalar keldi. Endilikda yurtimizdagi oltita klinikada mahsulotimizdan foydalanib bemorlarga tashxis qo‘yilib, davolanilyapti. Bu vositalar asosan jarrohlik yo‘li bilan davolab bo‘lmaydigan, kimyoviy terapiya ta’sir qilmaydigan holatlarda ishlatiladi.
Mahsulotlarimizdan biri Lyutetsiy-177-PSMA-617 dori vositasi prostata bezi saratonini davolashda yuqori samara beryapti. Toshkentdagi Nano medikal klinik kasalxonasida shu radiofarmatsevtik dori vositasining qo‘llanilishi 92 foiz ijobiy natija berdi. Samariy-153-Oksabifor preparati esa suyak metastazasida og‘riqni butunlay qoldirib, o‘simta o‘sishini to‘xtatib turadi. To‘g‘ri, butkul yo‘qotib yubormaydi, lekin yetib kelgan darajasida remissiyada ushlab turib, 6 oygacha og‘riqsizlantirib beryapti. Olingan natijalar haqida bir nechta ilmiy konferensiyalarda ma’ruza qilingan. Qalqonsimon bezning turli kasalliklarini davolashda, Yod-131 izotopi asosida olingan dori vositalarimiz keng qo‘llanilyapti. Jiyanim yaqinda xuddi shu kasalga chalindi. Borib, shundan ikkita dozasini olib, hozir ancha o‘zini yaxshi his qilyapti.
– Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bu noyob dorilarni aholining cho‘ntagi ko‘taradimi?
– Juda ham o‘rinli savol. Radiofarmatsevtik preparatlar bilan davolash butun dunyoda juda qimmatga tushadigan muolaja hisoblanadi. Lekin bizning mahsulotlar O‘zbekiston ichida ancha arzon narxlarda yetkazib berilyapti. Aytaylik, yuqorida aytilgan suyak saratonini davolash va og‘riqsizlantirishda ishlatiladigan “Samariy-153 oksabifor” dorisi Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun bitta dozasi 2,5 ming yevro narx bilan ishlab chiqariladi, boshqa davlatlarga 2 ming 700 yevrodan sotiladi. Biz shu dorini 60 yevroning so‘mdagi ekvivalentida, ya’ni 700 ming so‘mdan yetkazib beryapmiz.
Hatto, chet eldagi hamkasblarimiz ham mazkur dorilarni bunday narxda sotish mumkinligiga ishonmaydi. Lekin bu fakt.
Yana bir misol, dunyo bo‘yicha ishlatilayotgan va ishlab chiqarilayotgan Yod-125 radioizotopining 80 foizi Yadro fizikasi instituti qoshidagi Radiopreparat korxonasida ishlab chiqarilyapti. Bu dunyodagi eng qimmat dorilardan biri hisoblanadi. Lekin hamma shuni sotib olyapti. Nimaga? Chunki bizning mahsulotimiz tozaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan mahsulotga nisbatan 10 ming marta toza.
Xullasi kalom, mahsulotlarimizning birinchi ta’minlanuvchisi – O‘zbekiston. Keyin dunyo bo‘ylab Avstraliyadan boshqa hamma qit’alarga yetkazib beryapmiz.
– Institut tarixini o‘rganish jarayonida bir faktga duch keldik. Ilmiy va ishlab chiqarish faoliyati davom etayotgan bir pallada jarayon to‘xtatib qo‘yilgan ekan…
– 2015-yil sentyabr oyida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan institut yopiladigan bo‘ldi. Bu vaqtda reaktorimiz ishlab turgan edi, reaktorning yoqilg‘isi juda qimmat. Shuning uchun bir necha million dollarga sotib olingan yoqilg‘i tugaguncha kutaylik, qolaversa, eksport bo‘yicha uzoq muddatli javobgarligimiz bor, degan ma’noda faoliyatimizni bir yilga uzaytirib turdik. Keyin institut yopildi va ikki qismga bo‘linib, bir qismi Favqulotda vaziyatlar vazirligiga, ikkinchisi – ilmiy laboratoriyalar qismi esa Milliy universitetining Fizika fakultetiga berildi… Ammo tugatish, buzish ishlari oxiriga yetmadi.
O‘zbekistonda islohotlar davri boshlanib, 2016-yil dekabrida Shavkat Miromonovich olimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shu yerda Yadro fizikasi instituti qayta tiklanishi to‘g‘risida birinchi marta aytildi. 2017-yil fevral oyida Prezidentning maxsus farmoyishi e’lon qilindi. Mart oyidan reaktorni ishga tushirdik.
16-yilning yozi. Institutda buza-buz avjida. Shu paytda chaqirib qolishdi, tashqariga chiqsam, bir ayol – onaizor menga yolvorib, saratonga chalingan bolasiga dori izlab kelganini aytdi. Men: “Kechirasiz, reaktorimiz o‘chirilgan, to‘xtagan. Bu yerda binolar buzilib, remont bo‘lyapti. Institutimiz yopilgan, biz ishlab chiqaza olmaymiz buni”, desam, Xudoning zorini qilib yig‘layapti. Chorasizlikdan inson yig‘lab turganda ichingiz qon bo‘lib ketadi-da. Har kuni kimdir keladi, qo‘ng‘iroqlar to‘xtamaydi. Mana shunaqangi paytda nima qilishingizni bilmay qolasiz-da, qizim.
Xudoga shukur, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi bilan Markaziy Osiyoda yagona shu turdagi reaktor, O‘zbekistondagi tanho bo‘lgan shunday institut qayta tiklandi.
Ammo yopilish asorati hali to‘liq bitmadi. Ko‘p mutaxassislarimiz ketib qoldi. Ba’zi yo‘nalishlarimiz berkildi. Mana, olti-etti yil o‘tdi, lekin ba’zi tadqiqotlarimizni haligacha qaytadan tiklab ololmayapmiz.
– Bunga sabab nima?
– Bizning yadro reaktorimizni bir tana desak, uning qoni – yoqilg‘i. Hozirgacha 2018-yilda Prezident topshirig‘i bilan sotib olingan yoqilg‘ini sarfladik. U ham nihoyasiga yetyapti. Fevral-mart oyida tugaydi. Agar yangi yoqilg‘i sotib olmasak, reaktor to‘xtaydi. Hozir yoqilg‘i sotib olish ustida ishlayapmiz. Bu juda murakkab jarayon: hujjat ishi deysizmi, xalqaro munosabatlar-u moliyaviy ta’minot…
Endi bir vaqtlardagiday o‘z holiga tashlab qo‘yilgan tashkilot emasmiz. Hukumat va Fanlar akademiyasi bu borada chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu yil to‘rt dona yoqilg‘i to‘plamini sotib oldik, ular hozir yo‘lda, 56 tasi esa kelasi yil fevral oyida keladi. Agar shuni oladigan bo‘lsak, yana besh-olti yil reaktordan muammosiz foydalanib, tadqiqotlarni o‘tkazish va shu bilan birgalikda dori vositalarini ishlab chiqarishni davom ettirishimiz mumkin bo‘ladi.
– Ilhom Ismoilovich, olimning hayoti, bosib o‘tgan yo‘li va ko‘zlagan manzillari o‘quvchilarimizni befarq qoldirmaydi.
– Tashakkur! Ustozlarimizga qiyoslaganda biz ham picha ish qildik. Hali oldinda o‘z yechimini kutayotgan masalalarimiz bor. Har holda yangi avloddan umidimiz zo‘r.
O‘zim haqimda aytadigan bo‘lsam, 1986-yil universitetni tugatganimdan keyin mana shu institutga kelganman. Mening ish daftarchamda bittagina tashkilot nomi turibdi. Muhandis sifatida kelib, kichik ilmiy xodimdan direktorlikkacha bo‘lgan vazifalarda mehnat qildim.
Qirq yillik umrim shu dargoh bilan chambarchas bog‘liq. Men uchun Institut – hamma narsa. Shaxsiy yoki oilaviy manfaatlarimdan ko‘ra ko‘proq institut manfaatlari muhim.
Oxirgi uch yilda radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha ikkita fan doktori va ikkita falsafa doktori tayyorladim. Shu yo‘nalishga hozir juda katta e’tibor berilyapti. Har yili bo‘lmaganda bitta-ikkita yangi dori-vositasini ishlab chiqarib, uni klinikalarga joriy qilinyapti.
Bundan tashqari, mana shu laboratoriyalarimizda ilmiy tadqiqotlar turli yo‘nalishlarda olib borilyapti. Shulardan biri – materialshunoslik. Bu yo‘nalishda iqtisodiyotimiz uchun zarur bo‘lgan yangi materiallarni ishlab chiqarish, ularni tadqiq etish, xossalarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.
Yadro analitikasi yo‘nalishi bo‘yicha katta ishlar olib borilyapti. Masalan, mana, yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, sobiq uran konlar hududini tadqiq etish bo‘yicha minglab, o‘n minglab tahlillar o‘tkazildi. Bular o‘sha yadro analitikasi yo‘nalishi bo‘yicha bajarilyapti. Hozir yangi-yangi uslublarni ishlab chiqish ustida ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Bilasiz, ilm – atomdan kuchli!
Quvonarli jihati, davlat tomonidan tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirishga tizimli e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi Qarori muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki farmatsevtika rivoji bevosita radiofarmatsevtika taraqqiyotiga hissa qo‘shadi va yangi natijalarni qo‘lga kiritishni tezlashtiradi.
– Gazetimizga vaqt ajratganingiz va muhim ma’lumotlar uchun rahmat! Sog‘-salomat bo‘ling!
«Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



