27.11.2025 | 10:25
471
ME’YORINI BILMAGAN memuarbozlik
Ro‘zimboy HASAN

Memuar – jahon adabiyotida mashhur janrlardan bo‘lib, bu turdagi asarda muallif o‘zi boshdan kechirgan voqealarni qalamga oladi va e’tiborli jihati, muallif yozuvchi yoki shoir bo‘lishi talab qilinmaydi. Hayotning achchiq-chuchugini totgan banda umri nihoyasida farzandlariga va albatta, boshqa o‘qirmanlarga ibrat bo‘lsin uchun nimalarnidir qoralashga ma’nan haqli. Memuar – insonning boshqalar oldidagi hisoboti ham, yanada aniqroq aytsak, tavba-tazarrusi hamdir. Mashhur faylasuf Rokaul Kentning “Bu menman, Xudoyim”, chililik taniqli shoir, Nobel mukofoti sohibi Pablo Nerudaning “Iqrorman – yashadim!” memuarlari bu janrning yetuk namunalaridan hisoblanadi. Ular memuarlarida erishgan yutuqlari bilan maqtanmaydi, o‘quvchiga pand-u nasihat qilib, aql o‘rgatmaydi – boshidan kechirganlarini ochiq-oydin qalamga oladi. Xatolarini ham, ayblarini ham. Aslida, janrning asosiy talablaridan biri ham shu!
Istiqlol zamonida Said Ahmadning “Topganlarim va yo‘qotganlarim”, Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar” asarlari, Shukur Xolmirzayevning Matyoqub Qo‘shchonov, Botir Zokirov haqidagi xotiralari milliy memuarchilikda olg‘a qadam bo‘ldi. Sobiq sovet zamonida bu janrga rag‘bat deyarli yo‘q edi. Bir-ikki kitoblarni aytmasa, u paytlar qalam ahli o‘zini bu janrdan tiyib turgan. Sababi, asari ming chig‘iriqdan o‘tgan, ularda siyosiy ayb topilishidan qo‘rquv hissi saqlanib qolgan, yana mumtoz shoir va adiblarimiz sharqona odob-axloq me’yorlaridan kelib chiqib, har bir satrni qog‘ozga tushirayotganida, atrofga tez-tez qarab qo‘yishga majbur bo‘lgan.
Jadidlar ta’sirida dunyoga kelgan “Yosh xivaliklar” harakati yetakchilaridan Polvonniyoz hoji Yusupov qatag‘on bo‘lishini anglagan holda yozgan memuari oradan 60 yil o‘tgach, mustaqillik davrida chop qilindi. Bu memuarda sovetlar tuzumi ziyolilar boshiga solgan ko‘rgiliklar, aldov va qo‘rquv bilan mahv qilingan safdoshlarining taqdiri haqida achchiq haqiqatlar avlodlar uchun yozib qoldirilgan.
Buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning vaqtli matbuotda e’lon qilingan ko‘pgina katta-kichik asarlari memuar talablariga mos tushadi. “Moskov xatlari”, “Saylovmi, bosqinchilukmi?”, “Otam va bolshevik”, “Davosiz dardlar” singari maqolalari, Samarqandda sudda so‘zlagan nutqi adibning yozilmay qolgan ulkan memuari parchalari, xolos. Agar adib bevaqt qatag‘onga uchramaganida, bu janrda ham o‘lmas bir asar yaratgan bo‘lardimi?
Bugun yurtimizda yaratilgan so‘z erkinligi tufayli “memuarbozlik” rosa avjiga chiqqan. Xususiy nashriyotlar ketma-ket bu janrdagi kitoblarni chop qilyapti. Nashriyotlar iqtisodni old o‘ringa qo‘yayotganini tushunish mumkin, ammo o‘sha “memuar”lar mazmun-mohiyati uchun kim javob beradi? Albatta, mualliflar yoki ular nomidan yozayotgan qalamkashlar, dersiz. To‘g‘ri, nashriyotlar muallif nuqtayi nazarini hurmat qiladi, aytilgan so‘z uchun mas’uliyatni zimmasiga olmaydi. Bu esa…
Sobiq sovet davrida qaysidir tumanga yetakchilik qilgan inson o‘z “memuar”ida “ulkan bunyodkorliklar”, “odamlar tashvishi bilan yashash”, “hukumat (aslida partiya) g‘amxo‘rligi” haqida og‘zidan ko‘pik sochib maqtangan o‘rinlarni o‘qiganimizda, haqli savollar tug‘ilaveradi. Millatning ziyoli qatlamini qatl qilgan, fuqarolarni bir-biriga tish qayratgan, “Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi” degan “qizil” shior bilan millatni paxta egatlariga bog‘lab tashlagan, ustlaridan zahri qotil sepib, irsiyatini izdan chiqargan, sharqona odob-axloq, islomiy tarbiya, milliy qadriyatlarni oyoqosti qilgan tuzum qayoqqa ketdi? Axir, yaqin tarixda yuz bergan voqealarning guvohlari hali tirik-ku!
O‘sha davrlarda jamoa xo‘jaligiga uzoq yillar raislik qilgan insonning “memuar”ini o‘qib, to‘g‘risi, achindim. Muallif (aslida, rais nomidan yozgan qaysidir qalamkash) “tinch va osoyishta zamon”, “farovonlik davri”, “insonlarda o‘zaro mehr-u oqibat kuchli zamon” kabi sifatlashlarni ko‘plab o‘rinlarda keltiradi va hatto “kommunizmga bir qadam qolgani” haqida lof uradi. Paxta rejasini falon foizga bajargani, buning uchun hukumat tomonidan orden-medallar olgani bilan maqtanar ekan (o‘sha nishonlar taqilgan suratlarini ko‘z-ko‘z qilishdan uyalmaydi), jamoa ahli yil – o‘n ikki oy davomida chekkan zahmatlar, me’yorsiz mehnati uchun arzimagan choychaqa olgani haqida lom-lim demaydi. Qishloqda o‘sha davrda qurilgan neki bino bo‘lsa – “o‘zining faoliyati samarasi”. Go‘yoki, o‘sha binolarni shaxsiy mablag‘lari hisobidan qurdirgan.
O‘tgan asrning ikkinchi yarmida uzoq yillar respublika hukumati raisi bo‘lib ishlagan bir inson haqida chop qilingan kattagina kitob qo‘limga tushib qoldi. O‘qidim-u… rosti, ketgan vaqtimga achindim. Kolxoz raisini qo‘ya turaylik, o‘z davrining katta siyosati qozonida qaynagan, yurtda ro‘y bergan past-u baland ishlardan yaxshi xabardor, xabardorgina emas, bevosita daxldor bo‘lgan inson hayoti va faoliyati haqida bu qadar silliq yozish shartmidi? O‘sha davr yolg‘onlaridan, hech bo‘lmaganda, bir chimdimini ochiqlash, nahotki, shu qadar qiyin bo‘lsa?
Mustaqillikning ilk davrida “katta kursi talashgan”lardan biri haqida yozilgan kitob ham hafsalamni pir qildi. O‘sha davr voqealaridan bir qadar xabardor inson sifatida bu kitobda aralash-quralash bo‘lib yotgan haq va yolg‘onni ajratib olishga qiynaldim – asabim dosh bermadi.
Xorazmga uzoq yillar rahbarlik qilgan va oxir-oqibat “paxta ishi” bo‘yicha mahkamaga tortilib, Moskva hibsxonalarida umrining olti yilini kechirgan Madiyor aka Xudoyberganov uch tomli memuarini e’lon qildi. Kamina ushbu xotiralarni qog‘ozga tushirishda muallifga yordam berdim, Moskva hibsxonalarida muntazam yuritgan “Kundalik”larini tarjima qildim. Memuarning birinchi kitobi 1996-yilda chop qilindi, afsuski, uni muharrirlar ancha qaychiladi – sobiq rahbar va mahkum tavba tariqasida qog‘ozga tushirgan achchiq haqiqatlar bayon qilingan o‘rinlar olib tashlandi. Madiyor aka boshidan kechirgan voqea va holatlarning ochiq-oshkora bayon qilinishi uning tavba-tazarrusi deb baholanmog‘i kerak edi. Zero, butun ongli umrini sovet tuzumiga yedirib yuborgan inson qamoqdan qaytgach haj ziyoratiga bordi, Qur’oni Karimni yod oldi – tavba-tazarru qildi.
Yetmish beshga kirgan bir inson o‘z hayoti va faoliyati haqida qog‘ozga tushirgan qoralamalarini berib, uni kitob holiga keltirishimni iltimos qildi, adabiyot tili bilan aytsak, “mahalliy ahamiyatga molik memuar”. U boshidan kechgan voqealarni erinmasdan o‘nta “umumiy daftar”ga yozgan ekan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida savdo tizimida mas’ul vazifalarda ishlagan kishi nimalar yozdi ekan, degan o‘yga bordim. To‘g‘risi, bu kishi ham o‘zini rosa maqtagandir, degan fikrda daftarlarni behafsala varaqladim va… hayratdan yoqa ushladim. Birorta oliy o‘quv yurtida o‘qimagan, ammo tirikchilik tashvishida boshi qancha balolarga duch kelgan bu inson o‘sha davr haqiqatlarini bo‘yamay, oshirmay-toshirmay, boricha qog‘ozga tushiribdi. Sovetlar yaratgan tizimdagi qing‘irliklar, qo‘shib yozishlar, hozirgi avlod eshitsa kulgisi keladigan “defitsit”lar, turli rahbarlarning savdo tizimini o‘z “tomorqa”siga aylantirib olganlari, aholining o‘sha davrda nisbatan to‘q yashagan qatlami hisoblanmish savdo xodimlarining giyohvandlik balosiga uchragani, ularning hamtovoqlari orasida huquq tizimi xodimlari va hatto boshliqlari ko‘pchilik bo‘lganini aniq shaxslar, misollar bilan keltiribdi. Tuman birinchi rahbarining haydovchisi har hafta savdo shoxobchalaridan qancha mahsulotni tekinga olishi, ijroqo‘m raisi naqdi bilan cheklanmay, chorvador xo‘jaliklardan qo‘y, ho‘kiz talab qilishi, rahbarlarning maishiy buzuqligi haqidagi aniq sana va guvohlar bilan keltirilgan ayanchli sahifalarni o‘qib, bu insonning irodasiga, mardligiga qoyil qoldim. Mana, yozsa bo‘larkan-ku!
Qo‘lyozmalarni tahrir qilib, kitobni (shu oddiy savdogar insonning qoralamalarini haqiqiy memuar desa bo‘ladi) nashriyotga topshirishdan oldin: “Ertaga bu kitob chiqsa, siz ochiq-oydin yozgan shaxslar yoki ularning farzandlari bilan sudlashishdan qo‘rqmaysizmi?” deb so‘radim. Uning javobi qat’iy bo‘ldi: “Inson dunyoga bir marta keladi. Taqdiri uni turli yo‘llarga boshlaydi, xato qiladi, pushaymon bo‘ladi, oxir-oqibat yoshi bir joyga borganda, qilgan xatolari uchun tavba qilishni o‘ylab qoladi. Qolaversa, bu yozganlarim, avvalo, farzandlarimga pand-u nasihatdir. Toki ular men kabi hayotda xato qilmasin, o‘g‘rilik, giyohvandlik, qimorbozlik kabi yomon yo‘llarga kirmasin!”
Bu yoqda esa uning zamondoshlari haqida turli-tuman kitoblar to‘xtovsiz chop qilinmoqda. Moddiy manfaatdorlik evaziga bu kabi kitoblarni yozayotganlardan o‘pkalashimiz kerakmi? Ular o‘z qahramoni aytganini qog‘ozga tushiradi, ortiqcha so‘z va sifatlashlar qo‘sha olmaydi. Ammo, birortasi “qahramon”ning xizmatlarini sanash bilan bir qatorda, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan bir-yarim xatosi (jinoyat demay turaylik) bo‘lgan-bo‘lmaganini nega bir og‘iz surishtirmaydi? Axir o‘sha “insonparvar, adolatli” deyilayotgan tuzum parchalanib ketgan ekan, demak, xato va kamchiliklar bo‘lgan. Bular uchun esa oddiy xalq emas, yurt tepasida – uning baland-u past kursilarida o‘tirgan kadrlar aybdor emasmi?
Bu kabi siyqalashtirish holatlarini hozirda rosa rusmga kirgan xotira kitoblari misolida ham uchratish mumkin. Kitob qahramoni haqida xotira so‘zlayotgan tanishi, zamondoshi, hamkasbi, shogirdlari bisotidagi boriki maqtovlarni yog‘dirishdan charchamaydi – bundan uyalmaydi. Biror kishi xotirasida: “Ha, beayb – parvardigor, sal xatolar ham bo‘ldi”, degan jumlani keltirmaydi. Xotira – muqaddas, deymiz, lekin u haqiqat aytilsagina muqaddas bo‘ladi. Yolg‘on xotira, aslida, shaxsga nisbatan hurmat emas, haqoratdir. Negaki, bunday xotiralar muz kabidir, haqiqat quyoshi yuz ko‘rsatsa, bir zumda erib ketadi.
Kitob do‘konlarida qatorlashib turgan chiroyli kitoblarning muqovasida biror shaxs surati berilgan bo‘lsa… yaxshisi, sal chetlab o‘ting, vaqtingiz ketgani, asabingiz o‘ynagani qoladi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bu kitoblarning manmanlik tuyg‘usi bilan to‘lib-toshgan sahifalari zehniyatingizni qayishtirib yuboradi.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
79
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593


