Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.12.2025 | 10:18

img355

JAZOLANGAN JASORAT

Rustambek SHAMSUTDINOV

Buxorodagi jadid harakati ham murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. O‘sha damlarda bu ko‘hna zaminda tashkil etilgan ilk usuli jadid maktabi o‘quvchilarining bilimidan ta’sirlangan keksa ziyolilardan biri ko‘ziga yosh olib shunday deydi: “Men umidvormanki, o‘n yilgacha Buxoroda inqilob voqe’ bo‘lur, vatan avlodi bu kuni razolat va safolatdan qutulur, esizki, u kunni men ko‘ra olmayman, siz yoshlar ko‘rasiz. Ming qatla shukurkim, ishning boshlanganini ko‘rdim”. Aynan shu fikriy uyg‘onish pallasi – bir tomonda o‘zgarmas amirlik tartiblari, ikkinchi tomonda esa yangi bilim va adolatga tashnalik – qahramonimiz Rajab Muhammedov hayoti misolida yorqin gavdalanadi.
1875-yili tog‘-kon ishchisi oilasida tug‘il­gan Rajab bolaligidanoq ana shu ziddiyatli muhit ichida o‘sib-ulg‘aydi. Dastlab Buxo­rodagi boshlang‘ich maktabda, so‘ngra madrasada sakkiz yil tahsil oldi. Madrasa ta’limi bilan barobar ravishda zamonaviy bilimlarga ham oshno tutindi. Arab, turk va fors tillaridan saboqlar unga an’anaviy manbalarni chuqur anglash imkonini bergan bo‘lsa, rus tilini mukammal o‘rganishi davr ruhiyasini, sharq va g‘arb o‘rtasidagi siyosiy jarayonlarni qiyosan tahlil qilishga yo‘l ochdi. To‘plagan ilm-u tajribasi Buxoroda sekin-asta kuchayib borayotgan islohotlar mohiyati mag‘zini chaqishga ko‘mak berdi. Ayni bilimlar “toshga o‘yilgan naqsh” kabi keyinchalik uning siyosiy faoliyatida namoyon bo‘ldi.
Yirik siyosatchi va davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev Buxoro jadidlarining Turkis­tondagi islohotchilik harakatidan farqli jihatlariga e’tibor qaratib, bunday yozadi: “Buxoroda harakat boshqa yo‘l bilan bordi. Buxoro jadidligi dehqonlar va mayda savdogarlarga tushadurgan soliq og‘irliqlarini yengil qilish ham soliq ishlarini umumiy tartibga solish to‘g‘risida ochilgan gapdan boshlab, tadrijiy sur’atda ko‘p a’zolar, sho‘balar va Buxoro xalqi­ning har xil tabaqalari orasidag‘i o‘ziga xayrixoh omma bilan birga haqiqiy bir yashirin jamiyatga aylana bordi” (“Buxoro inqilobining tarixiga materiallar”. Toshkent, “Fan”, 1997. 63-bet).Keyinchalik bu harakatga maktab va madrasalarni isloh qilish, dunyoviy fanlarni o‘qitishga e’tiborni kuchaytirish kabi ma’rifat­parvarlik g‘oyalari bilan chiqqan ayrim hukumat amaldorlari, mahalliy boylar, savdogarlar, ulamolar, mudarrislar va talabalar qo‘shildi. Ular safida Ahmadjon Hamdiy, Abduvohid Munzim, Hamidxo‘ja Mehriy, Sadriddin Ayniy, Xoja Rofe’, Mukammal Burhon, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li, Atoxo‘ja kabi shaxslar va turgan gapki, qahramonimiz ham bo‘lgan.
Shu yillarda Rajab Muhammedov Buxoro amirligidagi mavjud holat:  bosh­qaruv­dagi adolatsizlik, zo‘ravonlik, madra­sa tizimining zamonaviy ilmlardan uzi­lib qolayotgani hamda yosh-yalangning ta’lim olish imkoniyati cheklangani ortidan tuzum ichdan yemirilib, tobora mo‘rtla­shib borayotganini  bevosita kuzatdi. Shu bois, islohottalab ziyolilar qatorida turib, jamiyatda muammolarni bartaraf etishning yagona yo‘li sifatida maorif va boshqaruv sohalarida amaliy o‘zgarishlar zarurligini yoqlab chiqdi. Biroq amir Said Olimxon jadidlarning bunday harakatini xavf deb qabul qilib, ular faoliyati qat’iy nazoratga olindi, ularga nisbatan turli ma’muriy cheklovlar qo‘llana boshladi. 1917-yil apreliga kelib, Buxoroda jadidlarga qarshi quvg‘in boshlandi. Ko‘plab ma’rifatparvarlar kabi Rajab Muhammedov ham ta’qibdan qochishga majbur bo‘ldi. Avval Kogon, so‘ng Toshkentga bordi.
1917-yilda Rossiyadagi inqilob to‘lqini butun mintaqani qamragan bir paytda, Turkiston va Buxoroda ham siyosiy hayot jadallashdi. Buxoroda eski tuzumga qarshi chiqishlar kuchaydi, jadid ziyolilari yangi tuzum, yangi davlat boshqaruvi haqidagi g‘oyalarni ilgari surishdi. Toshkentga ko‘chib kelgan Rajab Muhammedov ham ana shu davrda siyosiy harakat maydoniga kirdi.
…1920-yilning sentyabr oyida Ozarbayjon poytaxti Bokuda Sharq xalqlarining birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Bu tarixiy yig‘inda 3 mingdan ortiq vakil, jumladan, Turkistondan Munavvar qori Abdurashidxonov, Hoji Safo Jo‘raboyev, Turor Risqulov, Qudratillo Yunusiy, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Obidjon Mahmudov, Buxoro jadidlari nomidan Rajab Muhammedov ishtirok etadi. Bu qatnashuv qahramonimiz nomini mintaqaviy siyosiy maydonda tanitishga xizmat qiladi.
Qurultoy davrida turk generali Anvar posho bilan uchrashib, sovetlarga qarshi istiqlol harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘rboshilar bilan birlashish kerakligi haqida suhbat boradi. Tergov hujjatlariga ko‘ra, Rajab Muhammedov 1920-yilda Bokuda o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama etilgan asosiy masala – Anvar Poshoni Sharq xalqlari qurultoyiga qatnashuvchilar qatoriga qo‘yish yo qo‘ymaslik yuzasidan Muhammedov hay’at tarkibi a’zosi sifatida Anvar Poshoni qurultoyda qatnashtirish tarafdori ekanini bildiradi.
1920-yil kuzida amir Said Olimxon hoki­miyati ag‘darilib, o‘rnida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tashkil etiladi. Yangi respublika tuzilgach, Rajab Muhammedov davlat boshqaruv tizimida ish boshlaydi. U hukumat delegatsiyasi a’zosi sifatida RSFSR bilan bo‘lib o‘tgan ilk muzokaralarda qatnashadi. 1921-yil 4-martda tuzilgan “Ittifoq shartnomasi” hamda qo‘shma iqtisodiy kelishuvni Buxoro nomidan imzolagan vakillardan biri bo‘ladi. Hujjatda uning ismi jadid harakati yetakchilari­dan Mirzo Muhitdin Mansurov va Rahmat Rafiq Abdullabekov qatorida qayd etilgan. Bu esa Rajab Muhammedovning Buxoro sovet rahbariyati tarkibida yuqori lavozimda bo‘lganidan dalolatdir. Shu yili u BXSRning tashqi ishlar va savdo bo‘yicha vakili sifatida ish yuritadi. Uning shaxsiy tashabbusi bilan Buxoro va Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar kenga­yib, diplomatik hamkorlik asoslari kuchaya­di.
1921-yil noyabrida u maxsus topshiriq bilan Turkiyaga yo‘l oladi. Keyinchalik tergov hujjatlarida bu haqda u: “O‘shanda qo‘limga bir paket topshirilgan, bu hujjatning mazmuni menga ma’lum emas edi. Shunda menga ikkita shamshir, Qur’oni Karim va 3000 dona oltin tanga ham berilgan edi”, deb ma’lumot beradi.
“Turkiyada men Kamol Posho bilan uch marta uchrashdim, – deydi u. – O‘sha paytda janobi oliylari meni savolga tutdi, men esa unga BXSR va RSFSR o‘rtasidagi munosabatlar, BXSR faoliyati, tashkilotlar va muassasalar tuzilishi haqida gapirib berdim. Ammo bolsheviklarga qarshi kurash masalasiga u ham, men ham to‘xtalmadik. Paketdagi hujjatni Turkiya tashqi ishlar vazirligiga topshirdim. 3000 dona oltin tanga esa Turkiyadagi buxorolik talabalar xarajatlari uchun berildi”.
Safar davomida Rajab Muhammedov Turkiyada qariyb sakkiz oy yashaydi. Bu vaqt mobaynida mamlakatda yuzaga kelayotgan uyg‘onish kayfiyati, maorif ishlarini yaqindan kuzatadi. Turk ziyolilarining yangi usulda ta’lim berish, jamiyatda faollikni kuchaytirish va taraqqiyga intilishlari unda katta taassurot qoldiradi. 1922-yil oxirida Buxoroga qaytadi. Yo‘l-yo‘lakay Botumida RSFSR vakili bilan uchrashib, Buxorodagi vaziyat, xususan, Anvar Posho rahbarligidagi isyon haqida xabar topadi. Shu sababli, u turk konsulini Botumida qoldirib, Buxoroga yolg‘iz qaytadi.
1923-yil boshida Rajab Muhammedov BXSR tribunali raisi o‘rinbosari sifatida ish boshlaydi. Uning faoliyati bu yillarda asosan davlat ma’muriyati va sud tizimi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Tergov materiallarida qayd etilishicha, o‘sha  yili Buxoro Xalq Sovet Respublikasi qurultoyida Rajab Muhammedov respublika nomidan RSFSR vakili Pozdnishevga Lenin portretini tantanali tarzda topshirar ekan, unga “Buxoroda qimmatli narsalar qolmagani, ya’ni oltin va brilliantlar Moskvaga olib ketilganini, endi Lenin va leninizmdan boshqa hech narsa qolmaganini” qistirib o‘tadi. Keyinchalik ushbu holat ham tergov jarayonida ko‘tarilar ekan, qahramonimiz javobi shunday bo‘ladi: “Balki men bu bilan noto‘g‘ri ish qilgandirman, chunki o‘shanda siyosiy jihatdan yetarli darajada rivojlanmagan edim”. Aslida-chi? Bu manzara, aybni go‘yo “siyosiy tajriba yetishmasligiga yo‘yish” qahramonimizning siyosat olamida aqli raso ekani, vaziyatni baholash qobiliyati va xatarli sharoitda ham fikrni bilvosita yetkaza olish mahoratini ochiqlaydi.
Shu tariqa, 1921–1923-yillar Rajab Muhammedov hayotida siyosiy faoliyatning eng sermazmun, shu bilan birga, eng xatarli davri bo‘lib qoldi. Chunki keyinchalik tergov jarayonlarida uning ayni shu yillardagi jasoratlari so‘roqqa tortildi. 1923-yildan keyin Buxoro Xalq Sovet Respublikasida siyosiy hayot yangi bosqichga o‘tdi. Respublika rasman sovet tizimiga kirib, Moskvaga tobe bo‘lgan markazlashgan boshqaruv tizimi shakllandi. Bir paytlar mustaqil yo‘l izlagan va milliy islohot g‘oyalarini ilgari surgan jadidlar endi siquvga olina boshladi.
Rajab Muhammedov ham o‘sha yillardagi siyosiy jarayonlar girdobida qoldi. Yangi tuzum o‘rnatilishi bilan mafkuraviy nazorat keskin kuchayib, mahalliy kadrlarga ishonch ozaydi. Muhammedovning keskin fikr bil­di­rish odati, siyosiy masalalarga ehtiyotkor, ammo mustaqil yondashuvi rasmiy doiralarda shubha uyg‘ota boshladi. Shu bilan birga, uning Turkiya safari chog‘ida Mustafo Kamol Otaturk bilan uchrashgani, Bokuning Sharq xalqlari qurultoyida qatnashgani va u yerda bildirgan mulohazalari, Anvar poshoni himoya qilib chiqqani ham keyinchalik “ishonchsizlik” sifatida tilga olinib, tergov organlari tomonidan shubhali holatlar qatoriga qo‘shib qo‘yildi.
1920-yillarning oxiriga kelib butun ittifoq bo‘ylab “millatchilik” va “panturkizm” ayblovlari bilan ziyolilar ta’qib etila bosh­ladi. Buxoro va Turkiston jadidlariga ham navbat yetdi. Qattol siyosiy muhitda Rajab Muhammedov ham “millatchi va aksilinqilobchi” degan tamg‘a bilan o‘n yillar kuzatuv ostida yashashga majbur bo‘ldi. 1937-yil 9-yanvar kuni u rasman hibsga olindi. Ayblov xulosasida uning “Milliy ittihod” nomli maxfiy tashkilotga a’zo ekani, Turkiyada Mustafo Kamol Otaturk bilan “bolshevizmga qarshi kelishuv” tuzgani va “millatchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgani” qayd etilgan edi.
1937-yil bahorida Rajab Muhammedov ozodlik so‘rab, O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari va prokuroriga ariza yozadi: “Meni asossiz qarorlar asosida uch yarim oydan beri Buxoro va Toshkent qamoqxonalarida tutib turdilar. 23-apreldan buyon ochlik e’lon qilishga majbur bo‘ldim. Shu arizani olishingiz bilan men to‘g‘rimda Fayzulla Xo‘jayev, Yo‘ldosh Oxunboboyev, Kanabiyev va Moskvadagi Paskutskiy o‘rtoqlardan so‘rab, eski inqilobchilardan biri qolsin degansiz… Yaxshi diqqat bilan o‘zingiz menga baho berishingizni qat’iy so‘rayman”. Afsuski, bu iltimos inobatga olinmadi. Rajab Muhammedov 1937-yil 17-avgustda otuvga hukm qilinib, hukm 26-avgust kuni ijro etildi.
Rajab Muhammedov millat ozodligini orzu qilib o‘tdi. Najotni ta’limda ko‘rdi. Ma’rifat xalqni qutqaradi, deb ishondi. Shu a’molidan chekinmadi, aslo ortga qaytmadi. O‘z yurti erkinligi, farovon kelajak uchun qayg‘urdi. Neki jasorati bo‘lsa, bari mana shu orzularga payvasta edi. Mana shu sadoqat uni milliy uyg‘onish tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxsga aylantirdi.

Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img107

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img139