17.04.2026 | 10:09
998
QO‘RQUNCH BIR JASORAT TARIXI
Bugun Yangi O‘zbekistonda Buyuk Temuriylar nomini jahoniy miqyosga ko‘tarish yo‘lida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini xorijiy tillarga o‘girib, chop etish yo‘lga qo‘yildi. Bu asar tarjimasi borasida inqilobiy jasoratga qo‘l urgan shaxs alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari edi.

Tarixni qurol emas, qalam o‘zgartirgan davrlar bo‘lgan. Ayniqsa, millat ildizlari xotira obi hayotidan uzib qo‘yilgan chog‘larda birgina harakat ham jasorat va mahorat mevasi o‘laroq, butun bir avlodning dunyoqarashini o‘zgartirishga qodir bo‘ladi.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Temur tuzuklari”ni tarjima qilishi ana shunday tarixiy hodisalardan biri edi.
Tarjimachilikda ham ma’naviy huquq degan tushuncha bor. Sog‘uniy hazrat ana shunday maqom egalaridan, balki bu ezgu ish uchun eng munosib shaxslardan edi. Insoniyat tarixida tub burilish yasagan, Temuriylar Renessansini boshlab bergan Sohibqiron tuzuklarini o‘qish, uqish va o‘zgalarga ham uqtirish uchun, albatta, alloma, davlat arbobi, Alixonto‘ra Sog‘uniydek mohir tarjimon bo‘lish kerak. Ayniqsa, qattol tuzum qamchisidan qon tomib turgan o‘sha kezlarda.
Alixonto‘ra Sog‘uniy 1885-yil 21-martda To‘qmoq shahrida tug‘ilgan. Sog‘uniy taxallusi Bolasog‘un shahri bilan bog‘liq. Avval “Mir Arab” madrasasida, keyin Madinadagi dorilfununda tahsil oladi. Chor ma’muriyatining aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqani uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ladi. 1916-yil qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir bo‘lib Qashqarga ketadi, keyin Sharqiy Turkistonga – Gʻulja shahriga boradi. Biroq bu yerda ham hurfikrlik va millatparvarligi uchun boshida ko‘p kaltaklar sinadi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilgani sababli, 1937-yili Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi. 1941-yilga kelib adliyaviy taftish natijasida ozod qilinadi. 1944-yil 12-noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. 1946-yil iyunda sovet ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan Gʻuljadan olib chiqib ketilgach, umrining oxirigacha Toshkentda uy qamog‘ida, qat’iy nazorat ostida yashadi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy tarixni, ayniqsa, Turkiston va islom tarixini chuqur va daqiq o‘rgangan o‘tkir zehnli olim edi. Asarlarining nomiyoq muallif ilm doirasi va musanniflik qobiliyatidan dalolat: “Tarixi Muhammadiy”, “Turkiston qayg‘usi” (1966–1973-yillarda Toshkentda yozilgan), “Devoni Sog‘uniy”, “Shifo ul-ilal” (“Xastaliklar davosi”) va boshqalar. Olimning “Tarixi Muhammadiy” asari 1959-yilda yozib tugallangan, lekin muallif vafotidan keyin, 1991-yilda chop etilgan.
Sog‘uniy hazratlari 1976-yili vafot etgan va Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristoniga dafn etilgan.
* * *
Alixonto‘ra Sog‘uniydan tarjimachilik sohasida boy meros qoldi. Uning tarkibida Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoi’”, Darvesh Ali Changiyning “Musiqa risolasi”, Herman Vamberining “Buxoro yoki Movarounnahr tarixi” kabi asarlarini ko‘ramiz. Bu sohadagi shoh asar esa, shubhasiz, “Temur tuzuklari” edi.
XX asrning o‘rtalarida Amir Temur nomi atrofidagi bahslar siyosiy tus olgan, uning shaxsi biryoqlama talqin qilinayotgan edi. Temurbek faqat bosqinchi sifatida ko‘rsatilar, uning davlatchilik tajribasi, adolat va tartib haqidagi qarashlari soyada qolardi. Ana shunday qaltis paytda Alixonto‘ra Sog‘uniy “Tuzuklar”ni forschadan o‘giradi. Ushbu tarjima 1967-yilda “Guliston” jurnalida chop qilina boshlaydi. Ammo adolat yuzaga chiqayotganidan qo‘rqqan o‘sha davrning ayrim rahbarlari qarshilik ko‘rsatishi natijasida asar oxirigacha nashr qilinmay qolib ketadi.
2025-yilda “Alixonto‘ra Sog‘uniy” nashriyotida chop qilingan “Temur tuzuklari”da mazkur kitobni nashrga hozirlovchi Qutlug‘xon Shokirov shunday yozadi: “Shu vaqtgacha o‘zbekcha nashr etilgan “Temur tuzuklari” forschadan Alixonto‘ra Sog‘uniy va Habibulla Karomatov tarjimasida, Bo‘riboy Ahmedov tahriri ostida o‘tgan asrning 90-yillarida kitobxonlarga taqdim etildi. Ammo bu yerda diqqatdan chetda qolmasligi kerak bo‘lgan bir xusus bor. “Uzoq zamonlar mobaynida eski tuzum ideologiyasi sababli Amir Temur shaxsi haqida fikr yuritish qat’iyan man etilganligidan bu mavzu tahlikali va yopiq edi. Ana shunday paytda padarimiz katta jasorat ko‘rsatdilar va 1960-yilning 9-iyulida Toshkentda Sohibqiron tuzuklarini forschadan ona tilimizga o‘girdilar. Taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhor mazkur tarjima asarni asl holiga keltirgan deb baholagandi. Bu bilan xalqimizni o‘zligini tanishga undadilar. “Temur tuzuklari”ning ushbu tarjimasi tom ma’nosi bilan ilmiy va milliy shijoat obidasidir”.
Alixonto‘ra Sog‘uniy “Tarjimondan” qismida shunday yozadi:
“Hozirgi tarixdan ming yillab ilgariyoq madaniyat olamida ko‘plab hissalari qo‘shilgan, butun inson naslida foyda yetkazarlik ilmiy asarlar qoldirgan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi ulug‘ olimlar ersa shu yurtimizda tug‘ilmishdir. Shunga o‘xshash butun dunyoga otog‘i chiqqan, o‘zlig tarixlarda doston bo‘lgan Temur kabi jahongir ham O‘rta Osiyodan chiqmishdir.
O‘zbekistonimizda o‘tgan ulug‘ olimlar, ustodlar tarixiy taraqqiyotlar orqali endigina yuzaga chiqib tanilayotgan bo‘lsalar ham, haligacha ochilmay, ko‘milib yotgan tarixiy sharaflarimiz yana ham ko‘pdir. Buning birdan bir sabablari esa butun tarix kitoblarimiz arabcha, forscha tillarda bo‘lib, o‘z tilimizda o‘zbekcha yozilgan kitoblarimizning kamligidir. Bunday bo‘lgach, Temur tarixini va boshqa tarixiy ishlarimizni bilishga qiziqqan anchagina yosh O‘zbekiston olimlari Ovrupo tillarida yozilgan tarix kitoblarini o‘qishga majbur bo‘ladilar. Bulardagi so‘zlar esa qo‘ldan qo‘lga, tildan tilga ko‘chirilib kelinganlikdan haqiqat qorong‘ilashib, kishi ko‘nglini qondirguday ilmiy qanoat bera olmaydi.
Biz ko‘rgan arabcha, forscha, turkcha kitoblarda Temur ustida har turli so‘zni yozadilar. Ularning qaysi birlari uni boshga ko‘tarib maqtasalar, ba’zilari uni yerga uradilar. Yigirma yetti poytaxtli yerni o‘ziga bo‘ysundirgan lashkarboshi mazkur kitobda o‘zining butun qilgan ishlarini qisqacha aytib o‘tganidan so‘ngra, o‘z saltanatini saqlash uchun bolalariga qo‘llanma bo‘lg‘uvdek harbiy-siyosiy yosollarini qurib ko‘rsatib, uni “Temur tuzuklari” deb atamishdir. Aslida esa bu kitob Temurning o‘z qalami bilan o‘zbekcha yozilgan bo‘lsa ham, bunga o‘z merosxo‘rlari ega bo‘la olmaganlar. Eshitishimcha, bu kitobning asl nusxasi London kitobxonasida saqlanmish.
Toshkentdagi Diniya kitobxonasida bundan bir nusxa borligini anglab, uni ko‘rishga qattiq qiziqdim. Qarasam, u oltin kitob o‘z asli o‘zbek tilidan forschaga ko‘chirilgach, o‘z ma’nosini yo‘qotmagan bo‘lsa ham, o‘zbeklik haybatidan ajramish edi. Buni o‘qigach, Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” kitobida aytgan so‘zini eskirib, unga rahmatlar o‘qidim. Navoiy bu kitobida o‘zbek olimlari o‘z ona tillarini qoldirib, forsiy adabiyotlariga berilganliklari uchun qattiq norozilik bildiradi. O‘zbek tilining har to‘g‘rida forsiy tilidan ortiqligini ko‘rsatib, o‘zbekchadan bir yuz og‘iz so‘z keltiradi. Bularga fors shoirlari o‘z tillarida tarjima topolmadilar, deydi.
Men bu so‘zning to‘g‘riligini ilgaridan bilsam ham, ayniqsa, bu kitobni tarjima qilib chiqqanimdan so‘ngra ko‘nglimda hech gumonim qolmadi. Chunki bu kitobning asl nusxasidagi bir necha so‘z o‘zbekcha so‘zlarga forsiyda uning tarjimasi topilmagach, u so‘zlarni tarjimon shul bo‘yicha qoldirishga majbur bo‘lmishdir. O‘quvchilarga anglatish uchun bulardan ba’zilarini bu o‘rinda ko‘rsatib o‘tamiz:
1. Chorpilchor – urushga to‘plash, urush
2. Sovrin – hadya
3. Suyurg‘ol – maosh, yer-mulk
4. Qobu – payt
5. Joldu – in’om
6. Chopul – hujum
7. Chopqulash – qilichbozlik.
Bundan boshqa askar yosollarida qo‘llanmish tubandagi so‘zlarning ko‘prog‘i tarjimaga sig‘magach, o‘zlarini qoldirmishdir. Masalan, g‘o‘l (urush chog‘ida askar saflarining eng o‘rtalig‘i), barang‘ar (askar saflarining o‘ng qo‘li), jarang‘ar (askar saflarining so‘l qo‘li), hirovul (askar saflarining oldidagi bahodirlar to‘pi), shoqovul (urush maydonida ehtiyot to‘pi), chindovul (urush saflarining orqa qo‘riqchi to‘pi). Bulardan boshqa ham tarjima bo‘lmag‘on so‘zlari ko‘pdir.
Endi bu kitobni boshdan-oyoq ko‘rib chiqqanimda, buning asli o‘zbekcha bo‘lib, Temurning o‘z so‘zi ekanligini bildim”.
“Temur tuzuklari” – bu faqat qonunlar majmuasi emas. Unda davlat boshqaruvi falsafasi, rahbar mas’uliyati, adolat tamoyili, intizom va tartib haqida chuqur fikrlar jamlangan. Temur o‘z davlatini qurishda qanday mezonlarga tayangani, rahbar va fuqaro munosabatini qanday tasavvur qilgani aynan shu asarda ifoda topgan.
Sog‘uniy tarjimasi shu jihatdan tarixiy adolatni tiklashga xizmat qildi. U matnni shunchaki so‘zma-so‘z o‘girib qo‘ymadi. Tarjimada tarixiy ruh, davlatchilik ohangi va axloqiy qat’iyat saqlab qolindi. “Amir”, “lashkar”, “adolat”, “insof” kabi tushunchalar o‘z mazmuni bilan yashab qoldi. Bu esa asarni o‘quvchiga yaqinlashtirdi.
Tarjima qilingan davrda uning haqiqiy qadri to‘liq anglanmagan bo‘lishi mumkin. Ammo mustaqillik yillariga kelib, Amir Temur merosi qayta baholanar ekan, Sog‘uniyning xizmati yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Chunki xalq o‘z tarixini asl manba orqali anglash imkoniga ega bo‘ldi. Bu yerda muhim bir haqiqat bor: millat o‘z tarixini boshqalar talqini orqali emas, o‘z manbalari orqali anglashi kerak. “Temur tuzuklari” tarjimasi ana shu yo‘ldagi oqilona qadam bo‘ldi.
Sog‘uniy nafaqat tarjimon, balki ma’naviy ko‘prik qurgan ziyoli edi. U o‘tmishni bugun bilan bog‘ladi. Agar bu tarjima bo‘lmaganida, balki Temur davlatchiligi haqidagi fikrlarimiz chala bo‘lishi tayin edi.
Temur uchun davlat – bu faqat hudud yoki qo‘shin emas, intizom, qonun va mas’uliyat uyg‘unligi bo‘lgan. U “Kuch – adolatda” degan g‘oyani amaliy siyosat darajasiga ko‘tardi. Uningcha, hokimiyat barqarorligi asosi qo‘rquv yoki zo‘ravonlik hisoblanmaydi, balki qonun ustuvorligi bilan ta’minlanadi. Temurning siyosiy qarashlarida shaxsiy manfaat emas, davlat va jamiyat manfaati birinchi o‘rinda turadi. U hokimiyatni boylik yoki shon-sharaf vositasi deb sanamagan, bil’aks, xalq taqdiri uchun mas’uliyat deb bilgan. Bu g‘oyalar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Davlatning mustahkamligi – adolatli tizim, bilimli rahbar va xalq ishonchiga tayanadi. Temur siyosiy merosining eng katta sabog‘i shunda.
Tarix ba’zan shamshir bilan yoziladi, ammo u qalam bilan saqlanadi. Alixonto‘ra Sog‘uniy ana shunday sohibi qalamlardan biri edi. Uning tarjimasi tarixni tiriltirdi, millat xotirasini mustahkamladi va o‘zlikni anglashga xizmat qildi.
Bo‘ri QODIROV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



