02.12.2025 | 16:32
470
TARIXIY TA’RIX
Tarixdan ma’lumki, XX asr boshida bolsheviklar Rossiyada hokimiyatni qo‘lga olgach, Xalq komissarlari sovetining dastlabki hujjatlari – Sulh va Yer haqidagi dekretlardan so‘ng, “Rossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasi” e’lon qilingan va unda “Rossiya xalqlarining ajralib chiqish va mustaqil davlat tashkil etishgacha bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi” ham belgilangan edi. Xo‘sh, bu hujjatga ishonish mumkinmidi? O‘sha davrda bunga ishonganlardan ishonmaganlar ko‘proq bo‘ldi. Lekin nima bo‘lganda ham bu qonuniy imkoniyatdan foydalanib qolish kerak edi. Chunki bunday sharoit yana bo‘ladimi-yo‘qmi, Xudo biladi.

Shu tariqa, 1917-yil 12-noyabrda Toshkentda turli musulmon firqalari va uyushmalarining birlashgan maslahat qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Qurultoy “Hokimiyatning askar, ishchi va dehqon deputatlari soveti qo‘liga o‘tishi munosabati bilan Turkiston o‘lka musulmonlari syezdi butun Turkistonning to‘qson sakkiz foizini tashkil qiluvchi o‘n million jon musulmonlar Rossiya inqilobi va’da etgan ozodlik, tenglik va birodarlik asosida milliy-madaniy o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega deb topadi”, degan mazmunda qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng, Turkiston o‘lkasida muxtor hukumat barpo etish harakati boshlanib ketadi.
Biroq yuqori idoralarida birorta mahalliy millat vakili bo‘lmagan Toshkentday shahri azimda bolsheviklarning ta’siri kuchli edi. Shu sababli, erksevar kuchlarning nigohi Xo‘qandga – bir vaqtlar yirik bir xonlik poytaxti bo‘lib turgan, 600 dan ziyod masjid, 60 dan ortiq madrasa, 6 ta markaziy bozor, o‘nlab tarmoq bozorlar, 30 dan oshiq sanoat korxonasi, o‘nlab bank, savdo uylari, shirkat va moliyaviy uyushmalar, eng asosiy bojxona joylashgan, temir yo‘llar chorrahasi hisoblangan, adabiyot, san’at va hunarmandchilikda o‘z muhit va maktablarini yaratgan, aholi nufusi yuz mingdan oshgan Xo‘qandi latifga qaratildi.
1917-yil 26-noyabrda Xo‘qandning Paxta birjasi (eski teatr, hozirgi musiqa maktabi o‘rnida) binosida o‘lka musulmonlarining to‘rtinchi favqulodda syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezdda poytaxti Xo‘qand bo‘lgan Turkiston muxtor hukumati tashkil topgani e’lon qilindi. Muxtoriyat idorasi Turkiston xalq boshqaruvi (54 kishi), Turkiston vaqtli Kengashi (32 kishi) va hukumat (45 kishi)dan iborat deb belgilandi. Bu olamshumul (ha, olamshumul, zero, u dunyoda birinchi muxtoriyat hukumati edi) voqeaga bag‘ishlab shoirlarimiz tomonlaridan bir qancha ta’rixlar yozildi.
Mazkur ta’rixlar Turkiston Muxtoriyati tuzilgani haqida quyidagi e’lon – varaqaning hoshiyalariga bitilgan edi:
“YASHASUN TURKISTON MUXTORIYATI!
Turkiston musulmonlarining do‘rtunchi favqulodda qurultoyi Turkiston o‘lkasida bo‘lg‘on xalqlarning xohishlari bo‘yincha buyuk Rusiya inqilobi tarafidan berilgan asoslarga binoan federatsiya asosiga qurulg‘on Rusiya Jumhuriyati ila birlikda qolg‘oni holda, Turkistonni yerlik muxtoriyatli, ya’ni territuriyalniy aftunumiyalik e’lon qiladur. Bu muxtoriyatning na suratda vujudga qo‘yilmog‘ini yaqin orada yig‘iladurg‘on Umumturkiston xalqining Uchriditelniy Sobraniyasig‘a (Turkiston Majlisi musulmoni)ga tobshuradur.
Shuning ila barobar, Turkiston o‘lkasida ozchilikni tashkil qilg‘on millatlarning huquqlarining har jihatdan saqlanilmog‘ini ham tantanali suratda bayon etadur.
Shahri Xo‘qand. Hijriya 1336, sana 25 safar al xayriya, milodiy 1917-yil 27-no‘yabr”.
Quyida Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi munosabati bilan bitilgan ta’rixlardan namuna keltiramiz.
Muhammad YAHYOXON XO‘QANDIY,
Qo‘qon davlat muzey qo‘riqxonasi ilmiy xodimi
___
TURKISTONDA YANGI DAVLATNI IBTIDOYI ZUHURIGʻA TA’RIX
Chustlik Domullo Sa’dulloxon A’lamdan
Uyg‘oning ahboblar, to chand o‘lursiz masti xob,
Ko‘rsatur Haq oxiri bedorg‘a rohi savob.
Yetdi bir ayyom Haq in’omidin Farg‘onag‘a
Qilg‘on erdi dabiri oqil hargiz kitob.
Tobqusi oroyish – u tazmin ila ko‘b intizom,
Odatan obod bo‘lur har mulkkim, bo‘ldi xarob.
Bo‘ldi Turkiston elidin muslimin jam’iyati
Har biri Turonzamin arbobidin bir intixob.
Markaz Farg‘ona, dorulmulki Xo‘qandi latif,
Ul jamoat aqlidin tobti ziyo-i oftob.
Royizan bo‘ldi hama bu mulkni tadbiri uchun
Kayqubod o‘rniga qo‘ymoqchi bu kun Afrosiyob.
Donishi arbob savol ayladi har bobdin,
Bir tarafdin rahm eli aytur edi rangin javob.
Mustabid shohi muvaqqat azlini so‘ylar xatib,
Yangi davlatni asosidin qilur erdi xitob.
Bor edim man ham o‘shal majlisda bir kursinishin,
Bir jamoatdin bo‘lub erdim u kun noib maob.
Majlisi sargarm notiqlar bari shirin maqol,
Elni hayratg‘a solur bu kasrati bahs-u javob.
Afto‘numiya arog‘a soldilar e’lonini,
Uchr. sobraniyya mustahkam qilur hozo javob.
Ittifoq o‘ldi hama majlis eli berdi qaror,
Yerli Muxtoriyatig‘a uchr.da bir so‘z javob.
Ushbu ijmoi saodat tavomi matlubimiz
Qo‘lg‘a kelg‘usi durur, vallohi a’lam bissavob.
Xatmi majlis oyati Qur’on ila tobti kamol,
Bo‘lg‘umiz Allohi akbar bu maqosidg‘a mujob.
Shahar xalqi ul kuni ozodlik bayroqini
Ko‘rsatib jam’ bo‘ldilar, onlarda yo‘q haddi hisob.
Jomei Jannatmakonda Haqqa aylab iltijo,
Takbir aytib ko‘b duolar qildi, bo‘lg‘ay mustajob.
A’lami Chustiyi Sa’diy nom taxallusim mani,
Yangi davlat ibtidosin ayladim nazmi kitob.
Markazi Farg‘ona bu davlat bila bo‘lg‘ay rafi’,
Lafzidin ta’rix olindi, bo‘ldi beranj-u hisob.
Istadim piri xiraddin yangi davlat ta’rixin,
Zohir o‘lg‘usi deyub, Farg‘onadin berdi javob.
Sa’dulloxon A’lam ash’oridagi ta’rix moddasi “Farg‘onadin berdi javob” jumlasidadir.
Ya’ni, abjad hisobi bilan hijriy 1336-sana (milodiy 1917) kelib chiqadi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-noyabrdagi 48-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



