Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.09.2025 | 09:33

img987

“MANGU QUYOSH”: TARIXIY HAQIQAT VA BADIIY TAFAKKUR CHORRAHASIDA

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali tarixiy mavzularda teran va keng qamrovli asarlar yaratishda yetakchi adiblarimizdan biri sanaladi. Uning “Ulug‘ saltanat” roman-epopeyasi, “Sarbadorlar” dilogiyasi, “Kleopatra” va “Abadiy sog‘inchlar” singari tarixiy asarlari xalqimiz madaniy merosini o‘rganishda muhim o‘rin tutsa, yaqinda nashr etilgan “Mangu quyosh” romani adib ijodidagi yangi yutuqdir.

Alisher Navoiy obrazini yaratish yozuvchidan katta mahorat talab qiladi. Navoiy nafaqat buyuk shoir va davlat arbobi, balki falsafa va madaniyatning tub ildizlariga chuqur singib ketgan, hanuz ko‘p qirralarini ochishni talab qiladigan buyuk siymodir. Shu bois, bu sharif zot timsolida tarixiy, madaniy, falsafiy bilimlar bilan birga, o‘sha zamonning siyosiy-ijtimoiy konteksti ham aniq aks ettirilishi zarur.

Muhammad Ali “Mangu quyosh” romanida aynan shu murakkab ishni uddaladi. U nafaqat Navoiy hayoti va ijodining chuqur psixologik va falsafiy qatlamlarini ochib beradi, balki o‘sha davr voqeligini aniq va jonli tarzda tasvirlaydi. Yozuvchi o‘z asarida tarixiy haqiqatni badiiy noziklik bilan uyg‘unlashtirib, o‘quvchiga boy ma’naviy va madaniy merosni taqdim etadi. Bundan tashqari, Muhammad Ali Navoiy timsolini ko‘plab madaniy va tarixiy stereotiplar orasidan chiqarib, yangi va obyektiv yondashuv bilan tasvirlashga muvaffaq bo‘ldi.

“Mangu quyosh” asari shu ma’noda og‘ir mehnat natijasi va tarixiy shaxslar timsolidagi insoniylik, falsafiy teranlik va ma’naviy boylikni o‘quvchiga yetkazishda muhim qadam bo‘ldi.

Romanni o‘qish jarayonida o‘quvchi Navoiy dahosi qirralarini kashf eta boshlaydi: “Navoiy kim? Shoirmi, amirmi, muhrdormi, hokimmi, muqarrabi sultonmi, avliyomi?” Shoirning atrofidagi kishilar, Sulton Husayn, Badiuzzamon Mirzo, Shayxim Suhayliy, Xondamir, Sultonali Mashhadiylar har biri o‘z ko‘nglida shu savolga javob topishga intiladi.

“Mangu quyosh” romanida diqqatimizni tortgan eng muhim jihat bu – Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqaro o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, sadoqat va hamfikrlik munosabatidir.

Bu ikki buyuk tarixiy shaxsning do‘stligi o‘zbek adabiyoti va tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir. Muhammad Alining “Mangu quyosh” romanida bu do‘stlik o‘zining eng samimiy va murakkab jihatlari bilan badiiy tasvirlangan. Kitobxon “Mangu quyosh”da nafaqat moziydagi voqealarni, balki insoniy munosabatlar va tarixiy shaxslarning ichki dunyosini ham his qiladi. Bu o‘rinda yozuvchining eng katta yutug‘i shundaki, tarixiy shaxslar faqat voqelikdagi tasvirlar bilan emas, ruhiy kechinmalari, ichki dunyolari bilan mutanosib jonlantirilgan.

Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro o‘rtasidagi do‘stlik, avvalo, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan edi. Ular bir vaqtning buyuk ziyolilari, davlat arboblari va ijodkorlari sifatida bir-birining fikr va qarashlariga alohida e’tibor berishgan, fikr almashishgan.

Boyqaro va Navoiy orasidagi munosabatlar orqali ikki buyuk shaxsning  murakkab va o‘ziga xos ko‘p qirralari ochib beriladi. Boyqaro – ziddiyatli siyosiy shart-sharoitlarda mohir arbob, o‘z xalqining manfaati uchun kurashgan sarkarda va hukmdor sifatida gavdalansa, Navoiy ilm-fan, adabiyot va falsafa sohasidagi buyuk ustoz sifatida ko‘rsatiladi.

Muhammad Ali “Mangu quyosh”da Navoiy va Boyqaroning o‘zaro suhbatlarini juda jonli va tabiiy tarzda aks ettiradi. Ularning suhbatlari orasida, misol uchun, davlat boshqaruvi, adabiyotning maqsadi, inson ruhining sirli qirralari haqida teran fikrlar uchraydi. Bu suhbatlar nafaqat tarixiy kontekstda, balki zamonaviy kitobxon uchun ham qimmatli ta’limotlar, ma’naviy g‘oyalar taqdim etadi. Kitobxon mutolaa davomida, ularning fikrlarida o‘sha davrning ijtimoiy, madaniy, ma’naviy muammolari va qarashlarini teran his qiladi.

Bundan tashqari, romanda Husayn Boyqaroning Navoiy ijodiga bo‘lgan samimiy e’tibori, uni qo‘llab-quvvatlashi ham yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan. Bu adibning tarixiy manbalar va badiiy talqinlarni uyg‘unlashtirishga ustaligidan dalolat. Boyqaroning Navoiyga bo‘lgan ishonchi va muhabbati, shuningdek, ular o‘rtasidagi do‘stlik ruhiy birlashuv va ijodiy o‘sishga sabab bo‘lgani kitobxon qalbida o‘chmas iz qoldiradi.

Muhammad Ali bu do‘stlikni tasvirlashda o‘rta asrlar turkiy tilining o‘ziga xos ohangini saqlagan, asar tili boy va rangin. Romandagi suhbatlar, qahramonlarning ichki fikrlari, hissiyotlari – bularning barchasi o‘quvchini o‘sha davr hayotiga chuqur sho‘ng‘ishga undaydi. Romandagi Navoiy va Boyqaro do‘stligi haqidagi sahifalar tarixiy dalillar va badiiy tasvirlar bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirilgan. Yozuvchi bu do‘stlikni tarixiylik bilan badiiylik orasidagi nafis muvozanatda keltiradi. Adib muhim tarixiy voqealargina emas, kichik tafsilotlar orqali ham Navoiy va Boyqaroning qalb yaqinligini mahorat bilan ko‘rsata olgan.

Bilamizki, Navoiy hamisha ko‘pchilikni qiziqtirib kelgan o‘z shaxsiy hayoti, masalan, ota-onasi haqida, kamtarlik yuzasidan, deyarli so‘z yuritmagan. Shoirning biron yerda onaizori ismini yozmagani ham bunga dalil. Muhammad Ali esa shoir onasining ismini aniqlashda ulug‘ adib Oybek izidan boradi va uning “Bola Alisher” qissasida keltirilganday, muborak ismni “Gulbegim” deb ataydi.  Bundan tashqari, u Badiuzzamon Mirzo, Mo‘min Mirzo voqealari, Xadicha begim uyushtirgan saroy o‘yinlarini mahorat bilan tasvirlab, Navoiyning hovlisi, undagi binafshazorni mehr bilan ta’riflaydi. Alisher suyukli yorini ilk bor ko‘rganda, Bade’uljamol binafsharang ko‘ylakda edi. Binafsha, binafsharang – asarda ramzga aylanadi. Suyuklisi olamdan o‘tgandan keyin shoir Unsiya hovlisini binafshazorga aylantiradi. Alisher Mashhadda Abulqosim Bobur bog‘ida shunday binafshazorni ko‘rgandi. Har kun ertalab bomdod namozini ado etgan Navoiy binafshazorni aylanib, so‘ng o‘rtadagi supada o‘ltirib, ko‘kka boqib Bade’uljamol bilan suhbatlashadi…. va ko‘ngli taskin topadi. Bu odatga aylanadi, hajga borishdan oldin binafshazor bilan alohida xayrlashadi… Binafshalar boshlarini egib qoladilar…

Yozuvchi Navoiyning haj safariga otlanganini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi. Romanning “Olamning nuri” bobida shunday so‘zlarni o‘qiymiz:

“ …Ilohi, men tavba qildim degandin bobidane sud, sen tavba bergilki, ham Tavvobsen-u ham Ma’bud…
Ilohi…
Ilohi… Ilohi…
Tag‘i…
Tag‘i…
Haj safari davom etmakda.
Navoiy hali-hozir yo‘lda ketmakda…
Hijoz tuprog‘igacha yo‘l uzoq… Uning oxiri yo‘q…
Yo‘l uzoq…”

Navoiyning kim ekani haqidagi bahs butun asar davomida o‘quvchi xayolidan ko‘tarilmaydi. U amirmi, shoirmi, avliyomi, farishtami, yo?..

Lekin Navoiy ularga o‘xshamasdi. U boshqacha edi. Sulton Husayn Navoiy haqida so‘zlab, uning quyosh ekanini aytadi, hamisha kulib, jilmayib turadigan quyosh…

Hech qachon so‘nmaydigan, olijanob va saxovatli mangu quyosh…

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Mangu quyosh” tarixiy romani, so‘zsiz, o‘zbek adabiyotini boyitgan asardir. Asar umummilliy bobomiz Alisher Navoiy siymosini, ichki olamini, murakkab hayotini mohirona ko‘rsata olgan asar sifatida qadrlanishiga aslo shubha yo‘q. Biz yoshi ulug‘ adibimizni shunday ajoyib, mag‘zi to‘q roman bilan qutlashga o‘zimizni haqli sezamiz. Muborak bo‘lsin!

Shuhrat SIROJIDDINOV,
akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img83

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img132

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img324