Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.04.2024 | 10:28

img878

KREATIV IQTISODIYOT: ISTIQBOL VA MUAMMOLAR

Nurislom TO‘XLIYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori,

iqtisodiyot fanlari doktori, akademik

– Hurmatli Nurislom aka, xabaringiz bor, Res­publika Ma’naviyat va ma’rifat kenga­shining 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘i­lishida davlatimiz rahbari tomonidan xalqimizning birdamligi, erkin­ligi va farovonligini ta’­minlashga qaratilgan qator ezgu tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, joriy yilda Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bag‘ishlangan xalq­aro konferensiya o‘t­kazish nazarda tutilgan. Kreativ iqtisodiyot nisbatan yangi yo‘­­­nalish bo‘lib, ­uning maz­­­­­­mun-mohiyati keng ja­mo­­at­chilikka hali u qadar tu­­­­­shunarli emas. Shunga ko‘ra, dastavval o‘quvchilari­mizni kreativ iqtisodiyotning “tarjimai holi”dan boxabar qilsangiz.

– “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor”, deydi dono xalqimiz. Dar­haqiqat, avvalboshda bu tushuncha­ning ma’no-mazmunini anglab olganimiz ma’qul. Kreativ (kreativlik) lotincha “creatio” so‘zidan olingan bo‘lib, ijod, ijod qilish ma’nosini anglatadi. Kengroq ma’noda u kishining standart g‘oyalar, an’anaviy qoida-yu qoliplardan chiqish qobiliyatini bildiradi. Sirasi, u ilg‘or fikr va yondashuvni, originallikni taqozo qiladi. Iq­tisodiy ravnaq uchun kreativ fikrlashning o‘zigina kifoya emas. Undan yaratuvchi ham, iste’molchi ham birdek manfaatdor bo‘lishi, naf ko‘rishi kerak bo‘ladi. Buning uchun esa har qanday kreativ g‘oya moddiylashuvi, tovar va xizmatga aylanishi kerak. Keyingi bosqich tijoriylashuvdir. Kreativ tovar va xizmatlar bozor obyekti sifatida yetilishi, ta’bir joiz bo‘lsa, tarozidan o‘tishi, iste’molchi ehtiyojini qondirishi lozim. Shundan keyingina u iqtisodiy o‘sish omiliga aylanadi.

Shu ma’noda kreativ va innovatsion iqtisodiyot bir-biriga o‘xshab ketadi. Ammo ular o‘rtasida anchagina farqlar ham mavjud. Kreativ iqtisodiyot intellektual, madaniy tovar hamda xizmatlarni yaratish, rivoj­lantirish va tijoratlashtirish­ga qaratilgan. Binobarin, san’at, madaniyat, kino, dizayn, media, moda, ma’naviy meros, urf-odat, an’analar va bosh­qalar uning asosiy unsurlari hisoblanadi. Innovatsion iqtisodiyot esa ishlab chiqa­rish, texnika, texnologiyalar va biz­nesga yangiliklar kiritishning barcha jabhalarini qamrab oladi. Bu jarayonda mutlaqo yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi, xizmatlar yaratiladi. Kreativ iqti­sodiyotda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasiga ijodiy yondashuv orqali madaniy va intellektual aktivlardan foydalaniladi.

Biroq o‘zaro jiddiy farqlari bo‘lishiga qaramay, kreativ va innovatsion iqtisodiyot bir-birini to‘ldirib, iqtisodiy o‘sish sharti va omili vazifasini bajaradi.

Kreativ iqtisodiyotni boshqa iqtisodiyot shakl­laridan ajratib turadigan bir necha o‘zak xususiyati mavjud. Ular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

– kreativ iqtisodiyot innovatsiyalar va ijodiy fikrlashni rag‘batlantirishga tayanadi, bu jarayonda mahsulot, xizmat va iqtisodiy jarayonlarni takomil­lashtirishga hissa qo‘shadigan g‘oyalar, dizayn, madaniyat va boshqa kreativ jihatlar qiymati alohida ahamiyat kasb etadi;

– kreativ iqtisodiyot san’at, dizayn, musiqa, kino, adabiyot kabi ijodiy sohalar bilan vobasta ish ko‘radi, ya’ni san’at va madaniyat yo‘nalishlari iqtisodiy rivojlanish va ish o‘rni yaratishga ko‘makka keladi;

– kreativ iqtisodiyot o‘zgaruvchan bozor sha­roitlariga ko‘nikishga, moslashuvchanlikka asos­lanadi, u biznesdagi xilma-xillik va innovat­siyalarni qo‘llab-quvvatlaydi va shu tariqa yangi sanoat va bozorlar shakllanadi, rivojlanadi;

– kreativ iqtisodiyot jamiyatning turli bo‘g‘in­­la­ri – biznes, hukumat, ta’lim va madaniyat o‘r­ta­sidagi hamkorlikni rag‘batlantiradi, bu esa mush­tarak maqsadlarga erishishda bilim, tajriba va resurslar almashinuviga xizmat qiladi;

– kreativ iqtisodiyot ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatlarni hisobga olgan holda barqaror taraqqiyotga intilish demakdir. Ayni chog‘da, iqtisodiy o‘sish va resurslardan oqilona foydalanish o‘rtasida mu­vozanat, “oltin o‘rtaliq”ni saqlashga e’tibor qa­ratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, kreativ iqtisodiyot bar­­qaror o‘sish va raqobatbardoshlikni rag‘bat­lantirgan, ijodkorlik va innovatsiyalarga tayangan holda jamiyatni yangi taraqqiyot manzillariga eltishga xizmat qiladi.

– Bugungi kunda mahsulotni baholashda xomashyo, texnologiya, mehnat resurslaridan ko‘ra, aql kuchi va g‘oyaning qiymati ko‘proq tosh bosmoqda. Deylik, “Apple” kompaniyasi yaratgan smartfonlar, yana boshqa dongdor shir­katlar ishlab chiqqan dasturlar hamda o‘yin­larning yetti iqlimda bozori chaqqon. Ma’lumotlarga qaraganda, Yaponiyadagi “Poke­mon” kompaniyasining shu nomli o‘yin­lar turkumidan oladigan daromadi bizning paxta­chilikdan topadigan yillik foydamizdan ko‘proq ekan. Sizningcha, O‘zbekistonda kreativ iqti­so­diyotning muhim nuqtalari sifatida qaysi yo‘nalishlarga e’tibor berish kerak?

– Zamonaviy iqtisodiyotda aql-zakovat va g‘oyaning ahamiyati tobora ortib borayotganini inobatga olib, O‘zbekistonda bunyodkorlik tar­moq­lariga e’tibor qaratish lozim. Kamina mam­lakatimizda kreativ iqtisodiyotni rivoj­lantirish bora­sida quyidagi aniq vazifalarni qayd etgan bo‘lur edim:

– ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, moliya kabi sohalar uchun innovatsion mobil ilovalar yaratish;

– axborot, xizmatlar va ko‘ngilochar dasturlardan qulay foydalanish uchun ilg‘or onlayn platformalarni yo‘lga qo‘yish;

– foydalanuvchilarning bilim olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun turli intellektual o‘yin­lar­ni yaratish, audiovizual kontentni boyitish, obraz­li ayt­ganda, virtual haqiqatni shakl­lantirish;

– noyob mahsulotlarni ijod qiladigan dizayner, dasturchi va rassomlarni, qolaversa, san’at va adabiyot vakillarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash;

– ta’lim samaradorligi va qulayligini oshirish uchun onlayn ta’lim dasturlari, elektron darsliklar, bilim olish platformalari va xizmatlarini ishlab chiqish.

Ochig‘i, hech bir investitsiya ilmiy-ijodiy salo­hi­yatni oshirishga sarflangan sarmoyachalik jami­yatga foyda keltirmaydi. Biz yuqorida sanab o‘tgan yo‘nalishlarga ajratilgan investitsiyalar ham diversifikatsiyalangan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rni yaratish hamda O‘zbekistonning innovatsion va bunyodkor mamlakat sifatidagi obro‘sini oshi­rishga xizmat qiladi.

Kreativ o‘sish nuqtalaridan biri, so‘zsiz ta’lim­dir. Bugun mamlakatimizda ta’lim ravnaqi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda. BMTning Inson rivojlanish indeksida muhim uch ko‘rsatkichdan biri hisoblanadigan ta’lim darajasi bo‘yicha biz dunyoda eng oldingi o‘rinlarda turamiz. Bu quvonarli, albatta. Ammo erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lmay, tizimdagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish tadorigini ko‘rmog‘imiz lozim. Biz oliy ta’limda nazariy bilim berish bilangina kifoyalanib qolamiz. Talabalarni zaruriy malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, ishlab chiqarishga tayyorlash borasida esa oqsamoqdamiz. Buning oqibatida qo‘lida diplom bilan katta hayotga qadam qo‘ygan yosh mutaxassislar ishlab chiqarishga birdaniga kirishib ketolmaydi, hayotda o‘z o‘rnini topolmaydi. Pirovardida esa qo‘nimsizlik, mehnat migratsiyasi kuchayadi.

Bugun ta’lim islohoti hayot-mamot masalasiga aylangan. “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strate­giyasida bu muhim ijtimoiy sohani rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilgani, 2024-yilga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nom beril­gani ham tasodif emas. Rasmiy statistika bo‘yicha 14-30 yoshdagilar yoshlar toifasiga kiriti­ladi. Ular nufuz jihatdan katta kuch ekani sir emas, endilikda yoshlar nufuzi jihatdan ham jamiyatning harakatlantiruvchi qatlamiga aylanishi zarur. Demak, yoshlarning mustaqil hayotga kirishi, yaxshi bilim olishi, munosib kasb-hunar egallashida butun jamiyat yelkadosh, ko‘makdosh bo‘lmog‘i lozim. Chunki farzandlarimiz hayot yo‘li, kasb-hunar tanlovida xatoga yo‘l qo‘ysa, uni butun umri davomida tuzatishi qiyin bo‘ladi.

Keyingi yillarda “inson kapitali” tushunchasiga katta e’tibor berilayotgani ham bejiz emas. Inson kapitali bu – insonning iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishida unga qanot bo‘ladigan bilim, ko‘nikma, tajriba va qobiliyatlar yig‘indisidir.

Jahonning peshqadam mamlakatlarida bilim iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lidagi sa’y-harakatlar tufayli inson kapitaliga e’tibor yanada ortmoqda. Bugun dunyo davlatlari inves­titsiyalar, texnologiyalar va bozorlar uchun ayovsiz raqobat va kimo‘zar poyga­ga kirishgan. Raqobatbardoshlik va innovatsion rivojlanishni ta’minlaydigan asosiy resurs esa inson kapitalidir.

Yana bir kreativ o‘sish nuqtasi – axborot texnologiyalarini rivojlantirishdir. Soha ravnaqiga yanada ko‘proq ahamiyat qaratish, e’tirof va e’tibor qozongan “Bir million dasturchi” loyihasini bundan-da kengaytirish lozim.

Biz kreativ iqtisodiyotni rivojlantirar ekanmiz, an’anaviy iqtisodiyot va uning tarmoqlarini inno­vatsion takomillashtirish, uning kreativligini oshi­rishni diqqat-e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak, albatta. Kreativ iqtisodiyot an’anaviy iqti­sodiyotga muqobil tarzda ijod ahlini, iste’dodlarni kashf etish, yuzaga chiqarish uchun muhim. Bu yo‘nalish jahon yalpi ichki mahsulotining 10 foizini beradi, xolos. YIMning qolgan ulushi indus­­­­­­t­­­­rial va agrar soha, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga tegishli.

– Kreativ iqtisodiyotning aniq chegaralari belgilanmagan. Ammo deyarli barcha tasnif­larda hunarmandlik, moda, dizayn, kino, shou-biznes sohalari uning asosiy tarmoqlari sifatida ko‘rsatilgan. Nima deb o‘ylaysiz, madaniyat va san’atning qaysi yo‘nalishi O‘zbekistonda kreativ sohasining drayveriga aylanishi mum­kin?

– Kreativ iqtisodiyotni kreatorlar talantli shaxslar yaratadi. Mintaqamizda suv, tabiiy boyliklar zaxirasi cheklangan, xomashyo resurslari qachondir tamom bo‘ladi. Biroq talantlar bisyor. Xalqimiz azaldan iste’dodli, omilkor va ishbilarmon el sifatida mashhur bo‘lgan. Kreativ iqtisodiyot unsurlaridan biri hisob­langan shou-biznesni olsak, uni odatda davlat moliyalashtirmaydi, homiylar va san’atkorlarning o‘z jamg‘armasi hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ya’ni, talantlar ko‘pincha o‘z kuchi bilan maydonga chiqadi. Masalan, estrada xonandasi Ozoda Nursaidova o‘zining bugun dunyo miqyosida trendga chiqqan “Ko‘k “Jiguli” yoki xonanda Dilnoz yoshlar orasida ommalashgan “Saharlarda” qo‘­shi­g‘ini yaratish uchun lozim bo‘lgan mablag‘ni o‘zlarining yonidan sarflagan. Shou-biznes misolida ko‘rmoqdamizki, o‘sish uchun uch narsa talab etiladi: halol “o‘yin qoi­dalari”, iste’dodlarga xalal bermaslik va imkon qadar ularni qo‘llab-quvvatlash. O‘z davrida Sharof Rashidov g‘amxo‘rlik qil­ma­ganida “Yalla” va “Bahor” ansambllarining dunyoga tanilishi amrimahol edi. Qozog‘istonlik eks­pertlar Dimash Xudaybergan, Oysulton Seyitov va Imanbek Zeykenov kabi san’atkorlarini dunyo miqyosidagi talantlar deb baholamoqda. Qardoshlarning yutug‘iga g‘ayirlik qilmoq niyatimiz yo‘q, ammo bizda shunday talantlar kammi? Noyob ovoz sohibalari hisoblangan Munojat Yo‘lchiyeva, Sevara Nazarxon, iste’dodli kompozitor Sultonali Rahmatov, shedevr asarlar yarata oladigan rejissyorlarimiz, ijodkorlarimiz juda ko‘p. Lekin biz ularni munosib qo‘llab-quvvatlayapmizmi? Gap shunda.

Birgina iste’dod sohibi ham o‘z millatini olamga tanitishi va shu orqali mamlakatga katta daromad keltirishi, o‘sha yurtda kreativ iqtisodiyot nash’u namo topishi mumkin. Uzoq bormaylik, Chingiz Aytmatov tufayli qirg‘izlarni, Muslim Magomayev tufayli ozarbayjonlarni dunyo tanidi…

– O‘zbekiston haqli ravishda allomalar yurti deb e’tirof etiladi. Diyorimizning barcha go‘shalarida ulug‘ avliyolar, mutafakkir olimlar va qilqalam shoirlarning qadamjolari mavjud. Samarqand va Buxoro shaharlari Sharqning ikki gavhari sifatida olamga mashhur. Shun­day ekan, yurtimizda ziyorat turizmining imkoniyatlarini kengaytirish ham kreativ iqtiso­diyotning asosiy vazifalaridan emasmi?

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, mamlakatimizda ziyo­rat turizmi imkoniyatlarini kengaytirish kreativ iqtisodiyotining asosiy vazifalaridan biriga ayla­nishi lozim. Boy madaniy meros, qadim tarix diyorimizni ziyorat turizmi uchun jozibador mas­kanga aylantirishi shubhasiz. O‘nlab shahar­la­rimizda me’moriy obidalar, buyuk alloma va avliyolar maqbaralari, ko‘hna masjid-u madra­salar, muqaddas qadamjolar xalqimizning be­baho xazinasi hisoblanadi. Ana shu ma’naviy boy­li­gimizdan o‘rinli va samarali foydalanish haqida jiddiyroq bosh qotirishimiz kerak.

Ziyorat turizmini rivojlantirish – madaniy merosni asrab-avaylash, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilma va xizmatlarni takomillashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash deganidir.

Mamlakatimizga ziyorat maqsadida kelayotgan sayyohlar ma’naviy merosimizga oid esdalik sovg‘a­lari, kitoblar va boshqa tovarlarni xarid qi­lish­ga qiziqishi tabiiy. Afsuski, biz ziyoratga kela­yotgan turistlarga mahobatli binolar va qadimiy maqbaralardan boshqa arzigudek narsa taqdim etolmayapmiz. Holbuki, turist har qadamda qiziq va yangi, boshqa joyda uchramaydigan holat­larning guvohi bo‘lishni istaydi. To‘ylarimiz, teatr­lashtirilgan tomoshalarimiz, baxshilarimiz, mil­liy kiyimlarimiz, o‘yinlarimiz, udumlarimiz – hamma-hammasini ularga namoyish etish yo‘llarini to­pish kerak. Yurtimizda tashkil etilayotgan qator xalqaro anjumanlar, xususan, maqom, baxshichilik, raqs, hunarmandchilik, ipak va ziravorlar, gullar festivallari ayni shu maqsadga qaratilgani bilan e’tiborlidir. 

Binobarin, ziyorat turizmini rivojlantirish mam­la­kat iqtisodiyotini mustahkamlash, investisiyalarni jalb etish va O‘zbekistonda madaniy turizmga qiziqishni oshirishda muhim omil sanaladi.

Sayyohlikning bu yo‘nalishini rivojlanti­rish uchun ulkan resurslarimiz bor. Mamlakatimizda 745 ta ziyorat obyekti ro‘yxatga olingan, ammo ular­ning 10-15 foizi tashqi va ichki turistlar uchun mar­­shrutga kiritilgan. To‘g‘ri, aksariyat ziyorat obyektlari mahalliy ahamiyatga ega, tarixi to‘liq tadqiq etilmagan, zarur infratuzilmaga ega emas madaniy meros obyekt­lari ham bir necha yuzlab. Hozirgi asosiy vazifa ularni kapitalga aylantirishdir.

O‘zbekistonda buyuk muhaddis Imom Buxoriy qadamjosi ziyorat turizmining markazida turishi shubhasiz. Ayni paytda hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan bu ulug‘ vatandoshimizning siymosi va o‘lmas ma’naviy merosini o‘rganishga juda katta e’tibor qaratilib, uning ziyoratgohida muhtasham majmua barpo etilayotgani ayni muddaodir. Ushbu majmua Makka, Madina, Quddusi sharifdagi muqaddas qadamjolar kabi dunyoda keng targ‘ib etilishi kerak. Birinchi nav­bat­da Imom Buxoriy hazratlarining hayoti va merosi haqida har jihatdan mukammal bo‘lgan kinoserial yaratish maqsadga muvofiq. Serial ssenariysining nomidan to xotimasiga qadar mukammal bo‘lishi, filmda o‘sha davr tarixi, madaniyati, xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, allomaning beqiyos ma’naviy jasorati, xususan, Islomdagi firqalanish, sof e’tiqodni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish yo‘lidagi xizmatlari bo‘yab-bejamasdan xolis va obyektiv yoritilishi lozim. Men bu masalaga alohida urg‘u berayotganim bejiz emas. Tarixiy qahramonlarimizni tirik inson sifatida tasvirlashda ortiqcha hayajon-u pafoslardan tiyilish talab etiladi. Taassufki, tarixiy mavzudagi ayrim kino va adabiyot asarlarimiz xalqni ajdodlarimizdan uzoqlashtirishdan boshqasiga yaramaydi. Tarixiy shaxslarni ilohiylashtirishdan insoniylashtirishga o‘tish vaqti keldi. Bu ham kreativlikning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

– Keyingi vaqtlarda yurtimizda milliy hunar­mandlik, xalq o‘yinlari va folk­lor sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amal­ga oshirilmoqda. Lekin ba’zan bu ishlar fes­ti­valdan festivalgacha unutilib, e’tibor­dan chet­da qolib ketishi ham sir emas. Ushbu soha­larni rivoj­lantirish, hunarmand va ijod­korlarning mehnatini real iqtisodiy daro­mad­ga aylantirish uchun ko‘makchi sohalar – reklama, turizm, dizayn, kompyuter grafikasi imkoniyatlarini ishga solish vaqti kelmadimi?

– Savolingiz o‘rinli. Bizda kreator, innovator kadrlarni tayyorlaydigan, dunyo maydoniga olib chiqadigan ilmiy-ijodiy maktab shakllanmagan. Milliy hunarmandlik, xalq o‘yinlari, folklor va fes­ti­vallarni esga oldingiz. Bu siradagi tadbir­la­ri­miz ba’zida nomiga o‘tkazilayotgandek. Na­man­­gan­dagi gullar bayrami, Marg‘ilondagi xalq hunar­mandligi, Buxorodagi zardo‘zlik yarmarka-festivallarining juda katta imkoniyatlari bor. Lekin ular shu paytgacha xalqaro brend darajasiga ko‘­ta­rilgani yo‘q. Surxondaryodagi xalqaro kurash musobaqasi, “Boysun bahori” festivali haqida ham shuni aytish mumkin. Xorazmda “Qovun sayli” yaxshigina boshlangan edi, bugun uning ham dovrug‘i so‘ngandek.

Yurtimizda xalq hunarmandligining bir necha ming yillik shonli tarixi bor, bugungi imkoniyatlari ham ulkan. Yaqinda davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olinayotgani, ammo uning atigi 6 foizi qayta ishlanayotganiga e’tibor qaratdi. Darhaqiqat, mamlakatimiz oltin qazib olish bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kiradi. Masalan, Hindistondek ulkan mamlakatda oltin qazib olish tonnada emas, kilogrammda hisoblanadi. Aniqrog‘i, ushbu mamlakat yiliga atigi 2-3 ming kilogramm oltin qazib oladi, ammo har yili chetdan 1000 tonnagacha oltin import qiladi. Oltin qazib olish ko‘rsatkichi kam ekaniga qaramay, Hindis­ton YIMning 7 foizi zargarlik buyumlarini sotishdan shakllanadi. Mamlakat yaqin yillarda zargarlik mahsulotlari eksportini 40 milliarddan 100 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda. Hind hunarmandlari an’ana­viy zargarlikdan brend zargarlikka o‘tmoqda. Demak, bu borada ham ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishimiz lozim. 

Haqiqatan ham, hunarmandlikni iqtisodiy da­ro­mad manbaiga aylantirish bu sohani asrab-avaylash va targ‘ib qilish kabi muhim vazifa hisob­lanadi. Bunga erishish yo‘llaridan biri – reklama, turizm, dizayn, kompyuter grafikasi kabi turdosh tarmoqlarni rivojlantirishdir.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, mahalliy aholi va chet ellik sayyohlar e’tiborini tortadigan noyob mahsulot va xizmatlarni yaratish orqali milliy hunarmandlik va folk­lorni iqtisodiyotga uyg‘unlashtirish mumkin. Sayyohlar hamisha noyob tajriba va asl mahsulotlarni ayricha qadrlaydi, bu esa mahalliy hunarmandlar va ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Shuningdek, yosh avlodni zamonaviy texno­lo­giyalardan, dizayn va marketingdan foydalanishga o‘rgatish, ularning ijodiy ishlarini ommalashtirish katta ahamiyatga ega. Bu nafaqat an’analarni saqlab qolish, balki ijodni muvaffaqiyatli biznesga aylantirishga yordam beradi. Demak, zamonaviy ishlab chiqarish imkoniyatlaridan foydalana oladi­gan ijodkorlarni tarbiyalash milliy hunarmandlik va xalq og‘zaki ijodining iqtisodiy resurs sifatida muvaffaqiyatli rivojlanishining garovi bo‘la oladi.

– Muhammad Abdu, Ismoil Gʻasprali, Ahmad Donish, Muhammad Iqbol, Abdulla Qodiriy… XIX asr oxiri – XX asrning boshida Sharq ma’rifat­parvarlarining barchasi Gʻarbning qudrati – ochiq-sochiq qizlarning raqs va qo‘shiqlari yoki ichkilik va sigaretasida emas, balki uning ilm-u irfonida, bilim va ma’rifatida, deb bong urganlar. Ammo ne tongki, o‘shanda odamlar sharobxo‘rlik va fahshni zamonaviylikning birlamchi belgisi deb qabul qildi va… adashdi!

“Tarix takrordan iborat” deganlari rost shekilli, bugun ham shunga o‘xshash vaziyatga duch keldik. Biz mutaraqqiy olamning ma’naviy illatlaridan ulgi olishga ko‘proq rag‘bat ko‘rsa­tayotirmiz. Holbuki, e’tiqod erkinligi bilan e’ti­qod­sizlik erkinligi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor.

Mavzuga qaytaylik. Kreativ iqtisodiyot bo‘yi­cha qaysi mamlakatlar tajribasini o‘rga­nishni maqbul deb hisoblaysiz? 

– Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘­yicha eng muvaffaqiyatli tajribani Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Qatar, Yaponiya, AQSh kabi mamlakatlarda ko‘rish mumkin. Bu davlatlar madaniyat sohalariga faol sarmoya kiritmoqda, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlamoqda, innovatsion loyihalar ishlab chi­qib, bunyodkorlik iqtisodiyoti yuksalishi uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda. O‘zbekiston ham ular­ning tajribasidan foydalanishi mumkin. 

Londonda Shoreditch (https://www.londonitis.com/shoreditch-where-creativity-meets-urban-vibes/) va Covent Garden (https://www. covent­garden.london/) kabi bir nechta muvaffaqiyatli kreativ klasterlar mavjud. Ular ijodiy mutaxassislar, startap egalari, dizaynerlar, rassomlar va boshqa ijodiy soha vakillari boshini qovushtiradi. Ijodiy lo­yihalarni ishlab chiqish uchun ko‘plab studiyalar, galereyalar, dizayn byurolari, kovorking maydonlari va boshqa platformalar ham bor.

Londondagi kreativ klasterlar madaniyat indust­riyasining turli tarmoqlari vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay muhit yaratadi, yangi g‘oya, loyiha va mahsulotlarning paydo bo‘lishiga doyalik qiladi.

Tondemun dizayn plaza – Seuldagi zamonaviy me’moriy majmua bo‘lib, Janubiy Koreyaning bunyodkorlik iqtisodiyoti ramziga aylangan. U dizayn, moda va san’at ko‘rgazmalari, festivallar, anjumanlarga mezbonlik qiladi. Dizaynerlar, rassomlar, me’morlar va boshqa ijodkorlarning oshyoni bo‘lgan bu maskanda noyob ilhom va innovatsiya muhiti yaratilgan.

Xitoyda kreativ iqtisodiyotning yorqin misol­­la­ri­dan biri bu – video o‘yinlar sanoatining rivojlani­shi­dir. Xitoylik o‘yin ishlab chiqaruvchilar innovatsion g‘oyalarni faol joriy qilmoqda, noyob mahsulotlar­ni yaratib, jahon bozorini egallamoqda. Xitoy o‘yin sanoati texnologik taraqqiyot va ijodiy yonda­shuv­lar tufayli dunyoda eng tez rivojlanayotgan sohalardan biriga aylandi.

Xitoyning “Honor of Kings”, “PUBG Mobile” kabi mashhur o‘yinlarni ishlab chiqqan “Tencent” kompaniyasi faoliyati ham diqqatga sazovor.

Yaponiya ham uzoq vaqtdan beri bu sohada yetakchilardan biri hisoblanadi. “Mario”, “Zelda”, “Final Fantasy” kabi yapon o‘yinlari mazkur sanoat­ning klassikasi hisoblanadi. Yaponiyalik ish­lab chiquvchilar sifatli kontenti va o‘ziga xos uslubi bilan nom chiqargan.

So‘nggi yillarda Xitoy o‘yin sanoati innovatsion g‘oyalar, yuqori texnologiyali mahsulotlar va jozibali o‘yin mexanikasini taklif qilib, yapon ishlab chiqaruvchilari uchun jiddiy raqobatchiga aylandi.

– Yoshlarimizning ijodkorlik salohiyatini ro‘­yobga chiqarish hamda shu orqali iqtisodiy bar­qarorlikka erishish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor berish lozim?

– Bu borada quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim:

Birinchi yo‘nalish – madaniy-badiiy tarkibiy qism­larni o‘z ichiga olgan zamonaviy ta’lim dasturlari orqali yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish zarur. Ilg‘or mam­lakatlar san’at, dizayn, musiqa va boshqa ijodiy sohalar ta’limiga izchil sarmoya kiritadi. Bu esa kreativ industriya ravnaqiga xizmat qiladi.

Ikkinchi yo‘nalish – sohaga yangi qadam qo‘ygan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Iqtidorli yoshlar ko‘pincha muvaffaqiyatli biznes uchun asos bo‘lishga arzigulik g‘oya va loyihalarga ega bo‘ladi. Ularni grant, investitsiya, tanlov va boshqa mexanizmlar orqali faol qo‘llab-quvvatlash kerak.

Uchinchi yo‘nalish – madaniy klasterlar va platformalarni yaratish talab etiladi. Ijodiy faoliyat uchun infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, san’at markazlari, kovorking maydonlari, studiyalar va galereyalar barpo qilish lozim.

To‘rtinchi yo‘nalish – xalqaro hamkorlik va tajriba almashishga alohida e’tibor qaratish darkor. Bu yosh iste’dodlarning dunyoqarashini kengaytirish, loyihalar uchun yangi imkoniyatlarni topishga yor­dam beradi.

Beshinchi masala – bebaho madaniy merosimizni yurtimizda va dunyoda keng targ‘ib qilish va ommalashtirishga ustuvor ahamiyat qaratish lozim. Zotan, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar o‘z madaniy merosidan turizm, madaniy tadbirlar, dizayn va boshqa sohalarni rivoj­lantirishda o‘ziga xos resurs sifatida unumli foydalanmoqda.

Jahon tajribasini o‘rganish, uni xalqimizning ruhi, mentaliteti va urf-odatlari bilan uyg‘unlashtirib ijodiy mahsulotlar yaratishimiz yaxshi, albatta, ammo bu jabhada ham shunchaki imitator emas, balki chinakam innovator bo‘lishimiz kerak. Ana shunda ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz mumkin.

– Albatta, kreativ iqtisodiyotni ri­­­­voj­lantirish keng ko‘lamli masala bo‘lib, birgina suhbat davomida uning barcha jihatlarini qamrab olishning imkoni yo‘q. Shu bois yaqin orada ushbu muhim mavzudagi muloqotlarimizni da­vom ettirib, bu yo‘nalishga aloqador tadbir­korlar, taniqli san’atkorlar, ijodkorlar va boshqa sohalar vakillarining ham fikr-mulohazalari bi­lan tanishsak o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

– Juda to‘g‘ri fikr. O‘zbekistonda kreativ iqti­sodiyotni rivojlantirish, ta’bir joiz bo‘lsa, biz uchun hayot-mamot masalasi hisoblanadi. Shuning uchun bu haqda imkon qadar ko‘proq so‘z yuritish, turli soha vakillarining fikr va takliflarini o‘rganish lozim. Eng asosiysi, bu borada tezroq keng ko‘lamli amaliy harakatlarga qo‘l urish kerak.     

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Olimjon DAVLATOV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 5 -apreldagi 15-soni


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605