Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.12.2025 | 16:48

img696

TASAVVUR VA TAFAKKUR

Amerikalik taniqli jadidshunos bilan tarjimon muloqoti

Tahririyatimiz mehmoni, amerikalik taniqli tarixshunos Adib Xolid qalamiga mansub “Turkistonda jadidchilik” (The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidism in Central Asia) ilmiy asari yaqinda nashr etilib, kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Mahalliy arxiv manbalariga tayanib, chuqur tadqiqotlar evaziga yaratilgan kitob yurtimizning yaqin tarixi chuqur tadqiq etilgan ingliz tilidagi dastlabki risola sanaladi. Quyida muhtaram olim Adib Xolid bilan risola tarjimoni Sharifjon Ahmad suhbatini e’tiboringizga havola qilamiz.

Sharifjon Ahmad:

– Hurmatli Adib Xolid janoblari, assalomu alaykum! Avvalo, “Jadid” gazetasining ko‘p ming sonli mushtariylari hamda “Turkistonda jadidchilik” nomli kitobingiz O‘zbekistonda nashr etilishida mehnatlari singgan Yoshlar ishlari agentligining “1000KITOB” loyihasi hamda “Akademnashr” jamoasi nomidan Sizga chuqur hurmatimizni izhor etamiz. Ushbu risola ayni paytda oliy o‘quv yurtlari va kutubxonalarga yetkazilib, jadid harakati tarixiga befarq bo‘l­magan kitobxonlar tomonidan qiziqish bilan o‘qilmoqda.

Fursatdan foydalanib, shu asar va boshqa ilmiy tadqiqotlaringiz yuzasidan ayrim savollarimizni bersak.

Adib Xolid:

– Vaalaykum assalom! Men ham, o‘z navbatida, sizlarga ushbu sa’y-harakatlaringiz uchun tashakkurimni bildirishdan mamnunman. Marhamat.

Sharifjon Ahmad:

– Siz Pokistonning Lohur shahrida tug‘ilib o‘sgansiz. Pokiston esa Markaziy Osiyo mintaqasi bilan madaniy rishtalariga ko‘ra tarixan bog‘langan yurt. Turkistondagi siyosiy va madaniy evrilishlar mavzusiga qiziqishingiz shu jihat, ya’ni yaxlit bir mintaqaga doxillik hissi bilan bog‘liqmi yoki boshqa sabablari ham bormi?

Adib Xolid:

– Albatta, siz aytayotgan holat bu mintaqaga qiziqishlarim debochasi bo‘lgan. Avvallari bizning maktab darsliklarimizda Zahiriddin Muhammad Bobur, Farg‘ona-yu Andijon ko‘p tilga olinar, ammo asta-sekin mavzular o‘zgarib, bular esdan chiqa boshladi. Sovuq urush hukmron bo‘lgan 1970–1980-yillarda O‘zbekiston xuddi o‘zga sayyoradagi olis bir joyday tasavvur qilinar, u yurtga sayohat qilish tugul, shundoqqina yonimizda joylashgan bu mintaqaning shu kunlardagi hayoti haqida tuzuk-quruq ma’lumot topish ham mahol edi. O‘zbekiston, va umuman, O‘rta Osiyoning bizga shunchalar yaqin, ammo ayni paytda qo‘l yetmas va olis, bizga shunchalar o‘xshash, ammo ayni damda shu qadar farqli ekani – aynan shu holat mening bu mintaqaga ayricha qiziqishimga bois bo‘lgan, deb ayta olaman.

Sharifjon Ahmad:

– Ilk bor 1998-yilda dunyo yuzini ko‘rgan “Turkistonda jadidchilik” kitobi dastlabki yirik tadqiqotlaringiz jamlanmasi hisoblanadi. Bu kitobni yaratish yo‘lida o‘zbek, turk va rus tillarini o‘rganib, mahalliy arxivlarda uzoq izlanishlar olib borganingizdan xabardormiz. O‘zbekistonga birinchi marta sovet tuzumi hali oyoqda mustahkam turgan bir davr­da kelgansiz. O‘sha paytlarda mavzuingiz bo‘yicha bu yerlarda tadqiqot olib borishingiz qiyin bo‘lmaganmi?

Adib Xolid:

– To‘g‘ri aytdingiz, men O‘zbekistonga chindan ham ilk bor 1985-yili kelganman. Ammo u paytlarda yosh edim, biror tadqiqot olib borishga yaroqli tajriba va bilimim yetarli emasdi hali. “Sputnik” deb nomlangan xalqaro yoshlar sayyohlik tashkiloti yordamida O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 10 kun bo‘lgan esam-da, sovetlar davridagi hayotning ozmi-ko‘p jihatlari bilan tanisha olganimdan mamnunman. Oradan olti yil o‘tib, ya’ni 1991-yilda dastlabki ilmiy-tadqiqot safari bilan yurtingizga yana kelishga muvaffaq bo‘ldim. Bu paytda vaziyat ancha o‘zgargan, ammo o‘zim qo‘l urishga bel bog‘lagan mavzu hamon yangi va dolzarb edi.

Sharifjon Ahmad:

– Endi bevosita kitobingizga murojaat qilsak. Unda “Jadidchilik sarchashmasi” deb nomlangan uchinchi bob quyidagi tasvirlar bilan boshlanadi: “1899-yili yigirma besh yashar yigit Samarqandda Zakaspiy temir yo‘liga qarashli poyezdga o‘tirib, Istanbul, Qohira va Makkani ko‘zlagancha Zakavkaze sari yo‘lga otlandi. …O‘ziga hali notanish yurtlar bo‘ylab kezar ekan, Behbudiy Usmonlilar imperiyasi va Misrda keng quloch yoza boshlagan xalq ta’limi taraqqiyotini zo‘r qiziqish bilan kuzatar, bu o‘lkalarda madaniy islohotlar boshida turgan taniqli arboblar bilan uchrashib, hamsuhbat bo‘lar edi”. Bundan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha davrning musulmon ziyolilari, chor hukumati istilosi ostida bo‘lsa ham, boshqa yurtlarga sayohat qilib, maslakdoshlari bilan yaqin muloqotlarda bo‘lgan. Boshqa yurtlardagi islohotlardan ta’sirlangan Turkiston jadidlari o‘lkada o‘ziga xos, ayricha yo‘ldan ketdimi yoki umumiy oqimning uzviy bir bo‘lagi sifatida faoliyat yuritdimi? Sizningcha, Turkiston jadid harakatining o‘sha davr musulmon olamidagi boshqa islohotchilik harakatlaridan muhim farqlari nimada edi?

Adib Xolid:

– U paytlarda musulmon modernizmi butun islom olamida keng quloch yoza boshlagandi. Matbuot va telegraf, harakatlanishni qulay­lashtirgan temir yo‘llar va dengiz yo‘llari rivojlanishi tufayli ham bunday g‘oyalar ko‘plab musulmon yurtlari o‘rtasida emin-erkin yoyilayotgan zamon edi. Siz eslab o‘tgan Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati aynan mana shu hodisaning yorqin misoli bo‘la oladi. Shu bilan birga, bu oydinlarning aksari mahalliy muhit doirasida ish olib borgan. Ularning hammasida o‘ziga yarasha tashvish-muammolar bor edi, ular siyosiy cheklovlar tufayli haminqadar imkonlar me’yorida faoliyat yuritdi. Shu sababli ham, musulmon modernist islohotchiligini bir butun va yaxlit hodisa, deb ayta olmaymiz.

Turkiston jadidlari mustamlaka sharoitida faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, bu tizim Britaniya imperiyasi Hindiston yoki Misrda o‘rnatgan mustamlakachilik tartibidan tubdan farqlanar, hatto shundayki, Turkistondagi siyosiy vaziyat Volgabo‘yi va Ural bo‘lgasi muhitidan ham bo‘lakcha edi. Turkiston jadidlari faoliyatidagi asosiy o‘ziga xoslikni boshlang‘ich ta’limni tubdan isloh etishga intilishlarida ko‘ramizki, bunday jihatni musulmonlar Hindistoni yoki Misrda kuzatmaymiz. Turkiston jadidlarini boshqalardan ajratib turuvchi ikkinchi muhim jihat – ular turkiylikka (aslo panturkizmga emas) maftun bo‘ldi va bu maftunlik, ayniqsa, 1917-yildan so‘ng yaqqol ko‘zga tashlandi.

Sharifjon Ahmad:

– Bir tarafdan, jadid harakati mustamlaka siyosatining mahsuli bo‘lgan, boshqa tomondan esa Turkiston musulmon jamiyatining faqat o‘zigagina xos tadrijiy taraqqiyoti samarasi edi, deyish mumkinmi? Bu qabildagi ikki xil qarashni qay tarzda birlashtirish mumkin?

Adib Xolid:

– Jadid harakati mustamlaka siyosatining mahsuli emas, balki aynan mana shu siyosatga javob edi. Bu harakat Turkiston musulmon jamiyatining yangicha sharoitdagi madaniy taraqqiyoti natijasi o‘laroq yuzaga keldi. Mazkur sharoit O‘rta Osiyo sarhadlaridan tashqaridagi boshqa musulmon jamiyatlari bilan boshlangan yangi munosabat va muloqotlarni o‘zida mujassam etgan edi. Usmonlilar saltanati Turkiston jadidlari uchun, aftidan, bu singari muloqotlarning favqulodda muhim manzili ediki, usmonlilar andozasi ne qadar qadrli va jozibali bo‘lganini, ayniqsa, Buxoro misolida yaqqol ko‘ra olamiz.

Sharifjon Ahmad:

– Turkiston jadidlari faoliyatini o‘rgangan ba’zi olimlar bu voqelikni milliy ozodlik kurashiga debocha bo‘lgan mafkura va qamrovli harakat, deb baholashga moyil bo‘lsa, yana boshqalari jadidlarni islohotchilik munozaralaridan nariga o‘tmagan sof madaniy loyiha sifatida ko‘radi. Agar birinchi qarashni qabul qilsak, nega ayrim jadidlar Qo‘qon muxtoriyatini jonbozlik bilan yoqlashdan tiyilib, undan keyingi “bosmachilik” harakatiga ham katta shubha bilan qaradi? Yoki ularni madaniy loyiha ishtirokchilari debgina qabul qilsak, bu “beozor” guruhni sovetlar tuzumi keyinroq nima sababdan baribir yoppasiga (ayrimlarigina istisno) qat­liom qildi? Tafovutli bu ikki yondashuvni ham o‘zaro murosaga keltiruvchi asoslar bormi, sizningcha?

Adib Xolid:

– Jadid harakatining turli davrlarini farq­lash­da ehtiyotkor bo‘lishimiz lozim. Ma’lumki, 1917-yil inqilobi jamiyatda keskin burilish yasagan. Inqilobga qadar bo‘lgan jamiyatda davlat Islomga nisbatan toqatli munosa­batda bo‘lsa-da, mahalliy aholining siyosiy jarayonlarda ishtirok etishini istisno qilgan. 1917-yildan keyin esa vaziyat tamomila o‘zgardi va endi ko‘plab jadidlar kelajakka umid bog‘lab, inqilob tufayli yuzaga kelgan imkoniyatlarni ishtiyoq bilan qarshi oldi. Ular faoliyatida shiddatkorlik paydo bo‘ldi, ayrimlari hatto siyosiy hokimiyat jilovini tutishga (ayniqsa, Buxoroda) muvaffaq bo‘ldi.

Jadid harakati yaxlit va turg‘un mafkura emasdi. Yangicha sharoit va imkoniyatlar paydo bo‘lishi yoki bular yo‘qolishi barobarida bu mafkura ham evrilishlarga uchrab, o‘zgarib turdi. Qo‘qon (Turkiston) muxtoriyati esa, ko‘p jihatdan, ko‘zda tutilmagan tasodifiy voqealar mahsuli ediki, bir qancha omillar qatori harbiy qudratga ham ega bo‘lmagan jadidlar bu tuzilmani yoqlay yoki muhofazalay olmasligi ayon edi. Amalda butun boshli davlat parokandalikka yuz tutayotgan u yillar ayovsiz bir davrligi ma’lumingiz. “Bosmachilik” harakatiga ham shubha bilan qaraganlariga kelsak, jadidlar bu guruhning jamiyat, taraqqiyot, o‘zgarish va yangilanishlar borasidagi ziddiyatli qarashlarini qabul qilmas, buning ustiga, har ikkisi jamiyatning boshqa-boshqa qatlami namoyandalari edi.

Vaqt o‘tgan sayin sovetlarning jadidlarga nisbatan g‘animligi ham kuchayib bordi. Oyoqqa turib olgan sovet hokimiyati, ayniqsa, 1930-yillarda, siyosiy maydonda yakka­hokim­likni saqlab qolishni hayotiy zarurat deb bildi va mafkuraviy jihatdan shubhali unsurlarni yo‘qotish payiga tushdi.

Sharifjon Ahmad:

– “Turkistonda jadidchilik” kitobi ilk bor nashr etilganidan buyon 27 yil o‘tibdi. Asarning muqaddima qismida o‘tgan asrning dastlabki davri tadqiq etilgan jiddiy risolalar kamyobligi, borlari ham masalaga asosan O‘rta Osiyoni tushuniksiz sharqiy ekzotika tarzida ko‘rishga moyil sovet fani prizmasi orqali yondashganiga e’tibor qaratib, o‘zingiz qo‘l urgan ushbu tadqiqot yordamida o‘sha saktaliklarni tuzatib, bu boradagi muvozanatni to‘g‘rilashga uringaningizni bildirasiz. Ushbu kitobdan so‘ng yana bir necha risolalar yaratdingiz. Umuman olganda, G‘arb ilmiy doiralarida mazkur mintaqa, xususan, O‘zbekiston tarixini tizimli o‘rganish borasida sezilarli siljishlar sodir bo‘ldimi yoki bu mavzu hamon tor ilmiy doiralarning xos qiziqish obyekti sifatidagina qolmoqdami?

Adib Xolid:

– Ha, shunday, kitob nashr qilinganidan buyon o‘tgan 27 yil davomida ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu kitob chindan ham O‘rta Osiyoning eng yangi tarixiga doir ingliz tilida bitilgan va arxiv manbalariga asoslangan ilk risola edi. Garchand, ushbu mintaqani ekzotiklashtirib, birgina rus tilidagi manbalarga tayanib yozilgan ishlar hali-hamon paydar-pay chop qilinayotgan bo‘lsa-da, umumiy holat endi baribir boshqacha. Ingliz, fransuz, olmon, italyan, shuningdek, yapon tilida nashr qilingan hamda arxiv va matbuot manbalari bilan jiddiy shug‘ullanish natijasida yaratilgan ko‘plab teran tadqiqotlar nashr etilgani quvonarli holdir. Ammo bu, Markaziy Osiyo tarixi G‘arbda keng miqyosda ommalashdi, degani emas. Bu hamon tor, shu bilan birga, salmoqli yutuqlarga erishgan xos sohaligicha qolmoqda.

Sharifjon Ahmad:

– Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekis­tonda jadidlar merosiga qizg‘in qiziqish ham, keyinroq mo‘tadil munosabatlar ham kuzatildi. Yaqin yillardan buyon esa bu borada yana ko‘tarilish pallasiga guvoh bo‘lyapmiz. Bugun Markaziy Osiyo respublikalari ko‘p sohalarda o‘zaro yaqinlashuvga intilayotgan bir davrda, bu hududni yaxlit Turkiston o‘laroq anglagan jadidlarning g‘oya va qarashlari mintaqa uchun qanchalik muhim?

Adib Xolid:

– To‘g‘ri aytasiz, O‘zbekistonda jadid­shu­nos­lik bir qancha bosqichlarni bosib o‘tdi. Hozirgi vaziyat birgina Markaziy Osiyo olimlarining o‘zaro hamkorligi emas, ularning xorijiy mamlakatlardagi boshqa hammaslaklari bilan ilmiy aloqalariga ham sharoit yaratdi. Bu boradagi erkinlik to‘xtab qolmasdan, o‘zaro hamkorligimiz yanada chuqurlashuvi, arxivlar eshiklari esa yana ham kengroq ochilishidan umidimiz katta.  

Sharifjon Ahmad:

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Adib Xolid:

– Suhbatdan kamina ham mamnun bo‘ldim.

Adib Xolid
Sharifjon Ahmad

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596