13.12.2025 | 16:25
1488
ADIBNI ANGLASH
1
…hurlik zamonida ulug‘ adib merosi yangi tamoyillar bilan qaytadan inkishof qilinmoqda, ijodining boshlanish pallasidayoq ikki mumtoz asar yaratgan muallifning kelajakda nimalar tuhfa qilishi mumkinligi yuzasidan farazlar bildirilayotir, bir so‘z bilan aytganda, Abdulla Qodiriy ijodiy ustaxonasiga qiziqish katta va bu nazar kuchayib boryapti. Garchi “Obid ketmon” mashhurlikda ikki roman shavkaticha bo‘lmasa-da, biroq o‘sha davr adabiyotida yangi kashfiyot sifatida tan olingan, bugunning nazari bilan esa bevosita adib yashagan muhit qay tarzda badiiy inkishof etilishiga yorqin misol sifatida baholanadi. Bu asar mavzusi “moziydan, o‘tmishning qora kunlari”dan emas, yozuvchi nafas olib turgan muhitdan tanlangan edi. Shu jihatdan olib qaralsa, adabiyot va zamon kesimida bu asar hali kashf etilmagan qit’a deyish mumkin. Muallifning mahorati, so‘z san’atkorligi, davr manzaralarini “qog‘ozga o‘rab” aks ettirish usullari bo‘lajak jurnalistlar, publitsistlar, umuman, so‘z ahli uchun muhtasham maktab vazifasini o‘taydi…

Abdulla Qodiriy yozuvchi sifatida erkin emas edi – bu bor gap. Ikkinchi tomondan esa uning yurtdoshlarga, zamondoshlariga, qolaversa, kelajakka aytadigan gaplari ko‘p edi. Bu ikki holatni adibning iqtidori o‘rtasidan hayot irmog‘i oqib o‘tadigan tik qirg‘oq sifatida tiynatida mujassamlashtira olgan va bu nomutanosiblikni ijodiy uslub sifatida bir qobiqda jo qilib, novatorlarcha inkishof etgancha turli adabiy usullarni qo‘llash bilan maqsadiga erishgan. Bunda eng kichik unsurlardan ham samarali foydalangan. Masalan, nazarimizdagi lavhada itning nomi – Arslon. Botinda mujassamlashtirilgan ma’no shundaki, aslida uning nomi – Arslon, o‘zi esa – it! (Talqinini shunday qabul qilish joiz: bizga taraqqiyotni olib keldik, deya maqtanganlarning nomi – “katta og‘a”, aslida esa – bosqinchi!) Bunday kuchli sarkazm (achchiq kinoya) lavhaning boshidan oxirigacha yorqin uslub sifatida har satrda mohirona “o‘qlangan”. Atrof manzarasi, undagi chalg‘ituvchi sokinlik, o‘zini xo‘jayin sezib, izg‘ib yurgan, hushyor va qasosga tashna – it… Hammasi ramziy.
2
Shunday qilib, “Obid ketmon”ning beshinchi lavhasi – “Men bosmachi emasman” bo‘limi tuzilish nuqtayi nazaridan, voqealarning tadrijiy rivojlanishi, keskinlikning yuzaga kelishi va ro‘y berishi, uning yechimi, xulosa qismlari qurilishi (bir so‘z bilan aytganda, kompozitsiya) jihatidan shunday tartibda keladi:
1) Voqea kechadigan joy manzarasi. “Zanjirdan bo‘shatilgan” va ertalab zanjirlanmagan it, itni zanjirlashni unutib, uxlab qolgan tegirmon qorovuli Egamberdi. Mahalliy xo‘jayin Abdujalilboyning tasvir va tafsiloti;
2) “Ko‘zini ko‘n etigining betidan uzmay” munkillagancha “tepani kesib yasalgan arava yo‘lining yuqorisida, orqasida bir-ikki pud yuk ko‘targan zo‘r gavdali …Mulla Obid” va ko‘zi qonga to‘lgan oti Arslon, o‘zi it bilan beparvo bukchayib kelayotgan mardumning to‘qnashuvi. Bu kurashda yozuvchining ichki xohishlari ifodasi o‘laroq odam “g‘ajilib yotgan qo‘lini bo‘shatishga intilib o‘tirmay, sog‘ qo‘lini ohistagina Arslonning bo‘g‘ziga yuboradi”. …“Mulla Obid ko‘pga kuch sarf qilmay, sovuqqonlik bilan Arslonning bo‘g‘zini siqib turadi…” “Arslonning tumshug‘ida qon ko‘rilgach, Mulla Obid xiqildoqni bo‘shatadi. Arslon jon chekishib turmay, …yerga cho‘zilib qoladi” (Bu holat ko‘ngil tubida cho‘kib yotgan orzudek tuyuladi).
3) Itning egasi, “mahalliy gumashta” Abdujalilboy bu holdan hayron. Itining xunini talab qilay desa, yigitning vajohatidan qo‘rqadi. Boy butun zahrini uxlab qolgan qorovuliga sochadi, jarimani undan undirishiga dag‘dag‘a qiladi;
4) Boy bu harakatdan g‘ayirlik izlaydi. Qishloqqa (Tiktepaga) ko‘chib kelganiga ko‘p bo‘lmagan, ko‘pchilik uchun noma’lum bu vajohatli yigitni yaqindan beri shov-shuv bo‘la boshlayotgan bosmachilardan deb o‘ylaydi, itni o‘ldirib, otlarimni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan, deb faraz qiladi. Pishiq-puxta boy zamonning kelishiga hushyor, u “bosmachi”ni qo‘ldan chiqarmoqchi emas. Tadbirkor odam u bilan yaqinlashish yo‘llarini izlaydi va o‘zidek puldor boylar sarmoyasining taqdirini o‘ylab, “Tiktepa ustunlari” – Mulla Sultonqul, Hubbiboylarni ham bu mashvaratga jalb qiladi;
5) Tadbirkorlik bilan zamonning kelmishini fahmlagan korchalonlarning yangilikni, ya’ni “bosmachi” deb faraz qilinayotgan shaxsni o‘rganish jarayoni boshlanadi. Navbatma-navbat, har jumada Mulla Obidni mehmon qilib, undan sir olmoqchi, yana uni nazarlarida saqlamoqchi bo‘ladilar. Shu jarayonda yozuvchi jamoatning boshida turgan, gapi kesadigan “ustun”larning ichki ma’naviy olamiga sayr uyushtiradi. Go‘yo, millat kimlarga ishonishi mumkin? Holbuki, ular boylik uchun hamma pastkashlikka tayyor mayda kimsalar;
6) Ammo Mulla Obid sir beradigan emas. Boylar esa undan gap olishga urinadilar: “…bizning o‘rtadagi yigitlarimiz ham Farg‘onadagi og‘alaridan namuna olishlari kerak edi, yaroqlarini o‘z boyonlariga emas, bolsheviklarga qaratsalar, boy og‘aynilari ham bezrayib qarab turmas, qo‘llaridan kelgan yordamni qahramon yigitlaridan ayamas edilar”. Shu nuqtada yozuvchining dunyoqarashi va mavjud hayot tartiblari kesishadi, nozik ishoralar orqali adib muddaosini ifodalaydi, o‘z iztirobini izhor etadi: “Mana shu fikrimiz sizga qanday o‘xshaydi, polvon?”…
7) Avvalo, o‘sha kunlar dard-u tashvishini kiftini keltirib ayta olgan adib mahoratiga tasanno aytgan holda vaziyatni kuzatamiz. Bu nido, millat dardi davrada o‘zgacha aks sado beradi. Allaqachon “sir”dan voqif bo‘lgan Mulla Obid “beixtiyor mo‘ylabi ostidan kulib qo‘yishga majbur bo‘ladi-da, birdan ko‘zini zo‘r(g‘a) ochib (balki ko‘zi ola-kula bo‘lib ketgandir. H.S.), yuzi shu chog‘gacha ko‘rilmagan bir dahshat kasb etadi”.
El ishongan polvonning ahvoli shu edi. “Bu ko‘rinishdan boylar yerga singigandek bo‘lib, kayflari tarqaydi, ko‘zlari ochiladi”. Jamiyatning manzarasi shunday edi. Qalam egasi dardini ichiga yutadi, chamasi, “Durust! – deydi Mulla Obid zaharxanda qilib, – yaxshi o‘ylagansiz!” tarzida suhbatni yakunlaydi. Ammo uning munosabati, o‘y-xayoli aniq emas, buni adib ham ochiqlamaydi. Vaziyatdan silliq chiqib ketadi. Yuzaga kelgan holatdan ikki tomon ham xijil, anglashilmovchilik hammani dovdiratib qo‘yadi, davra tarqaydi. “Ular o‘z fikrlarini bosmachiga yotishib kelmaganligini payqaydilar. Boy… bu kun-erta boshlab o‘z molining talanishini va boshining ham sapchadek uzilishini aniq ko‘radi. Mulla Obidning dahshatli vaziyati tezda tarqaydi, goho munosabatsiz bo‘lsa ham o‘zicha iljayinqirab qo‘yadi”…
Yozuvchi tasvirni shu nuqtagacha chuqurlashtiradi. Yurt egalarini “usta Yo‘ldosh”, “Akmalcha” deb darj etishdan cho‘chimagan qalam ancha tobiga kelgan, shu tuzumning shafqatsizligini olti oy qamoqda o‘tirib his etgan, xullas, qolipga tushgan. Xavfsiz hudud chegarasi shungacha edi. Ana shu sinusoidal chiziqda adibning qalb dramasi aks etgan: u xohlagan hayot manzarasini badiiy inkishof etish darajasi va qalamning imkoniyati! Shunda ham ijodiy tamoyilidan voz kechmaydi, faqat “Tushungan tushunadi, tushunmagan o‘zi biladi” qabilida yo‘l tutadi. Baribir, lavhaning davomida o‘z fikrini nazokat bilan izhor qiladi.
Shunday qilib, Mulla Obid o‘zini “oqlab” oladi, “dahshatli vaziyati tezda tarqaydi…” Ziyofatdan qaytishda birga kelayotgan Abdujalilboy “…munosabatsiz so‘zlar bilan boyagi ginani mulla Obidning ko‘nglidan chiqarishga tirishadi, uning qo‘rqoq va razil tabiatidan Mulla Obid goh kulib, goh achchiqlanadi” (diqqatni oshiring. H. S.)
Ayni mavridi bilan oxirgi gapni mantiqan tahlil qilsak, yozuvchining muddaosini balki ilg‘agan, uni to‘laroq tushunishga yaqinlashgan bo‘lamiz. Avvalo, nashrning shu o‘rnida “mulla” so‘zi kichik harfda yozilgan, bu balki arzimas musahhihlik xatosidir (balki po‘k yigitga munosabatidir?), ammo ham kulgi, ham achchiq kayfiyat qo‘zg‘agan vaziyat kimga tegishli? Abdujalilboy mulla Obidning ustidan kulyaptimi yoki aksincha? Mantiqan qaralsa, o‘zlari ishonmagan odam bo‘lib chiqqanligi uchun boylar Obiddan norozi, ular dehqonning “Qo‘rqoq va razil tabiatidan” kulish va achchiqlanishga haqlari bor. Nashrda esa Mulla Obid suhbatdoshining ustidan kulyapti… Mantiq nimada? Aslida, yozuvchi kim tarafda, boydan kulyaptimi, dehqondan?
Bir oddiy holat: keyingi gapni quyidagicha o‘qib ko‘ring: “…munosabatsiz so‘zlar bilan boyagi ginani mulla Obidning ko‘nglidan chiqarishga tirishadi, uning qo‘rqoq va razil tabiatidan goh kulib, goh achchiqlanadi”. Farq “Mulla Obid” degan so‘zning chiqarib tashlanganida bo‘ldi. Shunda boy dehqonning po‘kligidan kulgan bo‘lib chiqadi. Balki yozuvchining maqsadi ham shudir, shu ta’nani izhor qilishdir, ya’ni u nishonga olgan dard puldorlar bilan mard, vajohatli yigitlarning birlasha olmaganidadir?! Yozuvchining vaziyatga bahosi (hukmi) lavhaning davomida aniq bo‘ladi. Boylar ishonch bildirgan pahlavon yigit Tiktepa qishlog‘ida oddiy tirikchilikka berilishi, “Mulla Obidning tepa buzishi, ketmoni bilan shuhratlanishi, o‘sha qish “ustunlar”imizcha eng past hunar hisoblangan yamoqchilik bilan kun kechirishi (ta’kid bizniki. H. S.) ularni shubhadan qutqardi”. “Shubhadan qutulish”, aslida, umidlarning barbod bo‘lishi emasmidi?
3
“Obid ketmon” asarining dunyoga kelishi yozuvchi hayotidagi silkinishlar, anglashilmovchiliklar, ig‘vo va bo‘htonlarga to‘la davrga to‘g‘ri kelganini tadqiqotchilar ko‘p ta’kidlashgan. Ikki roman bilan milliy adabiyotda katta shov-shuv qozongan yozuvchi bu iqtidorining samarasini qancha tahqirlar, to‘qilgan ayblar, hatto qamoq jazosi bilan tortishga majbur bo‘lganligi bor gap. Unga mayda burjua yozuvchisi, o‘tmishni ulug‘lovchi, o‘rislarni yoqtirmaydigan yot sinf vakili sifatida qarashdi. Ko‘ngil yumushi, kayfiyat mevasi hisoblanuvchi ijod olamiga ham chovut solishib, “Nega baxtli davronni ulug‘lamaydi, nega dohiy Stalin zamonidan go‘zal romanlar yozmaydi? Axir u yoza oladi-ku. Yozgan-ku. U ataylab yozmayapti, shu bilan bu tuzumga qarshi ekanini namoyish etyapti” singari tuturuqsiz ayblar taqaldi. Jo‘n qilib aytganda, o‘zi xohlamagan ovqatni yeyishga majbur qilishdi va ana shunday tazyiqlar ostida “Kolxoz hayotidan qissa” deb “Obid ketmon” asarini yozdirishdi.
Undan “O‘tkan kunlar”ning nafosatini, “Mehrobdan chayon”ning salohiyatini talab qilishdi. Bu “…yuragimiz, qalbimiz – partiyamizniki!” degan zamonlar edi. Ana shunday ikki o‘t orasida qalam tutgan nodir iqtidor egasining holatini tasavvur qilaylik. Bunday holda yozish jasorat va …azob emasmidi? Lekin adib yozishga majbur edi va …shu taxlit yozdi. Iztirob ichidagi olamini tagma’nolarda ifodalab, kinoya (ironiya) va sarkazmlardan, tajahhuli orifona-yu, irsoli masallardan, zaharxanda-yu askiyalardan, qochirim va latifalardan unumli foydalandi, turfa uslublar niqobiga o‘zining botiniy kechinmalarini o‘radi, shimitib singdirdi. Jahon adabiyotida shuhrat qozongan Ezop, Yuvinal, Lafonten, Servantes, Lopa de Vega, Balzak, Chexov singari buyuk so‘z san’atkorlari merosini o‘zbek milliy adabiyotida mujassam etdi. Shuning uchun ham bu xazinani tushunish, qabul qilish, his qilish oson emas.
…Odamlar dunyosi tirik organizm sifatida yashashni davom ettirar ekan, g‘oliblar va mag‘lublar bo‘lishi aniq: kimdir yutib chiqadi, kimdir yutqazadi – hayot shu izdihomda davom etadi. Jamiyat ishtirokchilari g‘oyalar kurashida ikkiga ajraladilar, “front” hosil bo‘ladi va, albatta, mohiyat yuzaga chiqadi. Shu holatni tasdiqlagandek, Abdulla Qodiriy yozadi: “Mulla Obid bilan Tiktepa “ustunlari” mana shu yo‘sinda tanishdilar va Mulla Obidning ko‘nglidan chiqmay turgan (qo‘shib yozilsa kerak. H.S.) chuchmal bir “xotira” qoldirdilar”. Shu bilan yaqinlik uziladi, aloqa “kolxoz tuzilgancha sovuq holda davom etadi”. Lavha shu so‘zlar bilan tugaydi. Unda esa adib ijodiy qiyofasini namoyish etadigan ko‘plab unsurlar mavjud.
4
Avvalo, asarning mazkur bo‘lagi ham mohir qalam bilan qog‘ozga tushgan. Undagi har bir so‘z, ibora, tasvirga o‘ralgan ishora teran mazmun ifodalaydi. Ifoda yorqin, xalqchil. Shuningdek, xarakter yaratishdagi mahorat manaman deb turadi. Ishtirokchilarning har biri aniq qiyofada namoyon bo‘ladi: Egamberdi aka (uning kasbi yoki yumushi eslatilmaydi, demak, nomsiz kimsa) loqayd, tegirmon guvlashidan orom olib uyquga ketgan bir mardum. Abdujalilboy va boshqa boylar ishning ko‘zini biladigan, odam taniydigan va tanlaydigan zotlar. Mulla Obidning notanishligi, basavlat gavdasidan hurkib, unga mulozamat qiladilar, biror ish chiqarishni ko‘zlaydilar. Bu yo‘lda ular hamma riyokorlikka tayyor: “Hubbiboy betahorat bo‘lsa ham namoz o‘qib” o‘zining sirini yopadi. Abdujalilboy Egamberdiga: “Kunga qara, kunga, dayus! Tegirmon onangning beshigi deb o‘yladingmi?”, “Bu qanday rasvolikki, Arslondek it ketsa, tegirmon haqi ketsa. Bu ham yetmagandek, bir pud un ham ketsa…” deb dag‘dag‘a qiladi, Mulla Obidga qolganda esa “Arslondek itni o‘ldirib qo‘ygan bahaybat ko‘rinishli” yigitga mulozamat quyuq, to‘kilgan bug‘doyini unga almashtirib, yana uyiga eltib berishni tayinlaydi, buning ustiga uni munosib mehmon qilishda saxiy: “…bir qo‘zi so‘yib, tandir kabob qilish kerak, albatta, kabobning yonida uch chetvert xonaki may, bu topilmaganda biror chetvert samagon lozim. Bulardan so‘ng yaxshilab bir palov”…
Ayniqsa, yozuvchining mahorati it – Arslonning tabiatini yorqin ochib berishida va unga yuklagan ijtimoiy ma’nosida yorqin namoyon bo‘ladi: “…zanjirdan bo‘shatilgan Arslon tegirmon tevaragida zir qatnab, hatto yaproq shitirlatgan kecha hasharotlari ustiga ham irillab yuguradi. Tuvagini siylab turuvchi xo‘jasiga sadoqatini tamom ado qilib, tegirmon yo‘lagiga kechalik qora chigirtkani ham yo‘latmaydi…” Ana shu qonsiragan sodiq ko‘ppak uning tomorqasiga bexos oralab qolgan, “…bu qadar parvosiz kelgan dushman sari… butun qahr-g‘azabini to‘kib, tashlanadi”. Mulla Obid esa “tevaragiga alanglaydi, yordam berarlik na tosh, na kesak va na kaltak…” Bu manzara bugun tarixlarda ko‘p takrorlanadigan o‘sha qora kunlarning surati emasmi? Chorasiz qolgan asir o‘zidan najot izlaydi: “…tishlangan qo‘lining alamidanmi, harchi birdan qopni bo‘shatib yuboradi (tirikchilik tashvishlaridan voz kechadi. H. S.), g‘ajilib yotgan qo‘lini bo‘shatishga intilib o‘tirmay, sog‘ qo‘lini ohistagina Arslonning bo‘g‘ziga yuboradi…” Bu muallifning nuqtayi nazari edi va keyingi kurashni shunda ko‘radi…
It timsolidagi baloni daf etgan norg‘ul yigit qishloq “ustunlari”ning nazarini tortadi, “Abdujalil ehtiyotlab, ya’ni ramz va ishorat ichida bosmachiga yaqinlashadi. Boshlab, Farg‘onada bosh ko‘tarib, Sovet hukumatiga xalaqit berayotgan qo‘rboshilarning qahramonliklarini maqtaydi, so‘ngra shu tevarakdagi qishloqlarni bosib turgan yigitlarning ham yuraklariga qoyil bo‘lganliklarini so‘zlab kelib, purs-pors orasida…” uning “Farg‘onadagi og‘alaridan namuna” olishini istaydilar, shunda “yaroqlarini o‘z boyonlariga emas, bolsheviklarga qaratsalar, boy og‘aynilari ham bezrayib qarab turmas”ligini ochiqcha ta’kidlash bilan go‘yo “ustun” ko‘pchilikning fikrini ifodalagandek bo‘ladi. E’tibor bering, “qahramonliklarini maqtaydi” – qalam egasining ham yurak so‘zlari, lekin buni andavalash uchun “purs-pors orasida” degan iborani qo‘llaydi. Bu yozuvchining chekinadigan “orol”i, ya’ni ertaga zulm bo‘lsa (bunday holni his etib turgan, albatta), bu betayin aytilgan gap deya aybni rad etishda tanlagan usuli.
Endi shunday ruhdagi muloqot bilan boyonlar umid tikib turgan pahlavon bosmachilar, ya’ni milliy ozodlik harakati ishtirokchilari safiga da’vat etilyapti. Ammo asarda yetakchi obraz sifatida tanlangan va buyurtma bo‘yicha kolxoz faoli bo‘lishi lozim bo‘lgan Mulla Obid “Men bosmachi emasman…” deb, zor qaqshab turibdi. Butun dard, illat shu manzarada jo qilinganga o‘xshaydi. It (bosqinchi)dan jabr chekkan va “ustunlar” najot ko‘zi bilan qaragan polvon yigit hammasini rad etyapti va “eng past hunar hisoblangan yamoqchilik bilan kun kechirish”ga o‘tyapti – uni tirikchilikning talabi yo‘lga soladi (millat dardi emas!). Bu o‘sha kunlarning mohiyati, o‘sha davr haqiqati! Mantiq nimada: garchi hayot talabi Mulla Obidning maqtalgan qahramonlar safida bo‘lishini taqozo etsa-da, bu borada na yigit erkin, na yozuvchi! Ma’lumki, Mulla Obid kattagina hajmli asarda aks ettirilgan voqealar girdobi – yangi hayot qozonida obdon qaynab, Sovet tuzumining ko‘zga ko‘ringan vakiliga aylanadi. Mana, gap nimada!
5
Har holda, kolxozlashtirish haqida asar yozish nozik ko‘ngil mayllarini, bokira tuyg‘ularni, oshiq-ma’shuqlarning intim kechinmalarini nazokat bilan ifodalash emas edi. Yozuvchi nastarin ufurib turgan gulzordan o‘tib, qirg‘in-barot kechayotgan izdihomga kelgan edi. Endi uning so‘zi katta ijtimoiy-siyosiy ma’no kasb etishi, o‘sha kunlarning shioriga aylanib, davralarda tilga tushishi kutilayotgan edi. Uning zimmasidagi adabiy buyurtma sotsrealizm metodi asosida yangi insonni aks ettirishni taqozo etardi. Biroq Abdulla Qodiriy har bir imkoniyatdan kelajakka aytadigan so‘zini ifodalashda foydalandi. Masalan, “eski tuzumning qoloq odami” sifatida gavdalantirilgan va har xil ig‘volarni “visirlab” yuradigan Kalvak Mahzum Toshkentda saqlanayotgan Mus’hafi Usmoniyni tavof qilishga boradi: “Mazkur Kalomi sharifning ziyorati ko‘bdan beri ko‘nglimg‘a o‘rnoshqon erdi va shuning uchun Maxsido‘z mahallasiga qarab yo‘l solg‘on erdim…” “Qiroatxona – iboratdir tilovati Qur’on qiloturgan joydan. …Vaholanki, aytgan iborati kaminaning savolimga javobi bosavobdir” – bu joyda o‘ruscha kiyingan zotni ko‘rib deydi zamondan bezigan, tajang odam o‘z dardi-iztirobini pinhona ifodalab. Bu satrlar umumiy olov ichida yonmay qolgan toshbitiklarga o‘xshaydi. Holbuki, diniy ibodat emas, muqaddas kitobni tilga olish ham jinoyat hisoblanardi. Millat asl farzandining tashvishi ana shunday muqaddas tuyg‘ularning payhon qilinayotganida edi.
Alam shundaki, ikki o‘t orasidagi ijod har qancha harakat, xohish bo‘lmasin, butun bo‘y-bastini namoyish qila olmadi. Kichik asarlarda katta-katta epopeyalarga ozuqa bo‘ladigan teran ijtimoiy manzaralar uyigan qon kabi laxta-laxta bo‘lib cho‘kib-to‘nib qolaverdi. Ularni batafsil sharhlash, “O‘tkan kunlar”u “Mehrobdan chayon”dek muhtasham badiiy aks ettirish uchun tinch va sokin ijodiy muhit, mangu tark etmas ilhom kerak edi. Bunday jannatiy imkonlar o‘rniga taqdir ulug‘ san’atkorga qamoqxona, avaxtalarni, tuhmat va ig‘volarni, tazyiq va xo‘rliklarni nasib etdi. E, voh! Millat adabiyotining muhiti shunday bo‘ldi… So‘nggi asarlar ijod gulshanining barq urgan chechaklari emas, vulqonning so‘nib borishi, otashin ilhomning kafforat bo‘lishi edi. Davrning tuhfasi shunday edi…
Davr, tuzum esa undan muttasil o‘zini ko‘rsatishni talab qilardi. Qanday yo‘l tutish lozim?! O‘z ijodiy tamoyili – haqiqatni aks ettirishmi, insoniy e’tiqodi – islomiy axloqqa sodiq qolishmi yoki zamon aravasiga chiqib, uning qo‘shig‘ini kuylashmi? Narigi qirg‘oqqa o‘tishda naqd jannatni va’da qilishyapti, mansab, unvon, imtiyozlar… Ikki yo‘ldan biri: yo o‘zligingni saqlaysan, yo ko‘p qatori zamon yo‘rig‘iga yo‘rg‘alaysan.
Bugun mutafakkirlar “Abdulla Qodiriyga shahidi a’lo rutbasi nasib etgan” deyishmoqda. Bunday taqdir egasining nomi qiyomatgacha unutilmas ekan. Zero, “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ning shuhrati hamon avjida. Bu go‘zal milliy romanlarning obro‘siga yillar, tuzumlar osha soya tushgani yo‘q, qizig‘i – ular bilan bo‘ylashadigan asarlar juda kam.
Hakim SATTORIY
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



