19.04.2024 | 10:39
416
YANGIBINODAN CHIQQAN NOYOB ISTE’DOD

Ba’zan iste’dod va ilhomning qudratini idrok qilish, shuurga sig‘dirish imkonsiz. Shunday noyob qobiliyat egalari borki, ularning iqtidorini tahlil etishga aql va tafakkur o‘lchamlari ojizlik qiladi. Betxoven, Uilyam Boys kabi qulog‘i eshitmaydigan mashhur kompozitorlar necha asrki insoniyat idrokining markazida turibdi. Hal Lasko ko‘zi ojiz bo‘lib qolganidan keyin ham Microsoft Paint yordamida surat chizgan, Maykl Uilyams ko‘zi ojiz bo‘la turib bebaho rasmlar yaratgan. Bugungi hikoyamiz qahramoni ham o‘z vujudining adoqsiz imkoniyatlarini kashf etayotgan iste’dod sohibidir. Yaqinda “Rossiya 1” telekanalida efirga uzatilgan “Noyob qobiliyatli odamlar” (“Удивителные люди”) ko‘rsatuvida ishtirok etgan hamyurtimiz Shohrux Suyunovning ikki qo‘l va ikki oyog‘idan birday foydalanib, o‘n besh daqiqa davomida noodatiy uslubda portret chizgani teleboshlovchilar va tomoshabinlarni hayratga soldi. To‘g‘ri, dunyoda oyoqlarida rasm chizadigan nogiron musavvirlar haqida bilamiz. Biroq, qahramonimiz Shohrux Suyunovning to‘rt muchasi sog‘lom, xususan, oyoq-qo‘llari ham. Fanda har ikkala qo‘lini birvarakayiga ishlata oladiganlar “ambideksterlar” deb ataladi. Aslida butun dunyo aholisining bir foizdan kamrog‘i bu xususiyatga ega bo‘ladi. Shohrux esa faqat ambidekstergina emas. Mutaxassislarning fikricha, qo‘l-u oyoqning muvofiq iqtidori “ambiserebrallik” deyilib, bunda miyaning ikki yarim shari xuddi ikkita alohida miya kabi ishlar ekan. Ikki tomonlama odamlarning asosiy xususiyati shundaki, ular bir vaqtning o‘zida turli narsalar haqida o‘ylab, bir qancha narsalarni yarata oladi. Albatta, bunda ko‘z, oyoq va qo‘llarga katta bosim tushadi. Iste’dod va ilhomning ilohiyligi yoxud ijod namunalarining shunchaki ko‘nikma, uzoq yillik mehnat hosilasi ekanligi borasidagi bahs-munozaralar hanuzgacha davom etadi. Hayratlanarlisi, qahramonimiz g‘ayritabiiy tarzda nafaqat ikki qo‘lida, balki oyoqlarida ham mo‘yqalam tutib, surat chizishni atigi uch oy oldin boshlagan. Uning aytishicha, ijtimoiy tarmoqda bir koreys rassomning qo‘l-oyoqlari yordamida asar yaratayotganini ko‘rib, bu tajribani o‘z tanasida sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. “Koreys rassomni kuzata turib, xayolimdan o‘zbeklar ham buni uddalay oladi, degan o‘y kechdi va buni isbotlashga harakat qildim”, deydi qahramonimiz. Internet tarmog‘ini kuzatib amin bo‘ldikki, butun dunyoda bunday noyob qobiliyat egalari nari borsa to‘rt-besh nafarni tashkil qilarkan. Biroq ularning orasida o‘n besh daqiqada butun boshli portretni chizadigan rassom hanuzgacha topilgan emas. Biz tanishgan manbalarda bu kabi murakkab ish jarayoniga kamida sakkiz-o‘n soat sarflanishi aytilgan. Yosh musavvir bunga qanday erishgani, o‘zidagi noyob mahoratning sir-sinoati haqidagi savolimizga shunday javob berdi: “Ijodimda hech qanday sir yo‘q. Asosan yo‘lda yurganimda vaqtim bekor ketmasligi uchun Rubik kubigini rangiga moslab terib yuraman. Bu qo‘l motorikalarini mashq qildirib, miya faoliyatiga juda yaxshi ta’sir qiladi, diqqatni kuchaytiradi. Men shunchaki Rubik kubigi yig‘ish malakamni rassomlik qobiliyatim bilan birlashtirdim. Hammasi chap qo‘limni ham birday ishlata olishimni bilganimdan so‘ng boshlangan. Shunda ko‘nglimda ikkita yumushni bir vaqtda bajarish fikri tug‘ilgan va qilib ko‘rganman. O‘ng qo‘limda rasm chizsam, chapimda Rubik kubigini zo‘r yig‘ardim. Biroq oyoq va qo‘llar yordamida rasm chizish jarayonida diqqatni jamlash juda qiyin bo‘ladi”. Shohrux asosan hozir urf bo‘layotgan zamonaviy uslublar – Strit-art, Graffiti va Pop-art yo‘nalishlarida ijod qiladi. Bundan tashqari, noodatiy uslublarda portret chizish bilan ham shug‘ullanadi. Rassomning aytishicha, eng kichik ijodi barmoq izi kattaligidagi portret bo‘lgan. Yana ip orqali, minglab mayda odamchalar shaklini chizib, matnni oq qalamda qora qog‘ozga yozib, piksellar ko‘rinishida, 140 dona o‘yin kartalariga domino tarzida yiqitish kabi uslublarda noan’anaviy portretlar yaratgan. Qahramonimiz suhbat chog‘ida bolaligida dadasi bilan birgalikda “Noyob qobiliyatli odamlar” (“Удивителные люди”) ko‘rsatuvini tomosha qilgani va unga bir kun kelib o‘zi ham shu ko‘rsatuvda ishtirok etishga va’da bergani, qobiliyatini butun dunyoga namoyon qilish eng katta orzularidan biri bo‘lganini aytadi. “Tomoshabinlarni lol qoldirish maqsadida bir paytning o‘zida ikki qo‘lda uchta portret ishladim, – deydi u. – So‘ngra bir qo‘limda uchta portret, keyin yanada murakkabroq yumush – qo‘l va ikki oyoqlarim yordamida bir paytning o‘zida to‘rtta portret chizdim. Aynan shu ishim ko‘plab odamlarni hayron qoldirdi”. Iste’dodli musavvir 1998-yilda Nurota tumanidagi Yangibino qishlog‘ida tavallud topgan. Shohruxning rasm chizishga bo‘lgan qiziqishi hali yozishni ham bilmagan paytlaridan boshlangan. Besh yoshida shifokor rasmini oddiy daftar varag‘iga qizil ruchka bilan chizganida otasi undagi iste’dod uchqunlarini payqab, qishlog‘idagi tasviriy san’at muallimiga o‘qishga beradi. Yetti yoshga to‘lganida esa Nurota tumanidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabida rassomlik sirlarini o‘rganishni boshlaydi. 2023-yilda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tasviriy san’at fakultetini “Mahobatli rangtasvir” yo‘nalishi bo‘yicha tamomladi. Shundan buyon respublika “Hunarmand” uyushmasi a’zosi sifatida devorga bezak berish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda. Qolaversa, o‘zi tashkil qilgan tasviriy san’at yo‘nalishidagi o‘quv markazida yoshlarga ustozlik qilmoqda. Suhbatdoshimiz qator ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 2022-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan Strit-art yo‘nalishidagi “Toshkent Art Fest” festivalida “Hayot bebahodir” nomli asari bilan qatnashib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Xalqaro “Tinchlik uchun! – 2022” ijodiy tanlovida ham g‘olib bo‘lgan. Qahramonimiz “Eng iste’dodli rassom – 2022” nominatsiyasining ham sovrindori. Shijoat va g‘ayratga to‘la, tinib-tinchimas, yangilikka o‘ch Shohrux bilan suhbatlashib amin bo‘ldikki, rassomning muvaffaqiyati siri faqatgina san’at sirlarini puxta egallashida emas, balki doimiy o‘qib-o‘rganish, izlanishdan charchamasligida ekan. U bugunga qadar bir qator fan olimpiadalari va kitobxonlik tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashgan. Intellektual o‘yinlar uning jonu dili. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Rubik kubigini professional darajada yig‘ish bilan shug‘ullanib, Butunjahon speyedcuberlar assosiatsiyasi a’zoligiga qabul qilingan. Qolaversa, intellektual o‘yinlarida ham o‘z jamoasi bilan muntazam ishtirok etmoqda. 2022-yilda “Raqamli savodxonlik” onlayn tanlovining bosh sovrini bilan taqdirlangan. Shohruxdan kelajakdagi rejalari va maqsadlari haqida so‘raganimizda “O‘zbekistonni dunyoga tanitish uchun bor iste’dodim, mehnatim va kuchimni sarflayman”, deya javob qildi. Shu gapidan so‘ng unga mehrimiz va hurmatimiz yanada oshdi. Shohrux kabi noyob iste’dod sohiblarini qo‘llab-quvvatlab, ularga zarur sharoitlarni yaratib berishimiz lozim. Axir, Ginnesning rekordlar kitobidan faqat pishirgan osh-ovqatlarimiz bilan emas, go‘zallikni tarannum etuvchi san’at asarlarimiz, bashariyatni lol qoldiruvchi iste’dodlarimiz bilan ham o‘rin olsak, qanday yaxshi!
Muyassar IBROHIMOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



