19.12.2025 | 11:41
1707
QUYOSH SANDONI
Suhbatdoshimiz – O‘zFA Materialshunoslik instituti direktori, akademik Odilxo‘ja PARPIYEV 1965-yil 30-sentyabrda tavallud topgan. 1990-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. O‘zFA Issiqlik fizikasi bo‘limi kichik ilmiy xodimi, O‘zbekiston Fan va texnika davlat komitetida boshqarma boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – Ijro apparati rahbari, Fan va texnologiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, “Fizika-Quyosh” IICHB bosh direktori lavozimlarida ishlagan. 40 dan ziyod ilmiy ishlar, jumladan, bir monografiya va EHM uchun dastur muallifi. Fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

– Domla, Siz rahbarlik qilayotgan muassasa haqida gap ketganda ko‘z oldimizda ulkan inshoot – Katta Quyosh Sandoni gavdalanadi. Ushbu obyekt bugungi kunda mahalliy va xorijiy sayyohlarning hayrat va havasiga sabab bo‘lmoqda. Biroq uning vazifasi faqat ilmiy turizmni rivojlantirish emas, albatta. Sandonning ilmiy ishlab chiqarishdagi ahamiyati bugun qay darajada?
– Umuman olganda, institutimiz boshqa institutlar va ilmiy dargohlardan farq qiladi, noyobligi bor. Biz tadqiqotlarimizni asosan quyosh nurlanishi asosida olib boramiz. Siz aytgan quyosh sandoni dunyoda ikkita – Fransiya va O‘zbekistonda mavjud. Sharqiy Pireneyda joylashgani 1970-yilda ochilgan bo‘lsa, Parkent tumanidagi inshoot 1981–1986-yillarda qurilib, 1987-yildan faoliyatini boshlagan. Institutimiz esa 1993-yilda mujassamlangan quyosh nurlarining moddalar bilan ta’sirlanishini o‘rganish va mahalliy xom-ashyo asosida tashqi muhit ta’sirlari sharoitida qo‘llashga mo‘ljallangan yangi avlod materiallarini ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida tashkil etilgan.
Institutda noyob ilmiy obyekt – issiqlik quvvati 1 MW bo‘lgan Katta Quyosh Sandoni (KQS) mavjud. KQS murakkab optik-mexanik va avtomatik boshqaruv tizimiga ega kompleks bo‘lib, geliostatlar maydoni va paraboloidli konsentratordan iborat. Sandon orqali quyosh nurlari bir nuqtaga jamlanib, yuqori harorat – 3000 daraja issiqlik hosil qilinadi. Tabiiy gaz yonganda – 1600-1700, vodorod yonganda 2800 daraja issiqlik beradi. Ma’lumki, tabiiy gaz manbalari cheklangan. Vodorod – ekologik toza yonilg‘i. Biroq vodorodni boshqa moddadan ajratib olish uchun 2000 daraja harorat kerak. Bu – bir birlik vodorod olish uchun uch-to‘rt birlik energiya sarflash kerak degani. Tannarxi juda yuqori. Mana shu masalani quyosh energiyasi orqali hal qilmoqchimiz. Masalan, suvda ikki atom vodorodniki, bitta atom kislorodniki. Lekin bir-biridan ajratish juda qiyin. Biz quyosh nuridan foydalanib, suvni parchalash texnologiyasini ishlab chiqyapmiz. Buning uchun maxsus reaktor yaratilgan.
“O‘zi suv global muammoga aylanib borayotgan bo‘lsa, yana nega suvni parchalamoqchisizlar”, degan e’tirozlar bo‘lishi mumkin. Qizig‘i shundaki, olingan vodorodni qaytadan kislorodga qo‘shsak, ham katta energiya, ham suv hosil bo‘ladi. Ya’ni, suv oxirida yana tabiatga qaytariladi. Olingan vodorodni saqlash, tashish va foydalanish bo‘yicha muvaffaqiyatli tadqiqotlar davom etmoqda. Kelajakda udan nafaqat ishlab chiqarish, balki kundalik hayotimizda ham foydalanishimiz mumkin bo‘ladi. Buning uchun uni parchalashning eng arzon yo‘li – kichik quyosh sandonlari loyihasi ustida ishlayapmiz.
– Uzr, domla, shu o‘rinda “Vodorod texnologiyalarini olish va saqlash borasida materialshunoslikning o‘rni qayerda?” degan savol paydo bo‘ladi.
– Ha, balli, o‘rinli savol. Gap shundaki, quyosh sandonlari ham abadiy emas. Ularning ham o‘z muddati bor. Hozir elektrolizer degan texnologiya bor. U suvni parchalaydi, faqat suv ishqorli bo‘ladi. Tabiiyki, jarayonda ishlatiladigan oddiy temir korroziyaga uchraydi, chirishni boshlaydi. Yana elektrodlar masalasi bor, ularni yasashda platina yoki oltindan foydalaniladi. Juda qimmat. Mana, nega vodorod o‘ta qimmat hisoblanadi.
Oldimizga qo‘yilgan vazifalardan biri – o‘sha materialning tannarxini tushirishdan iborat, toki iqtisodiy samara bersin, ishlasin. Dunyoda “MXenes” deb ataladigan birikma paydo bo‘ldi. U chirimaydi, issiqlik va infraqizil nurlarni o‘tkazmaydi. Mana shu birikmani o‘rganish va o‘zimizda tayyorlash bo‘yicha xitoylik hamkorlarimiz bilan ishlayapmiz. Bu ham o‘ta qimmat material. Chunki “Maks faza” deb ataladigan xomashyoni ishlab chiqarish uchun 1700 daraja harorat kerak. Bizning qo‘limizda esa 2000-2500 darajali harorat turibdi. Hozir Xitoy bilan birgalikda birinchi materialni oldik. Sinov ishlari davom etmoqda. Biz tajriba orqali yuqori texnologik material yaratishimiz mumkinligini ko‘rsatdik. Agar shu materialni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, ham vodorod olish texnologiyasi arzonga tushadi, ham jahon bozoriga qimmatli tovar eksport qilamiz.
– Shu kunlarda Toshkent shahrining ekologik vaziyatini yaxshilash bo‘yicha Maxsus komissiya ish olib bormoqda. Bu borada Prezident farmoni imzolandi. Olim sifatida mavjud xavfni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi uchun nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?
– Har bir soha bo‘yicha o‘z mutaxassisi gapirgani ma’qul. Lekin bu borada o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha ayrim ishlarni aytib o‘tmoqchiman. Ko‘plab manbalardan xabar kelyaptiki, havo ifloslanishining asosiy sabablaridan biri – issiqxonalar. Ko‘mir yoki rezina mahsulotlari, plastiklar yoqilishi hisobiga havo zaharlana boshladi. Bir tomondan, buni to‘xtatish kerak. Boshqa tomondan, hamma issiqxonalarni yopib qo‘yadigan bo‘lsak, ertaga narx-navo oshib ketadi. Unda nima qilamiz?
Shundan kelib chiqqan holda, oxirgi besh yildan beri biz dala sinovlarini o‘tkazyapmiz. Maqsadga muvofiq maxsus nanozarralar ishlab chiqildi. Bu nanozarralar issiqxona plyonkasiga qo‘shilganda, sodda qilib aytganda, quyoshdan kelayotgan nurlarni ajratib o‘tkazadi. Quyosh nurini hammamiz bilamiz. Milliardlab foton keladi, ya’ni milliardlab to‘lqin uzunligi. Har bitta fotonning o‘z energiyasi bor. Agarda biz o‘sha eng kerakli qismini ajratib oladigan bo‘lsak, bizda zarur harorat paydo bo‘ladi. Masalan, 17-22 daraja infraqizil nurlanishda shunaqangi fotonlar keladi. Tasavvur qiling, yuzlab fotonlar kelyapti, hammasini cheklayapmiz-da, 17-22 darajali fotonlarni ichkariga o‘tkazyapmiz. Demak, issiqxonaning ichi doim shu 22 darajada saqlanadi. Hech qanday sun’iy isitishga hojat qolmaydi, sun’iy sovutishga ham.
O‘zbekiston sharoitidan keyin Shanxay qishloq xo‘jalik akademiyasi bilan Shanxayda sinovlar o‘tkazib ko‘rdik. Tashqi harorat 43 daraja issiq bo‘lganda, issiqxonadagi harorat 35-36 darajani tashkil qildi. Biz konditsioner qo‘yganimiz yo‘q. Bunaqangi harorat o‘simliklar uchun juda komfort. Shunda yaxshiroq rivojlanadi.
– Quyoshli fasllarda bu jarayon tushunarli. Endi qishda qanaqa bo‘ladi?
– O‘zbekistonda o‘tkazgan tajribalarimiz shuni ko‘rsatdiki, tashqi harorat -5 darajagacha bo‘lganda, plyonkaning ichidagi harorat +6 darajada bo‘ladi. Tashqi energiyasiz, suvqog‘oz – plyonkaning o‘zi ishtirokida. Quyoshdan kelayotgan fotonlar kunduzi o‘tgandan keyin tuproqqa singiydi. Ya’ni, ularni tuprog‘imiz yutadi. Yutadi-da, keyin kechasi tashqariga chiqishga harakat qiladi. Chunki energiya-da u. Qayergadir energiyasini sarflashi kerak. U havoga beradi. Havo tashqariga chiqadi va kun qizigandan keyin yana tashqariga harakat qiladi. Plyonkamiz esa uni tashqariga chiqarmaydi. Demak, ichkarida doim shu 22 darajali fotonlar aylanib yuradi, shuning hisobiga harorat mo‘tadillashadi. Xitoyliklar buni “mo‘jizaviy plyonka” deyishyapti. Ko‘pchilik ishonmaydi. Chunki uning ilmiy asosi juda murakkab. Bu kvant mexanikasi, nochiziqli fizika bilan bog‘liq.
Xo‘p, isitish, sovitish, mayli, o‘z yo‘liga, yana bir muhim jihati, bu tajribada hosildorlik oshishi ham kuzatildi. Hosildorlik o‘z-o‘zidan qanaqa oshishi mumkin? Infraqizil nurlar bargga yetib borganda, fotosintez jarayoni boshlanadi. Fotosintez qancha ko‘p va tez bo‘ladigan bo‘lsa, o‘simlik shuncha tez rivojlanadi. Xo‘p, endi rivojlandi, o‘sdi, gulladi. Endi meva tugishi uchun nima qilish kerak? Changlatish kerak. Hozirgi kunda issiqxonalarda sun’iy changlatishdan foydalaniladi. Odatda, dehqonlarimiz har bir tup gulning ustida ishlaydi. Chunki changlatish o‘ta mashaqqatli mehnat.
Tajribada bizning issiqxonalarimizda kapalak, ari, shunga o‘xshagan hasharotlar uchib yurganini ko‘rdik. Oddiy plyonka ichida uchmaydi ular. Chunki issiqxonaning ichi doim 60-70 foiz darajada nam bo‘ladi. “Mo‘jizaviy plyonka”da esa bunaqa namlik darajasi past. Suv bug‘lanishga yetib bormaydi. Hasharotlar uchadi. Bular uchgandan keyin, albatta, tabiiy changlanish yuzaga keladi. Shuning hisobiga hosildorlik ortadi.
Yana bir narsani kuzatdik. Oddiy plyonka va tajribadagi plyonka ostiga ekilgan o‘simliklarga suv berdik-da, keyin yoz kunida bir hafta suv bermadik. Hafta ichida oddiy plyonkaning tagidagi o‘simliklar qovjirashni boshladi, bizning plyonkamiz ostida esa bu holat ko‘rinmadi. Demak, bu tajriba orqali sug‘orishda suv sarfini 30 foizgacha kamaytirish mumkin.
– Mana shu plyonka, xalq tilida aytganda suvqog‘ozni ishlab chiqarish va o‘sha qulayliklarning hammasini dehqonlarga taqdim etish uchun imkoniyatimiz yetarlimi yoki uning materialini boshqa davlatlardan olib kelishimiz kerakmi?
– Ko‘pchilik bu xabarni eshitgandan keyin bizga murojaat qilyapti. Bu plyonkani qayerdan olsak bo‘ladi, kim sotadi, deb so‘rayapti. Biz ishlab chiqaruvchi emasmiz, biz texnologiya yaratamiz. Olimlar nanokukunlarni topishi mumkin. Lekin nanokukunning o‘zi xalqqa kerak emas. Uni plyonkaga qo‘shish kerak, ishlab chiqaruvchilar bo‘lishi kerak buning uchun. Hozir tadbirkorlarimiz biroz ishonqiramay turibdi, lekin Xitoy tadbirkorlari ancha chaqqon chiqib qoldi. Chunki ular amalda sinab ko‘rishgan. Bu texnologiyamizni germaniyalik hamkorlarimiz bilan ham muhokama qilganmiz.
Hozir jiddiy harakat qilyapmiz, kelgusi yildan shu nanokukunlarni biz ishlab chiqarishni boshlasak, hozircha yiliga 10 tonna ishlab chiqarishimiz mumkin. 1 kilo kukun 1 tonna plyonkaga yetadi. Demak, miqdori juda past. Tannarxi ham deyarli o‘zgarmaydi. Biroz qimmatroq bo‘ladi, xolos.
O‘tgan yili Parkent hududida qor ko‘p yog‘ganida, oddiy plyonka qor og‘irligini ko‘tara olmasdan yirtilib ketdi, bizning plyonka osilib qoldi. Xodimlarimiz plyonkamiz yorilib ketmasligi uchun qorni tushirib yubormoqchi bo‘ldi, men tegmaylik, dedim. Chunki plyonkaning qancha og‘irlikkacha chidashini ham ko‘rishimiz kerak edi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi, havo ilidi, plyonkamiz esa yana o‘z holiga qaytib qoldi. Demak, bu yerda polimerizatsiya degan jarayon sodir bo‘lgan, molekulalar cho‘ziladi-cho‘ziladi, lekin elastikligi yuqori bo‘lgani uchun uzilmaydi. Endi uning yana asl holiga kelishi, bu umuman boshqa narsa. O‘ylaymanki, 2026-yil davomida aholimizga, dehqon-fermerlarimizga shu plyonkalarni yetkazib berishni boshlaymiz.
– Demak, bugun yurtimiz ilm-faniga jahon ilmiy doiralari orasida qiziqish ortib bormoqda, endi o‘zbekistonliklar xorijga emas, xorijliklar bizga kelib malaka oshiryapti deyish mumkinmi?
– Yetti-sakkiz yil oldin ham o‘zbek olimining orzusi xorijga chiqib, ilmiy tadqiqotini qilib, dissertatsiyasini yozib kelish sanalardi. Chunki chet elda imkoniyat katta edi. Bugungi kunda xorijdan bizga keladiganlar ko‘payib boryapti. Institutimizga Fransiya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreyadan kelishyapti. Bu, bir tomondan yurtimizda sharoit va imkoniyatlar yaratilgani, boshqa tomondan tadqiqotlarimiz saviyasining ortib borayotgani bilan ham bog‘liq. Endi ilm-fanga yoshlar kirib kelishni boshladi. Demak, yangi yo‘nalishlar, yangi natijalar paydo bo‘ladi.
Yaqinda yuqori entropiyali materiallar degan yo‘nalish paydo bo‘ldi. Tasavvur qiling: samolyot, unda dvigatel bor, dvigatelning parraklari bor. Aytaylik, 40 tonnalik samolyotni uchirish uchun qanaqa kuch kerak? O‘sha turbinalar shunaqa bosimga, kuchga chidamli bo‘lishi taqozo etiladi. Ba’zan samolyotning dvigateliga qushlar urilib, noxush voqea sodir bo‘libdi, deb eshitib qolamiz. Qushning og‘irligi qancha – bir-ikki kilodir nari borsa. Endi o‘sha kichikkina jussa samolyotning turbinasiga urilib, turbinani parchalab yuboryapti. Xo‘p, u katta bosim ostida ishlayapti, havo kelyapti, bu tushunarli. Lekin o‘sha kichkinagina tashqi ta’sir uni halokatga olib kelyapti. Demak, o‘sha turbinalar materialining mustahkamligini oshirish kerak. Boshqa tomondan, uning og‘irligini pasaytirish, yengilroq konstruksiyalar yaratish talab etiladi.
Yuqori entropiyali qotishma nima? Kamida beshta metall olasiz-da, uni aralashtirasiz, keyin 2000 darajada qaynatasiz, so‘ng -100 darajada keskin sovutasiz. O‘sha yuqori entropiyali material hisoblanadi, xususiyatlari fantastik darajada bo‘ladi. Yengil, mustahkamligi juda yuqori. Bu bizning yangi yo‘nalishlarimizdan biri. Ayni paytda rossiyalik olimlar ham bizga hamkorlik maqsadida murojaat qilyapti. Masalaning eng katta “lekin”i, uni ishlab chiqarish uchun juda katta harorat, katta energiya kerak.
Sarmoyaga kelsak, o‘sha energiya sarfining o‘zi katta sarmoya-da. Demak, shundan kelib chiqqan holda, biz yana quyoshdan foydalanadigan bo‘lsak, tannarx pasayadi. Bizning boshqalardan farqimiz ham aynan shunda. Biz arzon energiyaga egamiz va turli xil materiallarni sintez qilib ishlashimiz mumkin bo‘ladi.
Ko‘pchilik ilm ishi mashaqqat, igna bilan quduq qazish bilan barobar, deydi. To‘g‘ri, lekin uning juda qiziqarli, gashtli tomonlari ham bor. Bir materialni olib, unga bir xususiyat qo‘shsang-da, o‘sha xususiyat natijaga aylana boshlasa, olim uchun bundan katta xursandchilik bormi? Chunki bir yangi mahsulotdan foydalaniladigan bo‘lsa, o‘sha foydalanish tugagunga qadar olimga rahmat keladi.
– Domla, muassasangizdagi xilma-xil tovlanayotgan toshlarni ko‘rib, bu yerda nafaqat gaz va metallar, balki ma’danlar bilan ham ishlanadi, degan tasavvur uyg‘onadi.
– Bu toshlar doktorantlarimiz tomonidan tayyorlangan, qiymati brilliantga yaqin. Xuddi tabiiyga o‘xshaydi, tovlanishi qancha nozik bo‘lsa, mustahkamligi ham shuncha pishiq. Nima uchun bu material ustida ishlayapmiz? Chiroyli toshlarni zargarlik maqsadida ishlab chiqarayotganimiz yo‘q. Ushbu o‘ta mustahkam ashyoni geologiyada qo‘llash mumkin. Burg‘ulash jarayonini bilamiz. Minglab metr chuqurlikka tushish uchun mustahkam material kerak, yo‘qsa, parchalanib, sinib ketadi. Shuning uchun bu jarayonda olmos ishlatiladi. O‘ta qimmat tosh bu. Agarda biz uning o‘rnini bosuvchi sun’iy toshlarga ega bo‘lsak, jarayon osonlashadi, xarajat kamayadi. Natijada, yer ostidan olinayotgan tabiiy boyliklar tannarxi tushadi.
– Domla, gazetxonlarimizga aytadigan yana qanday muhim fikrlaringiz bor?
– Ilmiy faoliyat shunday qiziq va jozibador jarayonki, ba’zan olim hayotdan bir muddat uzilib qolishi, ko‘p narsa yodidan ko‘tarilishi ham mumkin, masalan, rahmat aytish. Avvalambor, matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillariga rahmat aytishga burchlimiz. Chunki, ko‘plab tadqiqotlarimiz laboratoriyada bo‘ladi-da, ilmiy hamjamiyatning ichida qolib ketadi. Ming afsus. Ko‘p hollarda ilmiy ishlarga baho berishga ham imkoniyat bo‘lmay qoladi. Jurnalistlar shu jarayonda bizga ko‘makka keladi. Siz shunday institutlarga qancha ko‘p tashrif buyursangiz, ilm-fan haqida qancha ko‘p yozsangiz, shuncha yaxshi. Chunki xalqimiz ham olimlarimiz nima bilan shug‘ullanayotganini bilsin. Materialshunoslik instituti, umuman, Fanlar akademiyasining hamma institutlarining eshiklari buning uchun doim ochiq.
– Vaqtingiz tig‘iz va qimmatli bo‘lishiga qaramasdan bizga vaqt ajratganingiz uchun Sizga ham minnatdorlik bildiramiz! Siz kabi fidoyi olimlarimiz ko‘paysin!
Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



