Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.12.2025 | 10:20

img1553

HISOBOT QURBONI

1930-yillar qatag‘onining qonli tig‘iga duchor bo‘lgan insonlardan biri Abdukarim To‘xtaboyev edi. U 1898-yili Namangan viloyatining G‘alcha qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keladi. Bolaligidanoq yer haydab, dehqonchilik hadisini olib ulg‘ayadi. Dastlab Namangan shahrida eski usuldagi Abdulahad Maxsum maktabida uch yil tahsil oladi. So‘ngra To‘raqo‘rg‘ondagi rus maktabida besh yil o‘qiydi. Navbatdagi bosqichda Namangan gimnaziyasida bir yil ta’lim oladi.

O‘sha yillarda Namanganda savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi, maorif sohalari kengayayotgan palla edi. Abdukarim ham bolshe­vik­lar partiyasiga qabul qilinib, jamiyat ishlarida faolroq bo‘lishga intiladi. 1924-yildan Namangan tumani qishloq uyushmasi tizimida ishlay boshlaydi. Ammo ko‘p o‘tmay siyosiy muhit keskinlashib, manzaralar boshqacha tus oladi. Kechagina ishonch bildirilgan kadrlarga nisbatan shubha, gumon va ta’qiblar kuchayadi. Umumiy siyosiy tortishuvlar, asossiz ayb­lovlar ta’sirida Abdukarim To‘xta­boyev ham partiya safidan chet­latiladi.

1930-yillar o‘rtalariga kelib, Namanganda paxtachilik qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biriga aylangan, bu sohaga mala­kali kadrlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan edi. Ana shu jarayonda Abdukarim To‘xtaboyev ham paxtachilik sohasida tajribali mutaxassis bo‘lish uchun turli o‘quv kurslarida malakasini oshi­radi, paxta tayyorlash, hisob-kitob, tashkiliy ishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘la­di. Namangan viloyatining Koson­soy, Uychi kabi tumanlari va boshqa hududlarga yuborilib, paxta tayyorlash ishlariga rah­barlik qilish, joylardagi tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Bu davr mamlakat bo‘ylab qata­g‘on siyosati avj olgan, inson taqdiri bir zumda hal bo‘lib ketadigan dahshatli yillarga to‘g‘ri kelgan edi. Abdukarim To‘xtaboyev ham shu zulmatli davrning navbat­dagi qurboniga aylanadi. 1937-yil 14-oktyabr kuni u Namangan viloyati Uychi tumaniga qarashli Yakkatoy qish­­log‘idagi paxta tayyor­lash punktida xizmat vazi­fasini bajara­yotgan paytda kutil­maganda hibs­ga olinadi. Uni qanday ayb va kimning ko‘rsatmasi bilan olib ketish­­gani haqida na o‘ziga, na oila a’zolariga hech qanday izoh berilmaydi. O‘shandan boshlab Abdukarim To‘xtaboyev uchun ham, uning oilasi uchun ham og‘ir sinovlar boshlanadi.

Xo‘sh, aslida uning aybi nima edi?

Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi “Uchlik” bayon­noma­larida Abdukarim To‘xta­boyev haqi­da “sobiq quloq”, “jadidlar harakati ishtirokchisi”, “Milliy ittihod”­ning a’zosi”, “bosmachilar bilan aloqada bo‘lgan shaxs” kabi turli ayblovlar qayd etilgan. Tabiiy­ki, tergov jarayonlari tahdid-u bosim­lar ostida olib boriladi. Uning “ayb”i asosan ziyolilar haqida shaxsiy fikrlar bildirgani, ba’zan Cho‘lpon, Fayzulla Xo‘jayev kabi insonlarning nomini tilga olgani, uyida “O‘tkan kunlar” romanini saqlagani edi.

Shu o‘rinda, o‘sha davr manza­rasini yanada to‘liqroq tasavvur qilish uchun ada­biyot­shunos olim Ozod Sharafid­dinovdan yaxlit holat chizgilarini keltirib o‘tsak: “Jazo organlari mahalliy xalqqa qarshi kurashda turli yo‘llardan keng foydalangan. Jumladan, ular qamoqqa olinganlarni jismo­niy qiynoqlarga duchor qilish bilan birga ruhiy ezish, irodasini sindirish, insoniy g‘ururini kam­sitish, izzat-nafsini tahqirlash yo‘li­dan ham borgan. Bu maqsad­lari yo‘lida hech narsadan qaytgan emaslar. Masalan, atoqli olim va adib Fitratni qamoqqa olishdan avval uning uyida tintuv o‘tkaziladi. Xo‘sh, tergovchilar uning uyidan Fitratning “jinoyat”iga aloqador nimalarni olib ketgan? Ayollarning shohi kostyumi, sherst yubka, erkaklarning jigarrang paltosi, to‘rtta qavilgan ko‘rpa, ikkita pa­los, bitta gilam, soat, javon, kerosin bilan yondiriladigan samo­var, yumshoq stullar, bitta yozuv stoli, ikkita sandiq, patefon, musi­qa asboblari, shaxmat, har xil likopchalar, laganlar, 13 ta pichoq, 16 ta sanchqi, 8 ta temir qoshiq, 22 ta yog‘och qoshiq, 82 ta har xil kitob va boshqalar. Bu buyumlarning “jinoyat ishi”ga nima daxli borligini ming o‘ylasangiz ham topa olmaysiz…”

1937-yil 16-noyabrda o‘tka­zil­gan so‘roqda qahramonimiz qayer­­larda o‘qigani, kimlar bilan ishlagani haqida bayon qiladi, ammo bu ko‘rsatmalar ham uni qutqara olmaydi. “Uchlik” qarori bilan Abdukarim To‘xtaboyev 10 yil muddatga mehnat-tuzatuv la­geri­ga hukm qilinadi. Bu qaror uning ishtirokisiz, sud va himoya huquqisiz chiqarilgan, uning taq­diri bir necha daqiqalarda hal qilingan-qo‘ygan.

Abdukarim To‘xtaboyevning qamoq­qa olinishi oqibatida meh­­nat qilish qobiliyatiga ega bo‘l­magan 8 kishi – ayoli va yetti nafar farzanddan iborat oila qarov­siz, qiyinchilik girdobida qoladi. Farzandlari maktabda o‘qish imko­niyatidan mahrum bo‘ladi.

Bu yoqda esa lager hayotining azob-uqubatlari Abdukarim To‘xta­boyevni butunlay ezardi. 1941-yil 1-may kuni u Yaroslavl viloyati Ribinsk shahrida joylashgan Volga-Moskva mehnat lageri mahbusi sifatida SSSR Ichki ishlar xalq komissarligiga shiko­yat arizasi yo‘llaydi. Unda hibsga olinishi, tergovda ko‘rilgan zulm­lar, tahdidlar, majburlab imzo qo‘ydirishlar haqida yozadi va shunday deydi: “Otamning butun o‘tmishi va mening o‘tmishimdan, ishonamanki, yaxshilikdan tash­qari biron narsa topa olmaysiz”.

Shu tariqa u o‘zining hech qanday jinoyat sodir etmagani, otasi va oilasi butun umr halol mehnat bilan hayot kechirganini iztirob bilan yozadi. O‘shanda qahramonimiz hali 42 yoshda, yolg‘iz o‘zi boqib kelgan yetti nafar yosh farzandi otasiz qolgan… bu esa beshinchi marta yozayotgan arznomasi edi. Shunga qaramay, u nima aybi uchun qamalgani yuzasidan aslo tayinli javob olol­maydi.

Shunday, qatag‘on domiga tortish uchun insonning boy yo yo‘qsil, ziyoli yo ishchi bo‘lishi shart emas edi. Oddiy dehqon oila­si­dan chiqqan, umrini tirikchi­lik g‘amida andarmon, halol mehnat, bola-chaqasini boqish fikri­da o‘tkazgan odam ham bir zumda “xalq dushmani”ga ayla­nib qolardi. Sovet qirg‘in mashi­nasi odam tanlamas, Stalin­­ning maxsus qarori bilan res­pub­likalar rahbarlariga qancha “xalq dushmani” topish va qatl etish rejasi belgilab berilgandiki, Abdukarim To‘xtaboyev ham aybini bilmay ketgan ana shunday ayanchli taqdir egalaridan biri edi.

Oradan yigirma yildan ortiq vaqt o‘tgach, 1958-yilda rasman oqlanib, unga qo‘yilgan barcha ayblovlar asossiz, tuhmat ekani tan olingan bo‘lsa-da, uning qayer­da, qachon, qanday sharoitda hayot­dan ko‘z yumgani, afsuski, noma’lum.

Abdukarim To‘xtaboyev taq­diri shu holicha yakka bir shaxs fojiasi emas, butun millat boshi­dan o‘tkazgan sinovlar in’ikosi, o‘rganilishga muhtoj ilmiy-ma’na­viy saboqdir. Zotan, bu kabi taqdirlar bizga hurriyat, inson qadri, adolat tushunchalari qan­cha­lar aziz va qimmatli ekanini mudom eslatib turadi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583