05.01.2026 | 14:49
3612
BЕHBUDIYNING YANGI KUTUBXONASI
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1908-yili Samarqandda “Behbudiya” nomli mutolaaxona ochadi. Unda Hoji Muin, Saidahmad Vasliy Samarqandiy va Abduqodir Shakuriy singari ilg‘or qarashli maslakdoshlar faoliyat olib boradi. Bu maskan xalq tafakkurini yangilash, ilm va ma’rifat orqali jamiyatni o‘zgartirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam edi. Kutubxona fondi bugungi kun talabiga ko‘ra ham benazir edi, u yerda nodir va yangi kitoblar, jurnallar, gazetalar, ensiklopediyalar, lug‘atlar, xaritalar jamlangandi. Afsuski, zulm va jaholat bandalari “Behbudiya”ga chang soldi…

Ne baxtki, “uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas” ekan, bugun ma’rifatparvar bobomizning kutubxonasi qayta ochildi. Faqat yangi shaklda, zamonga hamnafas holatda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Mutolaa” ilovasi yosh ijodkorlar va ay-ti mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Bu tashabbus mamlakatda elektron va audiokitoblar orqali kitobxonlikni zamonaviy formatda rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, milliy va jahon adabiyoti durnonalarini keng ommaga taqdim etishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
“Mutolaa” mobil ilovasi hozirgacha 3,5 million martadan ziyod yuklab olingan. O‘qilayotgan kitoblar soni esa 12 milliondan oshdi. Yoshlar ishlari agentligi, “Xalq banki” va Respublika yosh ijodkorlar kengashi hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan “Mutolaa” loyihasi o‘zbek tilidagi kitoblarni bir joyda to‘plab, hamma uchun bepul yoki arzon narxlarda foydalanish imkonini beradi.
Loyiha doirasida audio va elektron kitoblardan tashqari, bolalar adabiyoti, ay-ti dasturlar, sun’iy intellekt, illyustratsiya, media, kitob-kino hamda tarjima asarlari kabi yo‘nalishlarda 150 nafarga yaqin mutaxassis faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, o‘zbek adabiyotining sara namunalarini tarjima qilish va jahon bo‘ylab keng targ‘ib etish maqsadida Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma”, Sa’dullo Quronovning “Galaktikada bir kun” kabi asarlari chet ellik mohir tarjimonlarga topshirilyapti.
Bolalar adabiyoti “Mutolaa”ning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Loyiha qoshida yosh ijodkorlar maktabi tashkil etilgan bo‘lib, unda havaskorlar tomonidan “Ildiz” to‘plami yaratildi. Asosiy maqsad, ulug‘ ajdodlarimizning bolalik siymosini yorqin va ta’sirli shaklda namoyon qilishdir. Hozirda to‘plamdan o‘nta rasmli kitob joy olgan. Yaqin yillarda loyiha doirasida illyustratorlarni ish bilan ta’minlash dasturi yo‘lga qo‘yilib, ko‘plab yosh rassomlarni qamrab olish va ularning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Kundalik hayotda film va seriallar anonsini ko‘rishga o‘rganib qolganmiz, ammo kitobning tizeri qanday bo‘ladi? Tinib-tinchimagan odamlar yangicha va qiziqarli janr – “Kitob-kino”ni yaratishdi. Unda muayyan asar asosida hujjatli filmlar tayyorlanadi. Har yili o‘zbek hamda jahon adabiyotidagi eng yaxshi hikoyalar, romanlar asosida 10-15 ta film olinadi. Hozirgacha “Kichkina shahzoda”, “Chol va dengiz”, “Unsin”, “Puankare”, “Qo‘rqma” kabi filmlar yaratildi va ular YouTube platformasiga joylashtirildi.
Shu kunga qadar mingdan ortiq asar ilk bor sifatli formatda ovozlashtirildi. Bunday ko‘rsatkich va natijadorlik hozirgacha audiokitoblar sohasida kuzatilmagan. Ular 30 dan ortiq professional dublyaj aktyorlari, O‘zbekiston xalq artistlari tomonidan eng zamonaviy studiyalarda yaratilgan.
Loyihaning yana bir muhim vazifasi – yurtimizda noshirlik faoliyatini rivojlantirish, mualliflarning nufuzini oshirish va huquqlarini ta’minlashdan iborat. Shu maqsadda ishga tushirilgan “Mutolaa Premium” platformasi noshirlar va mualliflarga o‘z kitoblarini sotish hamda daromad ko‘rish imkoniyatini taqdim etadi. Ayni vaqtda yetakchi nashriyotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik shartnomalari tuzilgan va ushbu nashriyotlarning barcha kitoblari ilovaga joylangan.
Yaqinda “Mutolaa” loyihasi bilan hamkorlik qilish uchun mualliflar va ularning asarlariga qo‘yiladigan talablar e’lon qilindi. Ahamiyatlisi shundaki, endilikda respublika adabiy-badiiy gazeta-jurnallarida e’lon qilingan asarlar ham ushbu ilovaga joylashtirilishi mumkin.
Hozirda qariyb 30 ming foydalanuvchi “Mutolaa Premium” xizmatidan xarid tariqasida foydalanib kelmoqda. Yaqin yillarda 4 million kitobxonni qamrab olish va foydalanuvchilar sonini 50 mingdan oshirishni rejalashtiryapmiz.
Loyiha adabiy jarayonni rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida madaniy tadbirlarni ham tashkil qiladi. Xususan, har oyda bir marta tashkil etiladigan “She’riyat kechasi” yoshlar orasida ommalashib, yosh ijodkorlarni rag‘batlantirib kelmoqda.
Hozirgi kunda 7ta ovoz yozish studiyasida 20ga yaqin tajribali aktyor va suxandonlar ishtirokida bir oy davomida besh yuz soatdan ortiq audiokitob tayyorlanyapti. Ilova ham Android, ham iOS platformalarida ishlaydi, bu esa uning keng auditoriya uchun hamda har bir mobil qurilmada oson va qulay foydalanish imkonini ta’minlaydi.
2025-yil 22-dekabr holatiga ko‘ra, ilovada 1 895 ta audiokitob va 2 513 ta elektron kitob mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir yil davomida Andijon, Toshkent va Jizzax viloyati yoshlari “Mutolaa”dan eng ko‘p foydalangan. Bu ko‘rsatkichlar “Mutolaa”ning yoshlarni kitob o‘qishga rag‘batlantirishdagi samarali va zamonaviy platforma ekanini tasdiqlaydi.
Har bir kichik va ulkan muvaffaqiyatda ahil-inoq jamoamiz a’zolari – bosh muharrir Sa’dullo Quronov, muharrir Javlon Jovliyev, elektron kitoblar bo‘limi boshlig‘i Orif Tolib, ay-ti jamoasi rahbari Asilbek Xalilov, loyiha menejeri Hurliman Jumamuradova, media jamoa rahbari Jasurbek Anvarov, audiokitoblar bo‘limi boshlig‘i Shohsanam Xolboyeva, grafik dizayner Husanjon Jo‘raboyev hamda video operator Yusuf Rustamovning hissasi katta.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev har gal ko‘rishganimizda:
“Toki o‘zbekistonlik bolalar uchun kitob o‘qish nafas olishdek zaruratga aylanmaguncha biz mehnat qilaveramiz. Bu ish bizning gardanimizga tushgan, bu – katta vazifa. Uni uddalash bizga mas’uliyat va sharaf!” deydi.
“Mutolaa” – Behbudiy asos solgan ma’rifat maktabining raqamli davrdagi davomidir. Demak, qutlug‘ an’ana yangi shaklda davom etayotir.
Sirojiddin OLIMOV,
“Mutolaa” loyihasi rahbari
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
114
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
143
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333



