12.01.2026 | 14:42
1176
JADIDLAR DAVRIDA KUTUBXONACHILIK
Bugungi kunda O‘zbekiston kutubxonachilik tizimi modernizatsiyasi, raqamli kutubxonalar, axborot-resurs markazlari rivoji jarayonida jadidlar yaratgan ma’rifiy kutubxonachilik an’analarini tarixiy-ilmiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish va chuqur o‘rganish muhim metodologik ahamiyatga ega.

Jadidlarning ma’rifiy paradigmasi shuni ko‘rsatadiki, ular uchun kutubxona: bilim manbayi sifatida – jamiyat va inson haqidagi ilmiy tasavvurlarni shakllantirish vositasi; ma’naviy tarbiya maskani sifatida – axloqiy, diniy va fuqarolik qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi maydon; ijtimoiy muloqot maydoni sifatida – ziyolilar, o‘qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchrashuv joyi o‘laroq talqin etilgan. Shu ma’noda, jadidlar kutubxonani oddiy “kitob saqlanadigan joy” emas, balki ma’rifiy-siyosiy platforma sifatida qabul qilgan.
Jadidlar faoliyati davrida Turkistonda quyidagi turdagi kutubxonalar shakllanganini ko‘ramiz:
Maktab va madrasalar qoshidagi kutubxonalar – yangi usuldagi maktablar, xususiy ta’lim muassasalari huzurida tashkil etilgan kichik kutubxonalar o‘quv-darslik, didaktik va tarbiyaviy-lisoniy adabiyotlar bilan ta’minlangan.
Jamoat kutubxonalari – mahalliy aholi, savdogarlar, hunarmandlar, shuningdek, jadid ziyolilari mablag‘lari hisobidan tashkil etilib, keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.
Shaxsiy va oilaviy kutubxonalar – jadid ziyolilarining uy-kutubxonalari (Behbudiy, Avloniy, Fitrat va boshqalar) atrofida yoshlar va hamfikrlar to‘planadigan ma’naviy muhitni vujudga keltirgan.
Vaqf kutubxonalari – masjid va madrasalar tarkibida vaqf mablag‘lari hisobiga yuritilgan, ammo jadidlar ta’siri ostida ularning fond tarkibi va o‘quvchi doirasi ma’lum darajada o‘zgarib borgan.
Mazkur ziyo maskanlari tarmog‘ini umumlashtirgan holda aytish mumkinki, jadidlar davrida “maktab – matbaa – kutubxona – matbuot” zanjiri ko‘rinishidagi yagona ma’rifiy infratuzilma shakllana boshlagan.
* * *
Jadid kutubxonalarining fond siyosati an’anaviy diniy-fiqhiy adabiyotlar bilan bir qatorda, tarix, geografiya, tabiatshunoslik, matematika kabi dunyoviy fanlarga oid asarlar, turk, tatar, rus, turk-usmonli tillaridan tarjima qilingan qo‘llanmalar, zamonaviy pedagogika, psixologiya, tilshunoslik bo‘yicha risolalar, badiiy-adabiy asarlar bilan boyitilganini ko‘rsatadi. Bu holat kutubxona fondini ko‘p tarmoqli bilim manbayiga aylantirgan.
Jadid ziyolilari fondni shakllantirishda ilmiy foydalilik va dolzarblik, ona tilida adabiyotlarni ko‘paytirish, diniy va dunyoviy bilimlar o‘rtasida muvozanatni saqlash, yoshlar uchun ommabop, tushunarli uslubdagi asarlarni tanlash tamoyillariga amal qilganlar.
Milliy ongning shakllanishida tarixiy xotira muhim komponent hisoblanadi. Jadid kutubxonalarida turkiy xalqlarning tarixiga oid asarlar, musulmon Sharqi tarixiy manbalari, Markaziy Osiyo allomalari merosiga bag‘ishlangan risolalar saqlangani yosh avlodga o‘z tarixiy ildizi, ilmiy an’analarini anglash imkonini bergan. Natijada ilmiy merosimiz haqidagi tasavvurlar, milliy g‘urur va o‘zlikni qadrlash hissi, mustamlaka mafkurasiga nisbatan tanqidiy munosabat kuchaygan. Kutubxona shu tariqa milliy tarixni qayta o‘qish maydoniga aylangan.
Jadidlar ona tilida ta’lim berish va matbuot nashrlarini chiqarish masalasini milliy uyg‘onishning asosiy sharti deb bildilar. Kutubxonalar fondida o‘zbek tilidagi darsliklar va adabiy asarlar, “Taraqqiy”, “Sadoyi Turkiston”, “Oyina” singari jadid gazeta va jurnallari, chet tillardan tarjima qilingan ommabop asarlar mavjud bo‘lib, ular kitobxonlik madaniyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Kutubxona o‘quv zallarida gazeta-jurnallar bilan tanishish, bahs-munozaralar o‘tkazish, mutolaaga doir ko‘rsatmalar berish kabi ishlar olib borilgan. Bu jarayon tilni modernizatsiya qilish, yangi ilmiy-texnik terminologiyani shakllantirish, savodxonlikni oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, milliy ongning mazmunini boyitishga xizmat qildi.
Kutubxona fondidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy mazmundagi asarlar, shuningdek, turli musulmon va jahon xalqlarining taraqqiyotiga doir risolalar o‘sha davr kitobxonida jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar haqida tanqidiy fikrlash, shuningdek, fuqarolik mas’uliyatini his qilish, ijtimoiy adolat, taraqqiyot, erkinlik kabi tushunchalarni anglash sifatlarini shakllantirgan.
* * *
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda kutubxonachilik tizimining modernizatsiyasi, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, elektron va raqamli kutubxonalar, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, ilmiy va oliy ta’lim kutubxonalari faoliyatini takomillashtirish jarayonida jadidlar merosiga murojaat qilish muhim ilmiy-nazariy asoslardan biri bo‘lib bormoqda. Xususan, jadidlar tomonidan shakllantirilgan kutubxonani milliy ma’naviyat markazi sifatida ko‘rish, ona tilidagi adabiyotlar ulushini kengaytirish, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini targ‘ib etish, kitobxon va kutubxonachi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini ma’rifiy maqsadlarga yo‘naltirish tamoyillari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda.
Hozirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, viloyat va tizim kutubxonalari faoliyatidagi tarixiy merosni saqlash, raqamlashtirish va ommalashtirish, “ochiq fond” tizimi, interaktiv xizmatlar bilan bog‘liq ilmiy-amaliy loyihalar aynan jadidlar davrida boshlangan ma’rifiy an’analarni yangi sharoitda davom ettirishning ifodasi sifatida ko‘rilishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, jadid harakati davrida kutubxonachilik tizimi ma’rifiy islohotlarning ajralmas qismi sifatida shakllandi va taraqqiy etdi. Kutubxonalar maktab, matbaa va matbuot bilan birgalikda yagona ma’rifiy infratuzilmani tashkil etdi.
Bugungi O‘zbekiston kutubxonachilik tizimi modernizatsiyasi jarayonida jadid kutubxonachiligi merosini chuqur o‘rganish, uning konseptual tamoyillarini zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, ayniqsa, Milliy kutubxona faoliyatida ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Kelgusida jadidlar tomonidan tashkil etilgan maxsus kutubxonalar, ularning fond tarkibi, kitobxonlar kontingenti, ijtimoiy-siyosiy ta’siri bo‘yicha alohida arxiv va manbashunoslik tadqiqotlarini kengaytirish, ushbu mavzuni O‘zbekiston kutubxonachilik tarixining maxsus bo‘limi sifatida chuqur yoritish, maqsadga muvofiqdir.
Umida TESHABOYEVA,
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



