19.04.2024 | 11:35
662
OCHILMAGAN QO‘RIQ

Jadid ma’rifatparvarlari ilmiy-madaniy merosi keng qamrovli bo‘lib, ularning matbuotdagi maqolalari, hujjatlari, pyesalari nisbatan o‘rganilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan. Biroq ularning qo‘lyozma asarlari va toshbosma nashrlari hozirga qadar yetarlicha tadqiq qilinmagan. Bu kabi asarlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Adabiyot muzeyi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Milliy kutubxona, “Turon” kutubxonasi va boshqa bir qator muassasalarning nodir fondlarida saqlanmoqda. Ushbu merosning katta qismi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida mavjud bo‘lib, ularni ilmiy muomalaga kiritish davr talabi hisoblanadi. Jadidlar asarlari bizgacha asosan qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida yetib kelgan. Institut xazinasida 26 ming jildga yaqin ana shunday qo‘lyozmalar saqlanadi. Asarlarning asl nusxasi yoki jadid ma’rifatparvarlariga tegishli qo‘lyozmalar juda kam saqlanib qolgan. Chunki ular qatag‘onga uchraganida asarlari ham yo‘q qilingan. Jadidlar o‘z tashabbusi bilan Yevropa mamlakatlaridan Turkistonga olib kelgan bosmaxonalarda kitoblar, gazeta-jurnallar nashr qilishgan. Institut fondida qariyb 40 ming jild toshbosma va nashr etilgan kitoblar mavjud. Ular orasida jadidlarning tarixiy, adabiy, ilmiy, diniy mazmunga ega bo‘lgan bosma asarlari, darsliklar, to‘plamlar mavjud. Jadidlik g‘oyasi asoschilaridan Abu Nasr Kursaviy, Shahobiddin Marjoniy va uning shogirdi Ismoil Gʻaspralining kitoblari ham mazkur qo‘lyozmalar xazinasida saqlanmoqda. Xususan, Ismoil Gʻaspralining 1900-yilda nashr etilgan “Turkiston ulamosi” asarida o‘lkamizda yashagan yuzdan ortiq din-u diyonat sohasi vakillari haqida ma’lumotlar jamlangan. XIX asr oxiri XX asrning boshlarida jadidlar o‘zlari ochgan yangi usul maktabi o‘quvchilari uchun darsliklar yozgan. Jumladan, Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni”, “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” kabi darsliklari ham institut fondida saqlanmoqda. Shuningdek, Abdulhamid Cho‘lpon va Ashurali Zohiriy tomonidan o‘rta maktabning yuqori sinflari uchun tayyorlangan “Adabiyot parchalari” nomli xrestomatiya 1926-yilda chop etilgan. Ushbu kitobda Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Gʻayratiy, Shokir Sulaymon va Ashurali Zohiriyning asarlaridan parchalar keltirilgan. Munavvar qori Abdurashidxonovning “Yer yuzi”, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (maktab o‘quvchilari uchun geografiyaga oid darsliklar), “Tarixi islom”, Abdulla Avloniyning boshlang‘ich maktablarning 3-4-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi islom” darsliklari ham saqlanmoqda. Institut fondida jadid shoirlarning she’rlari to‘plangan bosma nashrlar ham mavjud. Jumladan, Abdulla Avloniy tomonidan 1916-yilda mardikorlar tomonidan aytilib, kuyga solingan qo‘shiqlar matni jamlangan “Mardikorlar ashulasi” asari ham saqlanadi. Shu bilan birga, bu yerda Abdulloh Badriddinovning “Juvonmarg”, “Mazluma xotin”, “Ko‘knori”, Abdurauf Shahidiyning “Mahramlar”, “Eski va yangi maktab”, Gʻozi Yunusning “Savodsizliq qanday yomon”, Usmon Xo‘janing “Boy birlan kambag‘al. Buxoro turmushi”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Burung‘i saylovlar” kabi o‘z davrining ijtimoiy-ma’naviy hayotini yorituvchi dramalari bilan ham tanishish mumkin. Jadidlar tomonidan o‘zbek tili va yozuvi masalasiga oid ko‘pgina kitoblar yozilgan. Xazinada 21022-inventar raqami ostida saqlanayotgan Munavvar qori Abdurashidxonovning “O‘zbekcha til saboqlig‘i” kitobida ona tilimiz grammatikasiga oid 154 ta qoida keltirilgan. Qayum Ramazonning 1919-yilda yozilgan “(Imlo) bitim yo‘llari” kitobida imlo qoidalarini isloh qilish haqida so‘z boradi. Piskentlik Abdulla Alaviyning “O‘zbek yangi alifbosini tuzishda asoslar” nomli asarida o‘zbek xalqiga xos shevalar, lahjalar, O‘rxun bitiklari hamda “Devon-u lug‘atit turk” asaridagi so‘zlar qiyosiy tahlil qilingan. Jadidlik harakati namoyandasi Sarikboy Oqayevning “Terma kitob, ya’ni xrestomatiya” asarida jami 77 ta hayotiy hikoyalar va tarixiy voqealar jamlangan. O‘z navbatida, Mulla Mirzo Xayrulloh Xo‘qandiyning “Madxali fanni nujum” hamda “Fanni nujumi turkiy” (astronomiya), Qozi Is’hoqxon To‘raqo‘rg‘oniyning “Jomi’ ul-xutut” (yozuv turlari), Mulla Hoshimjon mulla Azizjon sahhof o‘g‘lining “Jumboqlar to‘plami”, Mulla Bekjon Rahmon o‘g‘lining “Otalar so‘zi” (maqollar), “Qifat ul-bashar” (psixologiyaga oid), Mo‘minjon Muhammadjonning “Nasoih al-atfol” (pand-nasihatlarga oid) kabi asarlari ham o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Sharqshunoslik instituti xazinasida jadid bobolarimiz tomonidan arab, fors, rus va boshqa xorijiy tillardan tarjima qilingan asarlar ham talaygina. Xususan, Abdurauf Fitrat buxorolik Hoji Muin ibn Shukrulloh Samarqandiyning (1883-1942) fors tilida yozilgan “Munozara” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Buxoro madrasasi mudarrisining ajnabiy shaxs bilan savol-javobi tarzida bitilgan mazkur asarda ilg‘or yangiliklarga intilish, ilm-ma’rifatga erishish kabi g‘oyalar ilgari suriladi. Abdurauf Shohidiyning 1911-yilda bosilgan “Bozori sha’ab” asarida bozor, choyxona va mehmonxonalardagi holatlarni bayon qilish orqali o‘sha davrning ijtimoiy-axloqiy manzaralari ochib berilgan. Sharqshunoslik instituti xazinasida taniqli jadid Gʻozi Yunusning 1918-yilda nashr qilingan “Turma xotirasi yoxud haqsizlik kasofati” asari birato‘la uchta – 12832, 14964, 18991-raqamlari ostida saqlanadi. Yuqorida tilga olingan qo‘lyozma va toshbosma asarlar jadid ma’rifatparvarlarining Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanib qolgan merosining bir qismi hisoblanadi. Kelajakda bu dargohda ularning boshqa asarlari ham kashf etilishi mumkin. Ularni izlab topish, o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritish va shu orqali jadidlarning ibratli faoliyati, g‘oya va maqsadlarini yanada kengroq ochib berish yosh tadqiqotchilar, barchamizning eng muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Bahrom ABDUHALIMOV, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



