Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.01.2026 | 10:00

img1546

SANGTAROSH VA TUHMAT TOSHI

“Qatag‘on qurbonlari” kitobini varaqlar ekansiz, sovet tuzumining qonli objuvozi ming-minglab begunoh insonlarning hayotini barbod qilganiga amin bo‘lasiz. Kitobdagi Navoiy viloyatiga oid ro‘yxatda g‘ozg‘onlik  to‘rt nafar yurtdoshimiz nomi qayd etilgan.

Zoirov Juma, Kamolov Karim, Musayev Ismoil, Turdiyev Abdurahimlar soliq komissiyasining yig‘ilish qarori bilan 1930-yillarda quloq qilinib, mol-mulki davlat foydasiga musodara qilinadi. Lekin sovet yuhosi shu bilan qanoatlanmay, “aybdor”larni qabrga tiqmaguncha tinchimaydi.

Bu to‘rt jafokashning aybi nima-yu, nega jazoga tortilgan, degan savolga, afsuski, jo‘yali javob topish qiyin. Nega? Chunki ular aybsiz aybdorlar edi. Ularning “ayb”i – yo‘qsil bo‘lmagani, aksincha, savodli bo‘lgani, oq-qorani tanigani, sovet tuzumining asl qiyofasini anglagani edi. Aslida, ular el-yurt manfaati uchun yashagan, tayin kasb-korli, tadbirkor, halol topib, halol yashagan insonlar edi.

Faqat mustaqillik davriga kelibgina, bu jafokash insonlar, jumladan, mohir muhandis va toshtarosh Abdurahim Turdiyev haqida ham xolis haqiqatlar yuzaga chiqdi. “O‘zbekiston tarixi” telekanalida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori, professor Baxtiyor Hasanov va muzey xodimi Bahrom Irzayevning chiqishlari, “Navqiron G‘ozg‘on” gazetasida Abdurahim Turdiyevning avlodidan bo‘lmish sangtarosh usta Shavkat Ahmedovning “Shayx va muhandis” nomli maqolasi ko‘ngillarga chiroq yoqdi.

Abdurahim Turdiyev 1877-yilning 19-dekabrida ruhoniy oilada dunyoga keladi. Uning otasi mulla Turdimurod hoji, onasi Ochiloy otinoyi mulla Oxun qizi, tog‘alari usta Mo‘min va shoir Olim G‘azg‘oniy – barchalari ilmli insonlar bo‘lgan. Akasi Abdurasul ham madrasani bitirgan, Shohimardon masjidida imomlik hamda masjid qoshida maktab ochib, maktabdorlik qilgan. Yosh Abdurahim ilk ta’limni ota-onasi va tog‘alaridan olib, so‘ngra akasi Abdurasul izidan Buxorodagi Mir Arab madrasasini ixtiyor etadi.

Madrasa davrida u donishmand adib Sadriddin Ayniyning yaqin kishisiga aylanadi. Yetti yillik ta’lim nihoyasiga yetgach, Abdulahadxon saroyiga muhandis qilib qoldiriladi. Chunki madrasada diniy ilmlardan tashqari hisob, handasa, tarix singari dunyoviy ilmlar ham o‘rgatilar, Abdurahim muhandislik ilmini mahorat bilan o‘zlashtirgan edi. U shu sohaga qiziqishi va iqtidori bilan e’tiborga tushadi, hamisha bir qo‘li kitobda, bir qo‘li mehnatda bo‘ladi. Bilishimizcha, u va akasi Abdurasul Naqshbandiya tariqatiga mansub bo‘lib, “Dil ba yor-u dast ba kor” ta’limotini muqaddas bilgan, shu bois, toshtaroshlik, chorvachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

Abdurahim Turdiyev 1900–1905-yillarda Abdulahadxonning Sankt-Peterburgda qurdirgan masjidi, Qrimdagi “Dilkusho” saroyi, Jeleznavodsk(Temir-Suy)dagi sanatoriysi qurilishlarida yetakchi muhandis-quruvchi sifatida muhim va mas’ul vazifaga safarbar etiladi. Qurilishlar tugagach, o‘z yurtiga qaytgan Abdurahim bu yerda ham katta bunyodkorlik ishlariga bosh-qoshlik qiladi. Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa oromgohi, Karmanadagi Qosim Shayx majmuasida Abdulahadxon dahmasini bunyod etish mas’uliyati yuklatiladi. Amir Olimxon ishining pishiq-puxtaligini qadrlab, uni “muhandis” unvoni bilan taqdirlaydi va mukofot sifatida hozirgi Navbahor tumani Beshrabot qo‘rg‘onidan 50 tanob uzumzor bog‘ hadya qiladi.

Muhandis shundan so‘ng 1910-yillarda Dehibalandda Imomi Hasan va Imomi Husayn masjidi, 1906–1915-yil-larda G‘ozg‘onda to‘rt marmar ustunli, to‘qqiz gumbazli marakko uslubiga xos masjid qurilishiga rahbarlik qiladi va bosh usta sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Lekin 20-yillardan boshlab kutilmagan noxush o‘zgarishlar yuz bera boshlaydi. 1920-yil 2-sentyabr kuni Buxoro shahri sovetlar tomonidan shafqatsiz bombardimon qilinadi. Shahar vayron etilib, talanadi. Amir xazinasi vagonlarda olib ketiladi. Buxoro amirligi tugatilganidan keyin, uning o‘rniga Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil etilishi – sovetlarning g‘arazli o‘yini edi. Respublika tashabbuskorlari va ularga hammaslak bo‘lganlar asta-sekin jinoyatchiga chiqarila boshlaydi. 1923-yilda Fayzulla Xo‘jayev atrofida uyushgan “Yosh buxoroliklar” jamiyati a’zolari hokimiyatdan chetlatilib, jiddiy ta’qibga uchraydi. Hurfikr faol millatparvar Abdurahim ham Buxorodan G‘ozg‘onga qaytishga majbur bo‘ladi.

Afsuski, bu yerlarda ham notinchlik boshlangan edi. Kutilmaganda uning g‘animlari, sovetlar tashabbusi bilan bo‘lsa kerak, “ot o‘g‘riligi” voqeasini to‘qib chiqaradi va o‘g‘rilikda muhandisni ayblaydi. Bu Buxoro va Karmanadagi o‘nlab qo‘rboshi guruhlarini birlashishga va mahalliy xalqni sovetlarga qarshi kurashga da’vat qilayotgan Abdulqahhorga muhandisni yomon ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan bir nayrang edi. Chunki yo‘qolgan ot Abdulqahhorga tegishli edi. Abdulqahhorning madrasadosh do‘sti g‘ozg‘onlik mulla Juma oraga tushib, Abdurahimga bunday ishlar begona ekanini aytadi va unga kafil bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay o‘g‘rilik oshkor bo‘lib, haqiqat oydinlashadi. Ot boshqa bir kishidan topiladi.

Hali bu masala sovimay turib, “quloqlashtirish” boshlanadi. Halol mehnatidan daromad qilib, o‘ziga to‘q yashayotgan muhandis birinchilardan “quloq”qa tortiladi. 1932-yilda uning bor bisoti: 30 tanob yeri, 150 bosh qo‘yi, tuyalari, otlari, sigir-u ho‘kizlari, butkul hovli-joylari kolxozga o‘tkaziladi. Bola-chaqasi uchun bir chetdan katakdekkina yarim vayrona bino qoldiriladi. Shaxsiy korxonasi ham yopilib, dongdor usta Nurotadagi shirkatlardan biriga sangtarosh qilib o‘tkaziladi.

Zamon og‘irlashib, Buxorodagi maslakdoshlari boshiga og‘ir kunlar tushayotganini ko‘rgan Abdurahim imkoni borida farzandlarini uyli-joyli qilish tashvishiga tushadi. Qizlari Hamida va Hakimani shoshilinch turmushga uzatib, o‘g‘li Ahmadni uylantiradi. Shubhalanganicha bor ekan, mamlakatda katta terror boshlanadi. Sanoqli kundan keyin Fayzulla Xo‘jayevning maslakdoshi sifatida uning ham iziga tushadilar.

1937-yilning 14-noyabrida 60 yoshli muhandis sovet jamiyatiga qarshi ayblovlar bilan so‘roqqa tortiladi va badniyat “uchlik” qarori bilan Kattaqo‘rg‘ondagi turmaga qamaladi. 1937-yilning 23-noyabr kuni tergovchi Guliyevning bo‘hton hujjatlari asosida unga 10 yillik jazo muddati beriladi va hozirgi Xatirchi tumanining Zarafshon fermerlar uyushmasi hududida bo‘lgan mehnat lageriga jo‘natiladi.

U shu yerda oilasi bilan uchrashar ekan, bu so‘nggi uchrashuv ekanini ko‘ngli sezib, eziladi. Shundan keyingi hayoti esa sirga aylanadi. To hozirga qadar uning keyingi taqdiri nima kechgan, qayerga jo‘natilgan, qachon vafot etgan, qabri qayerda, degan savollarga javob yo‘q. Vodarig‘, necha yillar davomida ko‘ksidan harorat bergan bir bo‘lak G‘ozg‘on marmari uning qabriga nasib etmasa-ya! Bu voqealardan so‘ng, uning farzandlari, ahli ayoli va yaqinlari ham malomat domida qoladi. Akasi Abdurasul ham “mulla” ayblovi bilan besh yillik jazoni Zangiotadagi mehnat lagerida o‘taydi.

Qachonki, Stalin o‘lganidan keyin qizi Hakima onasi Po‘latoy bilan Samarqand viloyati ijroiya qo‘mitasiga ariza yozib, Abdurahim Turdiyev jinoyatchi emas, mehnatkash inson bo‘lganini dalillar asosida bayonlab, jinoyat ishini qayta ko‘rishni so‘raydi. Nihoyat, haqiqat qaror topadi. 1960-yil 27–28-aprel kunlari ish qayta o‘rganilib, Abdurahim Turdiyev aybsiz deb topiladi va o‘sha yilning 19-may kuni oqlanadi. Muhandis va zukko sangtarosh Abdurahim Turdiyevga qo‘yilgan nohaq ayblovlar bekor qilingani “Qatag‘on qurbonlari” kitobida ham o‘z ifodasini topgan.

Suyundik MUSTAFO,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img602

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600