29.01.2026 | 12:58
1418
BUGUNGI YEVROPA ADABIYOTIGA BIR NAZAR
Hozirgi zamon jahon adabiyoti olami, xususan, Yevropa adabiyoti bag‘rida kechayotgan jarayonlarni kuzatar ekanmiz, bir paytlar urf bo‘lgan “Adabiyot – adabiyot uchun”, “San’at – san’at uchun” qabilidagi tamoyillardan keskin chekinish yoki bu singari adabiy aqidalarni ortda qoldirib, yana ham ilgarilash manzarasiga guvoh bo‘lamiz. Garchand, zamonaviy Yevropa adabiyotida ham ommaviy did va iste’molga mo‘ljallangan ikkinchi, uchinchi va undan keyingi toifaga mansub siyqa va sayoz, oldi-qochdi, “o‘ldim-kuydim”dan iborat chuchmal bitiklar hanuz to‘lib-toshib yotibdi. Ushbu yozuvlarda biz xuddi shu bugunning badiiy voqeligini tamsil etishga da’vogarlik qilayotgan yo‘nalish va oqimlar, adabiy maktab va bayon shakllari yuzasidan kuzatuvlarimizni o‘rtaga tashlab, mulohazalarimiz bilan bo‘lishamiz. Buning uchun, avvalo, hozirgi adabiy taraqqiyotga debocha bo‘lgan modernistik va post-modernistik qarashlarga bir qur nazar tashlab o‘tishimizga to‘g‘ri keladi.

REALIZM BILAN BAHS-MUNOZARALAR
Avvalgi realizm bilan bahs-munozaraga kirishgan modernistik adabiyot tanqidiy realizmning ijtimoiy masalalaridan voz kecha boshladi. Bu adabiyot, shuningdek, mantiqiy bog‘lanishlarni – XIX asr va XX asr boshlaridagi realistik yo‘nalishdagi asarlarda ko‘zga tashlanuvchi bayondagi davomiylik, sabab-oqibatlar zanjiridagi izchillik, voqea-hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi masalalarini ham bir chetga surishni ma’qul topdi. Insonni uni o‘rab turgan olamdan ajratib olib, mufassal tadqiq etishni asosiy maqsadi sifatida bilib, buni o‘zining bosh belgilaridan biriga aylantirdi.
Modernistik adabiyot qahramoni o‘zi tarbiya topgan jamiyatda amalda bo‘lgan turmush tarzi, urf-odat va yurish-turish qoidalari hamda o‘zaro aloqa-munosabatlar majmuyi emas, balki makon va zamondagi har qanday munosabatlardan xoli tarzda namoyon bo‘ldi. Boshqacha aytganda, u makondagi aniq belgilab qo‘yilgan muhit va faoliyat sharoitlaridan, zamondagi shakllanish va kamolga yeta borish jarayonlaridan ozod etilgan tadqiq manziliga evrildi. Muayyan asar qahramonini alohida, har qanday qoliplardan xoli va ozod olib qarash, uni shu holicha tadqiq etish adabiy xolislikning yuksak namunasi tarzida ko‘rildi.
Modernist adib epik-bayon uslubidan qat’iyan voz kechadi. Bunday asarlarda muallif nuqtayi nazari, tasvirlanayotgan jarayonlarga uning “burun suqishi” imkonsiz, voqea-hodisalarga nisbatan muallif bahosi va hukmi batamom soqit qilinadi. Qahramonlarning o‘z holicha va tabiiy harakat qilishlari ham aslida adabiy xolislik emasmi?
Modernistik asarlardagi kuzatish maydoni, voqea-hodisalar ro‘y berayotgan maydon aslida tashqi olam emas (garchi tashqi olam unsurlari ko‘rinib tursa ham), balki u atrofdagi jamiyatdan holi bo‘lgan alohida bir shaxsning ichki olamiga, uning tafakkuriga ko‘chib o‘tadi. Va shu tariqa, tipik shaxslarni (bir xil tusdagi oddiy va zerikarli shaxslarni) tipik sharoitlarda (bir xil tusdagi oddiy va zerikarli sharoitlarda) tasvirlashga ruju qo‘ygan realistik va sotsial-realistik adabiyotga qarama-qarshi o‘laroq, modernistik adabiyotning tadqiq obyekti favqulodda va gohida esa o‘ta xasta ruhiyatga ega alohida olingan shaxs bo‘lib qoladi hamda ko‘z o‘ngimizda bu shaxs ruhiyatidagi barcha tovlanish va evrilishlar namoyon bo‘lib boraveradi.
Bu shaxs alohida olingan, barcha ijtimoiy mezon-qoliplardan ozod inson ekan, modernistik adabiyotning asosiy masalalaridan biri – yolg‘izlik va ojizlik qoidalari yuzaga chiqib keladi. Kafka va shu yo‘ldagi boshqa adiblar qarashlariga ko‘ra, inson o‘zining yakka-yolg‘izligi va mushtipar-ojizligi holicha aniq bir dushman va yo aniq bir kishilik jamiyatiga emas, balki butun olamga, taqdiri azal deb qaraluvchi butun borliqqa qarshi turadi. Va bu olamni hech mahal tafakkur bilan anglash mumkin emasdir.
POST-MODERN ADABIYOTI SIFATLARI
Modernizm bilan post-modernizm hududlarini, ular shakllana boshlagan davrni aniqlash imkoni bo‘lmasa-da, ayrim tadqiqotchilarning ishonishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillar post-modernizmning yuksalish davri sanaladi. Post-modernizm mutlaq haqiqat mavjud emasligi, atrofdagi voqelik aslida bir matn va shu matnning turli ifoda-talqinlari ekani haqidagi qarashlarni ilgari suradi.
Unga ko‘ra, qog‘ozga tushirilayotgan (yoki tushirib bo‘lingan) matn (hikoya, qissa, roman) takomil topib borishi davomida har turli janr, uslub va azaliy andazalarni o‘zi istagan ko‘ylarga solib, avvalgi modernizmning jiddiy ohangidan begonaroq, o‘ynoqi tilda so‘zlaganicha, aynan shu asar mutolaasiga sho‘ng‘igan (sho‘ng‘iyotgan) o‘quvchi bilan bekinmachoq o‘ynashga ruju qo‘yadi. Muayyan asarning muayyan muallifi mavjud ekanini bilib tursak-da, asarni o‘qishga bel bog‘lagan o‘quvchiga satrlar aro zimdan murojaat qilib, aslida yozib bo‘lingan-u, ammo mutolaa jarayonida sahifama-sahifa bitib borilayotgan asarning hammuallifi bo‘lishga taklif ishoralarini yo‘llayotganini payqaganday bo‘lamiz.
Bundan tashqari, diqqatimizni matnga yanada tiyrakroq jamlasak, asar qahramonining o‘zi ham shu asar syujetining bir unsuri ekanini bilib turgani va shunga muvofiq harakat qilayotganini anglaymiz. Bunisi ham mayli, ammo bu qahramon faoliyatda bo‘lgan syujetning o‘zi ham endi o‘zini o‘zi sharhlab, tafsir qilishga kirishib ketganini bilgach, asar muallifi kim-u personaj kimligini yoki bularning munosabatlari orasida adashayozgan mutolaago‘y – o‘zimizning o‘rnimizni aniq-tiniq belgilay olmay, adabiy karaxtlikning bahrali ta’midan tamshanib qolaveramiz.
Qat’iy tartibga bo‘ysundirilgan yaxlit syujetning yo‘qligi, yuzaki qarashda mutlaqo bir-biri bilan bog‘lanmagan har turli voqealarning uzuq-yuluq laxtaklari hech kutilmaganda qarshimizda paydo bo‘lib, endigina mantiq so‘qmog‘iga tushib olayozgan diqqatimizni yana parokanda qilib yuborishi, Vaqtning shu vaqtgacha shuurimiz ko‘nikkan shaklda (kechmish – bugun – kelmish) – avvaldan belgilab berilgan yo‘nalish bo‘yicha oqishi lozim bo‘lgani holda, “kechmish, bugun va kelmish” endi bir butunlikda bor bo‘lib, bu shakllarning barchasi bir-birining hududiga muntazam sizib kiraverishi post-modern adabiyotning navbatdagi sifatlari sirasiga kiradi. Asar davomida sodir bo‘lgan (bo‘layotgan) bu yo‘sin taloto‘plarning barchasidan maqsadning ne ekani eng pirovardida oydinlashib, ich-etingizni kemirgan savolmi-taajjublarga kitob xotimasida jo‘yali javob toparman, qabilida umidvor bo‘lasiz hamki, ammo bu kutuvingiz-da chippakka chiqib, so‘nggi sahifaning so‘nggi jumlasini yakunlashingiz hamono, xayollaringiz har taraf sochilib, yana bir dunyo savollar iskanjasida yolg‘iz qolaverasiz.
Post-modern adabiyotning intilishlari shu bilangina tamom bo‘lmaydi. Bunda biz yana istiloh, ishora va boshqa asarlarga mo‘l-ko‘l havolalarga yo‘liqamizki, mumtoz adabiyot bilan bugungi ommaviy madaniyat, ko‘hna asotirlar bilan kundalik turmush manzaralari-yu reklama lavhlari, qadim falsafiy arkonlar bilan bu kunning siyqa ayuhannoslari g‘alat tarzda o‘zaro qorishib boraveradi, bir matnning bag‘ridan joy olgan tanish yo notanish boshqa matnlar birlashib yoki ayrilib, ajoyibxona manzaralarini namoyon qiladi. Boya aytilganidek, bu tur asarlarda tom ma’noda muallifning o‘ziga ham “janoza o‘qilib”, matndan ko‘zlangan maqsad va ma’nolar talqini mutolaago‘yning o‘ziga havola etib qo‘ya qolinadi.
G‘OYA VA QAHRAMONLARGA BEE’TIMODLIK
Urfda bo‘lgan “ulug‘ g‘oya”larga bee’timod post-modernizm jamiyat taraqqiyoti, muayyan bir xalq yoki shaxsning tarixiy missiyasi, mutlaq haqiqat singari tushunchalarni shubha ostiga olib, mardonavor qahramonlarga doir rivoyatlarni ham keskin inkor etadi. Avvalgi aqidalarga ko‘ra, tarix oldinga – asotirlardan tafakkurga, alg‘ov-dalg‘ov xaosdan tartib va nizomga, jaholatdan tamaddunga ilgarilash tarzida tushunilib, badiiy adabiyot ham xuddi shu yo‘nalishni o‘zida aks ettirish vositasida inson kamolotiga ulush qo‘shishga da’vat etilgan bo‘lsa, post-modernizm bu o‘rinda ham keskin e’tirozlarini o‘rtaga tashlaydi. Taraqqiyot g‘oyasini yangi zamon cho‘pchaklaridan biri sifatida talqin qiladigan post-modernizm texnikaviy va ruhiy-axloqiy yuksalishni ham, aslida, yuqori doiralar avom hazmi uchun taqdim etayotgan uydirmadan boshqa narsa emas, deb ishonadi.
Post-modernizm tushunchasiga ko‘ra, XX asr va bugungi kundagi hech poyoni yo‘q savash-urushlar, inson qadr-qimmatini beayov toptagan va toptashda davom qilayotgan ommaviy qirg‘inlar “yorqin kelajak”ka umid va ishonchlarni barbod qildi. Natijada butun boshli jamiyatlarni qamrab olgan ruhiy tushkunlik badiiy adabiyotda ham in’ikosini topib, oxiri baxayr xotimalangan asarlarni topib bo‘lmay qoldi – syujet takomili davriy takrorlanish yoki absurdlikka qurilgan bu asarlarda kelajakning o‘tmishdan ko‘ra avlo va yorug‘roq bo‘lishiga va’dalarni endi uchratmaymiz.
Mazkur oqim falsafasi bu dunyoda olijanob xalq va yuksak burch-maqsadlar mavjud emas, tarix esa uni turlicha anglash va mana shu turlicha anglash oqibatida kelib chiqqan sanoqsiz talqinlar to‘plamidan o‘zga narsa emas, deya talqin qiladi. Shundan kelib chiqib, tarixiy voqealarga istehzo bilan yondashilgan post-modern adabiyotida “yuksak g‘oyalar” hokimiyat jilovini tutgan doiralarning oddiy safsatasi sifatida taqdim etilib, go‘yoki tarix taloto‘plaridan muzaffariyat yalovini baland ko‘tarib chiqqan g‘olib-qahramonlar ham xuddi shu o‘tmish chorrahalarida g‘oyib bo‘lishga mahkum etiladi.
Modernizm va post-modern davriga qadar yagona va mutlaq haqiqat yoki voqelikni tafakkur, ilm va san’at ko‘magida inkishof etish mumkinligi, muayyan muallif uni matnda to‘g‘ri va sahih ifoda etishga qodir ekaniga nisbatan komil ishonch ustuvor yondashuv sanalgan bo‘lsa, endi o‘sha haqiqat yoki voqelik ham mutlaq va yagonalik sifatini boy berib, bitta o‘rniga endi uning ko‘plab mutanosib ko‘rinishlari mavjudligi hamda haqiqat yoki voqelikning har bir ko‘rinishi aslida u haqda so‘zlangan ko‘plab ehtimoliy hikoyalarning birginasi ekani baralla e’lon qilindi. Ushbu ta’kidlarni badiiy adabiyot sahniga ko‘chiradigan bo‘lsak, aynan bir voqea turli personajlar tarafidan turlicha bayon qilinadi va bu bayonlarning birortasi ishonchli ekani ma’lum qilinmaydi. O‘quvchining o‘zi o‘z quvvayi hofizasiga binoan asar ma’nolarini saralab borsa-da, ammo u ham nihoyaviy yechim va yakuniy javobga musharraf bo‘la olmaydi.
Til voqelikni o‘zida aks ettirmaydi, bil’aks, uning shaklini chizib, tarxini tuzadi. Har qanday matnni adoqsiz tarzda turlicha mutolaa qilish mumkin. Shu tariqa, ishonchga “noloyiq” muallif qalamiga mansub “omonat” asardagi voqeaning ko‘plab ziddiyatli talqinlariga yo‘l qo‘yiladi va avvalgi asarlardan ko‘zlangan ishonchga sazovor yagona ma’no, ya’ni “qissadan hissa”ga o‘rin qoldirilmaydi.
Ulug‘vor maqsadlar yo‘lida jasorat ko‘rsatadigan, ezgu amallar mujassami sifatida alqangan o‘tmishning buyuk bahodir va qahramonlariga oid afsona va rivoyatlar post-modern adabiyotida o‘z qadr-qiymatini yo‘qotadi. Bu qahramonlar timsoli tanazzulga duchor qilinadi, ularning tillarda doston shuhrati aslida soxtakorlik mahsuli deb qaralib, muayyan qahramon o‘rnini boshqa aksil-qahramon yoki tasodifiy personaj egallaydi. Avvalgi qahramonlar shu tariqa xatokor va gumrohligi bilan boshqa ojiz bandalar darajasiga tushirib qo‘yiladi. Ular jasorat deyishga birmuncha arzirli qay bir tadbirga qo‘l urganlari chog‘ida ham, ushbu dadillikning qadri ko‘rinmaydi yoki beo‘xshov taqlid tarzida kalaka ostiga olinadi. Sobiqning havolangan jo‘shqinligi joriyning istehzo-yu kesatiq va sulloh-u surbet mutoyibasiga taslim bo‘ladi.
Mazkur qaydlarning xulosasi shuki, modern va post-modern falsafasi va adabiyoti eskilari o‘rniga yangi haqiqatlarni qaror toptirmaydi, balki har qanday o‘zgarmas haqiqatlar, aslida, tamaddun va hokimiyatning istak-ixtiyori bilan yaratilgan naql va matallar, asotir va afsonalar hosilasi ekanini ta’kidlaydi. Shu sababli ham, bu falsafa va adabiyot o‘zgarmas bilingan azaliy arkonlarni muttasil shubha ostiga oladi, ularni bo‘laklarga ajratib, ular asosida yotgan andoza va ziddiyatlarni o‘z o‘lchovlari bilan tadqiq etishga harakat qiladi.
Aslida, qotib qolgan qonuniyatlarni qayta tafakkur qilishga intilish, eskilik xarobalari oralab yangi ufqlar sari boshqa so‘qmoqlar ochilishiga ishonch yoxud ehtiyoj adabiyot va falsafada yangi-yangi oqim va yo‘nalishlarni yuzaga keltiradi.
Sharifjon AHMAD
Amsterdam
“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



