29.10.2025 | 14:56
638
“CHO‘ZMA LAGʻMON” yoxud milliy seriallar mazmuniga yana bir nazar
Ahmadjon MELIBOYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Bundan o‘n-o‘n besh yil avval, xorijiy mamlakatlarda o‘zlari uchun emas, asosan xorijda namoyish etishga mo‘ljallangan uzundan uzoq, adog‘i yo‘qday tuyuladigan teleseriallarni ko‘rganimizda, qani endi, bizda ham shunday seriallar ishlansa, miriqib tomosha qilsak, deb niyat qilgandik. Buni kutib o‘tirmay, serial deganlari dunyoning to‘rt tarafidan biz tomonga sunamiday yopirilib kela boshladi.
Avvaliga asira Izauraning ayanchli hayotini ko‘zlarimizga yosh olib tomosha qildik, unga achindik. Keyin “Boylar ham yig‘laydi” xonadonlarimizda mehmon bo‘ldi. “Oddiy Mariya”dagi Mariya Lopesning dovdir o‘g‘li Xose Ignasioga ich-ichimizdan achindik.
Keyinroq kunchiqar mamlakatlarda ishlangan turkum seriallar namoyishi boshlanib ketdi. Farzandlarimiz sarkarda Jumong jasoratidan, uy bekalari maftunkor Oshin mahorati-yu namunali odob-axloqidan ta’sirlandi. Matbuotda o‘zimizning kino ijodkorlarga da’vat takliflari aytildi. Ne baxtki, ko‘p o‘tmay bizda ham milliy seriallar yaratish boshlandi. Xorijnikichalik bo‘lmasa-da, bir-ikki marta tomosha qilsa bo‘ladigan ko‘p qismli filmlar suratga olindi, binoyidek serialchilar paydo bo‘ldi. “O‘zingniki o‘zingga – oy ko‘rinar ko‘zingga”, deb xursand bo‘ldik.
Ammo xursandchiligimiz uzoqqa bormadi. Xorijiy seriallarning yangi to‘lqini televideniye ekranlariga ofatday qayta yopirildi. Avval ko‘rganlarimiz holva ekan, bunisiga uncha-muncha odamning asabi dosh berolmaydi. Befarosat Fazilatxonimning xurmacha qiliqlaridan endi qutulganimizda, chala dumbul Guneshxonimga duch keldik.
Ana “hayo”, ana “odob”. Kiyinishlarini ko‘rsangiz. Ko‘ylak tiktirishayotganida nozik qomatlarining ba’zi joylariga mato yetmay qolganday. Yomg‘irdan qutulib, qorga tutilibmiz.
Peshonamiz tirishib turganida, “Qora niyat” seriali boshlandi. Bitta gapni ikki-uch oyga cho‘zish mumkin ekan. Qahramonlar o‘zaro olishuvda o‘q yeb, yuragi jiddiy jarohatlanadi, ammo oradan bir osh pishig‘i vaqt o‘tmay, o‘rnilaridan turib, otday yurib ketishadi. Ha, mayli, o‘zimiznikidan qolmaylik, deb umidvor bo‘ldik.
Oradan yillar o‘tdi. Mahalliy mualliflar tomoshabinlar hukmiga ko‘plab seriallarni havola etishdi. Ularning hammasini ham yomon deb bo‘lmaydi, ibrat olsa, xulosa chiqarsa bo‘ladiganlari bor, albatta. Yangi telejanrda maqsadga erishish uchun ko‘p izlanish qilish kerak, dastlabki urinishlardagi kamchiliklarni yo‘l-yo‘lakay tuzatib borish zarur. Shunday qilinmasa, seriallar xususida jamoatchilik fikri o‘rganilmasa, ko‘zlangan maqsad qolib, boshqa bir tomonga og‘ib ketish, “qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish” hech gap emas. Ming afsuski, bugun xuddi mana shu boshqa tomonga og‘ish holatlari serialdan serialga ildiz otayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.
Gapni o‘ramay-buramay aytadigan bo‘lsak, millat sha’ni, g‘urur va origa tegib ketadigan “asar”lar ko‘payib ketdi, serialchilik “sog‘in sigir”ga aylanib, bu nomaqbul jarayon ko‘plarni chinakam ijodkorlikdan chalg‘itmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy yig‘inlarda bu xususda tanqidiy mulohazalar bildiriladi, matbuotda kuyunchak tahlillar yoziladi, ammo ular aytilgan, yozilgan joyda qolib ketayotgani g‘oyat achinarli.
Bir misol, “Andijonnoma” gazetasining shu yil 15-fevral sonida jurnalist Zilola Rahmonovaning “Botqoqqa botayotgan seriallar” sarlavhali tahliliy maqolasi e’lon qilindi. Shu maqoladan qisqa ko‘chirma: “…milliy g‘urur, milliy or-nomusni beshafqat bulg‘ayotgan illatlardan biri, shubhasiz, teleekranlar orqali namoyish etilayotgan seriallardagi ma’naviyatsizlik, madaniyatsizlikdir… Bugun biz ularda qaynonaning razilligi, kelinning mug‘ombirligi, erning xiyonati, akaning mehrsizligi, qayinsingilning hiyla-nayranglaridan boshqa yana nimalarni ko‘rmoqdamiz? Pul uchun imonidan kechayotganlarni, o‘z opasining eri bilan nikohdan o‘tayotganlarni…”
Bugungi seriallarga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy mulohazalar shulardangina iborat emas. Otasining ovqatiga zahar qo‘shgan qiz, hamkasbi bemorni operatsiya qilayotganida, yovuz niyatda elektrni o‘chirib qo‘ygan xoin vrach, kelinni o‘g‘ri qilish uchun tilla taqinchoqlarini uning xonasiga olib kirib qo‘yib, tuhmat qilgan qayinsingil, sevgisini rad etgan qizning boshiga ne-ne kulfatlar solgan yigit… Shu va boshqa ko‘plab qabih niyatlarning hech biri serial davomida ochilmaydi, makkorlarning qabih niyatlari fosh bo‘lmaydi, aksincha, ular asar qahramonlari maqomida qolaveradilar.
Savol tug‘iladi: kun sayin urchib borayotgan soxta seriallar o‘zbek tomoshabinlari ong-shuuriga, yoshlar tarbiyasiga, umuman, ma’naviyatimizga, milliy mentalitetga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda, teleasar yordamida jamiyatdagi qanday muammolarning yechimi topilmoqda? Ularda bag‘rikeng, olijanob, mehmondo‘st, bolajon xalqimizning yuksak ma’naviy fazilatlari nechog‘li ko‘rsatilgan? Nahotki, butun boshli mamlakatimizda er-xotin xushmuomala, farzandlari komil, kelinlari muloyim, qudalari andishali, mahallada obro‘-e’tiborli bitta ham oila bo‘lmasa?! Nahotki, hamma o‘gay onalar, seriallarda ko‘rsatilayotganidek, yosh norasidalarni yetimcha deb kamsitib, xo‘rlayotgan bo‘lsalar?
Bu savollarga javob berish oson emas, chunki har bir tomoshabin u yoki bu serialni shaxsiy dunyoqarashi, ma’naviy savodxonligi, ziyoliligi darajasidan kelib chiqib ko‘radi. Chuchmal va soxtaligi bilan kimningdir asabini o‘ynatgan bir serial boshqa bir tomoshabinni chunonam yig‘latadiki, qozonda qaynayotgan kechki ovqat kuyib, uy ichini kuyindi hidi bosib ketsa, farzandlari o‘qishdan qaytishsa ham sezmaydi.
Ota-onasini hurmat qilgan yoshlar ularni ranjitmaslik uchun boshqa kanalda o‘zlari uchun zarur bo‘lgan axborotni tinglash imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar. Qisqa aytganda, juda ko‘p qimmatli vaqt behuda ketadi, bu isrofdan boshqa narsa emas.
Xorijiy seriallarda behayo kadrlar shu qadar ko‘pki, ularni oila davrasida ko‘rish mushkul. Bundan ham achinarlisi, davlat kanallarida yurtimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotiga oid muhim xabarlar, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqimiz hayoti, turmush tarziga ta’siri haqidagi yangiliklar e’lon qilinayotganida, mamlakatimiz rahbarining farmon va qarorlari ijrosiga doir tahliliy ko‘rsatuvlar namoyishi boshlanganida, xususiy kanallarda pufak seriallar hujumga o‘tadi.
Davlatimiz rahbari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan yig‘ilishida bu haqda to‘xtalib, “Savol tug‘iladi: xalqimiz televizorni eng ko‘p ko‘radigan paytlarda, ya’ni “praym-taym” vaqtida xorijiy seriallarga katta o‘rin berayotganimiz qanchalik to‘g‘ri? Bu oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish lozim”, deya ta’kidlagan edi. Bu talabni e’tiborga olmaslik mumkin emas.
Bir necha yillar avval namoyish etilgan chala-dumbul seriallar qayta-qayta ekranga olib chiqilayotganini tushunish qiyin. Chunki yoshlar ulardan ko‘p narsalarni o‘rganishlari mumkin. Mana shu “mumkin”dan o‘ta jiddiy va og‘ir tashvish kelib chiqadi. Nega deysizmi?
Ushbu filmlarda yovuz niyatni amalga oshirish uchun ovqatga zahar qo‘shish, oilalarni buzish uchun soxta suratlardan foydalanish, ota-ona oldida yarim yalang‘och yurish, jazmanlarini oilaga bemalol taklif etish, ularni tez-tez almashtirib turish, qalbaki nikoh marosimi o‘tkazish, oilaviy hujjatlarni o‘g‘irlash, soxtalashtirish, raqiblari uchun avtohalokat uyushtirish, “dushman” oilasi farzandlarini o‘g‘irlash, tibbiy tahlil natijalarini almashtirib qo‘yish, ertalab uyqudan uyg‘onib, yuviqsiz holda nonushta qilish kabi g‘arbona “madaniyat” namunalari zo‘r berib targ‘ib qilinadi.
Xolis aytganda, xorijiy seriallar namoyishining qoyil qoladigan bir muhim jihati bor, u ham bo‘lsa, asar qahramonlariga ovoz beruvchilarning yuksak mahorati. Ovozni aslidan o‘tkazib yuborishgan-e. Ammo bunga qoyil qolib bo‘lmaydi. San’atkorning iste’dodi, noyob ovozi uning shaxsiy mulki emas, millatning noyob, fayzli boyligi! San’atkor o‘zining sahna umridan oqilona foydalanmasa, keyinchalik afsus qilishi turgan gap.
Jamiyatning ma’lum toifasini serial bilan band qilish telekanal uchun soxta reyting to‘plashdan boshqa hech bir muammoni hal qilmaydi, aksincha, yangi-yangi muammolarning paydo bo‘lishi va urchishiga olib keladi. Buni barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Ijod sahnasida hali o‘zini to‘la namoyon etishga ulgurmagan, bu yo‘lda endi-endi tetapoya qilayotgan yosh aktyor va aktrisalarga seriallarda rol ijro etish balki qiziqarlidir, ammo suyagi sahnada qotgan, el-yurtda obro‘-e’tibor qozongan taniqli san’atkorlar pufak seriallarda suratga tushishni ijodlarining asosiy maqsadi qilib olganlari g‘oyat taassufli.
Bizni tashvishga solayotgan holat shuki, xorijiy seriallarning behayo epizodlari asta-sekin milliy seriallarimizga surbetlarcha kirib kelmoqda. Hech kim mushuklarini “pisht” demayotgan ssenariy mualliflari bu holatdan ilhomlanib, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yangi-yangi epizodlarni o‘ylab topmoqdalar.
Chunonchi, endilikda seriallarda kelin yoki kuyovning qarindoshlarini o‘g‘irlab ketish, garovga olish, qurolli hujum uyushtirish, yosh kelinning erkak kishi peshonasiga to‘pponcha tirashi, yuqoriga qarab o‘q uzishi, raqib tomonning mol-mulkiga o‘t qo‘yish, bu ishda sotqinlar xizmatidan foydalanish, murdani yashirish, jinoyatni yopishda o‘g‘rilar olami “qonun”laridan foydalanish hollari ko‘payayotir.
Serialni boshlab qo‘yib, uni qanday yakunlashni bilmay garangsirash holatlari ham mavjud.
Bir aktrisa kunduzi namoyish etiladigan serialda mahallada obro‘li, ko‘pni ko‘rgan oqila ayol rolida chiqsa, kechqurun boshqa bir serialda buning mutlaqo aksini ko‘ramiz: yovuz qaynona, hiylakor ma’shuqa, xiyonatkor kelin, tantiq ovsin, vaysaqi qo‘shni, ochko‘z quda va hokazolar.
Bunday rollarni ijro etmaslik kerak, demoqchi emasmiz. Badiiy asarda hayotning barcha qirralari namoyon bo‘lishi zarur. Ammo, chinakam san’atkor bitta obraz ustida oylab ishlaydi, ter to‘kadi, izlanadi. Serialda bo‘lsa, ijaraga olingan uyning eshigi ochilishi bilan hamma tayyor. Bunisiga nima deysiz?
Shu joyda ustoz yozuvchi Shuhratning bir gapi yodga tushadi: “Badiiy asarda, masalan, romanda, u garchi hayotda, jamiyatda mavjud kamchiliklar xususida bo‘lsa ham, ijobiy qahramonlar salbiy qahramonlardan ko‘p va ustun bo‘lishi kerak”. Bugungi seriallarda ayni shu qat’iy shart ko‘zga tashlanayotgani yo‘q.
Tasavvur qiling. Teleekranda navbatdagi serial namoyish etilmoqda. Mo‘may merosga ega bo‘lish uchun qaynonasini zaharlayotgan kelinni ko‘rib, turmushidan halovat topmayotgan, oilasi buzilish arafasiga kelib qolgan biror kelinchakning xayoliga nimalar kelmaydi, deysiz? Sodda yigitchalardan sovg‘aga tilla taqinchoq olayotgan mug‘ombir qizlar, o‘zining gulday oilasi qolib, boshqa joyda tunab qolayotgan kuyovlardan kim qanday “ibrat” oladi? Teleko‘rsatuvni bir vaqtning o‘zida bir necha million kishi tomosha qiladi, har million tomoshabindan atigi bittasining niyati buzilsa, qanchadan qancha yangi xiyonatkorlar paydo bo‘lishi mumkin-ku?!
Bir necha yil avval “Afrosiyob” poyezdida Samarqandga borganman. Fransiyadan kelgan sayyohlar bilan birga yo‘lga tushdik. Guruh tarjimoni yordamida suhbatlashib ketdik. Hammaning kayfiyati chog‘, hademay dunyo sayqali deb nom olgan Samarqandga yetib boramiz. Vagon peshtoqidagi ekranda “Begona bahor” nomli film namoyish qilinmoqda edi. Avval ko‘rganim uchun unga e’tibor bermay, qo‘limdagi jurnalni varaqlab o‘tirgandim.
Bir payt mehmonlar bir-birlariga ekranni ko‘rsatib, nimanidir qizg‘in muhokama qilishga tushib ketishdi. Kelinini qo‘lidan sudrab, ko‘chaga itqitib tashlayotgan qaynonani ko‘rib, qo‘rqib ketishibdi. Bu kadr menga ham ta’sir qildi. Nahotki, shunday bo‘lsa? Samarqandga yetguncha, bir-ikki kishi kuyib-pishib, mehmonlarga filmning badiiy asarligini tushuntirishga harakat qildik. Tushunganday bo‘lishdi, ammo yuzlaridagi noxush holat tarqamadi…
Ijodda bo‘rttirish, umumlashtirish degan usul bor. Yosh oilalar uchinchi kishining aralashuvi bilan buzilayotgani sir emas. Ammo bo‘rttirganda ham me’yorni unutmaslik kerak. Bir serialda homilador kelin hovlidagi daraxt mevasidan yemoqchi bo‘ladi. Ziqna qaynona uning qo‘lidan mevani tortib oladi. Ishonish qiyin.
Ushbu satrlarni qog‘ozga tushirayotib, seriallar ssenariysini maxsus moslamada lag‘mon cho‘zishday tez yozib beradigan bir-ikkita ijodkor bilan suhbatlashdim. Ulardan: “Dialoglarda nega behayo so‘zlardan, ochiq-sochiq holatlardan foydalanasizlar, o‘ziga topshirilgan rolni mahorat bilan ijro etayotgan katta yoshdagi ayol aktrisa nega endi o‘zbekcha qolib, boshqa tilga (Эта – моя школа) o‘tib ketadi?” deb so‘radim. Javob bunday bo‘ldi: “Bir-ikkita “qichiq” joyi bo‘lmasa, ssenariyni qabul qilishmaydi. Ozroq to‘qiymiz ham”. Mana, sizga talab! Xalqimizda go‘zal bir matal bor: “Yolg‘on to‘qiydigan qalamdan ko‘cha tozalagich supurgi yaxshi”.
Keyingi to‘rt-besh yil ichida namoyish etilgan ko‘plab seriallarning mavzusi o‘zaro yaqin, aniqrog‘i, bir-birining takrori. Bu xususda yuqorida aytib o‘tdik. Xo‘sh, nahotki boshqa mavzu bo‘lmasa? Ko‘zni kattaroq ochib, bugungi O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi yangi o‘rni, ijtimoiy-ma’naviy mavqeyiga, odamlar, yoshlar hayotiga chuqurroq nazar tashlaylik. Yoshlarimizning ilm-fan, san’at, sport, tadbirkorlik va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlari, dunyoning havasiga sazovor bo‘layotgan natijalari qiziqarli serial bo‘lishi mumkin-ku?
Davlatimiz rahbarining AQSHda yosh vatandoshlar bilan uchrashuvida bildirilgan fikrlar, o‘zga yurtda, o‘zgacha sharoitda yashab, o‘zbekligini unutmagan, millat farovonligi uchun xizmat qilishni niyat qilib, havas qilarli natijalarga erishayotgan yoshlar, o‘zimizda zamonaviy zavod-fabrikalar qurib, million-million dollarlik mahsulotni xorijga eksport qilayotgan navqiron tadbirkorlar haqida film, serial ishlash nega rejalarimizda yo‘q?
Buning sababi bitta, murakkab mavzu ustida bosh qotirgandan ko‘ra, ijara uyida divanga yonboshlab yotib, navbatdagi pufak serialni shitob boshlash va tugallash oson.
Ijod – to‘la ma’noda erkin faoliyat. Bu borada hech kimga to‘siq qo‘yilishi mumkin emas. Ammo istiqlol bergan bu buyuk imkoniyatdan qanday maqsadda foydalanish – boshqa masala. Shunday ekan, serial ishlab chiqarish tizimini jiddiy qayta ko‘rib chiqish, havaskor “oshpaz”larning sifatsiz “cho‘zma lag‘mon”idan qutulish vaqti yetib kelganini unutmaylik.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
146
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
109
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
149



