06.02.2026 | 14:11
4230
AZIZ SANJAR DNK TA’MIRLASH MEXANIZMLARI ORQALI INSON SALOMATLIGI VA KELAJAK TIBBIYOTIGA YO‘L OCHGAN NOBELCHI OLIM
Zamonaviy molekulyar biologiya va genetika fanining rivojlanishida taniqli olim, Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjarning o‘rni beqiyos. Uning DNK ta’mirlash mexanizmlari bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari inson genomining barqarorligi, saraton kasalliklari va biologik soat tizimini tushunishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Aziz Sanjarning ilmiy yutuqlari nafaqat jahon miqyosida, balki O‘zbekistonda ham yuksak e’tirof etilmoqda. Jumladan, 2018-yil oktyabr oyida unga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan faxriy professor unvoni berildi. Shuningdek, olim nomi bilan O‘zMU Biologiya fakultetida maxsus ilmiy laboratoriya tashkil etildi. 2023-yilda Samarqand davlat universitetida ham Aziz Sanjar nomidagi ilmiy laboratoriya o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu laboratoriyalar molekulyar biologiya, genetika va biomeditsina sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yosh olimlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Ilmiy biografiya va muvaffaqiyat yo‘li
Aziz Sanjar 1946-yil 8-sentyabrda Turkiyaning Mardin shahrida tug‘ilgan. U Istanbul universiteti tibbiyot fakultetini tamomlab, keyinchalik AQSHdagi Texas universitetida molekulyar biologiya yo‘nalishida doktorlik (PhD) darajasini olgan. Hozirda u AQSHning Shimoliy Karolina universiteti tibbiyot maktabida professor sifatida faoliyat yuritadi.
2015-yilda DNK ta’mirlash mexanizmlarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlari uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari
Olimning asosiy ilmiy yo‘nalishlari DNKni tiklash mexanizmlari, biologik soat va kriptoxrom genlari, hujayra sikli, mutatsiya jarayonlari hamda saraton terapiyasida xronoterapiya konsepsiyasini o‘z ichiga oladi. Aziz Sanjarning tadqiqotlari DNKning ultrabinafsha nurlar ta’sirida zararlanishi va hujayra tomonidan qanday tiklanishini molekulyar darajada tushuntirib berdi. Bu ishlar genom barqarorligini saqlash mexanizmlarini anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Inson salomatligi uchun ahamiyati
Aziz Sanjarning ilmiy ishlari tibbiyot va biotexnologiya sohasida qator amaliy natijalarga olib keldi. Xususan, saratonni davolashda dori vositalarini organizmning biologik soatiga mos vaqtda qo‘llash – xronoximioterapiya usuli samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, genetik kasalliklar, qarish jarayoni va mutatsiya mexanizmlarini tushunishda ham uning tadqiqotlari muhim nazariy asos bo‘lib hisoblanadi.
Saraton bo‘yicha zamonaviy tadqiqotlar
Olim hozirgi kunda biologik soat va DNK ta’mirlash tizimining o‘zaro bog‘liqligini o‘rganishni davom ettirmoqda. Ushbu tadqiqotlar saraton hujayralarining shakllanishi va rivojlanishini yangi nuqtayi nazardan tushuntirish imkonini beradi. O‘rxon Bursali tomonidan yozilgan maqolada qayd etilishicha, mazkur yondashuv kimyo va radioterapiyaning samaradorligini oshirish bilan birga, sog‘lom hujayralarga yetkaziladigan zararni kamaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston haqidagi fikrlari
Aziz Sanjar O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan va mamlakatning ilmiy salohiyatini yuqori baholagan. U yurtimizni qadimgi sivilizatsiya va ilm-fan markazlaridan biri sifatida ta’riflab, yosh olimlar va talabalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan. Uning fikricha, O‘zbekiston yoshlari global ilm-fan maydonida munosib o‘rin egallashi mumkin.
Turkiy dunyo e’tirofi
2024-yilda Ozarbayjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY Doimiy Kengashining 40-yig‘ilishida Aziz Sanjarga “Turk dunyosi madaniyat elchisi” unvoni berildi. 2025-yilda esa Toshkent shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti tomonidan unga turk dunyosida fan va texnologiya sohasiga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro mukofot topshirildi.
XULOSA
Aziz Sanjarning ilmiy faoliyati molekulyar biologiya va tibbiyot fanlarida yangi ilmiy qarashlarni shakllantirdi. Shu bilan birga, u turkiy dunyo va O‘zbekistonda ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan nufuzli olimlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Jasmina ISROIL tayyorladi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
184
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
161
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
370



