10.02.2026 | 12:51
1256
ZIYOLI KIM?
Tilimizda “Ziyoli” degan so‘z bor. Bu kalima qanday ma’nolarni tashiydi, u ifodalaydigan tushunchalar qatorida bugun dolzarb bo‘lib turgan masalalarga daxldorlik qirrasi bormi, umuman, ziyoli kim va uning jamiyatdagi vazifasi nimalardan iborat? Yaqin o‘tmishimizda shu so‘zga muqobil tarzda “Intelligent” kalimasi faol qo‘llangan, lekin o‘sha davr lug‘atlarida uning tarjimasi sifatida “Ziyoli” ma’nosi ko‘rsatilmagan ekan.

Bu so‘z o‘tgan asrning 60-yillaridan urfga kirganga o‘xshaydi. Negaki, 1956-yilda tarixda birinchi va oxirgi marta chaqirilgan katta mashvarat ham “O‘zbekiston intelligensiyasining
1 syezdi” deb atalgan. Bu so‘zlarning kelib chiqishiga e’tibor bersak, “intelligent”ning o‘zagi “intellekt” – lotincha “aql”, “ziyoli” esa forscha “ziyo” so‘zidan yasalgan. Mabodo ularning ma’no doiralarini chamalasak, keyingisi ancha katta tushunchalarni qamrab olgani, keng ma’nolarni ifodalaganini sezish qiyin emas.
“Aql”ni inson tafakkurining borliqni aks ettirish quvvati, deyish mumkin va aqlda tug‘ma xususiyat ustuvor bo‘ladi, ya’ni odam aqlli va aqlsiz – nogiron bo‘lib dunyoga kelishi mumkin. “Ziyo” esa keng tushuncha, uning o‘zagida yuqorida ta’kidlangan yorug‘lik va nur ma’nolari bo‘lganidek, ijtimoiy yuklamasi ham salmoqli. Intelligent – aqliy mehnat kishisi, holbuki, xalqimiz “ziyoli” deganda faqat aqlli mehnat kishisi yoki ma’rifatli zotni emas, balki har jihatdan ibratli, bir so‘z bilan aytganda, “o‘zidan yorug‘lik va harorat” taratab yuruvchi mo‘tabar shaxsni, so‘zi o‘tadigan kayvonini, jamoatchilikning eng obro‘li odamini tushungan.
Ziyolining o‘ziga xos axloqiy “kodeks”i jamiyat faoliyati davomida shakllangan. Bunday kishilarni jamiyatimiz oldin ham, hozir ham ko‘plab tarbiyalab yetishtirgan, ular qishloqning, tumanning, viloyatning, yurtning tirgagi, ustunlari bo‘lgan. Bunday kishilarning obro‘sini yillar to‘foni ham yiqita olmaydi, ularning xayrli ishlarini hech kim unutmaydi ham.
Ziyolilik ijtimoiy tabaqa yoki kasb emas, balki jamiyatning butunlay ixtiyoriy, lekin qat’iy talablar asosida tuhfa etadigan e’tirofidir. Har qanday savodli yoki ma’rifatli odam ziyoli bo‘lavermaydi. Mening tasavvurimda tarixdagi ana shunday ziyoli zotlardan biri sifatida shayx Najmiddin Kubro hazratlari gavdalanadi. Yoki ulug‘ Alisher Navoiyni o‘zidan ziyo taratgan buyuk zot deyish mumkin. Yaqin tariximizda ham “bir kambag‘alning kulbasini shamchiroq bo‘lib yoritib o‘tgan” ziyolilar ko‘plab topiladi. Bunday zotlarning xizmatlari ko‘lami turlicha, mavqelari haminqadar bo‘lmasin, o‘z ziyolarini atrofga taratib o‘tgan, ziyolaridan atrof yorug‘lik va haro-rat olgan. Olg‘a bosayotgan karvon bir yo‘lboshchiga ehtiyoj sezganidek, jamiyat yorug‘ kunlarning zulmatlari – turli ikir-chikirlari o‘z yechimini topishda shunday zotlarga kuchli ehtiyoj sezaveradi. Va banogoh talotumlarga to‘la zamonlarda ziyolilar yetarli bo‘lganmi, bugun ham ular ko‘pmi, degan savol aylanaveradi.
Xuddi shunday savol bilan 10-15 yillar oldin davrimizning bir qancha faol ziyolilariga anketa tuzib murojaat qilgandim. Ayniqsa, o‘sha vaqtda har qanday mavzuda buyurtma berilsa, tezlikda bajarib “ma’rifiy dastgoh” darajasiga ko‘tarilgan taniqli olimning fikrlarini bilishni juda istagandim. Ammo olimdan banogoh “Bir qitmir jurnalist menga hammaga ma’lum savollar bilan murojaat qilaveradi”, degan javob kelgandi. Muddao esa ziyolining oddiy odamlar va rahbarlar oldidagi vazifalarining chegarasini bilish edi, bu yoqmagani aniq bo‘lgan.
Rostdan, balki zamonlar osha bir savol ko‘ndalang turar: jamiyatda ziyolining o‘rni qayerda? Qo‘lida katta imkoniyati bor tabaqa bilan eng oddiy shafqatga muhtoj odamlar o‘rtasida ziyoli qanday o‘rinni egallashi kerak, uning mavqeyi, tabiiy vazifasi nimadan iborat? O‘ylab ko‘rilsa, bu savollarga javoblar ziyolining kimligiga ham bahoni aniqlab beradi. Har jihatdan ta’minlangan tabaqaga osoyishtalik kerak, u shu zaylda yashab, qitmirroq aytganda, “davr-u davronini surib”, uzoq yillar kun ko‘rsa, shu kifoya. Oddiy e’tiborga, deylik, shikoyat arizasiga imzo qo‘ydirishga ham muhtoj qatlam esa dasti uzunlardan shafqat umid qiladi, uning xatiga ta’na-dashnom yoki jarimalarsiz “muborak” imzoning chekilishi ham unga iltifot. Munosabatlarning ana shunday manzarasida hammasi insof darajasida ish tuta oladimi? Afsuski, yo‘q. Mabodo, shunday bo‘lganida, kuch tuzilmalariga, turli qonunlarga ehtiyoj qolmasdi.
Endi asosiy savolni qo‘ysak bo‘ladi: xo‘sh, ana shunday izdihomda yorug‘lik va harorat quvvvatiga ega bo‘lgan ZIYOLIning o‘rni qayerda yoki u o‘zini qayerda his qiladi? E’tiborli tomoni – ana shu savolning javobi bugun, har doim ham, jamiyat qiyofasida asosiy mezon bo‘lib kelgan. Ziyoli muhtojning haqqini himoya qila oladimi, insofsiz zo‘ravonning giribonidan ola biladimi? Balandparvoz iboralarda ta’riflanganidek, haqiqat himoyasi uchun maydonga tusha oladimi?
Azaldan insoniyat erishgan qadriyatlarda adolat ustuvorligi uchun kurash yuksak insoniy fazilat sifatida ulug‘langan. Shunisi borki, hamma tirik odam atrofidagi voqealarga parvo qilavermaydi. “Och qornim – tinch qulog‘im”, “Menga desa, dunyoni suv bosmaydimi, kulbam quruq bo‘lsin” singari qarashlar aksariyat ko‘pchilikning hayotiy me’yori. Qolgan bir hovuchgina hushyor odamlar ham murosa yo‘lini tanlaydi. Juda oz haqparastlar esa har doim qadr topavermaydi. Hatto jamiyatda axloqiy me’yorlar vayron, tanazzulga ketilayotgani aniq bo‘lgan sharoitda ham ziyolilar o‘rtada suv ayirg‘ichdek namoyon bo‘ladilar. Ularga ijtimoiy ehtiyojning kuchliligi shundan. Bu ijtimoiy ehtiyoj kuchli tarzda namoyon bo‘lganida, omma ziyolining so‘zini kutadi. Bu o‘rinda ziyolilik haqparastlikdan ham yuqori turuvchi mavqe kasb etadi.
Agar shunday yuqori talab bilan yondashilsa, bugun ZIYOLILAR KO‘PMI? Balki ularning oz-ko‘pligi jamiyatning qiyofasini belgilayotgandir. Negaki, odamni, demak, jamiyatni FIKR boshqaradi. Tasavvur qiling: bir odam yomg‘ir tagida shalabbo bo‘lib turibdi. Unga yopinchiq olib borib berishdi, turaverdi. Suv, non tutishdi, turaverdi. Xullas, miyasiga yomg‘irdan qochib, panaga o‘tish kerak, degan FIKR kelguncha turaverdi. Mana shu jo‘n misolning o‘zi odamning ust-boshini o‘zgartirish, qornini to‘ydirishdan oldin fikrini o‘zgartirish kerakligini tasdiqlab turmayaptimi? Ziyoli qavmi ana shu missiyaga yo‘naltirilgan tabaqa!
Demak, jamiyat qanday bo‘lsa, ziyoli shunday bo‘ladimi yoki ziyoli qanday bo‘lsa, jamiyat shunday bo‘ladimi? Bu so‘roqqa javob berishdan oldin, yuqorida ta’kidlanganidek, haqiqiy ziyolilar bormi, bor bo‘lsa, ularning mavqeyi, ularga jamiyatning, demak, davlatning e’tibori qanday, degan savollarga javob topish kerak bo‘ladi. Ziyoli va jamiyat hodisasi – bir-biriga ichki zanjir bilan bog‘langan yaxlit uzviylik. Ziyoli jamiyatdan tashqari bo‘la olmaydi, jamiyat ziyolisiz mukammal emas.
Tabiiy, muhokama yo‘nalishi “davlat qanday ziyoliga buyurtma beryapti”, degan savolga borib yetyapti. O‘sha javob berish erish tuyulgan anketa savollari qatorida shunday so‘roq ham bor edi: “Jamiyat ziyoliga qandaydir darajada buyurtma berishi yoki faol hayotga jalb etishi mumkinmi? Umuman, keyingi yigirma yil davomida bu borada qanday tendensiyalar ko‘zga tashlandi va ularning natijalariga munosabatingiz qanday?” Bu savolga o‘shanda ham, hozir ham javob berish oson emas. Chunki jamiyatning qiyofasi ham, kayfiyati ham o‘zgarib turadi. Jamiyatning tabiati qanday: u eng zamonaviy talablar asosida rivojlanayotgan yuqori bosqichdami yoki hali xalq manfaatlari to‘la yuzaga chiqmagan, ijtimoiy munosabatlar shakllanmagan ibtidoiy bosqichdami? Muhokamaning eng yuqori va eng quyi chegarasida jami so‘roqlarga javob topish uchun aniq bir harakat lozim bo‘ladi. Ana shu qo‘zg‘atuvchi harakatni biz anchadan beri turli shtrixlar bilan suratini chizayotgan ziyolilar amalga oshirishi talab etiladi! Mana, gap nimada?!
Yo‘l izlagan olomon qorong‘i o‘rmonda adashib qoladi va tanida erkinlik hissi jo‘sh urgan bir yigit yuragini sug‘urib, uning yorug‘i va haroratida xalqni zulmatdan qutqaradi. Vaziyatning badiiy ifodasi shunday, bu 120 yil oldin insho etilgan. Oradan bir asrdan ko‘proq vaqt kechgan, moddiyatda, texnik taraqqiyotda odamzot mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, ana shu kosmik parvozlar qanotida xuddi chigirtkadek yashirinib, o‘sha ibtidoiy manzara yashab qolaverar ekan, har doim Dankolarga ehtiyoj bor. Faqat bugun boshqa bir ko‘rinishda va manzarada.
E’tibor bering: yo‘l bo‘yidagi bir tandirkabob oshxonasida har kuni uch yuz qo‘y so‘yilib, o‘choqqa osilar ekan. Unga navbat tog‘ yo‘lida 3-4 chaqirimga cho‘zilgan. O‘rmonda adashganlar-ku, bosqinchining zulmidan qochib, keyin yo‘l topa olmay qolganlardir; kuppa-kunduzi qorin, aniqrog‘i, nafs qutqusida hil-hil pishgan etga nashavand bo‘lgandek uzun navbat qatorlari orasida adashib yurganlarning fojiasi undan o‘n-yuz baravar battar emasmi? Insonki, bizning zamondoshimizki, shu darajaga tushgan ekan, kim(lar)dir yuragini alanga qilib, olomonni bu jaholatdan – nafs ummonidan qutqarishi lozim emasmi? Yuz yillar oldin jadid bobolar qon qusib takrorlagan holat – “bu xalq ma’rifatga oshga turgandek navbatga turganida edi”, bugun dunyo uning ilkida bo‘lmasmidi? Axir qanday daholar ana shu tuproqda ko‘z ochib, ulg‘ayib, dunyoni olgan-ku! Eh, bosqinlar, bo‘linishlar, repressiya-yu korrupsiyalar guldek vatanni ne holga soldi-ya? Bu iztirobni kimlardir yuragidan o‘tkazayotgandir…
Jamiyat boshqarilishi qiyin bo‘lgan og‘ir karvon. Uning ehtiyojlarini qondiradigan vositalar uning bag‘rida paydo bo‘lib, dunyo yuzini ko‘rib, amaliyotga kirguncha yillar, o‘n yillar osongina o‘tib ketadi. Yo‘li juda uzoq bo‘lgan quyosh ziyosiga, haroratiga esa har doim ehtiyoj bor. Jamiyatda kechayotgan o‘zgarishlarni tahlil qilib, to‘g‘ri yo‘nalishga da’vat etuvchi ziyolilar esa har doim faol bo‘lmoqlari tarixiy zaruriyat.
Agar millatning ziyolilari bo‘lmasa, demak, bu kulbanig chirog‘i o‘chgan, uning tiriklik olamida yashashi mumkin emas. Harakat – borlik, mavjudlik; harakatsizlik esa yo‘qlik, yo‘qolish. Hech kim o‘zicha yo‘qolishni xohlamaydi!
Hakim SATTORIY
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



