14.02.2026 | 12:01
1680
SHOIRLAR ICHRA SHOH, SHOHLAR ICHRA PODISHOH
SHE’RIYAT
Bobur she’riyatining o‘ziga xosligi samimiyligida, shuningdek, barcha birdek tushuna olishidadir. Shoir lirikasi markazida muhabbat va hijron, pok sevgini ulug‘lash, visol orzusi, vafodorlik mavzulari turadi. Har bir she’rida shoir hayotining manzaralari aks etadi. Shu bois, Bobur she’riyatini uning biografiyasi sifatida baholash mumkin.

Bobur o‘zbek va fors tillarida ijod qilgan zullisonayn shoir. Bir ruboiysida va “Boburnoma”ning 1509-1510-yillar voqealari bayonida Samarqand hokimi Po‘lot Sultonga devonini yuborganini ta’kidlaydi. Ayni paytga qadar “Bobur devoni”ning 10 ta qo‘lyozmasi topilgan bo‘lib, keyingi tadqiqotlarga ko‘ra shoirning hali ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan yana bir qo‘lyozma nusxasi ham mavjudligi aniqlangan. Bobur devonining qo‘lyozma nusxalari bugungi kunda Angliya, Fransiya, Hindiston va Turkiya kabi mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda.
QOMUSIY ASAR
Buyuk mutafakkir ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkuri shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa egadir. Uning qomusiy asari “Boburnoma”da katta bir davr tarixi mujassam.
Asar qimmatini oshiradigan jihatlardan biri, unda bir yarim mingdan ziyod shaxs nomi zikr etilgan. Ayniqsa, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga keng o‘rin berilgani alohida e’tiborga molik. Shuningdek, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston xalqlarining tarixiy, ijtimoiy-siyosiy hayoti, turmush tarzi, shu mamlakatlar geografiyasi, o‘simliklari va hayvonot dunyosi to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumot keltiriladi.
Asar o‘z xarakteri bilan nafaqat turkiy tildagi tarixnavislik – memuarchilikda favqulodda hodisa, balki Sharq madaniyati tarixida ham ajoyib yangilik, nodir adabiy manba sifatida ardoqlidir. Shu sababli u XVI asrdayoq bir necha marta fors tiliga tarjima qilindi. Keyinchalik Yevropa tillarida bir necha bor nashr etildi, batafsil o‘rganildi. Asar shu kunga qadar yigirmadan ortiq tilga 40 martadan ziyod tarjima qilingan bo‘lib, ularning har biri turli yillarda qaytadan chop etilgan. Umuman, Bobur asarlari haqida minglab ilmiy asar yozilgan.
“Boburnoma”ning XVI–XX asrlarda ko‘chirilgan 17 ta qo‘lyozmasi ma’lum, ular asosida muhim ilmiy tadqiqotlar bajarilgan. Dunyo olimlarining Bobur va boburiylarga bo‘lgan yuksak ehtiromini yuzlab nodir tarixiy, ilmiy-adabiy manbalar misolida ham ko‘rish mumkin.
ILMIY-ADABIY MEROS
Boburdan bizgacha beshta asar: “Boburnoma”, “Devon”, “Mubayyin”, “Aruz risolasi” va “Risolayi volidiya” yetib ketgan. Musiqa va harb ishiga oid asarlari bugunga qadar topilmagan.
Bobur yangi yozuv kashfiyotchisi ham edi. Yigirma yoshida “Xatti Boburiy”ni kashf qilgan. U “Boburnoma”ning bir necha o‘rnida, shuningdek, bir she’rida o‘zi yaratgan yozuv haqda to‘xtalib o‘tadi. Ammo boburshunoslikda ushbu xat bilan bog‘liq tadqiqotlar ko‘p emas. Bu borada mamlakatimiz olimlaridan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Angliya, Fransiya, Yaponiya, Rossiya, Hindiston, Turkiya va Pokiston olimlari tadqiqot olib borgan.
Bobur otasi yo‘lidan borib, mashhur so‘fiy – Xoja Ubaydulloh Ahrorga ixlos qo‘yadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi. Umrining oxiriga qadar shu e’tiqodga sodiq qoladi. Keyinchalik, “Boburnoma”da Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizlikdan xalos etgani, og‘ir sharoitlarda rahnamolik qilganini ta’kidlaydi. Xoja nevaralaridan ikki kishi Bobur xizmatida bo‘lgan. Ayniqsa, Xoja Kalonning Bobur bilan qadrdonligi bir umrlik xizmati bilan izohlanadi. Bobur Xoja Ahrorning fors tilida nasrda yozilgan “Volidiyya” asarini she’riy usulda o‘zbek tiliga jami 243 bayt qilib tarjima qilgan. Xullas, Bobur bir umr shariatpanoh hukmdor bo‘lib yashaganini asarlari va boshqa tarixiy manbalardan bilish mumkin.
O‘ZBEKISTONDA BOBURSHUNOSLIK
Mamlakatimizda Bobur shaxsini elga tanitish, bu buyuk siymo asarlarini ilmiy tadqiq etish jarayonida jadidlarning o‘rni katta bo‘ldi. Bu ishga Shokirjon Rahimiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy kabi ma’rifatimiz fidoyilari o‘ziga xos hissa qo‘shdi. Shokirjon Rahimiyning 1923-yilda “Bilim o‘chog‘i” jurnalida bosilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur” maqolasi ushbu yo‘nalishdagi ilk tadqiqotlar sirasiga kiradi. Avloniyning Afg‘oniston xalq maorifi vaziri, so‘ng sovet ittifoqining Afg‘onistondagi elchisi vazifasida xizmat qilgan davri voqealari aks etgan “Sayohatnoma” asarida Bog‘i Boburni ziyorat qilgani va ulug‘ shoir haqidagi o‘y-kechinmalari bayon etilgan. Albatta, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida “Boburnoma” asari eslab o‘tilishi ham aslo tasodif emas edi.
Bobur she’riyati Cho‘lpon ijodiga ta’sir etganiga oid ko‘plab misollar bor. Fitrat tomonidan 1928-yilda nashr ettirilgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” majmuasida Boburning 31 g‘azali, 2 masnaviysi, 28 ruboiysi va “Boburnoma”dan parchalar kiritilgani o‘sha davr uchun tarixiy voqelik bo‘lgan. Otajon Hoshimning ushbu kitobga yozgan so‘zboshisida ham Bobur hayoti va ijodi haqida ko‘p ma’lumot berib o‘tilgan.
Qonli qatag‘on yillari, Bobur nomi va uning ijodiga munosabat yaxshi bo‘lmagan zamonlarda “Литературная энциклопедия” (1937) kitobiga Olim Sharafiddinov va Sotti Husayn tomonidan “O‘zbek adabiyoti” nomli maqolaning yozilishi va unda Bobur ijodiga oid eng muhim va xolis ilmiy baho berilgani o‘z davri uchun katta jasorat bo‘lgan. 1958-yili Andijon davlat pedagogika instituti rektori, shoir va adib Abdumannop Egamberdiyev tashabbusi bilan Bobur tavalludining 475 yilligi tantana qilingan. Ushbu tantanalarda hofiz Faxriddin Umarov Boburning “Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen” deb boshlanuvchi g‘azalini ilk bor ijro etgan.
“Boburnoma”ni tanitishda Fitrat tadqiqotlarining ahamiyati katta. Manbalarga ko‘ra, uning o‘ndan ortiq ilmiy asar va qo‘llanmalarida Bobur nomi tilga olinadi. Jumladan, “Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham havaslilar uchun qo‘llanma” (1926) darsligida Bobur va uning ijodi haqida yangi davr o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi bo‘lib ma’lumot berilgan. “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1-jild, 1928) majmuasida “Boburnoma”ning Hindiston qismi tabdil etilib, O‘zbekistonda ilk marta nashr qilingan. “Adabiyot qoidalari” kitobida eng ko‘p misol ham Bobur ijodidan keltirilgan. Fitrat, shuningdek, “Aruz haqida” (1935) risolasida turkiy aruzning xususiyatlarini tushuntirar ekan, Boburning ham aruz nazariyotchisi, ham aruzning go‘zal vaznlarida she’r bita olgan hassos shoir ekanini alohida e’tirof etadi.
Jadidlarning tadqiqotlari keyingi davr boburshunoslik ilmining rivoj topishiga asos bo‘lib xizmat qildi. 1944-yili Moskvada P.Petrov “Boburnoma” tarixiy manba sifatida”, 1948-yili S.Aliyev “Zahiriddin Muhammad Boburning she’riy ijodiyoti”, 1949-yili S.Azimjonova “Umarshayx va Boburning Farg‘ona ulusi”, 1954-yili G.Blagova “Характеристика грамматического строя (морфологии) староузбекского литературного языка контса ХВ века по “Бабурнаме” mavzusida nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladi.
Shundan so‘ng, o‘zbek va boshqa turkiy tilli respublikalar adabiyotida dissertatsiyalar soni orta boshladi.
Shuhrat HAYITOV,
filologiya fanlari doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



