24.02.2026 | 10:00
972
QAYRILGAN QANOT
Ba’zi odamlar nazdida, go‘yo hech kim qatag‘onga qarshi bosh ko‘tarmay, mum tishlagan, so‘z aytishga jur’at etmagan, nohaq ayblov, tuhmat, bo‘htonlar oldida tilini ichiga yutgandek tuyuladi. Bunday tasavvur qo‘rquv hukm surgan muhitni hisobga olganda, hatto tushunarli ham. Lekin arxiv hujjatlari bunday talqinni “hazm qilish”ga izn bermaydi. Chunki qatag‘on hali avj olmasidanoq, jamiyatda kechayotgan nohaqliklar, zo‘ravonliklarga nisbatan o‘z munosabatini qat’iy bildirgan, jasoratli, “to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “ih” demaydigan” jadid bobolarimiz, ajdodlarimiz ko‘p bo‘lgan. Mana shunday jasur insonlardan biri Isroil Ortiqov edi.

Isroil Ortiqov 1907-yili Qo‘qon shahrida hunarmand oilasida tug‘ilgan. Otasi do‘ppilar uchun qolip tayyorlab, ularni eski shahardagi do‘konida sotib ro‘zg‘or tebratgan. Oila besh kishidan iborat bo‘lib, bir xonali uyda yashagan. Bundan tashqari, momosi mablag‘iga qurilgan yana bir uy bo‘lib, u yerda ijarachilar istiqomat qilgan. Biroq 1918-yildan keyin bu uyning bir qismi buzilib, qolgan qismi kommunal xo‘jalik ixtiyoriga berib yuboriladi. Qahramonimiz o‘z tarjimayi holida qayd etganidek, “bundan tashqari oilaning hech qanday mol-mulki bo‘lmagan”.
Isroil Ortiqovning bolaligi inqilob va fuqarolar urushi tufayli izdan chiqqan, beqaror yillarga to‘g‘ri keldi. 1918-yil Farg‘ona vodiysida hokimiyat uchun kurash eng shafqatsiz bosqichga chiqqan, ayniqsa, tinch aholi orasida qurbonlar soni keskin ko‘payib bormoqda edi. Ana shu og‘ir sharoitda, sovet hokimiyati tiklanayotgan damda dashnoqlar partiyasi a’zolari xonadon tinchini buzadi. Ular uyga bostirib kelib, oila boshini tashqariga olib chiqadi-da, oila a’zolari ko‘z o‘ngida o‘ldiradi. Taassufki, o‘sha yillarda bunday qatllar ommaviy tus olib, ko‘plab oilalar otasiz, tirikchilik ustunisiz qolgan.
Ikki yildan so‘ng onasi ham vafot etib, Isroil bolalik chog‘idayoq yetim qoladi. Bir muddat to‘ng‘ich akasi, temir yo‘l ishchisi Ahmadjon Ortiqov qaramog‘ida yashaydi. Biroq bu tayanch ham uzoqqa bormaydi. 1927-yili Ahmadjon Ortiqov kasalxonada operatsiya vaqtida hayotdan ko‘z yumadi. Isroil Ortiqovning o‘zi bu voqeani akasiga nisbatan “dushmanlarcha operatsiya qilingan” deb qayd etadi. Shu tariqa, inqilob yillari Isroil Ortiqov taqdiriga ikki martalab yetimlik muhrini bosdi.
1919-yildan so‘ng yosh Isroil mustaqil tirikchilik qilishga majbur bo‘ladi. O‘sha davrda sag‘ir bolalar uchun tanlov – yo ishlash, yo och-nahor qolishdan iborat edi. Shu sharoitda Isroil Qo‘qonning eski shahrida Isxonboy nomli boynikida uch yilga yaqin batraklik qiladi. Keyin katta yer va hammomga ega boshqa bir boy – hammomchi Hojiga ishga yollanadi. Bu yerda ikkinchi akasi Ibrohim Ortiqov bilan birga ishlaydi. So‘ngra Farg‘ona jinoiy qidiruv idorasida xat tashuvchi va agent sifatida xizmat qiladi. Akasi armiya safiga chaqirilgach, Isroil uning o‘rnida ishlay boshlaydi. Hujjatlarga ko‘ra, qahramonimizning akasi Ibrohim Ortiqov 1924-yildan armiyada xizmat qilib, keyinchalik kapitan unvonigacha ko‘tarilgan.
1925-yil Isroil Ortiqov hayotida yangi bosqich boshlanadi. U temir yo‘l transportiga ishga kiradi. Avvaliga tovar poyezdida kichik konduktor bo‘lib, keyin esa mas’uliyati va intizomi tufayli stansiya boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritadi. Pop, Haqqulobod, Ko‘gay, Poytug‘ va Serevo stansiyalari orqali qatnaydigan Namangan yo‘nalishida xizmat qiladi.
1928-yili Bag‘dod tumani komsomol konferensiyasida Isroil Ortiqov tuman komiteti kotibi etib saylanadi. Shu paytdan boshlab uning butun hayot yo‘li komsomol faoliyati bilan uzviy bog‘lanadi. U turli yillarda Bag‘dod, Oltiariq, Quva, Qo‘qon, Eski shahar hamda Farg‘ona okrugi komsomol tashkilotlarida tuman va shahar kotibi sifatida ishlaydi. Bu lavozimlar uni joylardagi yoshlar hayoti, ijtimoiy muammolar va kadrlar siyosati bilan bevosita yuzma-yuz qiladi.
1930-yil dekabrdan 1931-yil aprelgacha Isroil Ortiqov O‘zbekiston LKSM Markaziy Komiteti Tashkiliy bo‘limi mudiri bo‘lib ishlaydi. Oradan ko‘p o‘tmay, shu joyda birinchi kotib lavozimiga ko‘tariladi. Komsomolga u Qo‘qonda 1920-yilda kirgan bo‘lib, 1929-yildan partiya a’zosi hisoblanardi. Bu ma’lumotlar qahramonimiz faoliyati uzoq yillik ish tajribasi va tizim ichidagi o‘sish natijasi ekanini ko‘rsatadi. Ayni shu maqom va ishonch uni qatag‘on arafasidagi siyosiy muhitni yaqindan ko‘rish, joylarda kechayotgan voqealardan ichdan boxabar bo‘lish imkonini bergan.
O‘sha paytda begunoh, turli ayblov, tuhmat-u bo‘htonlar tufayli tazyiqqa uchrab, qatag‘onga tutib berilayotgan insonlar haqida gapirgan odam xatarga duch bo‘lardi. Bunday qayishuvchanlik, hamdardlik “jinoyatga sherik” tarzida baholanib, uni aytgan shaxsning o‘zi ham ta’qib girdobiga tortib ketilgan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pdan ko‘p begunoh odamlar chekayotgan dahshatlarni katta minbarlardan turib dadil ayta olgan kam sonli shaxslardan biri qahramonimiz bo‘ladi.
Biz bunday jasoratni Isroil Ortiqovning 1932-yil 23-avgustda bo‘lib o‘tgan yoshlar anjumanidagi mardonavor nutqida yaqqol kuzatamiz. U beayb qatag‘on qilinayotgan odamlarni ajal domidan qutqarishga intiladi. Manbalarda keltirilishicha, Isroil Ortiqov o‘sha anjumanda shunday deydi: “Mana sizlarga axloq tuzatish uyida bo‘lib o‘tgan bir fakt. Bu yerda 15 yoshida 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bir bola o‘tiribdi. Bu bola hozirgacha qamalib yotib, yoshi 17 ga yetgan. 16 yoshdagi bir bola bo‘lsa, ot o‘g‘irlab ketayotgan odamni ko‘rgan, lekin o‘g‘rini ushlash qo‘lidan kelmagan, ammo o‘g‘rini ko‘rganini so‘zlagani uchun qamalgan… Yoki, bir kambag‘al bechora zayom uchun 10 so‘m qarzdor bo‘lgan, uning kambag‘alligi inobatga olinib, qarzni to‘lash bir haftaga kechiktirilgan. Shunday bo‘lsa ham, shu ish uchun bu kambag‘alni aksilinqilobchilikda ayblab, sud qilganlar”.
“Madaniy turmush darajasi oshib borayotgani”, “yangi hayot shakllanayotgani” haqida dabdabali hisobotlar berilayotgan bir paytda, Isroil Ortiqov bu da’volar haqiqatdan yiroq ekanini anglatishga urinadi.
“Men bir uy bilan tanishdim, – deydi u o‘z ko‘rgan-kechirganlarini ochiq bayon etarkan. – Mana shunday bir tom tagida bo‘lgan qorong‘i, zax uylarda bir xonada xotinlar yashaydi, ikkinchi xonada erkaklar yashaydi, bular bilan bir qatorda otxona joylashgan. Ushbu odamlar yonida ot, tuya, ho‘kiz, eshaklar bog‘langan. Hamma binolar loydan, tuproqdan ishlangan bo‘lib, yog‘ochdan ishlangan imoratlar butunlay yo‘q”.
Ko‘rib turganingizdek, bunday shahd hammada ham topilavermas, ayniqsa, bu holni minbardan turib baralla aytishga har kimning ham yuragi dov bermasdi. Bu chiqish sovet tuzumining, xususan, Stalin davridagi qatag‘on oqibatlari ochiq aytilgan kamyob holatlardan biri sifatida tarixda qoldi. Tabiiyki, bu kabi chiqishdan keyin sovet hokimiyati gumashtalari qahramonimiz boshini silamasligi turgan gap edi.
1937-yil 14-oktyabrda Isroil Ortiqov hibsga olinib, bir yil davomida muttasil qiynoqqa solinadi. 1938-yil 5-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasi ko‘plab shaxslar qatori uning ustidan ham hukm chiqaradi. Sud otuvga mahkum etadi va hukm o‘sha kuniyoq ijro qilinadi. Shu tariqa, kechagina komsomol va partiya tizimida ishonchli rahbar sifatida faoliyat yuritgan inson bir zumda “xalq dushmani”ga aylanadi.
Yillar o‘tib Isroil Ortiqovning nomi oqlanadi. “Guliston” jurnalining 1989-yil 4-sonida tarix fanlari doktori Petr Kimning “Qayrilgan qanot yoxud repressiya qurboni Isroil Ortiqov haqida” maqolasi e’lon qilinadi. Keyinchalik uning hayot yo‘li va faoliyatiga bag‘ishlab risola ham chop etiladi. Biroq sovet davrida amalga oshirilgan bunday “rasmiy oqlov”lar qatag‘on fojiasining mudhish oqibatlarini yumshatmaydi.
Asosiy haqiqat shundaki, Isroil Ortiqov va u kabi minglab qatag‘on qurbonlarining nomini xalq xotirasiga to‘laqonli qaytarish faqat mustaqillik sharoitidagina mumkin bo‘ldi. Mustaqillik tufayli arxivlar ochildi, hujjatlar qayta o‘rganildi, bir paytlar “xalq dushmani” degan tamg‘a bilan yo‘q qilingan insonlar nomi haqiqiy qadr topdi. Bugun ularning nomi adolat, jasorat va haqiqat timsoli sifatida tilga olinayotgani – erkinlik bergan eng katta ma’naviy xazinadir.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



