12.01.2026 | 16:17
1866
MILLAT KURASHCHISI
1938-yilning boshlarida NKVD tomonidan qamoqqa olinib, “Stalinga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan” degan ayb bilan Toshkentda otib tashlangan o‘z davrining faol yoshlaridan biri, o‘zbek sportining iftixori Hidoyat Inoyatov edi.

Hidoyat Inoyatov 1913-yili Toshkent shahrining Taxtapul dahasidagi Qoziko‘cha manzilida tug‘ilgan. Uning bolalik davri Oktyabr to‘ntarishi ro‘y berib, jadid maktablari yopila boshlagan hamda ular o‘rniga namunaviy maktablar paydo bo‘layotgan pallaga to‘g‘ri keladi. Qoziko‘chaning shundoq biqinida “Ulug‘bek” maktabi ochiladi. Qahramonimiz shu yerda o‘qiydi. Ertalab mahalladagi o‘zbek maktabida, tushdan so‘ng Yangi shahardagi rus maktabida tahsil oladi. Yer-suv islohoti yillarida otasi quloq qilinib, butun oila sinovlar girdobida qoladi. Hidoyat maktabdan qolib, mustaqil hayot yo‘lini tanlashga majbur bo‘ladi.
O‘sha yillari Toshkentda yangi artel, zavod va fabrikalar izma-iz ishga tushayotgan, shahar hayotiga ishchilar qatlami kirib kela boshlagan edi. Bu korxonalar mahalliy yoshlar bilan faol ish olib borib, ularni ishga jalb etish bilan birga, muayyan g‘oyalar asosida tarbiyalashga harakat qilardi. Ana shu muhit, yuqorida aytganimizdek, oilaviy sharoit masalasi endigina o‘n besh yoshdan oshib-oshmagan o‘spirinni Toshkent tramvay trestiga yetaklaydi. U tezda tramvay haydashni o‘rganib oladi. Uning tirishqoqligi, yangilikni tez qabul qilishi rahbariyat e’tiborini ham tortadi. Hidoyat qisqa vaqt ichida jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lib, ishonch qozonadi. Uning ta’sirida asta-sekin qo‘ni-qo‘shni yigitlar ham tramvaychilik kasbini egallay boshlaydi.
So‘ng Hidoyat Inoyatov trestdagi faoliyatini to‘xtatib, rus tilini mukammal bilgani uchun 1933-yil fevralda O‘rta Osiyo davlat eksport idorasiga ishga o‘tadi. Bu yerda 1934-yilning may oyigacha mas’ul ijrochi lavozimida ishlaydi.
1920-yillar oxiri va 1930-yillarning birinchi yarmi mamlakat hayotida kadrlar tez-tez almashgan, turli sohalar o‘rtasida harakat kuchaygan davr edi. Ayniqsa, ish faoliyatini endi boshlagan yoshlar bir idorada muqim qolmas, zaruratga qarab yangi vazifalarga jalb etilardi. Hidoyat Inoyatov ham aynan shu sharoitda ish olib bordi. 1934-yili Mudofaa, aviatsiya va kimyo qurilishiga ko‘maklashish jamiyatining Kuybishev tuman kengashiga rais o‘rinbosari etib tayinlanadi. 1935-yili u mazkur kengash hay’atining mas’ul kotibi vazifasiga o‘tkaziladi. 1936-yili Kuybishev rayoni yoshlar tashkiloti kotibi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi. 1937-yildan ish joyi yana o‘zgaradi. Endilikda u Xalq Komissarlari Kengashi qoshidagi Fizkultura va sport ishlari komitetida rais o‘rinbosari bo‘ladi.
Siyosiy va ijtimoiy jarayonlar keskin tus olgan, kadrlar siyosati markazdan boshqariladigan sharoitda, boshqa davlat idoralari singari komitet faoliyatida ham jiddiy muammolar kuzatiladi. Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, bu idorada ham asosan Yevropa millatlariga mansub xodimlar ishlagan. Ular shovinistik qarashlar ta’sirida sport sohasida ham milliy kadrlarni chetga surishga uringan. Nufuzli musobaqalar, xalqaro va markaziy shaharlarga uyushtiriladigan safarlar o‘zbek yoshlari uchun deyarli yopiq edi. O‘sha yillarda Moskvada o‘tkazilgan musobaqalardan biri bunga yorqin misol bo‘la oladi. Hujjatlarda “o‘zbek jamoasi” sifatida 30-35 nafar ishtirokchi yuborilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda ular orasida birorta ham o‘zbek bo‘lmagan. Bu holat qog‘ozlarda yaratilgan to‘qimalar bilan haqiqat o‘rtasidagi chuqur jarlikni ko‘rsatadi.
Shu yillarda komitetda mas’ul lavozimda ishlagan qahramonimiz bunday adolatsizlikka chiday olmasdi. Bir safar respublika o‘qchi yoshlarining musobaqalarga tayyorgarligini tekshirish uchun Qo‘qon shahriga boradi. Mahalliy jamoa tarkibiga bor-yo‘g‘i bir nafar o‘zbek kiritilganini ko‘rib, jamoa tarqatilishi yuzasidan keskin qaror qabul qiladi. Bu qaror o‘sha davr uchun jasorat, o‘z jonini garovga qo‘yish, ayni damda tavakkalga to‘la qadam edi.
Hidoyat Inoyatov sport sohasidagi shovinizm ko‘rinishlarini ochiq fosh etib, bu haqda respublika yoshlar tashkiloti rahbarlaridan biri Isroil Ortiqov nomiga rasmiy xat yo‘llaydi. Xatda masalaning shaxsiy emas, tizimli muammo ekanini ta’kidlaydi. Biroq voqealar rivoji uning foydasiga hal bo‘lmaydi. Respublika yoshlar tashkilotiga o‘rnashib olgan shovinistik kuchlar kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga, muammoni ko‘targan shaxsning o‘ziga qarshi qilich qayraydi.
Hidoyat Inoyatov xizmat pillapoyasidan shiddat bilan ko‘tarilib borayotgan bir paytda, 1937-yil voqealari ko‘pchilik ziyolilar qatori uning ham hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Siyosiy tazyiqlar keng quloch yoyib, davlat va jamoat hayotining deyarli barcha qatlamlarini qamrab olgandi. O‘sha yilning bahorida respublikaning ikki yirik rahbari – Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromov qamoqqa olindi. Bordi-yu bu ikki davlat arbobi, islohotlar boshida turgan ikki yirik shaxs sovet tuzumiga qarshi aksilinqilobiy tashkilot rahbarlari deb qamalibdimi, mantiqan olib qaralsa, bu yog‘i “tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r” bo‘ladi. NKVD organlari O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti a’zolarini, viloyat, shahar va tuman partiya tashkilotlari kotiblarini ommaviy qamoqqa olishga kirishadi.
“Katta terror” navbati yoshlar tashkiloti rahbarlariga yetadi. Rahbarlar safida Isroil Ortiqov va Fyodor Tarasov ham “trotskiychi”, “aksilinqilobiy tashkilot a’zosi” degan siyosiy ayblovlar bilan hibsga olinadi. Turgan gapki, bu tazyiqlar Hidoyat Inoyatovni ham chetlab o‘tmaydi. U yoshlar tashkilotining ikkinchi kotibi Fyodor Tarasov hamda tashkiliy bo‘lim mudiri Lazar Pexovich bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanib, komsomol safidan chiqariladi. O‘sha payti egallab turgan Fizkultura va sport ishlari komitetidagi lavozimidan ham chetlatiladi. Buning oqibatida bir necha oy mobaynida ishsiz qoladi. 1937-yil dekabr oyida o‘ziga tamoman begona soha – yog‘-g‘o‘sht sanoati trestida ish boshlaydi.
Biroq tazyiqlar shuning o‘zi bilangina to‘xtab qolmadi. Respublikani alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan “qama-qama”lar hammaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi, qanchadan qancha kishilar oilasi bag‘ridan yulib olib ketilayotgani xavotirni oshirib yubordi. Aslida, bu xavotirlar bejiz emasdi. 1938-yil 7-fevral kuni Hidoyat Inoyatov O‘zbekiston komsomoli va sport sohasining qamoqqa olingan rahbarlari bilan aloqada bo‘lganlik, shuningdek, aksilinqilobiy tashkilot topshirig‘i bilan terroristik harakat tayyorlashda ishtirok etganlikda ayblanib, ish joyidan hibsga olinadi.

Tergov jarayonida Hidoyat Inoyatovga kurakda turmaydigan ayblar tirkaladi. Tergovdan muddao ham shu yovuz maqsad edi, aslida. Odam zoti yetti uxlab tushiga ham kirmaydigan qiynoqlarga ortiq chidolmagan yigirma uch yashar yigit o‘ziga yog‘dirilgan barcha tuhmatlarga to‘la hujjat ostiga imzo chekishga majbur qilinadi. Bu orqali uning bo‘yniga “xalqlar dohiysi”ga qarshi terroristik harakat ham ilib qo‘yiladi.
Tergov hujjatlarida 1937-yil iyun oyida Moskvada o‘tadigan jismoniy madaniyat paradi go‘yoki terroristik suiqasdni amalga oshirish uchun “qulay bahona” sifatida talqin qilinadi. Ayblovga ko‘ra, Hidoyat Inoyatov sportchilar guruhi tarkibida Moskvaga yuborilib, unga qurol va maxfiy topshiriq berilgan. Biroq bu “xulosa”larning barchasi qiynoqlar ostida olingan ko‘rsatmalarga tayangan bo‘lib, parad ortidan terrorchilik uyushtirilgani haqdagi gaplar tergov tomonidan sun’iy to‘qib chiqarilgan bo‘hton edi. Bu asossiz ayblovdan ko‘zlangan nishon faqat bir-ikki shaxs emasdi. Uning ortida komitet hamda komsomolda ishlagan o‘nlab xodimlarni bir zanjirga tizib, barchasini qirg‘in girdobiga tortish rejasi yotardi.
Hidoyat Inoyatovning “jinoiy ishi” yig‘malari SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasiga topshiriladi. 1938-yil 5-oktyabrda bo‘lib o‘tgan sud ushbu ayblov xulosasini to‘g‘ri deb topib, uni otuvga hukm etadi. Shuningdek, unga tegishli mol-mulkni musodara etish haqida ham hukm chiqaradi. O‘sha kunning o‘zidayoq Hidoyat Inoyatov va yana 16 nafar sobiq xizmatdoshi otib o‘ldiriladi.
Hidoyat Inoyatov otib tashlanganidan onasi Hafiza aya mutlaqo bexabar, ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘g‘lining ishdan qaytishini kutardi. Biroq o‘g‘li ishdan qaytmaydi. “Uni har yerdan izladim. Bir yarim oy o‘tgach, hibsga olingani haqida xabar berishdi”, deydi Hafiza aya o‘z murojaatida. Onaizorning qo‘lida o‘g‘lining tirikligiga ishora bo‘lib umid bag‘ishlab turgan yagona “hujjat” – o‘nlab so‘rovlaridan biriga kelgan javob edi. Unda O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi Hidoyat Inoyatovning “aybdor shaxs” deb topilib hibsga olingani va u hech qanday xat-xabar almashish huquqisiz 10 yilga qamalgani yozilgandi.
Qatag‘on yillari o‘ylab topilgan shafqatsiz qoidalar “aybdor” bilan birga uning butun boshli oilasini ham ta’qib qilardi. Aksilinqilobchilik va sovetlarga qarshi targ‘ibotda ayblangan taniqli kishilarning xotini ham qamoqqa olinar, uch yoshgacha bo‘lgan go‘daklardan tashqari barcha farzandi turli respublikalardagi bolalar uylariga yuborilardi. Agar oilada ikki nafar bola bo‘lsa, ular ataylab turli shaharlarga joylashtirilardi. Shu zayl, ular ota-onasi kim, og‘a-inilari, opa-singillari kim – qon-qardoshlik rishtalaridan yiroq o‘sib-ulg‘ayardi.
Biroq hayot kezi kelsa har qanday zulmga qarshi jasoratni qo‘zg‘ab, kutilmagan qarorlar qabul qilishga majbur qiladi. Biz buni qahramonimiz oilasi taqdiri misolida yaqqol ko‘ramiz. Atoqli shoir Maqsud Shayxzoda Inoyatov bilan yaxshi tanish, shu sabab uning oilasi boshiga tushishi mumkin bo‘lgan fojialarning oldini olishga kirishadi. Shoirning sa’y-harakati bilan Hidoyat Inoyatovning xotini Hadicha boshqa kishi bilan soxta nikohdan o‘tadi. Bolalar uyiga joylashtirilishi lozim bo‘lgan qizi Mamlakat shu yo‘l bilangina onasi bag‘rida qoladi. Yana bir qizi Hurriyat esa amakisi Ne’mat ismini familiya sifatida qabul qilib, otini ham o‘zgartirib, Kira Nigmatovaga aylanadi.
Sag‘ir qolgan qizaloqlarga otalik qilmoqchi bo‘lgan Ne’mat Inoyatov 1939-yili armiya safiga olinib, Finlyandiya bilan urushda qatnashadi. Ikkinchi Jahon urushi boshlanishi bilan ko‘ngilli ravishda frontga otlanib, Stalingrad ostonalaridagi janglarda qahramonlarcha halok bo‘ladi.
Bu yoqda Ne’matginasidan qoraxat kelgan onaizor, endi bor umidini dom-daraksiz ketgan o‘g‘li Hidoyat yo‘liga qadaydi va qariyb yigirma yil shunday yashaydi. Farzandining “qaytib kelishi”ni 1957-yilga qadar kutadi. Ana o‘sha yili 27-may kuni Hidoyat Inoyatov ishida jinoyat tarkibi bo‘lmagani tan olinib, vafotidan keyin oqlangani ma’lum bo‘ladi. Hafiza ayaning uzoq yillik kutuvlari, umidlari shu joyda uziladi. Ko‘p o‘tmay, ona omonatini topshiradi. Bu azob-uqubatlar ichida Hidoyat Inoyatovning umr yo‘ldoshi Hadicha, qizi Mamlakat ham uzoq yashamaydi.
Adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimov ta’biri bilan aytganda, “Hidoyat Inoyatov o‘zbek xalqining farzandlari har tomonlama chiniqqan, har qanday mashaqqat va qiyinchiliklarni yengib, o‘z maqsadi sari dadil boruvchi va xalqning dardiga malham bo‘la oluvchi avlod bo‘lishini istagan edi, xolos”.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



