25.07.2024 | 17:13
511
QANOT QOQAYOTGAN QIZ
Faol va tashabbuskor yoshlar hamisha hukumatimiz ardog‘ida. Ularni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini yuzaga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish bugun har doimgidan ham muhim. 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz rahbari bir qator faol va tashabbuskor yoshlarni mukofotladi. Ular qatorida Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich talabasi Gulayim Kuanishbayeva ham bor. Bu qizning shijoatiga, g‘ayratiga qarab odam o‘zi ulgurolmagan ishlar uchun uyalib ketadi.

Hayot Gulayimni sinovlarga soldi. Imkoniyati cheklangan qizaloqning taqdiri risoladagidek kechmasligini o‘ylash oila uchun og‘riqli edi. Bir umr kimningdir ko‘magida yashashi Gulayimni ham xijolatga qo‘yardi. Ota-onasi oldida o‘zini aybdor his qilar, ammo buni hech kimga sezdirmasdi.
– Oilada ikkinchi farzandman. Opam talaba. Onam ham, opam ham mening bu ahvolimga o‘zlarini aybdor deb bilayotganlarini sezaman. Biri “bu qizimni shunday dunyoga keltirdim”, deb qayg‘ursa, ikkinchisi “men yuraman-u, singlim yurolmaydi”, deb ko‘zini olib qochardi. Nega endi? Tug‘ilmasligim ham mumkin edi, ammo men borman. Fikrlayman, o‘qiyman, idrok qilaman, qiziqishlarim ustida ishlayman. Ota-onamning ko‘nglini ko‘tarishga urinaman. Buni uddalay olaman.
Uni tinglar ekanman, inson tafakkurini va odamiylik qiyofasini asosan mutolaa belgilashini yana ham chuqur anglayman. Ko‘p kitob o‘qigan odamgina shunday mulohazali, xotirjam va taqdirga rozi, insonparvar hamda hayotsevar bo‘lishi mumkin. Gulayim bolaligidan gullarni, kapalaklarni kuzatishni yaxshi ko‘rardi. Adabiyotni sevardi. She’riyat joni dili edi. Ertaksiz uxlamasdi.
– Ijodkorlik menga onamdan o‘tgan. Yozganlari menga juda yoqadi. Birinchi ustozim ham – onam. Bolaligimda sochlarimni tarab o‘tirib, menga ertaklar, she’rlar, hikoyalar aytib berardi. Hech qachon urishmas, ko‘nglimni og‘ritmasdi. Besh yoshimdanoq o‘qishga intildim. Opam maktabda o‘zlashtirganlarini menga ham o‘rgatardi. Unga havas qilib o‘qishni, sanashni o‘rgandim. Qancha she’rlarni tengma-teng yodlaganmiz. Hikoyalar, ertaklar mazmuni yodimda qolardi. Shunga bo‘lsa kerak, birinchi sinfdayoq kichik hikoyalar yoza boshladim.
Kitoblar – ulkan moʻjiza. Ularning ichida kichkina tashvishlar ko‘rinmay qoladi. Juda yoshligimdan kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Onam menga doimo kitob sovg‘a qilardi. Bir necha marta “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etdim. Bu maydonda o‘zingni sinab ko‘rish shu qadar yoqimli, g‘ururliki, buni so‘z bilan aytib berolmayman. Qaysi bosqichga yetib kelmayin, men kitobxonlik tanlovlaridan faqat hayot darsini oldim.
Yurtboshimiz tomonidan adabiyot sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni yosh bir ijodkor sifatida har lahzada his qilib turaman. Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida Prezident qarori imzolanishi qalam ahliga, ayniqsa, xalq ma’naviyati, adabiyoti uchun butun umrini bag‘ishlagan fidoyi ustozlarga bo‘lgan hurmat-ehtiromning bir namunasi bo‘ldi. Mazkur tarixiy qaror doirasida o‘zbek va qoraqalpoq elining suyukli farzandi Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining “Tanlangan asarlar”ini chop qilish, badiiy-publitsistik film yaratish, shoir adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish, Mo‘ynoq tumanida ijodkorga yodgorlik o‘rnatish, uning nomi bilan ataluvchi ekopark barpo etish, Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish kabi qator chora-tadbirlarning belgilanishi adabiyot targ‘iboti yo‘lidagi yana bir muhim qadamlardan biri, desak bo‘ladi. Ijodkorlar taqdiriga befarq bo‘lmagan, adabiyotsevar davlat rahbariga qoraqalpoq yoshlari, qalam ahli nomidan tashakkur aytaman.
Gulayim Kuanishbayevaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib, katta asarlar tarjimasiga qo‘l urganiga guvoh bo‘ldik. Qiziq, u bunday jur’atni qayerdan topdi va yosh ijodkorni bunga nimalar undadi?
– “Turkiy olam” Yozuvchilar ittifoqi prezidenti Bayan Tilenshina ishonch bildirgandi, – izoh beradi Gulayim. – “Shu romanni o‘zing o‘qib ko‘r, ma’qul desang, tarjima qilarsan”. Roman qiziqarli ekan, tarjima qilib jo‘natgandim, muallif uni Chimkentda nashr ettirdi. Ana shunda ijodiy kuchimga ishonch paydo bo‘ldi.
Hozirda Qoraqalpog‘iston davlat universitetining Internet jurnalistikasi bo‘limida tahsil olyapman. Talabalar qatorida ism-sharifim, o‘z o‘rnim borligidan baxtiyorman. Kelajakda tarjimonlik bilan jiddiy shug‘ullanib, qoraqalpoq va o‘zbek tilidagi badiiy asarlarni har ikkala xalqqa tanishtirmoqchiman. Jurnalist sifatida ham xalqimga chin dildan xizmat qilishni istayman.
Gulayim Kuanishbayeva Qirg‘iziston Yozuvchilari uyushmasi, “Turkiy olam” hamda Dunyo talantlilari ittifoqlari a’zosi. Yaqinda Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Turkiy olam” yozuvchilarning III xalqaro qurultoyida ishtirok etdi. Yozganlari ingliz tiliga tarjima qilinmoqda.
– Ijod – mening qanotim. Qanot qoqib uchib yurgan odamga yura olishning uncha ahamiyati ham yo‘q. Hozircha uch kitobim nashrga tayyor. Yurtboshimiz o‘z qo‘llari bilan menga davlat mukofotini topshirib, chin dildan qutlar ekan, u kishining bildirgan yuksak ishonchi, ona xalqim ko‘magida shu obod Vatanimiz ravnaqi uchun bor imkoniyatimni ishga solaman deb o‘zimga qat’iy so‘z berdim. Hech qachon oldimga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarimdan chekinmayman, og‘ishmayman.
Gulayim bilan suhbatlashayotib, undagi shijoat, intilish, favqulodda xotira, ko‘tarinki kayfiyat, jo‘shqinlik va qat’iyatga havasim keldi. Qahramonimiz yoshlarga, xususan, yosh qalamkashlarga berilayotgan imkoniyat va yaratilgan sharoitlardan mana shunday unumli foydalanyapti. Siz-chi, aziz yoshlar?
Ma’mura ZOHIDOVA
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



