Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.03.2026 | 14:47

img1343

SHUKUR BURHON BASHORATI

O‘zbekiston xalq artisti Malika IBROHIMOVAga maktub

Assalomu alaykum, Malika! Yaxshimisiz?

Ushbu maktubni yozishimga “Shaddod ona” spektakli va unda Siz ijro etgan shaddod ona – Anna Firling obrazi sabab bo‘ldi.

Milliy teatrimizda ushbu spektakl qo‘yilganini, bosh rolni Siz o‘ynayotganingizni va spektakl qiziqish bilan tomosha qilinayotganini eshitganimga ancha bo‘ldi. Va uni ko‘rish ishtiyoqi paydo bo‘lgandi menda. Yashirmayman, teatrga tushmaganimga xiyla vaqt bo‘lgandi. Ammo, ha deganda, bora olmadim. Boisi – spektakl kam qo‘yilar ekan, boz ustiga, mening erinchoqligim (vaqtim yo‘q edi, desam, yolg‘on bo‘ladi).

Xullas, yanvar oyining o‘rtalarida “Shaddod ona”ni ko‘rishga qasd qildim. Surishtirdim, 28-yanvar kuni qo‘yilar ekan. O‘sha kundan boshlab, teatrga borishga, jahon dramaturgiyasi va teatr san’atidagi mumtoz asarlardan hisoblangan “Shaddod ona” spektaklini ko‘rishga o‘zimni ruhan tayyorlay boshladim. Bosh rolni Siz ijro etayotganingiz mening tomoshabin, teatr san’atining muxlisi sifatidagi mas’uliyatimni yanada oshirdi. Sababi – Siz to‘g‘ri kelgan asarda rol ijro etavermasligingizni, Sizga muayyan rol taklif qilinganda asarning muallifi kimligiga, qaysi mavzuda ekaniga, partnyorlaringiz kimlar bo‘lishiga jiddiy e’tibor berishingizni yaxshi bilaman. Rejissyor-ku, alohida masala Siz uchun.

Nihoyat, 28-yanvar tongi otdi. Choshgohga borib qor yog‘a boshladi.

Derazadan qor yog‘ishini tomosha qilgancha, o‘yga toldim. Aniqrog‘i, qirq yillar ortga qaytdim. U paytlar “Yosh gvardiya” (hozirgi O‘zbek davlat drama teatri) teatrida ishlardingiz. Teatr san’atining fidoyisi Ergash Masafoyev bosh rejissyor edi. O‘sha mashhur rejissyor qo‘ygan spektakllarda o‘ynagan rollaringiz ko‘z oldimdan o‘tdi.

Esimda, Siz xoh bosh rol, xoh qiyqim rol bo‘lsin, qoyilmaqom ijro etardingiz va tomoshabin esida qolardi. Zero, Ergash Masafoyev har bir rol maromiga yetmaguncha spektaklni sahnaga olib chiqmas edi. Men uning repetitsiyalarini ko‘p kuzatganman. Har bir so‘zga, uning talaffuziga, qaysi so‘zga urg‘u berishga, qisqasi, eng mayda detallargacha ahamiyat berar edi. Nihoyatda talabchan rejissyor edi. Fikrim va kuzatishimcha, uning talablari o‘rinli edi. Spektakl mukammal bo‘lishi bilan bir qatorda, aktyorlarning mahorat qirralarini ochishga katta e’tibor qaratardi. Masafoyev talablariga chidolmay teatrdan ketib qolganlar ham bo‘ldi. Ammo uni to‘g‘ri tushunib, o‘z ustida ishlagan aktyor va aktrisalar keyinchalik teatr va kino san’atimizning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari bo‘lib yetishdi. To‘g‘on Rejametov, Shirin Azizova, Murod Rajabov, Isamat Ergashev va albatta, Siz – o‘sha maktab vakillari edingiz. Yaqinda bir suhbatda aytgan gaplaringizni o‘qidim: “Men rejissyor Ergash Masafoyev bilan ishlab, san’at naqadar mashaqqatli soha ekanini anglab yetdim. Intizom nafaqat san’atda, hayotda ham muhim ekanligini bildim… Ergash aka rahbarligida aktyor har qanday qiyofaga kirishi lozim ekanini o‘rgandim”. Bu fikringizning isboti sifatida bitta misol keltirmoqchiman. O‘sha yillari “Ilhom” teatrida qo‘yilgan “Jamoat fikri” spektaklida to‘rtta rolni ijro etgansiz. Bitta spektaklda to‘rt qiyofaga kirish, to‘rt xil xarakterni ko‘rsata olish – aytishga oson…

Yoshlik yillarimizdagi suhbatlarimizni hozir ham mamnuniyat bilan eslayman. Siz ijro etgan rollar, yangi spektakllar haqida, umuman, hayot muammolari to‘g‘risida qanday yonib, kuyib-pishib gaplashardik, bahslashardik…

Bugun qor yog‘ishini tomosha qilib o‘tirar ekanman, ich-ichimdan savollar yog‘ilib kelmoqda. “So‘nggi marta Malika qatnashgan qaysi spektaklni tomosha qilding? Shuncha yillar davomida uning ijodida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Kuzatdingmi? Malika O‘zbekiston xalq artisti unvonini olishga muyassar bo‘ldi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi-ku!” Afsuski, bu savollarga menda aniq javoblar yo‘q edi.

To‘g‘ri, Sizning faoliyatingizni, ijodingizni umuman esimdan chiqarib yuborganim yo‘q. Matbuot, televideniye orqali baholi imkoniyat kuzatdim. Turli ijodiy davralarda Sizning mahoratingiz, ijro etgan rollaringiz haqida so‘z ketganida suhbatga qo‘shilib, fikrlarimni aytdim. Lekin, tan olishim kerak, Sizni bevosita sahnada ko‘rmaganimga ko‘p bo‘ldi. Buni qarangki, aksiga olib ko‘cha-ko‘yda yoki har xil tadbirlarda ham uchrashmadik. Bilaman, Siz o‘zingizni namoyon etishni, hozir ko‘pchilik, ayniqsa, san’atkorlar uchun urf bo‘lgan piarni yoqtirmaysiz, turli nashrlar-u ijtimoiy tarmoqlarda damba-dam ko‘rinish berishni istamaysiz. Men esa go‘yo jiddiy ishlar bilan band bo‘ldim. Aslida hafsalasizlik, dangasalik, xolos. O‘zimizni oqlashga bahonalar topishga usta bo‘lib ketganmiz-a. Nima, bir spektaklni tomosha qilishga ketadigan ko‘pi bilan ikki-uch soat vaqt topilmasmidi?

Shu o‘y-xayollar bilan teatrga otlandik (kelinim va nevaram bilan). Hamon qor yog‘moqda. Qish chillasi bo‘lsa-da, havo sovuq emas, yoqimli. Daraxtlar, binolar oq libosga burkangan. Juda go‘zal manzara. Talaba nevaram Xadichaga yuzlandim: “Qara, atrof qanday go‘zal!” Xadicha mayin jilmayib, to‘g‘ri, degan ma’noda bosh irg‘adi. O‘zi shunaqa u, kamgap. Mening ruhim yengil, kayfiyatim ko‘tarinki. Ochig‘i, anchadan beri bunaqa yaxshi kayfiyatda bo‘lmagan edim…

Hozir biz tomosha qilish uchun borayotgan spektakl Bertold Brext pyesasi bo‘yicha qo‘yilgani uchun xayollarim shu yozuvchi ijodi tomonga ko‘chdi. Brext nafaqat nemis adabiyoti, umuman, jahon adabiyotidan munosib o‘rin egallagan shoir, nosir va dramaturg. O‘n olti yoshidayoq she’rlari, esselari tilga tushadi. 1918-yilda talaba-medik va harbiy gospitalda sanitar bo‘lib ishlayotgan yigirma yoshli Brext “Marhum askar haqida afsona” she’rini yozadi va katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Oradan o‘n besh yil o‘tib, gitlerchilar ushbu she’ri uchun Brextni Germaniya fuqaroligidan mahrum qiladi. 1933-yilda u Germaniyadan chiqib ketadi. O‘n besh yildan ziyod turli mamlakatlarda yashaydi. 1948-yil 22-sentyabrda Berlinga qaytib keladi. Uning asarlari asosan urushni qoralash, urush keltirgan ofatlar haqida.

“Shaddod ona va uning bolalari” pyesasi Ikkinchi Jahon urushi arafasida yozilgan. Yozuvchi bo‘lajak fojiani tasavvur qilganday, xayol ko‘zlari bilan ko‘rganday taassurot qoldiradi tomoshabinda. Asar mazmuni va muallif g‘oyasiga teranroq yondashilsa, urushdan manfaat ko‘zlamaslik, Gitlerning yovuz niyatidan ehtiyot bo‘lish bo‘yicha nemis xalqiga chaqiriq kabi ko‘rinadi. Har qalay, menda shunday taassurot uyg‘otdi.

Shaddod ona – murakkab obraz. U o‘g‘illari Eylif, Shveytserkas va gung qizi Katrin bilan xaridorgir mahsulotlar ortilgan aravasini sudrab yuradi. Urush oqibatida hamma narsasidan ayrilgan odamlarga narsalarini qimmat bahoda sotib, boy bo‘lishni mo‘ljallaydi. Urush bo‘layotgan joylarda bir necha yil yuradi aravasini sudrab. Alaloqibat, boylik orttirish o‘rniga farzandlaridan ayriladi – ular urush qurboni bo‘ladi. Urush oddiy odamlar uchun hech qachon boylik keltirmagan, aksincha, azob-uqubatga duchor qilgan. Afsuski, Anna buni anglab yetmaydi, o‘z oilasi boshiga tushgan kulfatlardan ham xulosa chiqarmaydi. Bolalari o‘limiga aslida o‘zi sababchi ekanini ham tushunmaydi. Shaddod onaning ayanchli taqdiri tomoshabinda urushga nafrat uyg‘otadi, urush ortidan boyishni o‘ylagan kimsalarga nisbatan achinish paydo bo‘ladi. Annaning ochilmagan ko‘zi tomoshabin ko‘zini kattaroq ochadi, saboq beradi. Va tinchlikni qadrlashga, asrab-avaylashga da’vat etadi.

Malika, Siz bu obrazni juda qoyilmaqom ijro etdingiz. Annaning shaddodligini, niyati ezgu emasligini, fojiasini ochib tashladingiz. Ammo ona – baribir ona-da, farzandlari taqdiriga befarq qarayolmaydi. To‘ng‘ich o‘g‘li Eylifning harakatlaridan jahli chiqadi va yuziga shapaloq tushiradi-da, yana darhol bag‘riga bosadi. Birgina shu detalda ona mehri namoyon bo‘ladi.

Spektakl finali nihoyatda ta’sirchan. Urush tufayli boylik orttiraman, deb sarson-sargardon bo‘lgan shaddod ona uch bolasidan, bor-budidan ayrilib, aravani yolg‘iz o‘zi sudrab ketadi. Juda teran, yuraklarni titratadigan ma’no-mazmun bor bu yerda. Bu Brext falsafasini, uning turli janrda yozilgan aksariyat asarlari g‘oyasini, ijtimoiy faoliyatini, muallifning urushga munosabatini ifodalovchi so‘zsiz sahnaga o‘xshaydi.

Brext asari va shu asosda qo‘yilgan spektakl bugungi kun uchun ham dolzarb. Dunyoning turli mintaqalarida bo‘layotgan voqealar bu fikrni tasdiqlaydi. Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov yozganidek, “Tinch turarmi bu ko‘hna olam, Tinch turarmi dog‘uli zamon?” Shu ma’noda, Milliy teatrimiz ushbu spektaklni namoyish etayotgani diqqatga sazovor. Haqiqiy akademik teatrga mos spektakl bo‘libdi (tarjimon T.Tursunov, rejissyor T.Isroilov). Chunki har qachongidan ko‘ra hushyor, sergak, ogoh bo‘lish talab qilinayotgan zamonda yashamoqdamiz. Qachon, qayerdan o‘t chiqishini hech kim bilmaydi.

Spektakl ikki soat davom etdi. Shu vaqt mobaynida shaddod ona, ya’ni Siz, Malika, sahnadan deyarli chiqmadingiz. Butun spektakl davomida tinmay harakat, jon kuydirib gapirish, qo‘mondon-u askarlar bilan bahslashish, ularga bo‘yin bermaslik, o‘z fikrini o‘tkazish… Bular uchun ham ruhiy, ham jismoniy quvvat kerak. Diqqat bilan kuzatdim, biron joyda qoqilish, adashish, chalg‘ish bo‘lmadi. Har qalay, men sezmadim. Aksincha, sahnadan sahnaga shiddat kuchayib boraverdi, Annaning shaddodligi yanada to‘laroq namoyon bo‘laverdi. Bu Sizning mahoratingiz, tanlagan kasbingizga, san’atga, xususan, teatr san’atiga mehr-u muhabbatingiz, sadoqatingiz natijasidir.

Yashirmayman, spektakl boshlanishidan oldin ozgina xavotirim bor edi. Brext asarlari murakkab, psixologik jihatdan kuchli, ularda tomoshabinni o‘ylashga, fikrlashga undovchi obrazlar galereyasi jamlangan. Bunday asarlar qahramonlari qiyofasiga kirish, uning asl maqsadini tomoshabinga yetkazib berish yuksak mahorat talab qiladi. Qolaversa, Malika ham endi yosh emas… Biz istaymizmi-yo‘qmi, yillar har bir insonga o‘z hukmini o‘tkazadi.

Spektakl tugagach, xavotirim o‘rinsiz ekanini, ishtibohlarim nojoiz bo‘lganini sezdim. Siz hamon o‘sha-o‘shasiz. O‘sha shiddat, o‘sha fidoyilik.

Grimxonangizga borganimda, buni yanada yaqqolroq ko‘rdim, sezdim. Siz shunday holatda edingizki, go‘yo hali spektakl davom etmoqda-yu, Siz sahnadasiz. Grimxonada aktrisa Malika emas, shaddod ona o‘tirardi go‘yo. Meni ko‘rishingiz bilan bir so‘z aytdingiz: “Yoqdimi?” Bundan qirq yillar oldin ham spektakldan so‘ng aytadigan gapingiz shu edi: “Yoqdimi?” Shu so‘zingiz bilan qirq yillar oldingi Malikani ko‘rganday bo‘ldim. Faqat bu so‘zingiz emas, ko‘rinishingiz, kayfiyat-u ruhiyatingiz ham o‘sha-o‘sha. Yoshlik yillaridagi fe’lingiz o‘zgarmagani sezilib turibdi.

Siz bilan gaplashyapman-u qulog‘im ostida buyuk san’atkor Shukur Burhonning “Vanya tog‘a” telespektaklida birga rol ijro etish jarayonida (u paytda talaba bo‘lgansiz) Siz haqingizda aytgan “Bundan katta artis chiqadi”, degan gulduragan ovozi eshitilardi go‘yo. Hozir qarshimda o‘sha “katta artis” o‘tirardi.

Buyuk insonlar adashmaydi. Ular yoshlarning har bir harakatidan, har so‘zidan, o‘zini tutishidan kelajagini tasavvur qila oladi. Shukur Burhonning o‘sha gaplari Siz uchun oq yo‘l, kelajagingiz uchun bashorat bo‘lgandir balki. Siz shu kunga qadar har bir spektakl va filmda ustoz bashoratini oqlab kelmoqdasiz. Har qanday holatda ham san’atga, sahnaga, ustozlar ruhiga xiyonat qilmadingiz. Mashhurlik, “yulduz”lik kasaliga chalinmadingiz. Ziyrak tomoshabin o‘zi bilib olaveradi kim qanaqa san’atkor ekanini…

Teatrdan chiqar ekanman, shuncha yillar davomida Siz qatnashgan spektakllarni, Siz ijro etgan rollarni ko‘rmaganimdan yana bir bor afsus chekdim va shu yillar ichida juda ko‘p ma’naviy boylikdan bebahra qolganimga amin bo‘ldim.

Shu o‘y-xayollar bilan ko‘chaga chiqdim. Qor tingan. Shahar oppoq libosda nihoyatda go‘zal edi. Mening kayfiyatim ham shunga moslashdi…

O‘sha kunim, xususan, o‘sha kecha hayotimdagi eng mazmunli, unutilmas kunlarimdan bo‘ldi. Buning uchun Sizga katta rahmat!

Arqonning uzuni, gapning qisqasi yaxshi, deydilar. Shu yerda xatimni tugataman. Sizga mustahkam sog‘lik, hamisha yaxshi kayfiyatda yurishingizni tilayman. Yangi-yangi rollar kutamiz Sizdan! Omon bo‘ling!

Cheksiz ehtirom bilan, muxlisingiz.

Mamatqul HAZRATQULOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605