Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.03.2026 | 14:31

img1802

DUNYO ICHRA DUNYO

Bizga adabiyot fanidan Yo‘ldoshali Solijonov dars berardi. Yaxshigina yumori bor, boshqa ustozlarga qaraganda talabalarga qalban yaqinroq edi. Adashmasam, ikkinchi kursdaligimizda, qishki sessiyadan so‘ng bo‘lsa kerak, fakultetda “yangi domla kepti” degan gap yurib qoldi. Talaba uchun bu xabar muhimligini o‘sha paytda o‘qib, ustozlar mehri-yu qahridan “bahramand” bo‘lgan tolibi ilm biladi. Bilgichlarning aytishicha, ustoz Samarqand davlat universitetidan bizga yo‘llangan ekan, sharif ismi –Asqarali Sharopov. Talabaligim bilan bog‘liq ko‘p narsalar esimdan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin, ammo shu domlaning ilk darsi hamon esimda.

O‘shanda Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” dramasi bo‘yicha seminar dars bo‘lishi kerak edi. Domla gapni qisqa qildi, yo‘qlama ham, tanishuv ham bo‘lmadi. Faqat:

– Bundan bu yog‘iga bu kursni sizlarga men o‘taman. Mabodo darsim yoqmasa, o‘zlaringni majburlab o‘tirmanglar. Faqat imtihon, zachyotlarni men talab qilganday topshirsalaring bo‘ldi, – dedi.

Bir yarim yildan ziyod o‘qib, hali biror ustozdan bunaqa g‘alati gap eshitmagandik. Ustozlarimizning deyarli bari darsga kirmasak yoki konspekt yozmasak, imtihon, zachyotda ko‘rasizlar, deya dag‘dag‘a qilishardi.

Angrayib qoldik. Domla shunday dedi-yu birdaniga seminarga kim tayyorligini so‘radi. Albatta, ko‘pchiligimiz qo‘l ko‘tardik, chunki hammamiz o‘zimizni yaxshi o‘qiydigan talabalar deb hisoblardik. Bo‘yim pastligi uchun hamisha oldingi partada o‘tirardim. Ko‘zlari menga tushdimi yo domla bizga taklif qilgan erkinlikning ifodasi yuz-ko‘zimga qalqidimi, menga:

 – Sen chiqqin-chi, – dedi. Menga ikki inson (ikkovi ham behad qadrli) birinchi ko‘rganidayoq “sen” deb murojaat qilgan: Biri – Sharopov domla, yana biri – ustoz shoiramiz Zulfiyaxonim.

Qo‘limda adabiyotshunoslarning “Mirzo Ulug‘bek” dramasi haqida yozgan maqolalaridan ko‘chirmalar olingan qalin daftar. Endi o‘qishga chog‘langan edim (shu paytgacha biz seminarni shunday o‘tardik), domla bexos:

– Maqsud Shayxzoda qanday shoir? – deb so‘rab qoldi. Dovdiradim. Tarjimayi holini o‘tganmiz, ozmi-ko‘pmi bilaman. Qayerda tug‘ilgan, qanday asarlar yozgan, tarzidagi savollar berilsa, bemalol javob berishim mumkin edi. Ammo bu savol men uchun kutilmagan bo‘ldi. Baribir, jim turishni ep ko‘rmadim. “Yangi domla”ning xotirasida “bilmasoy” bo‘lib o‘rnashib qolgim kelmadi.

– Yaxshi shoir, – dedim. Domla kinoyali kulimsiradi:
– Nimasi yaxshi?
– Yaxshi asarlar yozgan. Jaloliddin Manguberdi haqida, Mirzo Ulug‘bek haqida…
– She’rlari-chi?

Qani, o‘shanda birorta she’ri esimga kelsa… Biz bechoralar  she’r tahlil qilib ko‘ribmizmi?.. Bo‘libam, Maqsud Shayxzodaning she’riyati ichiga kirib ko‘ribmizmi? Qizarib-bo‘zarib ketgan bo‘lsam kerak. Boz ustiga, ikki og‘iz gapdan domlamiz bilim darajamni bilib oldi, shekilli:

– Marhamat, “Mirzo Ulug‘bek”ka qaytamiz, – dedi.

Men yengil nafas olgandek bo‘ldim. Darrov daftarimni ochib yozuvlarimga qarab-qaramay, “Falon adabiyotshunos “Mirzo Ulug‘bek” haqida undoq degan, piston adabiyotshunos bundoq degan”, deya sayray boshlagan edim, domla keskin qo‘l siltab to‘xtatdi.

– Menga bu asar haqida adabiyotshunoslarning nima degani mutlaqo qiziq emas. Bo‘lajak adabiyot o‘qituvchisi sifatida “Mirzo Ulug‘bek” haqida sen nima deysan? Menga shu qiziq, – dedi. Biz hali katta yozuvchi, shoirlarning asarlarini tahlil qilib ko‘rmagan edik. Buning ustiga, bizdan hali asarlarning originalini o‘qishni ham talab qilishmagandi.

Jim qoldim.

– Dramani o‘qidingmi o‘zi? – domlaning gapi miltiqning o‘qidek tegdi. Hartugul, o‘qigan edim.

– Ha, – dedim. Ammo hozir domla dramaning ichiga kirib, o‘ziga xos savollar (biz bu xoslikni ancha keyin bildik) bera boshlasa, tilim tutilishi turgan gap edi. Domla buni sezdi chog‘i:

– O‘tir, – dedi va bundan keyin seminar qay tartibda o‘tishini tushuntira ketdi:

– Bugundan boshlab yap-yangi umumiy daftar tutasizlar. Bundan keyin faqat konspekt bilan kifoyalanmaysizlar. Asarni, deylik, “Mirzo Ulug‘bek”ni, avvalo, yaxshilab o‘qib chiqasizlar. Voqealar rivojini tahlil qilasizlar. Ekspozitsiya, asar dinamikasi, tugun, kulminatsiyasi, yechim… Har birini alohida tahlillaysiz. Keyin xuddi shu tartibda asarning asosiy qahramonlarini, so‘ngra qo‘shimcha personajlarni… Tushunarli-a?..

Ikki para dars qanday o‘tib ketganini bilmadik. Xayrlasha turib:

– Yanagi darsda yil oxirigacha o‘qib chiqishingiz shart bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini beraman, – dedi-yu, qo‘shib qo‘ydi: – Keyingi mashg‘ulotda yo Mirzo Ulug‘bekning, yo sizlarning fojialaring sodir bo‘ladi…

Shu tarz zamonaviy adabiyotning ichiga chuqurroq kirib ketdik. Hali aytganimday, juda  “bum-bum” emasdik o‘zi. Sal boshlamasi aytilgan narsani tushunardik va eplab ketardik. Shunday qilib, faqat prozaik emas, poetik asarlarni ham tahlil qilishga usta bo‘lib qoldik. Nasriy asarlardan yozuvchilarning xatolarini ham topardik. Kunlarning almashib ketgani, bir-ikki o‘rinda ishtirok etadigan qahramonlarning ismlari ham chalkashib qolganini topdik. Bunday qiziqarli tahlillarga shu qadar berilib ketdikki, kursimizdagi zo‘r o‘qiydiganlar bir yoqda qolib, bundayroq o‘qiydiganlar ham domlaning darslarini boshqa darslarga qaraganda yaxshi o‘zlashtiradigan bo‘lishdi. Vaqti-vaqti bilan “O‘qiladigan adabiyotlar ro‘yxati” bo‘yicha vazifalarni topshirardik. Bu mashg‘ulot kollokvium deb atalar, biz unga o‘zimizcha “kalla ko‘m” deb nom qo‘yib olgandik. Domlaning so‘roq, savollari juda g‘ayritabiiy kechardi.

– O‘qidingmi?

Birinchi savoli shu bo‘lardi.

– Ha.

Agar savol-javob Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani bo‘yicha bo‘lsa, domla bu tarzdagi savolni berardi:

– Mirzakarim qutidorning eshigining qulfi qanaqa edi?

Yoki Oybekning “Navoiy” romani bo‘yicha bo‘lsa, domla:

– Sultonmurodning otasi kim bo‘lgan? – deb so‘rashi mumkin edi. Albatta, savolning javobi bor-yo‘g‘i uch yoki to‘rt satrda ifodalangan bo‘lib, asar uchun u qadar katta ahamiyatga ega ham bo‘lmasdi. Lekin domla asarni nihoyatda diqqat bilan o‘qishimizni istagani uchun bizni shunday imtihon qilardi. U kishidan o‘rgangan mutolaa tartibi mana hozirgacha saqlanib qolgan, biror asarni o‘qiy boshladimmi, darrov qo‘limga qalam olib, bo‘laklarga ajrata boshlayman.

Asqarali Sharopov bizga dars berayotgan yillarda hali Cho‘lponning asarlari chop etilmagan edi. Biz bu shoirning isminigina eshitgandik, xolos. Esimda, domla bizga Cho‘lponning mashinkada ko‘chirilgan she’rlarini olib kelib o‘qib bergan. Faqat o‘qibgina bermasdan, ramzlar ma’nosini (domlaning kandidatlik ishlari “O‘ttizinchi yillar adabiyotida simvolika” mavzusida edi. Shuning uchun ustoz Cho‘lponlarni “suv qilib ichib yuborgan” bo‘lsa kerak) ham tushuntirib berardiki, yuragimizda o‘zgacha bir otash yonardi. Hali biz qullik, qaramlik, millat ozodligi, degan tushunchalarga yetib kelmagandik. Shu-shu, hayotimizda nimalarnidir o‘zgartirish kerakligini anglay boshladik. Qalblarimiz o‘zimizga ham tushunarli bo‘lmagan bir hissiyotlarga to‘ldi. Domla adabiyotimizda o‘sha paytda hayot bo‘lgan ba’zi yozuvchilarni bir sabablarga ko‘ra tan olmas va buni yashirmasdi ham.

– Men falonchi, pismadonchi yozuvchilarni, dasturimizda bor bo‘lsa-da, sizlarga o‘tib bermayman. Kutubxonalarda kitoblari bor, agar qiziqsalaring, topib o‘qib olinglar. Buning o‘rniga oltmishinchi, yetmishinchi yillar yoshlar adabiyoti mavzusini o‘taman, – derdi va O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi o‘sha davr o‘zbek adabiyoti cho‘qqisiga chiqqan yozuvchi, shoirlar ijodi bilan tanishtirardi. Cho‘lpondan so‘ng bu ijodkorlar bilan tanishuv bizning millat, xalq borasidagi tushunchalarimizning yana bir pog‘ona balandlashiga sabab bo‘ldi.

Men domlaning darslarini juda kutardim. Darslarida butun vujudim quloqqa aylanar, havo olayotganday, tashnalikda yutoqib suv yutayotganday ichardim aytayotgan jumlalarini. “Nafas olmanglar-ey, Qutlug‘oyga xalaqit beryapsizlar”, deya tegishardi o‘rtoqlarim uning darslarida.

To‘rt yil birpasda o‘tib ketdi. Men domlani qayta ko‘rmasam kerak, deb o‘ylagandim. Tasodifni qarangki, Toshkentga kelib, G‘afur G‘ulom nashriyotida faoliyat boshlaganimda, u kishi ham aynan shu nashriyotga ishga kirdi. Nega o‘qituvchilikni tashlagan – menga qorong‘u. Domlani nashriyotga Omon akam (Matjon) olib kelgan bo‘lsa kerak. Chunki ular ikkovi ham Samarqand universitetida birga o‘qishgan. Bir ustoz (Nuriddin Shukurov)dan tahsil olishgan.

Domla nashriyotda adabiyotshunoslik bo‘limida ishladi. Paxta yig‘im-terimiga jalb etilganimizda, u kishi shtab boshlig‘i (hurmati borligidan) bo‘lardi. Albatta, nashriyot xodimlari talaba emas, ular jon kuydirib paxta termaydi. Zax o‘tmasligi uchun bir etak terib, ustida o‘tirib gurung qurishardi. Men uzoqdan domla ko‘rinsalar, darrov sakrab turardim.

– O‘tirsangiz-chi, vazifangiz teng, endi ular sizning domlangiz emas, – deyishardi hamkasblar. Men:

– Yo‘q, Asqarali Sharopov bir umr mening ustozim bo‘lib qoladi, – der edim.

…Taqdir ekan, domla u qadar ulug‘ yoshga chiqmasdan vafot etdi.

Domladan “Dunyo ichra dunyolar” nomli birgina kitob qoldi. Eslashga, eslanishga arziydigan ustoz edi. Aytganimday, Asqarali Sharopovdan bir umrga tatigulik saboq olganman.

(“Yo‘lchiroqlarim” turkumidan.)

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605