11.11.2024 | 11:49
309
TURKIY DUNYO RIVOJIDA YANGI BOSQICH
Dunyo tarixi hikmatlar xazinasiga to‘la ummonga o‘xshaydi. Bu xazinada olis o‘tmish saboqlari, mamlakatlar, tuzumlar tarixi va taqdiridan kelib chiqadigan, bugun va ertangi kun uchun ham g‘oyat muhim xulosalar mavjud. Gap ularni vaqtida anglashda. Uzoq-yaqin o‘tmish bilan bog‘liq xatolarni takrorlamaslik, oldinga qarab intilish, global muammolarni har bir tomon manfaatidan kelib chiqqan holda hal qilish harakati susaymasa bo‘ldi. Negaki, dunyoning bugungi ijtimoiy-ma’naviy holati barcha jabhalarda yakdil bo‘lishni, ko‘zlangan maqsad yo‘lida birlashishni, davlatlararo kooperatsiya imkoniyatlaridan unumli foydalanishni taqozo etmoqda.

Shu boisdan ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dunyo va mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro bordi-keldilarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga doir hayotbaxsh siyosati uzoq-yaqin mintaqalarda ham ijobiy aks sado bermoqda.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston mezbonlik qilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida so‘zlagan nutqida: “So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda barcha sohalarda olib borilayotgan jadal islohotlar va tub o‘zgarishlarga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Mamlakatda siyosiy-ijtimoiy barqarorlik ta’minlanayotgani, zamonaviy sanoat va infratuzilma obyektlari barpo etilayotgani, davlatning xalqaro obro‘si va nufuzi oshayotgani yaqin qardosh sifatida bizni cheksiz quvontiradi”, deya mezbonga izzat hamda yaqin qo‘shnilik, chin qardoshlik munosabatini izhor qildi.
Mintaqa bo‘ylab hamkorlik siyosati mamlakatimizni jahon hamjamiyatiga yangi zamonaviy qiyofada namoyon etdi. O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosati umuminsoniy qadriyatlarga, el-yurt manfaati va millatning ertangi kuniga asoslanganini ko‘rsatdi.
Bugun mamlakatimizda, bizga yondosh-qondosh hududlarda ham O‘zbekiston tanlagan yo‘lning, davlatimiz rahbari tashabbuslarining amaliy natijalari ko‘zga tashlanmoqda. Yurtboshimizning qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan imzolagan muhim bitim va kelishuvlari, yo‘llarning ochilishi, tashqi investorlar uchun huquqiy jihatdan kafolatlangan barqaror muhitning yuzaga kelishi o‘zaro aloqalarga yangicha ma’no-mazmun baxsh etdi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda: “Bugun Tashkilotimizning tarixiy hujjati – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘pqirrali hamkorlikning yorqin ifodasidir. Aminmanki, biz shu asosda Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeyini oshirish, o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga erishamiz”.
Darhaqiqat, o‘tgan yillar davomida qardosh mamlakatlararo turli sohalarda yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik yanada rivojlanmoqda.
Jumladan, madaniyat sohasida qadimdan mavjud an’analarning qayta tiklanishi ijodkorlarga yangicha ruh va kayfiyat baxsh etmoqda. Turkiy dunyo adabiyoti va san’ati vakillari hamkorligi kun sayin kuchayayotir. Yosh ijodkorlarning Buxoro shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumida qo‘shni davlatlardan kelgan umidli qalamkashlar ham ishtirok etishdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘tkazayotgan davra suhbatlarida bugun milliy adabiyotlarda qanday yangi oqimlar, yo‘nalishlar, nomlar paydo bo‘layotgani, badiiy tarjima masalalari, yaratilayotgan asarlar, ularning ma’no-mohiyati, yoshlar tarbiyasiga ta’siri xususida jonli bahs bormoqda. Ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov aynan shunday yo‘l tutish zarurligini, bunday bo‘lmasa, qondosh-yondosh xalqlar bir-biridan uzoqlashib, oxir-oqibatda bir-birlarini tarjimon orqali tushunadigan bo‘lib qolishini Toshkentda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasi minbarida turib aytgan edi. Bunday jonli muloqotni yanada kuchaytirish, yosh ijodkorlar uchun ikki tilli (masalan, o‘zbekcha-qirg‘izcha, qirg‘izcha-o‘zbekcha) lug‘atlar chop etish g‘oyat muhim. Buning zarurati shundaki, bugungi ijod erkinligi sharoitida ulug‘ ajdodlarimizdan qolgan noyob fazilat – bir necha tillarni mukammal bilish, ikki tilda ijod qilish asta-sekin tiklanmoqda.
Ijodkorlar orasida o‘zbek va tojik, o‘zbek va qirg‘iz, o‘zbek va qozoq tillarida bemalol qalam tebratayotganlar oz emas. Adabiyot mintaqa xalqlari umumiy yo‘lini yorituvchi mash’ala ekan, zullisonaynlik bu yo‘lni yanada oydinlashtirishi shubhasiz. “O‘zbekistonda mening asarlarim asosida o‘ndan ortiq spektakllar namoyish etilganidan faxrlanib yuraman, – degan edi taniqli qirg‘iz dramaturgi Mar Boyjiyev. – Yon qo‘shnimizda bo‘layotgan inqilobiy o‘zgarishlar mamlakatingizni dunyo kengliklariga dadil chorlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan xalqchil siyosatga havas qilsa bo‘ladi”.
O‘zbek va qirg‘iz adabiy aloqalari XIX asrdayoq bir maromda rivojlana boshlagani tarixdan ma’lum. Tadqiqotchi olim Zuhriddin Isomiddinovning yozishicha, Qo‘qon xoni Muhammad Alixon asrning 20-yillari o‘rtalarida tashqi dushmandan muhofazalanish uchun hozirgi Bishkek, To‘qmoq, Qorabolta shaharlari o‘rnida mustahkam qal’alar qurdirib, qirg‘iz yoshlari uchun maktablar ochilgan, madrasalarda ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Qirg‘iz badiiy so‘z san’atining o‘zbek xonadonlariga kirib kelishida ikki ulkan adabiy voqelik – “Manas” eposi hamda ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov asarlarining o‘rni alohida.
O‘zbek va qirg‘iz tili, madaniyati va san’atida, xalq og‘zaki ijodi, urf-odat va qadriyatlarda muhim mushtaraklik mavjud. Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida hamisha muhim ahamiyat kasb etib kelgan.
Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida “Qardosh xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining ko‘p jildli majmuasini a’zo mamlakatlar tillarida nashr etsak, manzur ish bo‘lar edi”, deya Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bildirgan taklif nafaqat o‘zbekistonlik, balki butun mintaqa ijodkorlarini, so‘z va adabiyot muhiblarini juda ham quvontirdi.
“So‘zimning yakunida bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman, – dedi Yurtboshimiz Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida so‘zlagan nutqi yakunida. – Tashkilotimiz doirasidagi amaliy hamkorligimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda o‘z pozitsiyalarimizni mustahkamlash, turli tahdid va yangi xavf-xatarlarning oldini olish, aloqalarimizni yanada chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda”.
Haqiqatan ham, bugun olib borilayotgan oqilona siyosat sabab qardosh turkiy xalqlar, xususan, ildizlari bir, qarindosh, qo‘shni o‘zbek-qirg‘iz ellari uzoq kutilgan totuvlik, ahil-inoqlik zamonining muattar nashidasidan bahramand bo‘lmoqda.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



