16.03.2026 | 15:20
1868
BIR ASRLIK YOLG‘ON
1924-yil 21-avgustda Yangi Urganch shahri yaqinidagi Cholish guzaridan kichik bir kema daryo bo‘ylab Orol dengizi tomon suzib ketdi. Kemada Xorazm sho‘rolar respublikasi (jadidlarga ergashgan “Yosh xivaliklar” tomonidan 1920-yilda tuzilgan Xorazm Xalq Respublikasi turli fitnalardan so‘ng 1922-yilda yangicha nom olgandi) markaziy kengashining 1924-yil 12-avgustda tuzilgan o‘qishga yuborish komissiyasi tomonidan tanlab olingan yoshlar bor edi. Mazkur komissiyaga Afzal Tohiriy raislik qilgan. Komissiya tarkibida keyinchalik O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi raisi bo‘ladigan Rahmat Majidiy singari jadid harakati yetishtirgan vohalik iqtidorli yozuvchi va ziyolilar bor edi.

O‘qishga yo‘l olgan yoshlar ikki guruhga bo‘linib, birinchisiga Mullayorov, ikkinchisiga Odamov rahbar qilib tayinlanadi. Tanlab olinganlardan 40 nafari Moskvada, 10 nafari Qozonda, 110 nafari Toshkentdagi oliy va o‘rta o‘quv yurtlarida ta’lim olishi kerak edi. Ular orasida yetti nafar xotin-qiz ham bo‘lgan. Birinchi guruh kichik kemada guzardan suzib chiqib, Orol tomonga yo‘l oladi va qirq besh chaqirimlar suzmasdan, daryo qirg‘og‘ida qurolli kishilar paydo bo‘lib, ularni ta’qib qila boshlaydi. Darg‘aning shoshilinchda boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida kema Xo‘jayliga yaqin yerda sayoz joyga o‘tirib qoladi va yo‘lto‘sarlar qo‘liga tushadi…
XSSR hukumati Xo‘jaylidagi harbiy nozir o‘rinbosari Mirkomil Mirsharopovga zudlik bilan kemaga hujum qilgan va qirq nafar kishini asirga olgan guruhni izlab topish bo‘yicha shoshilinchnoma yuboradi. Tezkor qidiruv davomida daryo sohilidagi qamishzordan o‘n yetti yigitning jasadi topiladi. Keyin yo‘lto‘sarlar qo‘lida bo‘lgan to‘rt xotin-qiz ikki ming tanga badaliga ozod qilinadi. Besh kishining jasadi topilmaydi. Bu voqea 1924-yil 24-avgust kuni sodir bo‘ladi.
Harbiylar sa’y-harakati bilan yo‘lto‘sarlardan ikki nafari qo‘lga olinadi va Xivaga olib kelinib, Ko‘hna Ark oldida to‘plangan odamlar oldida ochiq sud qilinadi. Keyinchalik qal’ada “Ma’rifat qurbonlari” nomli yodgorlik majmuasi yaratiladi. Voqea tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi shu bilan “ish”ni yopadi. Komissiya yakuniy xulosasiga kirmagan ko‘pgina holat va vaziyatlar haqidagi haqli savollarni beradigan va ularga javob izlaydigan biror mas’ul topilmaydi.
Oradan o‘ttiz yil o‘tgach, xuddi shu nomdagi drama viloyat teatrida qayta-qayta qo‘yiladi. Shoirlar bu haqda doston va she’rlar yozadi, hujjatli film ham suratga olinadi. Bu asarlarda asosiy urg‘u voha bilan qo‘shni hududda yashovchi boshqa millat vakillariga “bosmachi”, “ma’rifat kushandasi”, “yangicha hayotni ko‘rolmaydigan alamzada kimsalar” kabi tamg‘alar bosishga qaratilgan. Go‘yoki, sovetlar asriy qoloq xalq farzandlari ilm olishi uchun shart-sharoit yaratib bergan, lekin ayrim dindorlar va alamzadalar bunga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan.
Turkistonning chekka hududi hisoblanmish Xorazmdan ilm olishga chanqoq yoshlarni Yevropa oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish harakatlari 1905-yillardan boshlangan va bu ish boshida jadidlar turgan. Hali Xorazm Xalq Respublikasi tashkil qilinganiga qadar o‘tgan o‘n besh yillik davrda vohalik ellikdan ortiq yoshlar Qozon, Orenburg, Istanbul kabi shaharlarda tahsil olib qaytgan va ular yangi tuzilgan respublika hukumati tarkibida mas’ul vazifalarga tayinlangan. Jadidlar ta’lim olishga yuborgan yoshlar orasida xotin-qizlar ham anchagina edi. 1924-yilda bir guruh yoshlarni boshqa o‘lkalarga o‘qishga yuborish tashabbuskori bo‘lgan Rahmat Majidiy, Qurbon Beregin va boshqalar ayni jadidlar boshlagan ezgu amaliyot tufayli uzoq shaharlardagi nufuzli dargohlarda tahsil olgan yoshlar vakillari bo‘lgan.
1924-yilning yozi adog‘ida ro‘y bergan qonli voqeaga nima va kimlar sabab? Sovetlar uzoq yillar bayroq qilib kelgan “ma’rifat qurbonlari” fojiasining tub sabablari qayerda? Bu fojiaga aloqador barcha shaxslar javobgarlikka tortilganmi? Shu va boshqa savollarga mustaqillik mafkurasidan kelib chiqib javob izlaymiz va topamiz ham.
Xiva xonligining boshqa hududlar bilan bordi-keldisida Amudaryo kemachiligi katta ahamiyat kasb etgan. Orol dengizidan Turkmanistonning Chorjo‘y shahrigacha yilning deyarli sakkiz oyida – daryoda suv to‘la oqqan davrda kemalar muntazam qatnab turgan. 1880-yilda To‘rtko‘lda Amudaryo flotiliyasi tashkil qilinadi va keyinroq kemalarni boshqaradigan darg‘alar kursi ham ochiladi. Yigirmanchi asr boshlariga kelib, Amudaryo flotiliyasi ilkida yuk tashish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan katta-yu kichik kemalarning soni ikki yuz elliktadan oshib ketgandi. Bu kemalar vohada yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chet davlatlarga chiqarish hamda chetdan kelayotgan yuklarni manzillarga tez va betalofat yetkazishda qadimdan qolgan tuya karvonlariga ko‘ra ancha samarali va tezkor ekanini amalda isbotlab bergandi.
O‘sha yillarda Urganch yaqinidagi Cholish guzaridan Chorjo‘yga yo‘l olgan kema uzog‘i bilan bir haftada manzilga yetardi. Bu yo‘l nisbatan tinch va bexavotir hisoblanardi. Yo‘lovchilar Chorjo‘ydan u yog‘iga temir yo‘l orqali Toshkentga yoki Krasnovodsk shahri orqali Yevropaga bemalol yetib olishlari mumkin edi. Bundan tashqari, vohadan daryo orqali Orol dengizi sohilidagi Orolsk daryo guzariga ham muntazam qatnovlar amalga oshirilgan. Nima uchun Toshkentga ketayotgan qirq nafar yosh Chorjo‘y yo‘nalishini emas, ancha uzoq va xatarli Orolsk yo‘nalishini tanladi? Fojianing ildizini shundan izlash kerakmikan?
Mas’ullar avgustda daryo toshgan kezda kemalarni daryo yuqorisiga – oqimga qarshi haydashdan ko‘ra oqim kuchi bilan quyiga haydash oson kechadi, deb o‘ylashadi. Shu yerda haqli savol tug‘iladi. Urganch yaqinidagi guzardan Chorjo‘ygacha to‘rt yuz chaqirim. Orolsk guzarigacha esa uch yuz chaqirimga yaqin. Orolsk guzarida kemadan tushgan yoshlar Toshkent va boshqa shaharlarga qaysi transportda yetib olishlari kerak edi? Albatta, faqat kemalarda, ya’ni Sirdaryo orqali. O‘sha davrda Sirdaryo ham yoz oylarida to‘lib oqqan. Shunday ekan, Sirdaryoda oqimga qarshi ikki hissa ko‘proq yo‘l bosish g‘oyasi kimdan chiqqan?
Eng ajablanarli tomoni, 160 nafar talaba Rahmat Majidiy kuzatganidan so‘ng ikki kemada yo‘lga tushishi kerak edi. Ammo Masharif Polvonov degan kishi Rahmat Majidiy kelishini kutmasdan kichikroq kema yollab, qirq nafar yoshni asosiy guruhdan bir kun oldin yo‘lga tushishga ko‘ndiradi va guruh yo‘lto‘sarlar qo‘liga tushadi. Bir kun keyin yo‘lga tushgan bir yuz o‘n nafar yosh manzilga bemalol yetib oladi. Qolaversa, ikkinchi guruh a’zolariga har ehtimolga qarshi o‘zlarini himoya qilish uchun qurol ham ajratilgandi. Eslatib o‘tish joiz, 1924-yil oktyabrida o‘qishga yuborilgan yoshlar tushgan kemalarni qurolli askarlar manzilgacha kuzatib borgan.
Bu fojia, aslida, o‘sha vaqtda hukumat tepasida o‘tirgan mas’ullarning xatosi tufayli sodir bo‘lgan. Ular nisbatan yaqin va xatarsiz “Urganch–Chorjo‘y” yo‘nalishi qolib, uzoq va xatarli “Urganch–Orolsk” yo‘nalishini tanlaydi. Yana har ikki guruh uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar o‘z vaqtida Cholish guzariga yetib kelmaydi. Buning ustiga, bir guruh yoshlar shoshqaloqlik qilib, mas’ullar ruxsatisiz yo‘lga otlanadi.
1924-yil – hukmdor va tarixchi Abulg‘oziy Bahodurxon ta’biri bilan aytganda, “yurt buzulg‘on davr” edi. Xorazm Xalq Respublikasini tashkil qilgan “Yosh xivaliklar” o‘tgan to‘rt yilda ko‘p savdolarni boshidan kechirdi, shu davrda o‘n to‘rt marta hukumat almashdi. Yangi respublika boshida turganlarning qanchasi qatag‘onga, qanchasi quvg‘inga uchradi. Bu fitnalarga sovetlar bosh bo‘lib, o‘zlari majburan yangicha atama qo‘shgan respublika tepasiga tajribasiz kadrlarni qo‘ydi. Bu kadrlar orasida ham o‘zaro inoqlik yo‘q edi, har oyda qaysidir nozirlikda rahbar o‘zgarar, eski nozir yo hibsga olinib, yo quvg‘inga uchrab, u tanlagan kadrlar ham ko‘chaga haydalib, o‘rniga layoqatsiz kimsalar qo‘yilardi. Kattagina hudud va bir millionlik aholining iqtisodiy-ijtimoiy muammolari uchun mas’ul qilingan ayrim kadrlarning savodi haminqadar bo‘lib, ular hatto imzo chekishni bilmasdi.
Jadidlar ta’sirida tuzilgan respublika hukumati tepasida turgan iqtidorlarning aksari xorij oliygohlarida tahsil ko‘rgan, dunyo siyosatidan boxabar, ma’muriy boshqaruv hadisini olgan kishilar edi. Ayni shu insonlar davrida uzoq yurtlarga tahsil olish uchun yuborilgan yoshlardan birortasining bir tola sochi to‘kilmagani holatini aynan boshqaruvdagi kadrlar tizimi mukammal bo‘lganidan, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Yana bir jihat, 1924-yil 10-avgustda Turkiston Respublikasi ma’muriyati tomonidan Xivaga “Yangi o‘quv yili boshlanish vaqti oz qolgani sabab, tezkor o‘qishga ishtiyoqmand yoshlarni topish va jo‘natish” to‘g‘risida shoshilinchnoma yuboriladi. Shoshilinchnomada yuborilishi kerak bo‘lgan yoshlar soni va ular qaysi kasblarga o‘qitilishi ko‘rsatilgani holda, ularni qanday ulovda, qaysi yo‘ldan va bexatar yuborish haqida bir og‘iz gap yo‘q. Bundan mas’ullarni faqat son va tezkorlik qiziqtirgan, degan xulosaga kelish mumkin. Xiva shahrida o‘qishga ketayotgan yoshlar sharafiga dabdabali kuzatuv marosimi tashkil qilinib, unda qal’adagi garnizon askarlari saf tortib o‘tgan. Tadbirdan so‘ng askarlar yotoqlariga qaytgan, yoshlarni, hech bo‘lmasa Cholish guzarigacha kuzatib borish hech kimning xayoliga kelmagan.
Xo‘jayli yaqinida daryo qirg‘og‘ida yoshlar tushgan kemani kutib turgan qurolli guruhni “oson o‘lja”dan kim ogohlantirgan bo‘lishi mumkin? Bu savol ham mazkur fojia tafsilotlarini o‘rganish uchun tuzilgan hukumat komissiyasi e’tiboridan chetda qolgan. Ataylabmi? Balki. Yana, mo‘may pul evaziga qirq nafar yoshni manzilga eltishga va’da bergan, ammo yo‘lto‘sarlar qarshisida ilojsiz qolib, qayiqni daryo o‘rtasidan haydash o‘rniga (yo‘lto‘sarlar daryoning bir qirg‘og‘ida kutib turgan, qo‘rqitish uchun uzoqdan o‘q uzgan, ammo masofa uzoqligidan otgan o‘qlari besamar ketgan) qirg‘oqqa yaqin haydagan kema darg‘asi nega javobgarlikka tortilmagan?
160 nafar yosh daryo orqali Orol dengizidagi daryo guzariga suzib borishi haqidagi ma’lumotni kim yetkazgan? Bir kun oldin ruxsatsiz kichik kemada yo‘lga chiqqan guruh haqida kim xabar bergan? Bu ishni daryo yoqasida qo‘y boqib yurgan cho‘pon qilgan desak, o‘zimizcha ertak to‘qigan bo‘lamiz. Demak, o‘sha vaqtda hukumat ichida yangicha tuzum va tepadagi rahbarlarga qarshi kishilar bo‘lgani aniq.
Balki bu ish oldindan sovetlarning maxfiy xizmat xodimlari tomonidan puxta reja qilingandir? Bunday to‘xtamga kelishimizga sabab, hali hamon vohada sovetlarga qarshi turli kuchlar qattiq qarshilik qilayotgan, Junaidxon qatida yurtni himoya qilgan vatanparvar yigitlar qurollarini tashlamagandi. Ular sovetlar xizmatiga o‘tgan faollarni, kichikroq qal’alarga bosqin uyushtirib, sovet hokimiyati qo‘ygan vakillarni mahv qilardi. Qarshilik harakati susaymagani sababli, Toshkentdan Mirkomil Mirsharopov boshliq kattagina qo‘shin kelib, Xiva va boshqa katta shaharlarda garnizonlar tashkil qilgandi. Shunday tahlikali zamonda qo‘riqchilarsiz kemaning daryoda bemalol suzishi mumkinmidi? Yo‘q, albatta!
Buni qarangki, o‘sha fojiadan omon qolgan guvohlar keyinchalik o‘z xotiralarida kemada bor ovozda qo‘shiq aytib borishgani haqida yozishgan. Yaratilgan sahna asari va boshqa badiiy-hujjatli qissalarda ham asosiy urg‘u “elni ozod qilgan sho‘rolarga shon-sharaflar” mazmunidagi qo‘shiqlarga qaratiladi.
Xayolimizdan sovetlar bu fojiani atay uyushtirgan, shu orqali ilm olishga havasmand yoshlarni qatl qilishdan qaytmaydigan, eski tuzumni sog‘ingan kishilar haliyam bor, ularga qarshi shafqatsiz kurashishimiz kerak, degan tushunchani odamlar ongiga quygan bo‘lishlari mumkin-ku, degan fikrlar o‘tadi. Voqealar rivoji va undan keyin ro‘y bergan holatlar bu fikrimizni tasdiqlaydi. Vohada qarshilik harakati vakillari va ularning oila a’zolari shafqatsiz qirib tashlanadi. XXRni tuzgan va uning birinchi rahbari bo‘lgan Bobooxun Salimov lavozimidan ketib, Gurlandagi ota uyida tinchgina yashayotgan bo‘lsa-da, 1926-yilning bir tunida “qizil tayoq”lar tomonidan otib ketiladi. “Ma’rifat qurbonlari” jallodlarini topishda jonbozlik qilgan M.Mirsharopov, M.Qariyev va boshqalar boshiga ham qatag‘on qilichi tushadi.
Yana bir achchiq haqiqat bor. “Ma’rifat qurbonlari” ulug‘lana boshlagan kezlarda boshqa kemada manzilga sog‘-omon yetib, turli dargohlarda tahsil olib qaytgan yoshlarni ham 1937-yil qatag‘oni o‘z domiga tortib ketgan. Bundan kelib chiqadiki, agar o‘sha yigirma ikki nafar yigit yo‘lto‘sarlarga uchramaganida ham, vaqt kelib qaroqchilardan battar bo‘lgan NKVDchilar qo‘liga tushishi aniq edi. Mantiq qani?
Yaqin tariximizning sovetlar miyamizga quygan bir asrlik yolg‘oniga haqqoniy baho beradigan vaqt keldi. Shunday deymiz-u… Ikki yil avval vohada chop qilingan jadidlar haqidagi kitobda “ma’rifat qurbonlari”ga oid eski gaplar yana takrorlangani ushbuni yozishga majbur qildi.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



