02.05.2024 | 17:49
344
CHIN BAXTI SO‘Z DESA, YOLG‘ONI BO‘LMAS…

Xotira – sog‘inch sahrosiga suv sochadigan shalola… Xotira – xatolar, yanglishishlardan saboq berguvchi muallim… Xotira – armon dardiga malham… Xotira – umidlar osmoniga uzaygan pillapoya… Poytaxtimizning muazzam koshonalaridan birida O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva tavallud sanasi munosabati bilan o‘tkazilgan marosim ruhiyatiga ana shunday azaliy va abadiy hayotiy xulosalar uyg‘un bo‘ldi. Tadbirga yig‘ilgan davlat arboblari, diniy ulamolar, shoiraning safdoshlari, do‘stlari, yaqin qarindoshlari, shogirdlari koshona devoriga o‘rnatilgan monitorda butun ongli hayoti davomida el-yurtimizga fidoyi farzand maqomida xizmat qilgan shoiraning hayoti va faoliyatiga oid jonli tasvirlarni ko‘rar, uning umr yo‘ldoshi – O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov va shogirdlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Sharifa Salimova, Munavvara Usmonovaning yodnomalarini tinglar ekanlar, bir inson, bir ayol imkonida nechog‘lik mas’uliyat, sadoqat, shijoat mujassam bo‘lganini yana bir karra his etdilar. O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzoning shoira tabiatidagi halimalik, she’rlaridagi samimiyat borasida aytgan fikrlaridan so‘ng davraga hali bizdan uzoqlashib ketmagan oydin she’riyatning nafasi qaytganday bo‘ldi. Ayniqsa, mashhur shayx Alijon qori domla tomonidan o‘qilib, muhtasham koshona naqshlarida ajib bir aks sado bergan Qur’on tilovatidan so‘ng marhuma haqqi-hurmati uchun dil-dildan qilingan duolarga bugungi osuda hayotimiz, farovonligimiz shukronasi ham singib ketgandek edi go‘yo. “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” kabi yuksak mukofotlar sohibasi bo‘lgan ustoz shoira bilan qariyb o‘n sakkiz yil men hozir ham faoliyat yuritayotgan “Saodat” jurnalida birga ishlaganmiz. Oydin opam yangi she’r yozsa, judayam boshqacha bo‘lib ketardi. – Qutlijon (negadir hammamizni “jon-jon”lar edi: Sharifajon, Xosiyatjon…), yangi she’r yozdim, – derdi ko‘zi porlab, yuzi nurlanib. Ba’zilar kabi “bir narsa qoraladim”, “she’rmi, she’rmasmi, aytasiz…” tarzida ikkilanish bo‘lmasdi. Yangi she’r uning nazarini botir, jasoratli qilib yuborar edi.
Shoshilma aytmoqqa!
Ko‘ngil tubida
Mehr sadafida gavhar –
bitta so‘z.
Shoshilma!
Shoshilma, til g‘ilofida
O‘ljasini kutgan xanjar –
bitta so‘z!..
Ustoz she’r o‘qir ekan, satrlar shu qadar ravon, ohanglar shunchalar o‘ynoqi bo‘lar ediki, nazarimda, ular mutlaqo qiynalmasdan, kimdir opaning qulog‘iga shivirlab turgani kabi… Osongina yozilayotgandek tuyulardi menga.
Sen ayolga
shohi ko‘ylak olib berma,
gulimsan, degil!
Afsonaviy qasr qurma,
Dilimsan degil!..
“Oydin opa, she’rlaringizdagi so‘zlar xuddi raqsga tushib kelayotgandek ko‘rinadi menga”, derdim. Ehtimol, hamisha ilhom bilan yozilgani uchundir. Balki, shoira xalq og‘zaki ijodini nihoyatda yaxshi bilgani, shu daryodan ko‘proq suv ichganigadir…
Nima bo‘lganida ham, boshlarini xiyol egib, she’r o‘qiganlarida eshitgan odam cheksiz huzur qilardi:
Allohdan so‘radim:
Yarimta nonimni but qilib berdi,
Yarimta jonimni o‘t qilib berdi,
Beg‘am yuragimni dud qilib berdi,
So‘zlarimni yana ud qilib berdi… Men Oydin opamning she’riyatini “Vatanni sev”, deb aytmay sevdirgan she’riyat” degim keladi. Manzaralar shu qadar jozibali chiziladiki, beixtiyor ularning ichiga kirib ketging, soylarida yarqiragan toshlariga bosh qo‘yib yotging, oydin tunlarini yog‘dularga belagan oy shu’lalarini arg‘imchoq qilib uchging keladi. … Bog‘larning ko‘ylagidan Hid o‘g‘irlar epkinlar. Tun yuziga toshadi, Oq sedona – sepkillar… Shoira bunday go‘zal manzaralarni xayolida yasab, keyin qog‘ozga tushirmasdi. Imkon bo‘ldi degancha, yurtimizning shahar-u qishloqlarini kezardi. Baxtim shundaki, bunday safarlarning ko‘piga meni o‘zi bilan olib borgan. Sahar, oqshom demasdi. Kunduzlar paxtakorlarga mashina kuzovi ustida turib she’r o‘qigan paytlarimiz ham bo‘lgan.
– Siz terimga g‘ayrat qiling, biz siz uchun she’r o‘qiymiz, – derdi. Hisobchidan ilg‘or terimchilar ismini so‘rab olib, o‘sha ismlarni qo‘shib ham she’r to‘qib yuborardi. Katta shoiraning she’riga ismi qo‘shilgan ayollar xursandligining cheki yo‘q… Oqshomlar talaba yoshlar bilan uchrashar edik. Ustozning g‘ayrat-shijoati ichiga sig‘mas, charchadim, demasdi. To‘quvchilar, tikuvchilar, gilamdo‘zlar, chorvadorlar… Men xalqimni o‘shanday safarlarda tanidim, o‘shanday safarlarda sevdim. Buning uchun ustozdan bir umr minnatdorman. Darvoqe, ustozlik… Oydin Hojiyeva Zulfiyaxonimdan meros an’anani sadoqat bilan davom ettirdi. Tahririyatimiz hamisha yosh ijodkor qizlar bilan gavjum edi. Opa har qancha shoshilinch ishi bo‘lsa-da, ular bilan ikki og‘iz gaplashishga, bitta “yilt” etgan satrini topib, ko‘ngillarini ko‘tarishga vaqt topardi. Hamroxon, Farog‘at, Nasiba, Gulandom… Yana qancha-qancha shoiralarga qanot berganlarini bilaman. Bayram kunlari xonasida mushoiralar uyushtirar edi. 1999-yilda “Gulchehralar” gazetasini ham adabiyotga endi kirib kelayotgan ijodkor yoshlar uchun shaxsiy tashabbusi bilan tashkil qilgan edi. “Boychechak” sahifasida o‘nlab qizlarning ilk mashqlarini e’lon qilib, qalamiga umid tug‘ilishiga sababchi bo‘lganlari haqiqat. Oydin opadan o‘rganishga arziydigan yana bir jihat bor edi: u o‘zini katta yo‘llarga yo‘naltirgan ustozlariga nihoyatda sadoqatli edi. Zulfiyaxonim, Muzayyana Alaviya, Saidaxonim, Kibriyoxonimlar haqida “To‘rt tanho” yodnomasini yozib, ularning xotirasiga so‘zdan haykal qo‘ydi, desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz. Akademik shoir Gʻafur Gʻulom tavallud kunlari, albatta, jamoamizni u kishining uy-muzeylariga boshlab borardi. Biz jamoa bo‘lib, bot-bot Chig‘atoy qabristonini ziyorat qilishga borardik. Zulfiyaxonim, Saida Zunnunovalar ziyoratidan so‘ng Shayxzoda hazratlari xoki poyiga o‘tardik. “Yo‘qlovchisi yo‘q, mendan so‘ng ham kelib turinglar!” deya tilovat qilardilar. Oydin opa “Yosin” surasini o‘qiganda eshitib sel bo‘lardik. Men ba’zan hazil aralash:
– Siz shoira bo‘lmaganingizda ham Tilla kampirdek baxtli, hech bo‘lmasa otincha bo‘lar edingiz, – deb qo‘yardim. Oydin Hojiyeva “Saodat” jurnaliga, boya aytganimday, o‘n sakkiz yil bosh muharrirlik qildi. Har yili sakkiz son chop etilgan bo‘lsa, sakkiz kitob degani bu. Zimmasidagi vazifalarni hamisha vijdonan ado etardilar. Hatto suratlardagi ost yozuvlargacha takror-takror o‘qir edilar. Ba’zan: – Sizga ishondim, – degan materiallarini ham baribir o‘zi ko‘zdan kechirar, menga bu injiqlikdek tuyulib, qovoq uysam: – Bir ko‘z – bir ko‘z, ikki ko‘z – ikki ko‘z. Matbuotning xatosi yomon aks sado beradi. O‘quvchi daftarining xatosi emas bu, – der edilar. Nihoyatda husnixat, maqolalarni tahrir qilsa ham, muallifning yozganlari ustidan chizmay, chiroyli dumaloqqa olib, qog‘oz hoshiyasiga o‘zinikini yozar edi. “Betiga chizgandek bo‘lmasin, xafa bo‘ladi. Chizib tashlamang”, deb koyirdilar meni. Shu joyda shaxsan o‘zimga qilgan yaxshiliklarini ham yozgim kelyapti. 1996-yil turmush o‘rtog‘im Miraziz aka katta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Uch oy yonlarida qarab o‘tirdim. Oydin opam tahrir uchun materiallarni shifoxonaga tahririyatdagi qizlardan berib yuborardilar. Ishni tugatsam, ular yana kelib olib ketishardi. “Uyalyapman, o‘z hisobimdan ta’til bera qoling” desam, “Dori-darmonga pul kerak, qiynalib qolasiz”, deganlar… Hatto maoshimni ham olib kelib berishardi… Oydin Hojiyeva ham yurt kezib, ham jurnalni boshqarib, ham xalq noibi bo‘lib, ham shogirdlarga ustozlik qilib, ham adabiyotimizga “Mushfiq onajon”, “Tuhfa”, “Shom shu’lalari” kabi o‘nlab she’riy kitoblar tuhfa etdi. Tarjimalar qildi. Texnika fanlari doktori bo‘lgan olima qizni tarbiyaladi. Bugun uning nabiralari ham ilm yo‘lida. Ibrohim Gʻafurovday benazir tarjimon, ulug‘ adabiyotshunosning baland adabiy xirmonida shoiraning hissasi katta, albatta. Hayot ekan, umrlari poyonida Alloh dard bilan sinadi. Sinovlarga chiroyli bardosh berdi. Nola qilmadi, shukr qildi… “Saodat”imizning Xosiyat qizi ustoz shoiraning yonida bo‘ldi. Jamoamiz bilan bot-bot yo‘qlab turdik, duolarini oldik. Nimayam derdik, Zulfiyaxonim aytmoqchi: “Shu-da bir hayot…” El sevgan shoirining izida go‘zal xotiralar, kitoblar, farzand-u nabiralar, adabiyot maydoniga dadil kirgan, kirayotgan shogirdlar… Tasallimiz – shu… Oxiratlari obod bo‘lsin, ilohim!
Qutlibeka RAHIMBOYEVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira
“Jadid” gazetasi 2024-yil 26-aprel 18-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



