31.03.2026 | 10:09
1104
BIR ASAR TAASSUROTI
Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya safarlari natijasida yaratilgan “Boburiynoma”, “Hind sorig‘a”, “Andijondan Dakkagacha”, “Asrlarni bo‘ylagan Bobur”, “Boburiylar izidan” singari o‘nlab asarlarni yaxshi bilamiz. Yaqinda iste’dodli shoir, “Jadid” gazetasi xodimi Shahriyor Shavkatning buyuk ajdodlarimiz qo‘nim topgan Afg‘oniston zaminiga, hazrat Navoiy aytganidek, “zod-u hamrohsiz” – yakka o‘zi amalga oshirgan g‘aroyib safari taassurotlarini qiziqib o‘qidik. Bu kabi safarnomalar mavzuga yangicha yondashuvi, noyob tarixiy manbalarga boyligi, qiziqarli voqealari bilan o‘quvchi e’tiborini tortadi.

Bu yil Bobur Mirzo tavalludiga boshqacha tayyorgarlik ko‘rdim – davralardan biroz chekinib, Xayriddin Sultonning yaratilganiga 30 yil bo‘lgan “Boburiynoma” asarini mutolaa qildim. Quroq tuzilishi-yu tarkibi bilan xush yoqadigan bu kitobda safarnoma, “Boburnoma”, Bobur g‘azaliyoti, maktublar-u go‘zal hikoyatlar birlashib ketgan. Bobur Mirzo va uning avlodlari izidan yo‘lga chiqqan bir guruh yurtdoshlarimizning 18 ming kilometrlik yo‘l xotiralari, Eron, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston, Afg‘oniston manzaralari qalamga olinadi.
Talabaning kundaliklaridan boshlangan safarnoma 1974–1996-yillarni qamrab oladi. Ulardan orzularga to‘la talabalik dunyosining epkinlari kelib turadi – tahririyatlar, nashriyotlar ichida yorug‘lik qidirgan yoshlik epkinlari. “Guliston” jurnali haqida gap ketar ekan, menga ko‘proq tanish bo‘lgan “Jahon adabiyoti” jurnalining olis harorati yuragimga uriladi.
Safar xotiralari 1992-yil 19-may kuni Andijon tuproqlaridan boshlanadi. 14 kishidan iborat Bobur nomidagi birinchi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya tarix tomon yo‘lga chiqadi. Ularga qo‘shilib, Ashxobod, Mashhad, Tehron, Tabriz, Anqara, Damashq, Makka, Madina, Dubay, Zohidon, Mo‘lton, Lohur, Islomobod, Jalolobod, Kobul, Mozori sharif, Dehli, Haydarobod, Agra tuprog‘ini kezar ekanman, “Yo‘lbarsning tug‘ilishi”, “Oy botgan pallada”, “Panoh”, “Tavba”, “Boburning tushlari”, “Nuqta” hikoyalari, “Saodat sohili” qissasi orqali Boburning jonli va jonga yaqin qiyofasi ko‘z o‘ngimda yaqqol gavdalanadi, zamonlar osha qoplab yotgan tarixning chang bosgan pardalari ortga suriladi.
Yozuvchining fikr to‘lqinlari menga shunchaki yo‘l esdaliklarini o‘qimayotganimni eslatib turadi. Yo‘llarda yo‘liqqan-u hayrat bilan qaraganlarning holatini muallif shunday sharhlaydi: “Dunyo bizning bundog‘ yengil mashinalarni minib, sayr-u sayohat qilishimizga o‘rganmagan edi. Chunki biz xoh Chexoslovakiya bo‘lsin, xoh Vengriya bo‘lsin, xoh Afg‘oniston bo‘lsin, albatta, og‘ir tank minib borganmiz. Olam ahli ham shunga ko‘nikkan va har safar bizning bu kabi tashriflarimizni yurak hovuchlab kutadigan bo‘lib qolgan edi”. Beixtiyor, bugungi kunimiz “tanklar”i Yer yuzini har tomondan zirillatib yurgani xayolingizda jonlanadi, inson bolalari bani odamni bir-biridan uzoqlashtirib, bir-biridan bezori jon qilib yuborayotganini yanada chuqurroq his qilasiz.
Ayni paytda, asarda aks etgan mamlakatlarning o‘tmishi, farovon-u ayanchli hayoti, shahar va inson manzaralari biz kitoblarda o‘qib yurgan quruq ma’lumotlardan ancha farqli ekaniga amin bo‘lasiz. Bu o‘lkalarning hech biri bizga begona emas, ammo turmush va taqdir yo‘llaridan mutlaqo bexabar qolib ketibmiz, afg‘onlarini yanglish tushunibmiz. Ziyoratchilarimizga minnatsiz muzqaymoq tutganlar, qadim o‘lkalarni xorlikka cho‘ktirayotgan axloqsiz ayollar, non ilinjida maktablarni tark etgan murg‘ak bolalar-u, savdo ustida g‘avg‘o qilayotgan hojilar, olis yo‘llardagi sarbonlar, qo‘riqchilik qilganlar-u osh-non berganlar – bir butun asar qahramonidek yodingizga o‘rnashib qoladi.
Bobur Mirzo, Abdulla Qodiriy tiliga xos ohanglar bilan bezak berilgan uslub xayolotni allalaydi. Safarning og‘ir kezlarini ifodalashda foydalanilgan “uyqu echkining yo‘taliday qisqa bo‘ldi”, “yonboshimiz yerga tegmayoq pinakka keta boshladik”, “ko‘ngilni bamisoli afg‘onning ishtoniday keng qilish kerak”, “hech birorta tilni bilmasang, chet ellarda noma’qulning nonini yeb yuribsanmi” kabi qochirimlar-u, xalqona iboralar – qaysi zaminda ketib borishmasin, kitobxonga ularning o‘zbek ekanini uqtirib turadi, o‘zbekona o‘ktamlikka qorishib ketadi.
Asar orqali Turkiston tarixini o‘rgangan, o‘rganayotgan xorijlik va o‘zbek olimlari, ularning eng muhim tadqiqotlari hamda noyob manbalardan xabardor bo‘lamiz. “Boburnoma”, “Zafarnoma”, “Tarixi Muhammadiy” bilan uyg‘un tasvirlar olis temuriylar, boburiylar tarixiga, necha-necha kechmishlar ichiga olib kirib ketadi. Ba’zan g‘arb adabiyotidan voqelikning qaysidir jihatlariga aloqador o‘rinlar eslanadiki, tafakkurning bu o‘yini o‘quvchida zavq uyg‘otadi.
Roviy Bobur Mirzo asarlarini mukammal o‘rgangani sezilib turadi. Safarning har odimini Bobur bilan ruhoniy birlikda tashlaydi, o‘zini har qachon Bobur hazratlari kuzatib turgandek his qiladi va shunday yozadi. Qadam-baqadam siz ham Bobur Mirzo asarlarini, hayot sahifalarini o‘rganib borasiz. Bu o‘rganish – Bobur avlodlari merosi, tarixi, hayot yo‘llari, ajdod-avlodlar o‘rtasidagi ruhoniy bog‘lanishlarni o‘rganishga qadar kengayib boradi. Bobur Mirzo ijodidan Komron Mirzo ijodiga sizib o‘tgan noziklig-u iztiroblar, alamlar avlodlar taqdiridagi uyg‘un va ayanch nuqtalarni ko‘rsatib beradi.
Har muqaddas zaminning shukri ham tavbasi bilan ekan. Asarga ergashib, Ka’ba yo‘lidagi har turli irqlar-u, millatlardan iborat to‘s-to‘polon – ulkan oqim ichida ketib borasiz, aslida ham, bu talotum dunyomizdan shunday ketib bormayapmizmi? Darhaqiqat, “Bobur Mirzo ham (hazrat Alisher Navoiy kabi) bizning odatiy turmushimizdan, kundalik mayda hoy-u havaslar ila xiralashgan, samoviy sirlardan, ilohiy jozibadan mahrum bo‘lib, benihoya g‘ariblashib, huvillab qolgan hayotimizdan naqadar yuksakda!”
Ziyoratchilar uzoq va mashaqqatli, xatarnok yo‘llarni bosib, Bobur maqbarasiga yetganlarida, kitobxon yuragida bir simillash uyg‘onadi. Olis ajdodlarga muhabbat ham iymondandir: “Bismillo aytib, yuragimiz hayajondan entikib, zinalarga qadam qo‘ydik. Mana, balandda, yuksak tog‘lar poyida joylashgan oq marmar maqbara. Mo‘jazgina, xuddi Bobur Mirzoning o‘zi yanglig‘ ortiqcha hasham va dabdabalardan xoli, sipo va kamtarin bir oromgoh. Beixtiyor ko‘zlaringiz namlanib, bo‘g‘zingizga xo‘rsiniq tiqilib kela boshlaydi. Mana shu sovuq sag‘ana ostida, ikki gaz qora tuproq qa’rida shiddat-shijoati bilan olamga sig‘magan sheri mard yotibdi” – Vatandan ko‘z uzmagan, ehtimol, har tong Vatan ziyoratiga keladigan jo‘mard bahodir.
Kitobning keyingi sahifalarida Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning navbatdagi safarlari tilga olinadi. Bobur Mirzo avlodlari bilan uchrashuv, ularning shonli tarix haqidagi xotiralari, necha asrlik quvg‘in va qatllar, azob-uqubatlarga qaramay, boburiylar sha’nini o‘ksitmay ko‘tarib yurganlari, ota yurtga bo‘lgan so‘nmas intilishi menda cheksiz muhabbat uyg‘otdi. Sulola sohibasi Laylo Ummaxoniy 1993-yil Toshkentga yo‘llagan maktubida “yosh nasllar tarbiyasi borasida sizlar ko‘p mehnat qilishingiz lozim”, deya vasiyat qiladi. Bu – buyuk sulola sharafi, nomusini saqlagan, avlodlarni shu ruhda tarbiyalagan ulug‘ yoshdagi onaxonning so‘zlari, endigina mustaqillikka erishgan navqiron O‘zbekiston farzandlariga bo‘lgan onalarcha mehr va avlodlar oldidagi mas’uliyatning ifodasidir.
Kitobning menga xush yoqqani va mutaassir qilgani, ehtimol, yozuvchi bu g‘aroyib asarini mening yoshimda qog‘ozga tushirgani va ayni davrda o‘tmishga, ota-bobolarning yorug‘ yo‘liga chuqur muhabbat bilan bog‘langanidadir, deb o‘yladim. Bu cho‘ng asardan olgan eng muhim xulosam shu bo‘ldiki, insonni faoliyatsizlik zaiflashtiradi va xarob qiladi. Bobur Mirzo bo‘lsa, jahoniy faoliyat maydonlarida suron solib yashadi, ijod qildi va mislsiz ibrat namunasiga aylandi.
Shahnozaxon NAZAROVA,
filologiya fanlari doktori, dotsent
“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



