21.04.2026 | 10:49
922
DO‘STLIK DOSTONI
Yaqinda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida Qozog‘istonda chop etilgan “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumidagi yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 15-oktyabr kuni Boku shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti) sammitida a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat 100 jildlik to‘plamni nashr etish tashabbusini ilgari surgandi. Ushbu loyiha birinchi bo‘lib O‘zbekistonda amalga oshirildi. 2022-yilda to‘plam tayyorlanib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida chop etildi.
Endilikda ushbu tashabbus qardosh Qozog‘iston tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 2025-yildan hukumat dasturi asosida Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Mereke baspasy” nashriyoti “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumida taniqli adiblarning asarlarini chop eta boshladi. Ayni paytgacha Anorning “Qonaq uy bolmesі”, Xayriddin Sultonning “Baqit jag‘alau”, Sulton Rayevning “Topan”, Arslon Qoyshiyevning “Tuqmqurt” kitoblari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.
Ushbu to‘rt kitobning taqdimoti yurtimizda ham intiq kutilayotgan edi. Anjuman avvalida yangi kitoblar namoyishi munosabati bilan ramziy tasma kesish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor Rzayev, Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, “Turkiy dunyo adabiyoti” loyihasi rahbari Mereke Kulkenov, Qirg‘iziston Respublikasi davlat kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Arslon Koychiyev, Tatariston Yozuvchilar uyushmasi raisi Rkail Zaydullin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Spichrayteri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid qardosh xalqlar o‘rtasidagi adabiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani haqida so‘zladi.

ANOR
(Ozarbayjon):
– Qardosh O‘zbekistonning go‘zal poytaxti Toshkentda, azim bir binoda o‘tayotgan tadbirda ishtirok etayotganimdan o‘zimni xushbaxt his etaman. Da’vatingiz uchun tashakkur! Davlatlar orasida sarhadlarni siyosat yaratadi, adabiyot esa bu sarhadlarni ijobiy ma’noda o‘rtadan ko‘tarib, xalqlarni bir-biriga bog‘laydi.
Bugun biz turk dunyosidan gapirganda, umumiy otamiz Dada Qo‘rqutni xotirlaymiz. Navoiy, Yunus Emro, Fuzuliy, Maxtumquli, Abay, Nozim Hikmat, Chingiz Aytmatovni e’tirof etamiz. Bu buyuk insonlarning sa’y-harakati, yordami bilan turkiy xalqlar bir-biriga yanada yaqinlashdi, bir-birini yanada yaxshiroq tanidi. Shuning uchun men bugungi tadbirni turk dunyosining birlashishi yo‘lida, bir musht bo‘lishi yo‘lida muhim qadam, deb hisoblayman.
Ayniqsa, o‘zbek yozuvchilarining asarlari Bokuda, ozarbayjon yozuvchilarining kitoblari esa O‘zbekistonda nashr etilayotgani adabiy aloqalarimizning yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Mana endi, mening asarim qozoq tilida chop etildi. Tilagim, bunday hamkorlik va ijodiy aloqalar kelgusida ham izchil davom etsin va yanada kengaysin.
Bu dargohga quruq kelganim yo‘q. Ozarbayjonda besh jildlik “So‘z dunyosi” kitobim chiqdi. Unda turk dunyosining buyuk yozuvchilari haqida esselar kiritilgan. Alisher Navoiy, Hamza va Maqsud Shayxzoda haqidagi yozmalar jamlangan jildlarni hurmatli Sirojiddin muallimga, Abay va O‘ljas Sulaymonov haqidagi esselar berilgan kitobni janob Mereke muallimga taqdim etmoqchiman. Rahmat, ko‘p rahmat!

Mereke KULKENOV
(Qozog‘iston):
– Amir Temurning 690 yilligi faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun turkiy dunyo uchun umumiy bayramdir. Bu tadbirning aynan Toshkent shahrida, Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tayotgani bejiz emas. Chunki ko‘plab tarixiy manbalar va arxivlar aynan shu yerda jamlangan. Bu esa nafaqat bir xalq, balki barcha turkiy xalqlar uchun umumiy meros hisoblanadi. Shu bois, azaldan birodar bo‘lgan xalqlarimizni birlashtirib turgan buyuk shaxslarni ulug‘lash barchamiz uchun juda muhim, deb o‘ylayman.
Jami turkiy xalqlarning vakillari bir davrada yig‘ilib, har qaysimiz o‘z tilimizda so‘ylasak ham, bir-birimizni tarjimasiz tushunib o‘tiribmiz. Boshqa bir tilning vositachiligiga tobe bo‘lganimiz yo‘q.
Toshkent – bizning o‘rtoq shahrimiz. XX asrda barchamizning taqdirimiz chiziqlari hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsin, bu shaharni kesib o‘tgani haqiqat. Mayli, tarixda garchi bizni bo‘lib yuborib, yuzko‘rmas qilmoqchi bo‘lishdi. Mana, vaqti kelib, biz bosh biriktirib, birimizning yuragimizni birimiz tushunyapmiz. Ushbu to‘rt kitob shuning dalili.
Ikki-uch yil burun qardosh ijodkorlarimizni qozoq tilida “so‘ylataylik”, degan maqsadda ish boshlagan edik. Tarjima jarayonida asarlardagi o‘ziga xosliklar bilan birga, umumiy jihat ham bizni hayratga soldi. Bu o‘z xalqining taqdiriga hurmat va hamdardlik hissidir. Umumiy tarixga ega turkiylar shu jihatdan bir-birining asarlarini begonasiramay qabul qiladi, tushunadi.
Ushbu kitoblarni aynan O‘zbekistonda, Toshkent shahrida taqdim etayotganimizdan juda mamnunmiz. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Endigi maqsadimiz – shu kabi loyihalar orqali turkiy xalqlar adabiyotini o‘zaro tarjima qilish, shu orqali ma’naviyatimizni, til va madaniyatimizni yanada yaqinlashtirishdir.

Sulton RAYEV
(TURKSOY tashkiloti):
– Avvalo aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev juda muhim va buyuk konsepsiya – O‘zbekistonning Uchinchi Renessansi g‘oyasini ilgari surdi. Ma’lumki, O‘zbekiston tarixida ikki buyuk Renessans davri bo‘lib, mamlakatning ma’naviyati, madaniyati, me’morchiligi va ilm-fani yuksak taraqqiyotga erishgan. Bugungi asrda O‘zbekiston ana shu taraqqiyot yo‘lini davom ettirmoqda. Uchinchi Renessans g‘oyasi, avvalo, milliy ma’naviyat, madaniyat va tarixiy merosga tayanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu g‘oyaning amaliy ifodasi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Menimcha, bunday markazning dunyoda analogi yo‘q.
Shunday dargohda “Turk dunyosi adabiyoti”ning taqdimoti bo‘layotgani yanada ta’sirli va quvonchlidir. Biz avval O‘zbekistonda, endi Qozog‘istonda yo‘lga qo‘yilgan bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Boshqa qardosh respublikalarda ham yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha ko‘makka tayyormiz!

Arslon KOYCHIYEV
(Qirg‘iziston):
– Turkiy dunyo adabiyotining tarixi nihoyatda keng, ildizlari chuqur va mazmunan yuksakdir. Uning ikki ming yillik tarixga egaligi, avvalo, mazkur adabiyotning manbalari qadimiy O‘rxun-Enasoy yozma yodgorliklariga borib taqalishi bilan izohlanadi. Shu ma’noda, bugungi anjuman va tashkil etilgan tadbirni O‘rxun-Enasoy bitiklaridan to XXI asrgacha bo‘lgan turkiy adabiyot taraqqiyotini qamrab olgan muhim ma’naviy voqelik sifatida baholash mumkin.
Bugun taqdim etilgan kitoblarning qozoq tilida nashr etilgani ham alohida ahamiyatga ega. Zero, Qozog‘istonda o‘zbek, ozarbayjon va qirg‘iz adiblarining asarlarini qozoq tiliga tarjima qilish orqali turkiy xalqlar adabiyotini o‘zaro yaqinlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbuslarning yana bir muhim bosqichi aynan bugungi tadbir doirasida o‘z ifodasini topdi. Kelgusida, biz – qirg‘izlar ham o‘zbek, qozoq va boshqa turkiy xalqlar adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘z tilimizga tarjima qilish, bu yo‘nalishda zarur tajriba to‘plashni maqsad qilganmiz.

Xayriddin SULTON
(O‘zbekiston):
– Fursatdan foydalanib, “Turkiy dunyo adabiyoti” deb nomlangan g‘oyat muhim va ulkan ijodiy loyihaning tashabbuskori bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasi hukumatiga, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi, loyiha rahbari, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli yozuvchi, qadrli og‘amiz Mereke Kulkenovga barchamizning nomimizdan chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Eng muhimi, qozog‘istonlik do‘stlarimiz bir necha o‘nlab jilddan iborat bu kitoblarni qozoq tiliga tarjima qilib, har bir kitob uchun shu mamlakatning grafik rassomlariga alohida illyustratsiyalar ishlatib, juda katta mehr va ixlos bilan kitoblarni taqdim qilganlar. Bu judayam katta voqea.
Barchamiz ziyoli sifatida, adib, san’atkor sifatida bilamizki, bu kitoblar yozilgani, albatta, hisob. Bu kitoblarning chop etilgani, tarjima qilingani va ular haqida yozilgani ham hisobga o‘tadi. Lekin hammamiz o‘ylaymizki, bu kitoblar faqat o‘qilgandagina muhim bo‘ladi, faqat o‘qilgandagina chin hisobga o‘tadi. Shuning uchun hurmatli Mereke og‘a va u kishining hamkasblaridan bu kitoblarni O‘zbekistondagi qozoq tilli maktablarga, madaniy markazlarga, qozoq tilida dars beradigan universitetlarga, kutubxonalarga yetkazishda yordam berishlarini iltimos qilardik. Bu kitoblarni o‘qiylik, eng muhimi, bolalarimizga beraylik va ularni ham Turkiy dunyo birligi, umuman, dunyo xalqlarining birligi ruhida tarbiyalaylik.
“Turk dunyosi adabiyoti” seriyasi – juda uzoq o‘ylangan strategik loyiha. Qardoshlarimiz hali yana 50 ga yaqin kitoblarni nashr etishni mo‘ljallagan. Mening bilishimcha, o‘zbek adabiyotidan Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st va boshqa yozuvchilarimiz, shoirlarimizning kitoblarini tarjima qilib, nashrga tayyorlab qo‘yishgan.
Yaxshi bilamizki, mintaqamizning jadidlari hammamizni bir fikrga, bir da’vatga o‘rgatganlar. Bu ham bo‘lsa: “Tilda, fikrda, ishda birlik!” Bu kitoblar shu yo‘ldagi eng muhim amaliy qadamlardir. Zotan, mashhur turkiy maqolimizda aytilganidek, birlik bo‘lmagan joyda tiriklik ham bo‘lmaydi. Chindan ham, et bilan tirnoqdek birikib, ulug‘ maqsadlarimiz yo‘lida Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, yakqalam bo‘lib oldinga intilsak, har qanday sinov va mashaqqatlardan yorug‘ yuz bilan mardona o‘ta olamiz.
Biz o‘zbek yozuvchilari orasida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” degan ibora hikmatli so‘zga aylanib ketgan. Shu ma’noda, barchamizning tilagimiz bitta: dunyo xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin. Turkiy ellarning qardoshligi yanada rivoj topsin. Turkiy xalqlar adabiyoti gullab-yashnasin!
* * *
Taqdimot marosimining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Buxoro shahridagi uchrashuvi arafasida o‘tkazilishi ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi.
Ushbu taqdimot do‘stligimizning mangu dostonida yangi sahifa ochgani bilan turkiy xalqlar tarixiga o‘chmas harflar bilan bitib qo‘yilishi, shubhasiz.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
76
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
592
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
590



