21.04.2026 | 12:42
1199
KO‘P RAHMAT, OYDIN OPA!
Ba’zan shunday asarlar – dostonlar, ohanglar uchraydiki, ular sizni yodingizdan ko‘tarilayozgan botiniy Vatanga qaytaradi. Yurakdagi kemtikliklar nogahon to‘lib, vujudni titroq bosadi, lablaringiz titraydi, ko‘zlaringizda yosh halqalanadi, odamlar ichida turib, beixtiyor qalqib chiqqan xo‘rsiniqdan iymanasiz… Mana shunday kuylardan iborat konsertga anchadan beri bormagan ekanman. Bunday imkoniyat yaqinda nasib etdi. Ruxsat etsangiz, taassurotlarim bilan bo‘lishsam.

Kuz edi, Oydin Abdullayevaning juda esda qolarli nom va muqova bilan musiqiy to‘plami chiqdi – “Bir ishq bo‘lsa”… Oradan ko‘p o‘tmay, yuqorida aytganimdek, uning konsertidan bahra olish nasib etdi. Musiqa ilmining hali oddiy maktabida o‘qiydigan o‘quvchisidan vazirlargacha – hamma keldi bu konsertga. Tinglovchilar rang-barangligi, ya’ni ularning faoliyat yuritadigan soha turlari jug‘rofiyasi keng bo‘ldi. Kelganlar orasida adabiyot ahlini, rassomlarni, iqtisodchilar-u me’morlarni ham ko‘rdim. “An’ana”ga ko‘ra bunday bo‘lmasligi – zal kompozitorning shogirdlari hamda yaqinlari bilan to‘lishi kerak edi… Bu – men uchun ijodiy oqshom bergan ilk hayrat bo‘ldi.
Dastur “Yangi O‘zbekiston” uvertyurasi bilan boshlandi. Asarni o‘zbekona ruh va kayfiyat bilan tingladim; o‘zbekligim yodimga tushdi… Milliy ohanglarga burkangan doira zarblari orasidan tanbur navolari quloqqa chalinadi; skripka va damli cholg‘ular jo‘rligida Vatanning ming bir surati betakror ranglarda ko‘z oldimizda jilolanadi; xayol, yurak va nafas parvoz etadi…
Vatan manzaralari, Vatan aro bosib o‘tgan yo‘llaringiz xotirada bir-bir tiklana boshlaydi – shonli tarix va farovon kelajak har qachongidan aniq gavdalanadi, ularning tovushi tugul, hatto hidi ham seziladi. Birdan sato tovushi qulog‘ingizga chalinadi-yu, onangiz yopgan non, kosa to‘la, hidi odamni gangitadigan, he-ech me’daga tegmaydigan qaymoq ifori xotirani bir aniq shaklga, muayyan organ ko‘rinishiga keltiradi va uning ham eti junjikadi; tarona davom etadi!
Olqishlar yangradi. Menimcha, o‘sha kaftlaridan o‘t chaqnaganlarning bari xuddi men kabi nafaqat orkestr va uning ellikboshisi – Kamoliddin O‘rinboyevga, balki bugungi kunga, uning berayotgan imkoniyatlari va bunyod etayotgan ertasi uchun ham qarsak chalishdi. Vatan uchun qarsaklar chalindi! Uch daqiqa navo tinglab, bir daqiqa alqov aytdik, do‘stlar!
Salom-alikdan so‘ng davraboshi Nodira Omonova dasturni rasman ochib berish uchun Oydin Abdullayevaning ustozi, taniqli kompozitor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, professor Avaz Mansurovni davraga chorladi. Avaz Mansurov ko‘pchilik e’tibor qaratmagan bir jihatga – Oydin Abdullayeva va Kamoliddin O‘rinboyevning o‘ziga xos hamohangligiga urg‘u berdi. Zabardast pedagog bu ikki ijodkorning bir yoqadan bosh chiqarib, musiqa san’atini yangi darajaga chiqarish yo‘lidagi harakatlari va izlanishlarini yangi zamon jadidligiga, yangi zamon daholigiga mengzadi – “Bugungi konsert ikki ijodiy hodisaning o‘ziga xos tandemi”, deya ta’rif berdi.
Navbat kompozitorning “Jaman Shig‘anaq” nomli uchinchi simfoniyasiga berildi. Qoraqalpoq milliy musiqiy motivlari asosida insonning eng oliy xislati yoxud qobiliyati – xotira, odam hamisha baxtga muhabbat orqali yetishishi va bu baxtni u eng avvalo o‘z Vatanida tuya olishi kabi haqiqatni tarannum etuvchi asar nay nolalari bilan boshlandi. Murakkab polifonik, ya’ni ko‘p qatlamli ohanglar silsilasi bir vaqtning o‘zida ham yorga, ham Vatanga va umumiy ma’noda borliqqa – Tangri yaratgan kurrai zaminga, irmoqlarga, tog‘-toshlarga, qaqroq o‘zanlar-u ulardan ayrilgan daryolarga qaytishdan so‘zladi.
“Jaman Shig‘anaq” harorat o‘yinlariga ham boy bo‘ldi. Muttasil nayga murojaat qilgan bu kuy dadil hamda yovqur ruh bilan vujudingizda allaqanday hissiy isyonni qo‘zg‘atadi-da, yana o‘zining dardli motivi bilan ohista allalaydi – harorat bir ko‘tariladi, bir tushadi. Oxirida esa bari portlaydi! Xuddi yaxshi yozilgan she’rdagi kabi.
Mag‘ribdan Mashriqqacha turli millat va elatlar turli zamonlarda o‘zlarining turmush tarzi, qadriyatlari va og‘riqlaridan kelib chiqib, o‘ziga xos musiqiy yo‘llarini yaratishdi. Intervyularining birida Abduhoshim Ismoilov: “Hech qaysi millat bizning maqomlarimizni jilovlay olmaydi, ammo biz ularning musiqasini ijro eta olamiz”, degan edi. Darhaqiqat, shunday! Bir misol: Harvard universiteti olimlari xalqlar musiqani qanday idrok qilishini tadqiq etgan. O‘shanda turli millat vakillariga har xil ashulalar qo‘yib berilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Yevropa xalqlari ohanglarni faqat ikkiga: minor va major – g‘amgin va quvnoqqa bo‘lgan. Sharq, xususan, Markaziy Osiyo vakillari esa navolarni iqrorga, izhorga, tasalli-yu g‘azab kabi ko‘plab turlarga ajratib bergan ekan…
Oydin Abdullayeva o‘zining to‘rtinchi simfoniyasi – “Zebo pari” orqali didni asliyatga, an’anaga, go‘zallikka va yuksaklikka qaytarishga bel bog‘lagan ekan. Masalan, shaxsan men uchun Xudoyberdi hofiz, uning faoliyati hamda Xudoyorxon saroyida tutgan mavqeyi va yaratgan nodir avjlari notanish edi, bu asardan nafaqat musiqiy, balki ham tarixiy, ham ma’naviy saboq oldim. Buning uchun kompozitorga minnatdorlik izhor etaman va ta’zim bajo keltiraman! Kompozitorning esda qolarli dastxati yaqqol sezilib turadigan mazkur asarda orkestr ijrochilarning mahorati ham alohida tahsinga sazovor, ayniqsa, ikki naychi va qo‘shnaychi yigitlarning…
Dastur yakunidagi “Trombon va orkestr uchun konsert” premyerasi, shaksiz, esda qolarli kulminatsiyaga aylandi. Sahnaga issiq istarali Burhon Sultonov chiqib asarni ijro eta boshlaganida, menga hamroh bo‘lib kelgan Alisher aka Kazakbayev: “Trombon o‘zbekcha gapirib yubordi-ya”, deya hayratini yashirmadi… O‘ziga xos qochirimlar, orkestrning favqulodda baland pardalar bilan qo‘zg‘alishi hamda epik ko‘chishlar bilan asar musiqa oqshomiga mantiqiy va hayajonli yakun yasadi.
Olqishlar! Gullar! Kimdir tabriklashga, yana kimdir rasmga tushishga ilhaq! Hamma kompozitorni ijodiy zafar bilan samimiy muborak etdi, ko‘p iliq so‘zlar aytildi. Men-chi? Kamina uchun konsert hanuz davom etmoqda, qalbimda oqshom navolari mudom yangrab turibdi. Ko‘p rahmat, Oydin opa! Bravo!
Akmaljon YO‘LDOSHEV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



