01.05.2026 | 15:30
1153
SHOD KETIB, IZTIROB BILAN QAYTMANG!
Haj yoki Umra ziyorati har bir mo‘min uchun orzu, umri davomida intilib yashaydigan buyuk maqsadlardan biridir. Bu amallar nafaqat insonning diniy burchini ado etishga, balki ma’naviy poklanishi, qalban yangilanishiga ham xizmat qiladi. Shu bois, ziyorat umidida yo‘lga chiqqan har bir inson pok niyat, katta ishonch va o‘zgacha ishtiyoq bilan qadam tashlaydi.

Biroq so‘nggi yillarda aynan shu muqaddas tuyg‘ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari keskin ko‘paymoqda. Ziyoratga bo‘lgan ehtiyoj ayrim kimsalar uchun “oson daromad manbayi”ga aylanib bormoqda. Natijada litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalari va alohida shaxslar tomonidan “arzon”, “tez”, “yuqori sifat” kabi jozibali va’dalar bilan kishilarni aldash holatlari tez-tez ko‘zga tashlanayotgani ham bor gap.
Eng achinarlisi, bu kabi firibgarliklar oddiy moliyaviy yo‘qotish bilan cheklanmaydi. Ular insonlarni, asosan, yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizni begona elda sarson-sargardon holda qoldirishi, muqaddas ziyoratni ado etish imkoniyatidan mahrum qilishi, hatto hayoti yo salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Shunday vaziyatda mazkur muammoni ochiq-oydin ko‘tarish, aholini ogohlantirish va hushyorlikka chaqirish muhim masaladir.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazining internet sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga 2025 dan 2026-yilning hozirgi davriga qadar noqonuniy Umra va Haj ziyoratlarini tashkil etish holatlarini yorituvchi, kishilarni firibgarlar tuzog‘idan ogoh etuvchi jami 65 ta hujjatli rolik joylangan.
Xo‘sh, bu ko‘pmi? Ko‘p ham gapmi?! Agar Toshpo‘lat tajang bizga zamondosh bo‘lganida, bu holni ko‘rib peshonasi tirishardi.
Tavba, har narsadan pul qilayapmiz-a: ota-onaga hurmatni, yorga muhabbatni, do‘stga sadoqatni, hatto ibodatni. Eng achinarlisi, bu kabi holatlar bir marta sodir bo‘lib qolmayapti, balki takrorlanmoqda, demak, hanuz odamlarning ishonch va ehtiyojidan foydalanishga urinayotganlar bor.
Nega odamlar aldanmoqda?
Bu yerda aybni firibgarlarga ag‘darib qo‘yish oson, ammo muammoga ikkinchi tomon, ya’ni ishonuvchan, tekshirmasdan qaror qabul qilayotgan odamlar ham sabab bo‘layotganini inobatga olmaslik mumkin emas. Afsuski, ko‘p hollarda fuqarolar ziyoratga bo‘lgan kuchli istak va shoshqaloqlik ta’sirida eng oddiy tekshiruvlarni ham chetlab o‘tadi. “Arzon”, “tez”, “ishonchli”, “yuqori sifat”, “alohida guruh” kabi va’dalar esa ularni mantiqiy fikrlashdan uzoqlashtiradi.
Aslida, muqaddas ziyoratdek jiddiy masalada “oson yo‘l” degan tushunchaning o‘ziyoq shubha uyg‘otishi kerak.
Yana bir achchiq haqiqat – ayrim odamlar haligacha “tanish-bilish orqali”, “pul bilan tez hal qilib beruvchi”larga ishonish odatidan voz kechmagan. Qonun, tartib va rasmiy manbalar o‘rniga quruq gap-so‘zlarga ishonish firibgarlar uchun tayyor imkoniyat yaratadi. Bu nafaqat huquqiy savodsizlik, balki shaxsiy mas’uliyatsizlik hamdir.
“Qurbon”lar ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on reklama, soxta va’dalar, “kafolat”larga ishonadi. Firibgarlar esa aynan shu jihatdan ustalik bilan foydalanadi. O‘zini “dindor”, “ishonchli”, “ko‘pni ko‘rgan” qilib ko‘rsatadi, odamlarning e’tiqodi va soddaligini suiiste’mol qiladi.
Demak, muammo faqat firibgarlarda emas.
Begona yurtda qolganlar
2023-yili O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bir ming to‘rt yuz kishini Umra ziyoratiga yo‘lladi. Aynan o‘sha ziyorat tafsilotlarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish vazifasi Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan “Ziyo” media markazining xodimlari zimmasiga yuklandi.
Madinayi munavvarada, Payg‘ambar alayhissalom maqbaralarini ziyorat qilish uchun saf tortgan ziyoratchilardan intervyu olish bilan band edim. Ishimni tugallashim bilan kimdir yelkamga ohista qo‘l tashlaganini his qildim. Yurtdoshlarimizdan biri ekan.
– Assalomu alaykum, yaxshimisiz, jurnalist ekansiz, bir iltimos bor, jon aka, – dedi u yalinchoq ovozda.
Alik olib, “xo‘sh” dedim.
– Biz firma bilan kelgan edik, uch kundan beri Ravzaga kiritishmayapti, iltimos, yordam qiling. Tasvirchilaringizni qo‘riqchilar to‘sishmayapti, bizniyam ichkariga olib kirib keting, – dedi hamyurtimiz.
Ravza atrofida ham tasvirga olishga ruxsatimiz bo‘lgani uchun chindan bizning kirib-chiqishimizga monelik qilinmayotgan edi. Markaz vakili ekanligini bildirib turuvchi belgilardan birini taqib olsa, u kishiga ham qarshilik qilinmasligini anglagan ko‘rinadi. Vatandoshimizga “yo‘q” demadik. Tasodifni qarangki, o‘zimiz joylashgan mehmonxonaga qaytar ekanmiz, yana ularga duch keldik. Ko‘zdan xoliroq joyda chekayotgan ikki-uch kishini kutib turgan ekan.
– Bizni olib kelganlar mana shular-da, – dedi alamzadalik bilan. – Ibodatlarni mukammal ado etishimizga yordam qilishni va’da qilishgan edi. Birortasi namoz o‘qiganini ham ko‘rmadim. Bularga faqat pul qiziq, shekilli.
Unga tasalli berib, xayrlashib, ertasiga Makkayi mukarramaga yo‘l oldik. Yetib borganimizning uchinchi kuni rejissyorimiz Mekoil Sulaymonov bilan ko‘chadan tasvir yig‘ishga chiqdik.
– Qarang, o‘zbekistonlik ayollarga o‘xshaydi, – deb qoldi Mekoil aka bizdan ancha narida yegulik xarid qilayotganlarni ko‘rsatib. – Yuring, intervyuni shulardan olamiz.
Ayollar bilan salom-alik qilib, muddaoni aytdik.
– Mayliku-ya, – dedi ularning yoshi eng ulug‘i bo‘lgan onaxon. – Faqat nima deb gapiraman. Kelganimdan beri sarson-sargardon bo‘lganimnimi? Firmasiyam bor bo‘lsin. Ikki kundan beri Ka’baga kirolganimiz yo‘q. Mehmonxonamiz ovqat bermaydi. Ko‘chaga chiqib, o‘zimiz yegulik olib kirib bir narsalar qilib turibmiz. O‘zi Musulmonlar idorasining guruhida kelish kerak ekan. Hamma narsasi tartibli, na qorin, na joy, na moshin qayg‘usi bor.
Onaxon ancha gapirdi. Fig‘onidan chindan dud chiqdi. Intervyuni ham unutib, hayron bo‘la-bo‘la ortimizga qaytdik.
Aftidan, o‘sha vaqtlarda Umra ziyoratini tashkil etishi mumkin bo‘lgan turfirmalar masalasining bunday noxush tomonlari endi-endi bo‘y ko‘rsata boshlagan ekan, shekilli. To tartibga keltirilgunga qadar bunday holatlar tez-tez uchray boshladi. O‘zbekistonlik ziyoratchilar bilan bog‘liq eng yirik va shov-shuvli ko‘ngilsizlik 2024-yilning fevral oyida sodir bo‘ldi. O‘shanda Saudiya Arabistoniga noqonuniy yoki yarim legal yo‘llar bilan borgan yuzlab o‘zbekistonlik ziyoratchilar uyga qayta olmay, Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalardan haydalib, ko‘chalarda va aeroportlarda qolib ketdi. Negaki, ularni olib borgan firmalar vakillari qaytish chiptalari va mehmonxona pullarini to‘lamay, tashlab ketishgan ekan.
Bu voqea nafaqat alohida firibgarlik holati, balki ziyorat tizimidagi bo‘shliqlar va nazorat mexanizmlarini keskin qayta ko‘rib chiqish zaruratini ochiq ko‘rsatib bergan burilish nuqtasi bo‘ldi. Vaziyat davlat darajasida hal etilib, O‘zbekiston hukumati, Diniy qo‘mita va Diniy idora aralashuvi bilan maxsus aviareyslar tashkil etilgach, aldanganlar qisqa vaqtda yurtga qaytarildi.
Shundan so‘ng…
O‘zbekistonda Umra ziyoratini tashkil etish tartibi keskin kuchaytirildi. Litsenziyasiz faoliyat yuritgan qirqqa yaqin turfirmaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Umra faoliyati uchun litsenziya olishda bir million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish talabi joriy etildi. Litsenziyasiz xizmat ko‘rsatgan firmalar uchun 75 million so‘m miqdorida moliyaviy jarima belgilandi. Chunki bunday voqealar fonida jamoatchilikning fikri ikkiga bo‘linib, noqonuniy faoliyat yuritayotgan turfirmalar bir tomonda qolib, davlat organlarining nazoratsizligi borasidagi gap-so‘zlar bolalay boshlagan edi.
Aksar kishilar hamma qilmishni qilib, o‘zini bir chetga urgan, odamlardan pul olib, ularga qaytish chiptalarini olib bermagan, mehmonxona to‘lovlarini amalga oshirmagan “Gulbahor Airways” yo “Panorama Travel” firmasini emas, ularning paydo bo‘lishiga va ochiqchasiga reklama qilinishiga yo‘l qo‘yib bergan davlatni, Din ishlari qo‘mitasini, O‘zbekiston musulmonlari idorasini malomat qilishdan o‘zlarini tiya olmadi. Aslida, faqatgina shu ikki kompaniya ziyoratchilarga jami 25 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazgan va jabrlanuvchilar soni 2558 nafarni tashkil etgan edi.
Ziyoratchilarning, ayniqsa, keksa yoshlilarning diniy tuyg‘ularidan foydalanib, ularni begona yurtda yordamsiz qoldirishni keksa-yu yosh, barcha birdek insofsizlik deb baholadi. Surishtiruvlar natijasida ko‘plab firmalar umra biznesidan mo‘may daromad ishlab olish istagida tegishli litsenziyasiz va Saudiyadagi hamkorlar bilan shartnomasiz ish yuritgani ma’lum bo‘lgach, voqealar rivojiga davlatimiz tezkor aralashdi.
O‘shandan beri bu qadar katta “qovun”lar tushmadi har tugul. Ammo ziyorat umidida bo‘lgan sodda kishilarni laqillatish holatlari, baribir, uchrab turibdi. 2025-yilning birinchi choragida ham litsenziyasiz faoliyat yuritgan firmalar tufayli Saudiya Arabistonida qiyin ahvolda qolgan 580 nafar o‘zbekistonlik davlat ko‘magi bilan yurtimizga qaytarilgan.
Shu o‘rinda “hukumat qayerga qarayapti?” deb ginaxonlik qilishga odatlanib qolganlarga shunday deging keladi: davlat hech qachon o‘z fuqarolarini unutib qo‘ymaydi, ayniqsa, “Inson qadri” g‘oyasini o‘z tamoyili sifatida belgilab olgan va yurt boshida ezgu islohotlarni boshlagan Prezident turgan Yangi O‘zbekistonda. Yaqin Sharqdagi (AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi) harbiy keskinlik kuchayishi fonida hozirga qadar Saudiya Arabistonidan 21 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarilgani bu so‘zga isbot.
Qonun nima deydi?
Aslida, muammoning bu qadar chuqur ildiz otmasligi uchun 2017-yil 7-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-sonli qarori qabul qilingan. Qarorga asosan “Haj” tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning gov.uz/religione saytida Umra ziyoratini tashkil qilish huquqini beruvchi maxsus litsenziyaga ega quyidagi 14 yuridik shaxs ro‘yxati keltirilgan:
“Ihlos travel 1”,
“Yuksak travel Air”,
“Muhtasham travel”,
“Musaffo turizm xizmati”,
“Risola travel lux”,
“Xorazm umra jamiyati”,
“Hikmat Umra Travel”,
“Real Dreams”,
“Travel with family”,
“Panorama Airways Travel”,
“Zamon Travel Group”,
“Safar Baraka Travel”,
“Buxoro umra jamiyati”,
“Centrum holidays”
mas’uliyati cheklangan jamiyatlari.
Ha, hozircha faqat mana shu firmalar rasmiy tarzda Umra ziyoratini tashkil etish bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Aldanmaslik uchun 6 qoida
Muqaddas ziyorat yo‘lida xato tanlov qilish nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy yo‘qotishlarga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun quyidagi oddiy, ammo muhim qoidalarga amal qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Birinchidan: litsenziyani tekshiring. Ziyoratni tashkil etayotgan turfirmaning rasmiy litsenziyasi bor-yo‘qligini, albatta, aniqlang. Buni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yoki rasmiy manbalar orqali amalga oshirish mumkin.
Diqqat bilan qarang: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan Umra litsenziyasida turfirmaning rasmiy ishlaydigan ofis manzili yozilgan bo‘ladi. Rasmiy turfirma faqat shu manzilda faoliyat ko‘rsatadi. Siz tanlagan turfirmaning ofisi litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan bo‘lsa, aniq bilingki, firibgarlarga duch kelgansiz.
Ikkinchidan: hech qanday shartnomasiz to‘lov qilmang. Har qanday xizmat faqat rasmiy shartnoma asosida amalga oshirilishi shart. Unda xizmat turlari, narxi, tibbiy va huquqiy xizmat, javobgarlik va qaytish masalalari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Uchinchidan: sizga Umra vizasi rasmiylashtirilishi kerak. Ushbu vizaning tarkibida tibbiy sug‘urta mavjud bo‘lib, sog‘lig‘ingiz bilan bog‘liq har qanday holatda Saudiyadagi shifoxonalar sizni “Allohning mehmoni” sifatida qabul qiladi va bepul davolaydi. Turizm vizasi bilan safar qilib shifoxonaga murojaat qiladigan bo‘lsangiz, 10-15 ming AQSH dollarini to‘lashga tayyor turing.
To‘rtinchidan: naqd pul berishdan ehtiyot bo‘ling. Pulni rasmiy hisob raqam orqali o‘tkazgan afzal. “Naqd bersangiz, tez hal qilib beramiz”, degan va’dalar sizda hamisha jiddiy shubha uyg‘otishi kerak. Saudiyada aldanib qiyin ahvolda qolgan ziyoratchilarimizning to‘qson foizi aynan qo‘ldan qo‘lga naqd pul bergan, aeroportda to‘lovlarni kimlargadir topshirgan.
Beshinchi qoida: turli bloger va mashhur shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamasiga ishonmang. Firibgarlar sizga onlayn shartnoma yuboradi, to‘lovni plastik kartaga o‘tkazishni yoki aeroportda berishni so‘raydi. Litsenziyalangan 14 ta turfirma yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Haj va Umra markazi” ofisiga borib gaplashing. Ma’lumotni rasmiy manbadan tekshiring. Ijtimoiy tarmoqlar, messenjer kanallari yoki tanishlar orqali kelgan ma’lumotlarga ko‘r-ko‘rona ishonmang. Har qanday taklifni rasmiy ro‘yxat va ishonchli manbalar orqali tekshirish odatini shakllantiring.
Oltinchidan: Haj ibodatiga borish uchun turfirmalarning yoki o‘rtakashlarning aldoviga uchmang. Bu jarayon Saudiya Arabistoni tomonidan kvotalangan bo‘lib, Haj mavsumida faqat Haj vizasiga ega bo‘lgan ziyoratchilar kirishi mumkin. Turistik viza yoki boshqa soxta hujjatlar bilan borishga urinmang. Shuni yodda tuting, turfirma sizga Haj vizasini rasmiylashtirib bera olmaydi! Saudiya qonunchiligida bunday holatlar uchun aynan sizga qattiq choralar ko‘riladi.
Bu qoidalarga amal qilmagan yuzlab fuqarolarimiz pand yeb, o‘n yilga deportga tushgan, ularni olib borgan turfirma vakillari esa, afsuski, suvdan doim quruq chiqqan…
Unutmang!
Haj va Umra ziyoratlarni noqonuniy tijoratga aylantirishga urinayotgan shaxs va “turfirma”lar faoliyati oddiy qoidabuzarlik emas, balki inson ishonchiga xiyonat, taqdiri bilan o‘ynashish va ochiqchasiga firibgarlikdir. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, “Haj” ziyoratini tashkil etish mutlaqo O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakolatiga kiritilgan bo‘lib, bu jarayonda boshqa hech qanday tashkilot ishtirok etishi mumkin emas. “Umra” ziyorati esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi va faqat maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan rasmiy turfirmalar orqali amalga oshiriladi.
Aldovlarga ishonganlar esa o‘zlarini o‘ta og‘ir va xavfli vaziyatga solib qo‘yadi. Ularning begona yurtda turar joysiz, oziq-ovqatsiz, transportsiz, tibbiy yordamsiz, huquqiy himoyasiz qolib ketayotganiga guvohmiz. Eng achinarlisi, ular muqaddas ziyoratni ado etish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, ruhiy iztirobni ham boshidan kechiradi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, litsenziyasiz, noqonuniy faoliyat yuritayotganlar tomonidan aldangan fuqarolarga nisbatan na davlat, na rasmiy turfirmalar, na davlat tasarrufidagi mutasaddi idoralar javobgar emas. Chunki bu o‘rinda tanlov fuqaroning o‘zida bo‘lgan.
Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam esa insonparvarlik ifodasi. Bir so‘z bilan aytganda, savob umididagi muqaddas ziyorat firibgarlar uchun daromad manbayi bo‘lib qolmasligiga har birimiz mas’ulmiz.
Abdulhamid MUXTOROV,
“Ziyo” media markazi direktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



