20.05.2026 | 09:31
1495
BANDASINING BANDALARI
O‘tgan asrning 60-yillari adog‘ida taniqli adabiyotshunos Matyoqub Qo‘shjonovni xorazmlik bir kishi yo‘qlab keladi. Yupungina kiyingan, ko‘zlarida qayg‘u alomatlari muhrlanib qolgan bu odam iymanibgina o‘zini Qurbon Qutlimurotov deb tanishtiradi va tashrifidan maqsadini aytishdan oldin eski matoga o‘ralgan bir necha qalin daftarlarni olimning oldiga qo‘yadi.

Olim muqovasi titilib ketgan daftarlardan birini ochib, “Qurbon” (roman) degan so‘zlarni o‘qiydi va qarshisida mung‘ayib o‘tirgan odamga savol nazari bilan qaraydi. “Men Matyoqub og‘ani 1942-yilda Xarkov shahridagi zavodda ko‘rganman. U bilan bir haftacha birga bo‘ldik. Uning yelkasida “S.Yu” yozuvli belgi tushirilgan kiyim bor edi. “S.Yu” belgisi “sovet ittifoqi” degani. Bu tamg‘ali kiyim kiyishga majbur qilingan asirlarning ahvoli juda og‘ir edi. Avaylab-asrab kelayotgan shu daftarlarni o‘shanda menga bergandi…”
Taniqli adabiyotshunos olim nogoh tashrif buyurgan odam taqdim qilgan qo‘lyozmalar muallifi boshiga tushgan qismatni darrov anglaydi (akademik olimning o‘zi ham dahshatli urushda qatnashgan edi) va atrofga bir qarab qo‘ygach: “Bularni hozir chop qilib bo‘lmaydi. Mayli, o‘qib ko‘raman… vaqti kelar”, deya oladi, xolos. Olim Matyoqub Abdullayevning urushdan oldin nashrdan chiqqan ilk romanini o‘qigandi ham… Xo‘sh, urushda va asirlikda bir emas, ikkita roman qoralagan, ammo ikki asarini ham nihoyalay olmagan, bor asarlari haliyam nashr yuzini ko‘rmagan yozuvchi kim edi?
Ichan qal’a deyilganda, darrov ko‘z oldimizga qadim Xiva keladi. Yosh jihatidan Xivadan ulug‘roq bo‘lgan Hazoraspda ham Ichan qal’a bo‘lgani, borligini eshitganmisiz? O‘tgan asrning boshlarida – toki o‘ttizinchi yillarga dovur el orasida Sulaymon qal’a, Dev solgan qal’a nomlari bilan mashhur, hozirda ham xarobalari osmonga bo‘y cho‘zib turgan qadim qal’aning Ichan va Dishan qal’a atalmish mavzelari bo‘lgan. Qal’adagi minoralar, osmono‘par madrasalarni chor hukumati bosqini vaqtida atay to‘pdan otib, yakson qilishgan. Aynan Ichan qal’a qismida yashovchi hunarmand Matyoqub aka 1910-yilda tug‘ilgan o‘g‘liga Muhammad Yoqub degan ism tanlaydi. Keyinchalik sovet mafkurasi ta’sirida bu ism ham “ixchamlashib”, Matyoqub ko‘rinishini olgan.
Matyoqub eski maktabda savodini chiqaradi, so‘ng jadidlar ochgan yangicha maktabda o‘qiydi. Hali maktabda o‘qib yurgan kezlarida adabiyotga qiziqadi, kichik-kichik hikoyalar yozishni mashq qiladi. Uning ilk mashqlari o‘sha davrdagi vaqtli matbuotda chop qilinadi, o‘zi ham bir muddat vohada chop qilina boshlagan “Inqilob quyoshi” gazetasida adabiy xodim bo‘lib ishlaydi. U o‘ziga Ravshan taxallusini tanlagani ham bejiz emasdi. Ravshan – yorug‘lik kelmog‘i, yurti ozod bo‘lishini ich-ichidan istagani ifodasi bu! Jadidlar harakati ta’sirida yozgan ilk asarlari ma’rifat-ma’naviyat mavzularida bo‘lib, ularda yoshlarni ilm olishga chorlov, eskilik sarqitlariga qarshi kurash va, albatta, ozodlik g‘oyalari ochiq va yashirin tarzda – qahramonlarining xatti-harakatlari, o‘zaro gurunglarida anglashiladi.
1924-yilda qadim vohada boshlangan ozodlik harakatini bostirish uchun sovetlar Shaydakov qo‘mondonligi ostida katta qo‘shin yuboradi. Zamonaviy qurollarga ega qo‘shin vohani “bosmachilardan tozalash”ni aynan Hazoraspdan boshlaydi. Qal’a biqinidagi paxta tozalash zavodiga o‘rnashib olgan vatanparvar yigitlar ko‘psonli dushmanga bir haftacha qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Ichan qal’adagi pastakkina uyiga bekinib olgan Matyoqub aka farzandlari to‘xtovsiz o‘q tovushlaridan qo‘rqmasin, deb ularning quloqlariga paxta tiqib qo‘yadi…
O‘tgan asrning yigirmanchi yillari ikkinchi yarmi va o‘ttizinchi yillarida buyuk jadid Abdulla Qodiriy yaratgan “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari shu qadar mashhur bo‘lganki, uni qo‘ni-qo‘shnilar tunlari chiroq yorug‘ida savodli insonlarga tonggacha o‘qitib, hayratga tushgan, ko‘zlariga yosh kelgan. Hatto buyuk yozuvchi qatag‘onga uchrab, asarlari taqiqlangan zamonlarda ham bu kitoblarni kaftda cho‘g‘ni tutganday asragan insonlar bo‘lgan.
Milliy adabiyotimizda yaratilgan ilk egizak romandan ilhomlangan Matyoqub Abdullayev ham roman qoralash havasiga tushadi. Uning “Qilich” nomli ilk romani chop qilinib, adabiy doiralarda ancha bahs-u munozaralarga sabab bo‘ladi. U o‘sha davrda rusum bo‘lgan, sovet mafkurasiga mos “kurashadi ikki to‘lqin” mavzusida emas, harbiylar hayotidan roman yozishni orzu qiladi. Bu o‘sha bolalikda bir hafta quloqlariga eshitilgan “qars”illagan o‘q tovushlari ta’siridandir, balki – qaydam.
1937-yillar qatag‘onini, qancha-qancha hammaslaklari tunlari olib ketilib, taqdirlari ne kechganidan bexabar oila a’zolari hukumat idoralari eshiklarida sarson-sargardon bo‘lganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, yaqinlari boshiga tushgan musibatni aritish umidida ularga ariza-yu iltimosnoma yozib bergan va o‘z boshida ham qora bulutlar paydo bo‘lishini anglagan 29 yashar yigit harbiy xizmatga borish haqida ko‘ngilli bo‘lib ariza yozadi. Bu bilan u o‘z boshini omon saqlamoq, nasib qilsa romanlar yozishni orzu qilgandir, ehtimol? Ammo, taqdir boshqacha hukm o‘qiydi.
Matyoqub Abdullayev harbiy xizmatni Belorussiya hududidagi harbiy qismda boshlaydi. Harbiy xizmatni davom ettirish asnosida harbiylar hayotidan hikoya qiluvchi “Qurbon” romanini qoralay boshlaydi.
Tarixdan ma’lumki, nemislar qo‘shini Sovet Ittifoqiga 1941-yilning 22-iyunida bostirib kirar ekan, juda qisqa muddatda – bir hafta ichida o‘ta mustahkam Brest qal’asini to‘rt tomondan qurshovga oladi. Harbiy qal’a himoyachilari markazdan uzilib qolgach, o‘q-dorilari, oziq-ovqatlari tugaguncha dushmanga qarshilik qiladi. O‘qdoni bo‘shagan, so‘nggi bir haftada tuz totmagan askarlar noiloj asir tushadilar. Oddiy askar Matyoqub Abdullayev Brest qal’asiga vaqtincha harbiy xizmatga yuborilgan bo‘lib, qal’a qurshovidan bir kun oldin u yerdan chiqib, Minsk shahridagi harbiy garnizonga kelgandi. Ammo kuzga qolmay dushman qo‘shinining ilg‘ori bu shaharga ham yetib keladi va og‘ir janglardan so‘ng garnizonning tirik qolgan ofitser va zobitlari majburan asirga tushadi. Shu o‘rinda Ikkinchi Jahon urushining boshi sobiq ittifoq uchun g‘oyatda og‘ir kechgani, dastlabki yarim yilda fashistlar Moskva ostonasigacha yetib kelgani, oz emas, to‘rt million qizil askar nemislar qo‘liga asir tushganini ham aytish kerak.
Matyoqub Abdullayev minglab taqdirdoshlari kabi asirlikning barcha azob-uqubatlarini boshidan kechiradi. Avvaliga u Xarkov shahrida nemislar bunyod etgan harbiy zavodda ishlaydi. Nazoratchilar asirlarga noinsoniy munosabatda bo‘lar, asirlar kunda beriladigan yovg‘on sho‘rva va bir burda qora non evaziga o‘n ikki soat dastgoh yonida tik turib ishlashga mahkum edi. Ochlikdan dastgoh yonida yiqilib qolgan asirlar qancha edi.
Bu orada nemislar Markaziy Osiyolik asirlar orasida targ‘ibot-tashviqot yuritib, “Turkiston legioni”ni tuzadi. “Legion”ga kirgach, Germaniyada turli qurilish va harbiy sanoatga jalb qilingan asirlar nemislarning “SSSR qulagach, sizlarga mustaqil Turkiston davlati tuzishda yordam beramiz”, degan va’dalariga ishongan, albatta. Lekin zinhor-bazinhor fashistlar bilan hamkorlik qilmagan, o‘z millatdoshlari bo‘lgan armiyaga qarshi qurol ko‘tarmagan. Matyoqub Abdullayev ayni shu davrda “M.Ravshan” taxallusi bilan “Qurbon” romanini tamomlagan va “Baliqchi qiz” dramasi ustida ishlagan.
Nihoyat, urush tugaydi. O‘z ixtiyori bilan asir tushmagan, sovet dohiylari yo‘l qo‘ygan xatolar, qo‘mondonlik tarkibidagi noshud harbiylar xiyonati tufayli to‘rt yildan ortiq yot o‘lkalarda asirlikda bo‘lgan Matyoqub Abdullayev oila bag‘riga qaytadi. Ammo ko‘p o‘tmay GPU xodimlari uni hibsga oladi va Olmaota shahrida sud qilib, yigirma besh yil qamoq jazosi berib, Sibirga jo‘natadi. Matyoqub Abdullayev taqdirga tan beradi, boshqa qismatdoshlari qatorida Sibir o‘rmonlarida og‘ir sharoitlarda og‘och kesishga mahkum bo‘ladi. Kun bo‘yi og‘ir mehnatdan charchagan qismatdoshlari uyquga ketib, vaqt va makonni bir zum unutishga uringan kezlarda, u “Qon” nomli yangi romani qoralamalari ustida ishlashga o‘zida kuch topadi.
Afsuski, Matyoqub Abdullayevning qachonlardir bu asarlarini chop qilish orzulari amalga oshmaydi. Tizza bo‘yi qorga burkangan o‘rmonda yog‘och kesib yurishganida, to‘satdan boshqa bir mahbus kesgan ulkan daraxt uning ustiga qulaydi… U hibsxonalardan biridagi omonat qabristonga dafn qilinadi. Tunlari qoralagan qo‘lyozmalari nazoratchilar qo‘liga tushadi…
* * *
Uning taqdirdoshi, taniqli shoir Xushnud Abdulla (Otaboy Abdullayev) o‘tgan asrning 30-yillarida vohadan yetishib chiqayotgan yosh ijodkorlarning eng iqtidorlisi hisoblangan. O‘n uch yoshidan boshlab yozgan she’rlari vaqtli matbuotda muntazam e’lon qilinib, adabiy doiralar nazariga tushadi. 1937-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘tkazgan yosh ijodkorlar anjumanida she’rlar to‘plami muhokama qilinib, nashriyotga chop qilish uchun tavsiya etiladi. Ammo frontga ko‘ngilli bo‘lib ketgan Xushnud Abdulla taqdiriga general Vlasov armiyasi safida xizmat qilish yozilgan ekanki, 1942-yilda bu armiya salkam to‘rt yuz ming askar bilan dushmanga to‘liq asir tushadi. Xushnud Abdullayevning yurt, sharqona qadriyatlar, insoniy munosabatlar mavzularidagi she’rlari Berlinda chop qilingan “Milliy adabiyot” jurnalida muntazam bosilib turgan. Uning lirik she’rlardan iborat “Yurak to‘lqinlari” nomli ilk to‘plami ham Berlinda nashr qilingan.
Keyinchalik Xushnud Abdullayev ham Matyoqub Abdullayev kabi 1945-yilda 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilinib, Sibirga yuboriladi. Kuni bitmagan ekan, 1954-yilda Stalin vafotidan so‘ng qamoqdan ozod qilinib, Xorazmga qaytadi. U yurtga qaytgach, ko‘p yillar davomida Urganch shahar madaniyat uyida bo‘lim mudiri, viloyat teatrida adabiy emakdosh vazifalarida ishlaydi. Uning g‘azallari va lirik she’rlari xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib kuylanadi va hamon kuylanmoqda. Shuningdek, u teatrda ishlayotgan vaqtida bir qancha sahna asarlari yaratadi. Ammo…
Vohalik taniqli shoir Matnazar Abdulhakim bir gal afsus bilan shunday degandi: “1980-yilda KGBning viloyat boshqarmasiga chaqirib, qo‘limga bir xatjild topshirib, “Shunga xulosa yozib bering”, deyishdi. Xatjildda ikkita drama qo‘lyozmasi bor ekan. Ularni o‘qib chiqdim va ayrim juz’iy kamchiliklarini ko‘rsatib, “Bu dramalar sahnalashtirilsa, yoshlarni odob-axloq ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi”, degan mazmunda xulosa yozib berdim. Xatjildda muallif ismi-sharifi ko‘rsatilmagandi. Musiqali drama qahramonlari kuylaydigan ariyalar qadim she’riyatimiz an’analariga mos va xalqona yozilgandi. Ammo negadir bu asarlar sahnalashtirilmadi. Oradan o‘n yillar o‘tgach, tasodifan Xushnud Abdulla domlani ziyorat qilgani borganimda, u kishi: “Matnazar, rahmat senga ijobiy xulosang uchun!” deb qoldi. Bilsam, men ijodiy xulosa bergan drama muallifi Xushnud Abdulla ekan. Nega bu dramalar sahnaga qo‘yilmagani haqidagi savolimga u kishi: “Men bir umr qora ro‘yxatga kirgan odamman. She’rlarimni gazetalar ming hadik bilan bosishadi. She’riy to‘plamim yigirma yilki nashriyotda yotibdi”, deb javob berdi. Bu ijodkorning bor aybi nopok tuzumda bevaqt tug‘ilgani edi”…
Xushnud Abdulla 1995-yili vafot etdi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, vaqtli matbuotda istiqlolni ulug‘lovchi bir qancha she’rlari chop qilindi. Qizig‘i, o‘sha she’rlari yarim asr ilgari yozilgan, Berlinda nashr qilingan yagona to‘plamidan joy olgan she’rlari edi.
Darvoqe, shoir iymanibgina tahririyatlarga taqdim etgan ayrim she’rlari boshqa mualliflar nomidan ham e’lon qilingan. Hatto qadim voha haqidagi she’rini ko‘pchilik hali hamon o‘zga muallif qalamiga mansub, deb biladi. Qachonlardir “xalq dushmani” tamg‘asi urilgan shoir o‘z asarlari boshqa kimsalar tomonidan o‘g‘irlanganida, qo‘l siltashdan boshqa chora topa olmagan. “Mayli, kimning nomidan bo‘lsa-da, chiqdi-ku. Adabiyot muxlislariga ma’qul kelsa bo‘ldi-da”, deb ovungan u inson…
Insonning qachon, qay makonda tug‘ilishi o‘ziga bog‘liq emas. O‘z taqdirini o‘zi yaratishga urinishi manfur siyosat tomonidan cheklanishi, hatto jismonan yo‘q qilinishi ham mumkin. Shirin orzulari armonlarga aylanib, tarix o‘yingohlarida ko‘mib tashlangan bu insonlar ruhlariga tasalli berishga yaraymiz, xolos.
Yigirmanchi asrning eng qonli fojiasi – ikki siyosiy kuch o‘zaro kelisha olmay keltirib chiqargan dahshatli urush tugaganiga sakson yildan oshdi. Yurtimizda bevosita urushda ishtirok etgan insonlar sanoqli qolgan. O‘sha davr qiyinchiliklarini o‘z boshidan o‘tkazgan, urush ortida g‘alaba uchun tun-u kun mehnat qilgan insonlar yoshi ham to‘qsonga borib qolgan. Lekin urush qoldirmish asoratlar haliyam zahrini yo‘qotmagan. Yuqorida hikoya qilingan ikki inson taqdiri bunga yaqqol misoldir.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600


