Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.06.2026 | 12:30

img411

NUQTA

XX asr boshlarida jadidlik harakati ta’sirida kamol topgan, millat taqdiriga daxldor masalalarda jonbozlik ko‘rsatgan ziyolilardan biri Mahmudbek Qoziyev edi. Minglab ma’rifatparvar insonlar qatori u ham stalincha qatag‘onning shafqatsiz tegirmonidan omon chiqmadi…

Mahmudbek Qoziyev 1890-yili Andijon shahrining Devonaboy mavzesida tug‘ilgan. Otasi Otabek qozi Andijondagi usuli jadid maktablariga homiylik qilgan, mahalliy ziyolilar orasida yuksak obro‘ qozongan shaxslardan edi. “Turkiston viloyati gazeti”ning o‘sha yillardagi sonlaridan birida uning Azim Qodirov maktabidagi imtihonda qatnashgani haqida xabarni o‘qiymiz. Ayni ma’lumotdan oilaning jadid muhitiga yaqinligini ham anglaymiz.

Otabek qozi 1902-yili vafot etadi. Undan Ahmadbek, Fozilbek, Mahmudbek va Hizrbek ismli farzandlar qolib, barchasi zamonasining ziyoli kishilari sifatida taniladi. Xususan, to‘ng‘ichi Ahmadbek 1922-yilgacha Andijonda qozilik qiladi. Fozilbek tarixchi-adib bo‘lib yetishadi. Uning 1926-yili chop etilgan “Dukchi eshon voqeasi” kitobi chor mustamlakachiligi davridagi Turkiston hayoti, xalqning og‘ir turmushi va o‘sha davr ijtimoiy muhitini yoritgan eng muhim tarixiy manbalardan biri hisoblanadi. Fozilbek Otabek o‘g‘li yozadi: “Shahar xalqi zolim hokimlar zulmidan bezor bo‘lib ko‘chaga chiqolmay qolgandek, tog‘lardagi qirg‘izlar ham ot, mol, qo‘y, echkilarini bemalol boqolmay, bir tarafdan cho‘p, og‘iz puli deb jarima solib, pullarini olsa, ikkinchi tarafdan “tuyoq puli” deb qo‘ylarini tortib oldi. Uchinchi yoqdan rus mujiklari “ekinimga kirdi” deb mollarini “shtraf” qilib olib qo‘yardi”.

Darhaqiqat, mustamlaka chohiga tushgan Turkistonda chor amaldorlarining zulmu tazyiqi yil sayin kuchayib borardi. Mahalliy aholini ezib-siqtash, qadr-qimmatini oyoqosti qilish, hatto ko‘chadan mirshab o‘tib qolsa, o‘rnidan turmagan musulmonni kaltaklash yoki qamash ham oddiy holga aylangandi. Ana shunday tahlikali davr Qoziyevlar avlodining qarashlari va hayot yo‘lida ham chuqur iz qoldirdi.

Biz hikoya qilmoqchi Mahmudbek 1916-yili o‘qishni bitirgach, Andijon shahridagi Jome masjidida mutavallilik, ya’ni xo‘jalik mudiri va mirzalik qiladi. Bu yillar Turkistonda jadidlik harakati keng yoyilayotgan palla edi. Millat taqdiridan qayg‘urgan ziyolilar yangi tashkilotlar tuzib, xalqni ma’nan uyg‘otishga intilardi. 1917-yilgi fevral va oktyabr voqealaridan keyin Turkistonda hokimiyat uchun kurash avj olgan, yurt kelajagi xususida turli qarashlar maydonga chiqqan bir sharoitda Mahmudbek Qoziyev ham Andijondagi “Sho‘royi islom” faollari qatorida ko‘rina boshladi. 1937-yil 21-avgustdagi tergov jarayonida bergan ko‘rsatmasida u “Sho‘royi islom”ning Andijon bo‘limi ishida faol qatnashgani, ukasi Hizrbek bilan birga Qo‘qon muxtoriyati uchun mablag‘ yig‘ish va uni yetkazish ishlarida ishtirok etganini ta’kidlaydi.

Turkiston muxtoriyati milliy davlatchilikni tiklashga dastlabki jiddiy urinishlardan biri edi. Muxtoriyat hukumati “Milliy askar” (“Milliy gvardiya”) tuzishga kirishganida, Andijon uyezdi aholisidan yig‘ilgan mablag‘larni Qo‘qonga olib borib topshirish Mahmudbek zimmasiga yuklanadi. Bu esa uning milliy harakat ichidagi ishonchli kishilardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi. Muxtoriyat bolsheviklar tomonidan tor-mor etilgach, Andijondagi “Sho‘royi islom” faollari “Mahkamayi shariat” tashkilotini tuzib, Mahmudbek Qoziyev ushbu tashkilotda kotiblik vazifasini bajaradi. Keyinchalik aynan shu faoliyati uning ustidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar uchun asosiy dalillardan biri bo‘ladi.

1918–1921-yillarda u Andijon uyezd revolyutsion komiteti qoshidagi advokatlar kollegiyasida a’zo, ayni paytda Koshg‘ar saroyida kotiblik ham qilardi. Ammo sovet hokimiyati milliy kuchlarga nisbatan tobora qattiq siyosat yurita boshlagan sharoitda u ham ta’qib doirasiga tushdi. Turkistonda milliy ozodlik harakati kuchayib, Farg‘ona vodiysida vaziyat nihoyatda qaltis tus olgandi. Koshg‘ar saroyiga qilingan hujumdan bir kun o‘tar-o‘tmas, maxsus bo‘lim xodimlari saroy bilan aloqador deb sanagan kishilarni birin-ketin hibsga ola boshlaydi. Ular orasida oqsoqol Ibrohim Oxun bilan birgalikda qahramonimiz ham bor edi.

Qoziyev dastlab 27 kun qamoqda saqlanadi. Ozod etilgach, yana Andijon inqilobiy komitetida kotib-tilmochlik ishlariga qaytadi. Shunga qaramay, maxsus bo‘lim changalidan qutulib bo‘lmaydi. Oradan yarim yilcha o‘tib, tag‘in hibsga olinadi: avval Toshkentga, so‘ng Moskvaga etap qilinadi. Keyinchalik tergov materiallarida ushbu voqealar “bosmachilar bilan aloqa” sifatida talqin qilina boshlaydi. Xususan, 1937-yil 17-martda mahbuslardan birining ko‘rsatmasida Mahmudbek Qoziyev 1918-yili Koshg‘ar saroyida Ibrohim Oxun oqsoqolga kotib bo‘lib ishlagani, Ibrohim Oxun esa Parpi qo‘rboshi bilan yaqin aloqada bo‘lgani qayd etiladi. Tergov talqiniga ko‘ra, Mahmudbek Qoziyev shu orqali “bosmachilar” bilan bog‘langan, hatto Ibrohim Oxun nomidan Parpi qo‘rboshiga yo‘llangan maktub maxsus bo‘lim qo‘liga tushib qolgan emish. Bu ish ortidan Ibrohim Oxun Butunrossiya Favqulodda Komissiyasi (VCHK) kollegiyasi tomonidan otilgani, Mahmudbek esa 10 yil qamoq jazosiga hukm etilib, uzoq shimolga – Arxangelskga surgun etilgani aytiladi. Mahmudbek Qoziyevning o‘zi 1937-yil sentyabridagi ko‘rsatmasida: “1921-yil aprelida soqchi kuzatuvida Toshkentga maxsus bo‘limga olib borishdi. Bu yerda bir oyga yaqin qamoqda ushlab turishdi. Bu joydan soqchi kuzatuvida Moskvaga yuborishdi. Yo‘lda terlama kasali bilan og‘rib qoldim”, deydi.

Arxangelsk surguni Mahmudbek Qoziyev hayotidagi eng mashaqqatli va iztirobli davrlardan biriga aylanadi. Uzoq shimolning sovuq va begona muhiti, mahbuslik hayoti uni holdan toydiradi. Shunday bo‘lsa-da, oilasi va yaqinlarining sa’y-harakati tufayli Mahmudbek Qoziyev 1923-yili jazo muddati tugamasdan ozodlikka chiqadi va Andijonga qaytadi.

Surgundan qaytgach, uzoq ishsiz qolmaydi. Jadid ziyolilaridan Yoqubjon Isaqulov (1931-yili otilgan) ko‘magi bilan Farg‘ona vodiysi bo‘yicha paxta komiteti tizimida ish boshlaydi. Keyin Andijon kommunal xo‘jaligida kotiblik qiladi, sanoat kooperatsiyasida rais o‘rinbosari va savdo bo‘limi mudiri vazifalarida ishlaydi. 1926-yildan Paxta tresti tuman idorasida kotib, so‘ng 4-son paxta zavodi qoshidagi tayyorlov punkti mudiri o‘rinbosari bo‘lib xizmat qiladi. 1929–1931-yillarda Andijon okrugi paxta soyuzida kotiblik qiladi. Shuningdek, tumanlararo kooptrans mudiri (1931–1933), “Aravakash” arteli raisi (1933-1934), baza boshlig‘i (1934–1936) vazifalarida faoliyat yuritadi. 

1937-yil tergovlarida uning butun o‘tmishini qayta titkilash boshlandi. Ilgari jadidlar bilan birga ishlagani, Qo‘qon muxtoriyati uchun mablag‘ yig‘gani bormi, Yoqubjon Isaqulov yoki Inomjon Xidiraliyev kabi shaxslar bilan munosabati bo‘ladimi, “aksilinqilobiy aloqalar” sifatida talqin qilinadi. Bir vaqtlar millatning ma’rifatli qatlami hisoblangan ziyolilar orasidagi zig‘ircha insoniy munosabatlar ham NKVD nazdida “jinoyat”ga aylantiriladi. Shu yili 20-avgustda davlat xavfsizligi serjantlari Polunin va Chaliy Mahmudbek Qoziyevni qamoqqa olish haqida qaror tayyorlaydi. Hujjatda u “aksilinqilobiy unsurlar yig‘inining faol ishtirokchisi”, “sovet hokimiyatini ag‘darishga chaqiruvchi shaxs” sifatida tavsiflanadi.

Tergov jarayonlari chuqurlashgan sari NKVD xodimlari Mahmudbek Qoziyev atrofidagi har qanday suhbat va munosabatga siyosiy tus beradi. Ayblov xulosasiga ilova qilingan guvohlar, jumladan, D.Xushvaqtovning 1937-yil 9-noyabrda bergan ko‘rsatmasi ham ana shu maqsadga xizmat qilgan. Unda Hasanxon Niyozov bilan Mahmudbek Qoziyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan parcha keltiriladi.

Ko‘rsatmaga qaraganda, Hasanxon Niyozov sovet siyosati haqida keskin fikr bildirib: “Men Sovet ittifoqida yuz berayotgan ishlardan nihoyatda taajjubdaman. Hamma ish aholini aldash bilan olib borilmoqda. Ko‘rib turibsiz-ku, quloq qilish niqobida urush uchun Toshkentga qanchadan qancha otlar jo‘natilmoqda. Men hukumat siyosati qandayligini juda ham yaxshi tushunaman, men bilgan narsalarni hattoki amal stolida o‘tirgan ko‘plab xizmatchilar ham tushunmaydi”, deydi. Mahmudbek Qoziyev esa bu gaplarni tasdiqlab: “To‘g‘ri, men ham sizning fikringizga qo‘shilaman, hukumat siyosatini siz-u bizchalik tushunadiganlar kam, Andijon aholisi haqiqiy ahvolni tushunib yetmayapti, ular xursand, bayramona kayfiyatda”, deb, so‘ng zaharxandalik bilan: “Biz ham xursandmiz, quvonchlimiz, ashula aytamiz, bizda hamma narsa, davlatimiz ham yaxshi”, deya kesatiq qiladi. Tergov uchun bunday suhbatlar “sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot” aybini qo‘yishga kifoya qilardi.

1937-yil 5-noyabr. Davlat xavfsizligi katta leytenanti Berg 28 nafar ayblanuvchi qatorida Mahmudbek Qoziyev ishini ham “uchlik” sudiga topshiradi. “Millatchi yig‘inlarda qatnashish”, “urush haqida provokatsion mish-mish tarqatish”, “sovet siyosatiga tuhmat qilish” kabi bandlar bilan u 1937-yil 13-noyabrda oliy jazo – otuvga hukm qilinadi. Hukm 23-dekabr kuni ijro etiladi.

Fozilbek Qoziyev ustidan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilib, uni Toshkentning Qovunchi mehnat posyolkasiga surgun qilishadi. U ko‘p o‘tmay o‘sha joyda qiynoqlardan vafot etadi.

Bu har ikki qatag‘on qurbonlarining avlodlari hozirda Andijonda, Toshkentda yashashmoqda. Mahmudbek akaning katta o‘g‘li Rashodbek 1935–1938-yillari Toshkentdagi O‘rta Osiyo davlat universitetining biologiya fakultetida o‘qib yurgan paytida oilasi boshiga tushgan musibat oqibatida universitetni tark etadi. Andijon kechki pedagogika institutida o‘qib, 1940-yilda bitiradi. Bu inson bilan 1966–1974-yillari hozirgi Andijon davlat universitetida birga ishlaganman, ko‘p suhbatlar qurganmiz, ajoyib, dilbar shaxs edi. Alamlisi, Mahmudbek Qoziyevning farzandlari uzoq yillar otasi taqdiridan bexabar yashadi. Rashodbek Qoziyev 1964-yilda yozgan tarjimayi holida: “Otam 1937-yili qamoqqa olingan, keyingi taqdiri to‘g‘risida bizga hozirgacha hech narsa ma’lum emas. Aniq bo‘lmagan rivoyatlarga ko‘ra, go‘yoki otamiz 1946-yili lagerda vafot qilgan emish”, deb yozadi.

Ko‘rmaysizmi, u hatto otasining lagerda vafot etgani haqidagi cho‘pchaklarga ishonib kelgan. Holbuki, qiblagohining taqdiriga ancha oldin – 1937-yilning dekabrida nuqta qo‘yilgan edi…

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 22-maydagi 21-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600