03.06.2026 | 09:40
2980
GAP SHAROITDA EMAS, SHAHDDA
O‘zbekiston davlat Yoshlar teatri “Qasamyod” spektaklining premyerasini O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri sahnasida namoyish etdi.

22-may oqshomi tomoshabinlar Turkiston yoshlarining taqdiri va hayotiy voqealarga asoslangan chuqur dramatik hikoyaning guvohiga aylandi. O‘tgan asrning 20-yillarida jadidlar tashkil qilgan “Ko‘mak” fondi orqali Germaniyaga ilm olish uchun yuborilgan yoshlarning orzulari, ichki kurashi va fojeali taqdiri sahnada ta’sirchan ifoda etildi.
1922-yilda Turkistondan ilk talabalar guruhi Germaniyaga yo‘l oldi. Ular Berlin, Kyoslin, Drezden va boshqa shaharlaridagi o‘quv dargohlarida iqtisodiyot, sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi eng zarur sohalar bo‘yicha o‘qidi. Bu yo‘l ortida jadidlarning ma’rifat va taraqqiyot haqidagi buyuk g‘oyalari turardi. Ammo yoshlarni oldinda og‘ir sinovlar, qatag‘on va fojeali taqdir kutayotgan edi. Chet elda qolish imkoniyati bo‘lsa ham, ular Vatanga qaytishni tanladi. Chunki yosh turkistonliklar Abdurauf Fitrat boshchiligida Amir Temur qabri boshida ichgan qasamyodlariga sodiq edilar.
Biroq bolsheviklar hukumati bu yoshlarning erkin fikrlashi va Yevropa ta’limini olishini o‘z tuzumiga katta xavf deb bildi. Natijada, 1924-yildanoq ularni ortga qaytarish choralari ko‘rildi. Germaniyada o‘qib qaytgan deyarli barcha ziyoli yoshlar 1930-yillardagi “katta terror” davrida “Germaniya foydasiga josuslik qilgan” yoki “aksilinqilobiy tashkilot a’zosi” degan soxta ayblovlar bilan qatag‘on qilindi, otib tashlandi yoki surgun etildi.
“Qasamyod” spektaklida bu jihatlar Aziz Xo‘jayev, Muhammadjon Avazjonov, Abdulla Po‘latov va boshqa talabalar taqdiri misolida juda ta’sirchan, haqqoniy va mazmunli tarzda ochib berilgan. E’tiborga molik jihati, yosh aktyorlar bir vaqtning o‘zida bir-biriga mohiyatan zid bo‘lgan ikki xil obrazlarni tomoshabinga taqdim eta olgan.
“Qasamyod” – Vatanga sadoqat, xotira va o‘z e’tiqodidan voz kechmagan avlod haqidagi ta’sirchan sahna asari. Spektakl o‘sha tarixiy davr ruhi va muhitini, mash’um qatag‘on yillarining fojeaviy manzarasini to‘laqonli ochib bergani bilan diqqatga sazovor.
Sahnalashtiruvchi rejissyor va inssenirovka muallifi – Aleksandr Gamirov. Pyesa mualliflari – Bahrom Irzayev va Javlon Jovliyev. Sahnalashtiruvchi rassom va liboslar muallifi – Pokizaxon Bekmurodova. Musiqiy bezak – Diyorbek Shirinov. Mazkur spektakldagi rollarni Shahboz Abdiyev, Otabek Ne’matov, Abdulaziz G‘anijonov ijro etgan.
Tomoshabinlar orasida davlat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, jurnalistlar, yoshlar ishtirok etdi. Spektakl tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi, samimiy olqishlar esa ijodiy jamoa uchun katta e’tirof bo‘ldi.
Yangi sahna asari tinch va osoyishta, yorug‘ kunlarni asrab-avaylash, ma’rifatparvar bobolarimiz xotirasini mudom yodda saqlash, uni e’zozlash, istiqlolning, hurriyatning, yoshlar uchun Vatanimizda yaratilgan keng imkoniyatlar va sharoitlarning qadriga yetishga chorlashi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Bir jihatga e’tibor qaratishni istardik: ayni paytda O‘zbekiston davlat Yoshlar teatri binosi ta’mirtalab bo‘lgani uchun jamoa boshqa sahnalarda asarlarini o‘zbek va rus tillarida taqdim qilib kelmoqda. Ularning ijod mahsulini tomosha qilib, sharoit yo‘q bo‘lganda shuncha natija bo‘lsa, barcha imkoniyat muhayyo qilinsa qanday asarlar yaratar ekan, deb o‘ylab qoladi kishi. Demak, natija doim ham sharoitga emas, balki istak, shahd va fidoyilikka ham bog‘liq ekan-da!
Otabek BAXTIYOR
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
113
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
143
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333



