Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.06.2026 | 12:49

img1466

TIG‘ OSTIDAGI TAQDIR

O‘zbekiston tarixidagi eng ayanchli yo‘qotishlardan biri – 1938-yilning 4-oktyabr oqshomi. Xalqimizning buyuk shaxslari, millat taraqqiysi uchun kurashgan ziyolilari, oydinlari va necha yuzlab oilaning yostig‘ini quritgan “katta terror” yuhosi Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev hayotini ham shafqatsiz domiga tortib ketdi.

Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev 1891-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi Tursunxo‘ja Muhammadxo‘jayev dehqonchilik ortidan ro‘zg‘or tebratar, oiladagi hamma dala boshida baravar mehnat qilardi. Bu paytda, ya’ni XX asr boshlarida Turkistonda jadidlik harakati kuchayib, millatni ilm-ma’rifat orqali uyg‘otish g‘oyasi keng tarqalayotgan, eskicha qarashlar bilan yangi zamon o‘rtasidagi ziddiyat jamiyatning har bir qatlamida sezila boshlagandi. “Bola qo‘liga ketmon emas, kitob tutish kerak”, degan tushuncha qaror topayotgan palla edi. Shu bois, Sa’dullaxo‘jani olti yoshida rus-tuzem maktabiga o‘qishga berishdi. 11 yoshida Orenburgga – tog‘asi yoniga ish yurituvchilikka jo‘natishdi. Turli odamlar, yangicha muhit, savdo-sotiq va idora ishlari bilan tanishuv o‘smirning dunyoqarashini kengaytirdi. 1912-yili akalari savdo firmasi ocharkan, u yerda maoshsiz ishlab, oila tirikchiligiga yelkadoshlik qildi. Keyinchalik jamiyatdagi jarayonlarga esh, millat taqdiri yo‘lida kuyunchak shaxs bo‘lib kamol topishida bu tajribalar poydevor bo‘ldi.

Qahramonimiz 1908-yildan “Taraqqiyparvar” tashkilotiga yaqinlashib, jadid harakatida faol ishtirok eta boshladi. Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Nizomiddin Xo‘jayev kabi oydinlar bilan muloqotlar navqiron yigitning dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. O‘zi bu haqda: “Biz taraqqiyparvarlar Turkistonda Farg‘ona oblastining Qo‘qon, Andijon, O‘sh shaharlarida inqilobiy to‘garaklar tashkil etganmiz, gazetalar chiqarganmiz, nashriyotlar ochganmiz”, deb yozadi.

1916-yili chor hukumati mahalliy aholini Birinchi Jahon urushining front orti ishlariga jalb qilish haqida farmon chiqargach, Turkiston bo‘ylab ommaviy noroziliklar boshlandi. Bu qaror yillar davomida yig‘ilgan alam va milliy norozilikni ochiq qarshilikka aylantirdi. Turli hududlarda bosh ko‘targan qo‘zg‘olonchilar safida Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev ham bor edi. Ammo ko‘p o‘tmay, u Qo‘qonda qamoqqa olinadi va shu og‘ir pallada jamoatchilik talabi bilan ozod qilinadi. Bu esa uning allaqachon xalq orasida nufuzi ortib borayotganini anglatardi.

1917-yilgi inqiloblardan keyin Turkistonda siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. Hokimiyat uchun kurash avj olgan, ziyolilar oldida esa millat kelajagi qay yo‘ldan borishi haqida og‘ir tanlov turardi. Tursunxo‘jayevning partiya safiga o‘tishi shu murakkab siyosiy jarayonlar bilan bog‘liq edi. Ayni shu yillardan boshlab u davlat va jamoat boshqaruvida faol ko‘rina boshladi. Turkiston o‘lkasi Oziq-ovqat xalq komissarligining Moskvadagi vakili, Toshkent Eski shahar soveti ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Turkiston ASSR Sog‘liqni saqlash xalq komissari, Milliy ishlar va Tashqi ishlar xalq komissari bo‘lib ishladi. Keyinchalik Turkiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi kotibi, Buxoro Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining mas’ul kotibi sifatida ham faoliyat olib bordi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Savdo va sanoat xalq noziri, Turkiston ASSR Markaziy xalq xo‘jaligi kengashi raisi o‘rinbosari, Pomir oblasti inqilobiy qo‘mitasi raisi lavozimlaridagi faoliyati uning davlat boshqaruvida katta tajriba orttirganini ko‘rsatadi.

1923-1924-yillarda Xorazm Xalq Sovet Respublikasida Ijtimoiy ta’minot, savdo va sanoat xalq noziri, Nozirlar sho‘rosi raisi o‘rinbosari, Davlat reja komissiyasi raisi hamda Markaziy ijroiya qo‘mitasi raisi vazifalarida ishladi. So‘ngra Xorazm viloyati inqilobiy qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.

Turkistonda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgach, SSSR Mehnat va mudofaa kengashining O‘zbekiston SSR bo‘yicha vakili, O‘rta Osiyo suv xo‘jaligi qurilishi tashkiloti boshlig‘i, SSSR Yer ishlari xalq komissarligining O‘rta Osiyo bo‘yicha vakili kabi mas’ul lavozimlarda mehnat qildi. Shuningdek, 1935–1937-yillarda Qozog‘iston SSR Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritdi.

Davlat va jamoat ishlaridagi mas’uliyat tobora ortib borayotganiga qaramay, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev o‘z ustida ishlashni bir zum to‘xtatmadi. 1923-yili O‘rta Osiyo bilim yurti Ijtimoiy fanlar fakultetiga o‘qishga kirdi. Biroq o‘ta murakkab siyosiy jarayonlar, zimmasiga yuklangan vazifalar tahsilni to‘liq yakunlashiga imkon bermadi.

Taassufki, mana shunday serqirra faoliyat uni qatag‘on mashinasining nishonlaridan biriga aylantirdi. Buni biz yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati arxivida saqlanayotgan hujjatlar bilan tanishish asnosida yana bir bor angladik. 1937-1938-yillarga oid tergov materiallarida Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev nomi qayta-qayta tilga olinadi. Ular orasida ayrim ko‘rsatmalar alohida diqqatni tortadi.

Xususan, 1937-yil 9-oktyabrdagi so‘roq bayonnomasida uning nomini “maxfiy tashkilotlar” va “chet el razvedkasi” bilan bog‘lashga uriniladi. Bayonnomada yozilishicha, voqea 1922-yili Buxoroda kechgan. Bu payt Buxoro hali inqilobdan keyingi beqaror siyosiy muhitdan chiqib ulgurmagan, tergovga tortilgan shaxs esa o‘sha vaqtda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi harbiy noziri yordamchisi vazifasida ishlagan. So‘roq davomida u bir kuni Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayevning uyida tunab qolganini aytadi. Bayon etishicha, suhbatni oddiy gaplardan boshlab, asta-sekin siyosiy mavzularga buradi. Tergov talqiniga ko‘ra, nozir yordamchisi unga “ikkimiz ham musulmonmiz”, “milliy qarashlaringiz menga ma’lum” qabilida gaplar aytib, ishonch muhitini yaratishga urinadi. So‘ng go‘yo Angliya yordami bilan Turkiston mustaqillikka erishishi mumkinligi haqida fikr tashlaydi. Tursunxo‘jayev bu gaplarga ehtiyotkorona munosabat bildirib, “O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi oson ish emas, buning uchun uzoq vaqt talab etiladi”, deya ogohlantirgani qayd etiladi hujjatda. Biroq,  tergovchilar aynan shu jumlalarni keyinchalik “millatchilik” va “aksilinqilobiy niyat” sifatida “delo”ga tikib qo‘yishadi.

Keyingi so‘roqlarda polkovnik Frederik Marshman Beyli nomi tilga olinib, Turkistondagi ziyolilar uning “topshiriqlari” asosida harakat qilgan, degan da’volar o‘rtaga tashlanadi. Bundan keyingi ko‘rsatmalarda voqealar tobora kengaytirilib, tergovchilar oldindan tayyorlab qo‘ygan ssenariyga moslashtiriladi. Endi gap go‘yo butun Turkiston bo‘ylab tarqalgan “maxfiy millatchi tarmoq” haqida borardi. Tergov ko‘rsatmasida polkovnik Beylining Tursunxo‘jayev, Munavvar qori va To‘raqulov bilan uchrashgani haqida gap boradi. Tergovchilar aynan shu nuqtaga qattiq yopishib oladi. Chunki millatning eng taniqli ziyolilari va davlat arboblarini bir-biri bilan bog‘lash orqali katta “aksilinqilobiy markaz” haqidagi tasavvurni shakllantirish mumkin edi. Ayniqsa, “Milliy ittihod” va “Ittihod va taraqqiy” bilan bog‘liq tergov materiallarida har qanday milliy qarash yoki mustaqillik haqidagi fikr ataylab “burjua millatchiligi”, har qanday tanqid esa “sovet hokimiyatiga qarshi qo‘poruvchilik” sifatida talqin qilingani yaqqol ko‘rinadi.

1937-yil 18-oktyabrda olingan boshqa ko‘rsatmalar bu manzaradagi qora rangni yanada quyuqlashtiradi. Unda “Ittihod va taraqqiy” tashkiloti Markaziy qo‘mitasi a’zolari sifatida Munavvar qori Abdurashidxonov, G‘ulom Ikromov, Abdulhay Tojiyev kabi ko‘plab atoqli shaxslar qatorida Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev nomi ham keltirib o‘tiladi. Tergov materiallarida bu tashkilotning maqsadi Sovet ittifoqidan ajralib chiqish, Turkistonda “mustaqil burjua respublikasi” tuzish va kapitalizmni qayta tiklash bo‘lgani iddao qilinadi.

1938-yilga kelib, tergov ishlari yanada shafqatsiz tus oldi. Endi NKVD uchun alohida shaxslarni ayblashning o‘zi yetarli emas edi, ulardan “xufiya tashkilot” haqidagi tasavvurni yaratish talab qilinardi. Mahbuslar yuzma-yuz so‘roqqa tutilib, tazyiq ostida bir-biriga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilinardi. Ana shunday so‘roqlardan biri 1938-yil 9-aprel kuni Toshkentda Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev va Odil Islomov ishtirokida o‘tkaziladi.

Tergov xonasidagi muhitni tasavvur qilish qiyin emas: bir tomonda oylab davom etgan so‘roqlardan charchagan, ruhan sindirilgan mahbuslar, ikkinchi tomonda har bir javobdan yangi ayblov yasashga urinayotgan tergovchilar. Bayonnomadan ko‘rinishicha, avval ikki mahbusning bir-birini tanish yo tanimasligi haqida rasmiy savollar beriladi. Har ikkisi ham 1918-yildan buyon turli sovet-xo‘jalik tashkilotlarida ishlagani orqali tanish ekanini tasdiqlaydi. Ammo tergovchilarni bu emas, ularning “aksilinqilobiy tashkilot” bilan bog‘liqligini isbotlash qiziqtirardi.

Bo‘htonlar oxiri shu bo‘ldiki, Toshkentda bo‘lib o‘tgan SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi sayyor majlisida Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev otuvga hukm qilindi. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etilib, millatning yana bir ma’rifatli, fidoyi vakili qurbonga aylandi.

Qahramonimizning ayanchli taqdiri beixtiyor shunday naqlni esga soladi: “Fisq-u fasod juda qulay narsa: bir so‘z bilan hamla qilinadi-yu, himoya uchun esa qancha-qancha sahifalar kerak”.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596