Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.06.2026 | 12:23

img1255

DASTURXON VA DASTURILAMAL

•  Olimlar nima deydi?
•  O‘zbekiston nimalarga erishdi?
•  Biz o‘zimizni qanday tayyorlashimiz kerak?

Dunyo aholisi har yili millionlab odamga ko‘payib bormoqda. Yer yuzida bugun 8 milliard 200 million inson yashayapti, 2050-yilga borib bu raqam 9-10 milliarddan oshadi, deb ta’kidlamoqda olimlar. Demak, har kuni ertalab dasturxon atrofiga o‘tiradigan oila a’zolari soni bilan bir qatorda, ularni boqadigan dalalar va suv manbalari samaradorligi, texnologiyalar rivoji ham ortib borishi lozim.

Shu yerda biz o‘zimizga juda oddiy, lekin javobi murakkab bo‘lgan bir savolni berishimiz kerak: 2050-yilda insoniyatni kim boqadi?

Bu savol O‘zbekistonda ham o‘ta dolzarb – zero, mamlakatimizda ham aholi soni o‘smoqda, iqlim o‘zgarmoqda, suv zaxiralari esa kamaymoqda.

Ammo yaxshi xabar ham yo‘q emas: mamlakatimiz oxirgi 8 yilda aynan shu muammolarga rejali va izchil tarzda javob tayyorlab kelmoqda. Axir, xalqimizda “Rejali ish buzilmas”, “Har bir ishning chamasi bor”, “O‘ylamagan o‘kinar” singari dono maqollar bejiz aytilmagan.

2050-yilda ikki yo‘l, ikki taqdir

Fransiyalik Bernard Hyuber, AQSHlik Mark Rozgrant, gollandiyalik Van Boyekel hamda perulik Rodomiro Ortiz singari jahonning o‘nlab yillar davomida oziq-ovqat xavfsizligini o‘rganib kelayotgan olimlari 2050-yilga nisbatan ikki xil ssenariyni tasvirlab berganlar.

Birinchisini ular “Agrimonde GO” deb atamoqda: bu dunyo iqtisodiy o‘sishni hamma narsadan ustun qo‘yadigan yo‘ldir. Bu yo‘lda aholi jon boshiga sutkalik kaloriya miqdori o‘rtacha 3590 kkalgacha oshadi, go‘sht va mahsulot iste’moli keskin ko‘payadi, ammo yer va suvning cheklovlari inobatga olinmaydi. Oqibat vahimali: tabiat halok bo‘ladi va boy davlatlar semirayotganda, kambag‘al mintaqalar ochlikka qarshi kurash olib boradi.

Ikkinchi yo‘l – “Agrimonde 1”, ya’ni barqaror rivojlanish yo‘li. Bu yerda jahon bo‘yicha har bir odamga kuniga 3000 kkal – teng, adolatli va ekologik jihatdan oqilona oziq-ovqat ta’minoti maqsad qilingan. O‘simlik mahsulotlari parhezning asosini tashkil etadi, suv tejaladi, yer muhofaza qilinadi, chakana dehqonlar ham bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston qaysi yo‘lni tanladi? Amaliyot ko‘rsatkichlari bir javobni beradi: “Agrimonde 1”, ya’ni ikkinchi yo‘lni.

O‘zbekiston: sakkiz yilda nimalarga erishdi?

Yuqoridagi xavflar ichida yashayotgan bir mamlakat uchun bu so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston nimalarni amalga oshirdi?

Shu yerda raqamlar o‘z so‘zini aytadi.

Ishlab chiqarish o‘sishi. 2016-yilga nisbatan umumiy qishloq xo‘jaligi mahsuloti hajmlari 4,5 barobar ko‘paydi.

Jumladan, sabzavot ishlab chiqarish 10,2 dan 13,7 million tonnaga – 134,7 foiz, meva 2,6 dan 3,5 million tonnaga – 133,2 foiz, go‘sht 2,2 dan 3,0 million tonnaga – 137 foiz, sut 9,7 dan 12,6 million tonnaga – 130 foiz va tuxum 6,2 milliarddan 9,5 milliard donaga – 154 foiz oshdi. Baliq ishlab chiqarish esa 84 ming tonnadan 206 ming tonnaga – ya’ni 2,5 barobarga o‘sdi.

Suv – eng muhim masala. 2016-yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar atigi 9,0 ming gektarni tashkil etardi. Bugun bu ko‘rsatkich 2,6 million gektarga yetdi: tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish va lazerli tekislash birgalikda shu natijani berdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDHda ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinda turadi.

Eksport sakrashi. 2016-yilda meva-sabzavot eksportimiz 591 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu raqam 3,2 milliard dollarga – 5,4 barobar ko‘tarildi.

Yanada hayratlanarlisi shuki, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari eksporti 28,5 million dollardan 1082 million dollarga, ya’ni 37 barobar oshdi. Bugun O‘zbekiston mahsuloti 97 davlatda sotilmoqda.

Dalalarni raqamlashtirish. 2021–2025 yillarda 20 ta raqamli axborot tizimi yaratilib, amaliyotga joriy etildi.

Agrar va oziq-ovqat sohalariga ajratilgan subsidiyalar samaradorligi va natijadorligini oshirish maqsadida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi. Natijada, qishloq xo‘jaligi subyektlariga subsidiya ajratish jarayoni 4 bosqichdan 2 bosqichga va muddati 31 kundan 21 kunga qisqaradi.

Chorvachilikda yangi zotlar. Shuni alohida qayd etish lozimki, mamlakatimizda 2020-yilda zotdor yirik qoramollarning ulushi 19 foiz edi, xolos. 2020–2026-yillar xorijiy davlatlardan 287 ming bosh nasldor qoramol olib kelinishi natijasida bugun bu ko‘rsatkich 74 foizga chiqdi. Buning ortida aholimizni sut va go‘sht bilan sifatli ta’minlashdek muhim vazifa yotadi, albatta.

O‘zbekistonning 2050-yildagi asosiy ikkita muammosi:

Birinchi xavf – suv. Tog‘ muzliklarining erishi oqibatida, 2050-yilga borib Amudaryodagi suv oqimi 15 foizga, Sirdaryodagi suv oqimi esa 5 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimiz suv resurslarining 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasi tomonidan iste’mol qilinmoqda. Mutaxassislar O‘zbekistonda suv taqchilligi 2050-yilga borib tobora oshib borishidan ogohlantirmoqda.

Ikkinchi xavf – iqlim. O‘zbekistonda 1991-yildan beri o‘rtacha harorat +1,2°C, ko‘tarildi. Tahlillarga ko‘ra, 2050-yillarga borib, agar o‘z vaqtida moslashish choralari ko‘rilmasa, qishloq xo‘jaligi hosildorligi jiddiy pasayishi mumkin.

2050-yilga 7 ta yo‘nalishdagi takliflar

Birinchi yo‘nalish – suvni yanada tejash. 2030-yilgacha barcha sug‘oriladigan yerlardagi suv tejovchi texnologiyalar ulushini 80 foizga va undan yuqoriga chiqarish maqsadi belgilangan.

Ammo shuni ta’kidlash joizki, bu maqsad ortida doimiy yangilanish va puxta moliyalashtirish turadi. Xususan, sug‘orish tizimining eskirgan kanallarida 35-40 foizga yaqin suv yo‘qolishi hali yechilishi lozim bo‘lgan dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish – qayta ishlash ulushini oshirish. Bugun O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan meva-sabzavotning 15 foizi qayta ishlanadi, xolos.

Bu ko‘rsatkich nihoyatda past. Ya’ni, yarim tayyor mahsulot va konservativ ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy qayta ishlash korxonalarini ishga tushirish va hozirda mahsulotlar saqlanishi va tashilishi davridagi 30 foizgacha yo‘qotishlarni kamaytirish keyingi o‘n yilliklar “Yo‘l xaritasi”ning markazida turishi lozim.

Uchinchi yo‘nalish – mahalliy ovqatlanish madaniyatini saqlash va mustahkamlash. Shu o‘rinda Xitoy tajribasi ibratli: 2025-yilda nashr etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Xitoyning an’anaviy taomlar standarti G‘arb parheziga qaraganda soya, makkajo‘xori va bug‘doy tanqisligi xavfiga ancha chidamli ekan.

O‘zbek taomlari – mevalar, sabzavotlar, dukkaklilar, sut mahsulotlari – aslida “Agrimonde 1” idealiga juda yaqin turadi. Uni saqlash nafaqat madaniy, balki strategik vazifa ekani shubhasiz.

To‘rtinchi yo‘nalish – organik va “yashil” dehqonchilik. Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo bozorlarida organik mahsulotlar narxlari 20-40 foizga yuqori.

Bugun mamlakatimizda 6300 gektar maydonda organik meva-sabzavot parvarish qilinmoqda, lekin bu yer fondimizning juda kichik ulushi, xolos. Shu ko‘rsatkichni 10 barobarga oshirish – real va erishish mumkin bo‘lgan maqsad.

Beshinchi yo‘nalish – STEM+
HECI yondashuvi: fan, texnologiya, muhandislik va matematikani insoniylik, axloq, ijodkorlik va tasavvur bilan bog‘lash.

Bugun mamlakatimizda Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti ishtirokida tashkil etilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti, Agroxizmatlar markazlari (AKIS) va 21 ta ilmiy-tadqiqot instituti birgalikda ishlamoqda. Bu tashkilotlar yiliga 100 mingdan ortiq fermerga maslahat xizmati ko‘rsatmoqda. Shunisi e’tiborga molikki, bu tizimni yanada rivojlantirish va kuchaytirish – 2050-yilga tayyorlikning mustahkam poydevoridir.

Oltinchi yo‘nalish – Qoraqalpog‘iston va suvi kam mintaqalarga alohida diqqat qaratilishi lozim. Orol dengizi fojiasi bizga yer va suvni bebiliska boshqarish nimalarga olib kelishini tarixiy isbot sifatida ko‘rsatdi.

Bu mintaqalar uchun tuzga chidamli navlar, kamsuv ekinlar va kam xarajatli issiqxonalar tizimini tashkil etish 2050-yil milliy strategiyasiga kiritilmog‘i shart.

Yettinchi yo‘nalish – ayollar va yoshlarni jalb etish. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar qishloq xo‘jaligi mehnat kuchining 40 foizidan ortig‘ini tashkil etadi, ammo yer, kredit, texnologiya va maslahatga ularning kirish imkoniyati erkaklarga nisbatan hali ham cheklangan.

Yoshlarga yer ajratish dasturi doirasida 2022–2025-yillarda 677 ming nafar aholiga 193 ming gektar yer ajratilib, 2,5 million kishining bandligi ta’minlandi. Bu tajribani izchil davom ettirish va mustahkamlash lozim.

Dasturxon va davlat: nima uchun bu har birimizga tegishli?

Diqqat qaratamiz: oziq-ovqat xavfsizligi – nafaqat siyosat yoki iqtisodiyot masalasi, balki bu dehqonning ekin-tikiniga, shaharlikning dasturxoniga, bolalarning sog‘lig‘iga va Vatanimizning chinakam mustaqilligiga bevosita daxldor masala.

Bugun O‘zbekistonda 540 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda – bu 2016-yilga nisbatan 4,5 barobar ko‘p. Lekin 2050-yilga borib bizga yana bir necha barobar ko‘proq mahsulot zarur bo‘ladi, chunki aholi o‘sadi, urbanizatsiyalashuv tezlashadi va iqlim murakkablashadi.

Jahon olimlarining hisoblashicha, insoniyat bu muammoni yechishi mumkin: qachonki, dunyo mamlakatlari hozirdan sug‘orish, agrar tadqiqot, qishloq yo‘llari, ta’lim va toza suv uchun yiliga 32 milliard dollar investitsiya kiritib borsa!

E’tiborli jihati, O‘zbekistonda bu ishlar davlat, xalqaro tashkilotlar va xususiy tadbirkorlar hamkorligida amalga oshirilib kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Agar fan, texnologiya va innovatsiyalardan samarali foydalansak, har bir muammoni imkoniyatga aylantirish mumkin”. Bu oqilona fikr oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga, ayniqsa, daxldordir.

Xulosa: Bugun ekilgan urug‘ ertaga non bo‘ladi

Insoniyat tarixini kuzatadigan bo‘lsak, dalalarda mehnat qilayotgan odamlar doim hayotning markazida turganiga guvoh bo‘lamiz.

2050-yilning real xavflari: suv taqchilligi, iqlim o‘zgarishi, mikroplastik zaharlanish, antibiotiklarga chidamlilik.

Lekin javob ham aniq: suv tejovchi texnologiyalar, mahalliy navlar, organik dehqonchilik, raqamli tizimlar, STEM+HECI ta’limi va adolatli bozor munosabatlari.

O‘zbekiston keyingi yillarda bu yo‘ldan jadal odimlab bormoqda. Raqamlar guvohlik beradiki, mamlakatimizda meva-sabzavot eksporti, suv tejovchi texnologiyalar, baliqchilik keskin oshdi. Lekin shuni ochiq aytish kerak: 2050-yil rejalari uchun bu hali boshlang‘ich qadamlardir.

Dasturxonimizdagi non, sut, sabzavot va mevalar – bobodehqonlarimizning zahmatli mehnatlari samarasi. Dalalarimiz bugun olib borilayotgan siyosat va islohotlar, ekilgan urug‘lar va kiritilgan investitsiyalar bilan mahsuldor bo‘ladi.

Shu ma’noda, 2050-yilda aholimiz va farzandlarimizni oziq-ovqat bilan to‘la-to‘kis ta’minlash bugun bizning qo‘limizda. Ilm-fan, ijod hamda mas’uliyat birlashgan joyda barcha muammolarga yechim topiladi.

Ibrohim ABDURAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik

“Jadid” gazetasining 2026-yil 5-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599