06.05.2025 | 15:28
586
OBI HAYOT – YERGA NAJOT
Vaziyat qanchalik jiddiy?
Shu kecha-kunduzda dunyoda bir milliarddan ortiq kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Sayyoramizda mavjud bo‘lgan barcha chuchuk suvning taxminan 70 foizi ekinlarni sug‘orish uchun ishlatiladi. Pokiston, Eron, Indoneziya, Hindiston va O‘zbekiston kabi mamlakatlarda jami suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Bu ko‘rsatkich yuqori daromadli mamlakatlarda, xususan, AQShda 46 foiz, Yaponiyada esa 20 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida ishlatilayotgan suv resurslarining eng katta qismi – 89,7 foizi qishloq xo‘jaligi, 5 foizi kommunal xo‘jalik, 2 foizi sanoat va 3,3 foizi boshqa tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar suv tanqisligining kelib chiqishini yanada kuchaytirmoqda, buning natijasida qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Buni aniq raqamlarda ko‘rib chiqsak, muammo ko‘lami yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyodagi jami sug‘oriladigan yer maydoni 7,9 mln gektarni, bunda O‘zbekistonning ulushi qariyb 4,3 mln gektar (55 foiz)ni tashkil etadi.
O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitiga ko‘ra, respublikada yog‘ingarchilikning o‘rtacha yillik hajmi 186 mm.ni, xususan, mamlakatning adirlik va tog‘oldi qismlarida 300–550 mm.ni, Gʻarbiy Tyan-Shan, Hisor-Zarafshon tog‘larining janubi-g‘arbiy qismida esa 800–900 mm.ni tashkil qiladi. Yillik yog‘inli kunlar tekislikda 35–40 kun, tog‘ va tog‘oldi hududlarida 70–90 kunga yetadi.
Xususan, 2014–2023-yillar oralig‘ida respublikada eng ko‘p yog‘ingarchilik miqdori Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuzatilgan.
O‘zbekiston sharoitida yog‘ingarchilik o‘rtacha darajada bo‘lgan uy va bino-inshootlar tomlaridan to‘planib tushgan yomg‘ir suvini maxsus betonlangan va boshqa moslashtirilgan suv saqlagichlarda yig‘ish bir yilda 1 kvadrat metr tom sathidan o‘rta hisobda 186 litrga teng yomg‘ir suvini to‘plash imkonini beradi. Bu borada olimlar tomonidan yetarlicha tajribalar o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda tog‘-adirlardan oqib keladigan suvni sun’iy hovuz va inshootlarda to‘plash amaliyoti mavjud bo‘lib, ushbu tajribani keng ommalashtirish yomg‘ir suvidan samarali foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
“Yer bilan til topisha olmasdik…”
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “Qodirbaxshi Rahimov” nomli mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi yomg‘ir suvidan unumli foydalanib, bugungi kunda yuqori daromad ko‘rmoqda.
Qudrat Soliyev yoshligidan dehqonchilikka qiziqar, ammo suv muammosi sabab yer bilan til topisha olmay kelardi. Tirishqoq va uddaburon vatandoshimiz buning yechimini topdi. U hovlisida uchta hovuz qazib, yashash uyi va qo‘shimcha binolar tarnovlaridan tushayotgan yomg‘ir suvini to‘plab, tomorqasidagi o‘simliklarni tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ydi. Shu paytgacha deyarli bo‘sh turgan tomorqa bugun noyob va qimmatbaho o‘simlik – kavraklar bilan burkandi. Kavrak farmasevtika, tibbiyot, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa qator tarmoqlarda foydalanib kelinayotgan yuqori daromadli qishloq xo‘jaligi mahsulotidir.
– Hovli solib, bu yerga ko‘chib kelganimda suv muammosi bizni juda qiynar, tomorqamizda hech narsa unmasdi, – deydi dehqon. – Shunday paytlarda suvi mo‘l, tuprog‘i unumdor, ammo egasi dangasa odamlarni ko‘rganimda achinib ketardim. Qani endi shunaqa imkoniyat menda bo‘lganida, hovlimni bog‘ga aylantirib, hammaning havasini keltirardim, buning ortidan yaxshigina daromad ham ko‘rardim, deb qo‘yardim o‘zimcha. Lekin xayol surish bilan ish bitmaydi. Axir ota-bobolarimiz ne-ne imkonsiz vaziyatlarda ham cho‘llarda bo‘ston yaratgan.
Ana shundan keyin tabiat in’omi, Yaratganning ne’mati – yomg‘ir suvidan samarali foydalanishga kirishdim. Natijani esa ko‘rib turibsiz.
Qudrat akaning aytishicha, u o‘tgan yilgi hosildan jami 300 million so‘m daromad ko‘rgan. Shundan 100 million so‘mi ishchilar mehnat haqi va boshqa xarajatlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, oila byudjetiga 200 million so‘m sof foyda kirgan. Izlanishdan to‘xtamaydigan Qudrat aka vodiyga bo‘lgan safarlarining birida Marg‘ilondan 300 tup bodom ko‘chatlarini ham olib kelib, tomorqasiga ekadi. Bugun nafaqat kavrak, balki bodom daraxtlari ham koni foyda bo‘lgan yomg‘ir suviga to‘yinib, ko‘zni quvnatib turibdi.
– Mahallamizda 401 ta xonadon bo‘lib, ularning deyarli barchasi yomg‘ir suvidan foydalanib, kavrak yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan, – deydi mahalla raisi Abdusalim Egamshukurov. – Bu o‘simlikni yetishtirish, unga ishlov berish jarayonida muqobil suv resurslarining yo‘qligi mahallamizda ma’lum bir muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Hozirgi paytda buning yechimi sifatida yomg‘ir suvidan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yganmiz. Natijada mahallamizda ishsizlik ham sezilarli darajada pasaygan.
Hududdagi bu tajriba aholi xonadonlaridan tortib, turli davlat tashkilotlari va ta’lim dargohlarini ham qamrab olgan. Tumandagi 97-maktabda 300 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Maktab hududiga mingdan ziyod mahalliy iqlimga mos tut, o‘rik, bodom, archa hamda gujum daraxtlari ekilgan bo‘lib, ularning qator orasiga esa kavrak hamda mevali daraxtlar urug‘i sepilgan.
Bu yerdagi daraxtlar dastlab chelaklab sug‘orilgan bo‘lsa, hozirda maktabning orqa qismidagi 100 tonna sig‘imga ega yerosti yopiq hovuziga to‘planadigan yomg‘ir suvi bu yashillikning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Tarnovlardan tushayotgan suv to‘g‘ri hovuzga yo‘naltiriladi. Bahorgi mavsumda to‘plangan yomg‘ir suvi esa sentyabr oyigacha, ya’ni kuzgi yomg‘ir mavsumigacha bemalol yetadi.
– Maktabimizdagi bu tajribani o‘rganish uchun qo‘shni tumanlardan, viloyatlardan o‘qituvchilar, maktab direktorlari kelib-ketishyapti, – deydi maktab direktori Sherzod Mengliyev. – Maqsadimiz bitta: o‘quvchi-yoshlarda ona tabiatga bo‘lgan mehrni oshirish, ularda ekologik bilimlarni shakllantirib, kelgusida mamlakatimiz rivoji, yashilligi uchun munosib hissa qo‘shishlarini ta’minlash. Agar farzandlarimiz yoshligidan tabiat bilan uyg‘un yashasa, o‘z qo‘llari bilan daraxt eksa, bog‘ yaratsa, ertaga uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaydi.
Birni ko‘rib fikr qil…
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishining kunlik o‘rtacha suv sarfi 130 litrni tashkil etadi. Yomg‘ir suvidan foydalanish orqali esa bir kishi kuniga o‘rtacha 71 litrgacha ichimlik suvini tejashi mumkin. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari, xususan, Turkiya, Isroil, Germaniya, Avstraliya, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarda yomg‘ir suvidan foydalanish samarali yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, Turkiyada umumiy maydoni 2 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan ko‘p qavatli uylar hamda yangi qurilayotgan binolarda yomg‘ir suvini yig‘ish tartibi majburiy etib belgilangan.
Germaniyada fuqarolarga yomg‘ir suvi yig‘iladigan rezervuarlar qurishi uchun maxsus grantlar va subsidiyalar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, tashkilotlar maxsus suv yig‘ish texnologiyalari bilan jihozlangan. Birgina Frankfurt aeroportida o‘rnatilgan yomg‘ir suvini yig‘ish rezervuarlari aeroportning ko‘kalamzorlashtirilgan 60 foizlik hududini sug‘orish va texnik suv o‘rnini qoplash imkonini beradi.
Avstraliyada yomg‘ir suvi yerusti va yerosti suvlaridan keyin turadigan uchinchi yirik suv manbasi hisoblanadi. Turarjoylarning 26 foizi yomg‘ir suvini yig‘uvchi tankerlar bilan jihozlangan. Yomg‘ir shahar suv ta’minotining 9 foizini, shahardan tashqarida 63 foizini tashkil qiladi.
Singapurda ko‘p qavatli uylar, bino-inshootlar va aeroport hududlaridan yomg‘ir suvini yig‘ish maydonlari sifatida foydalaniladi.
Tahlillar iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda suv taqchilligini yanada keskinlashtirishini, qurg‘oqchilikning davomiyligi va davriyligi ko‘payishiga olib kelishini hamda iqtisodiyotning suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Ekologik partiyasi xorijiy davlatlar va mahalliy tajribalar, xususan, Dehqonobod tajribasini amaliyotga keng joriy etish tashabbusini ilgari surmoqda.
Islomjon QO‘CHQOROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



